Telegram Web Link
Hosildorlik – ustuvor vazifa

Ayni kunlarda Jizzax viloyatiga amalga oshirayotgan xizmat safarim doirasida Arnasoy tumanidagi “Santzor” fermer xo‘jaligiga qarashli 35 gektar maydonga ekilgan “Grom elita” navli bug‘doy dalasiga borib, uning o‘sish holati va parvarish sifati bilan bevosita tanishdim.

Hozirda mazkur dalada birinchi terim ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan bo‘lib, har gektaridan kamida 70 sentnerdan ortiq hosil olinishi kutilmoqda. Albatta, bu ko‘rsatkich yurtimiz agrar salohiyatining yuksalib borayotganidan, ilmiy yondashuv asosida joriy etilayotgan ilg‘or agrotexnologiyalarning amalda samarali natija berayotganidan dalolat beradi.

Dalani ko‘zdan kechirar ekanman, bug‘doyning o‘sish sur’atlari, agrotexnik parvarish darajasi va zaruriy agronomik choralar bilan chuqur tanishdim. Shu jarayonda hosilni yo‘qotishsiz, sifatli va qisqa fursatda yig‘ishtirib olish, shuningdek, zamonaviy texnik vositalardan oqilona foydalanish bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatma va tavsiyalar berdim.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda barqarorlik va hosildorlikni ta’minlash, ayniqsa g‘alla yetishtirishda yuqori samaradorlikka erishish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Arnasoy tumanida erishilayotgan natijalar, ayniqsa hozirda boshlangan birinchi terim jarayonining yuqori darajada tashkil etilgani, oziq-ovqat xavfsizligimizni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan tizimli va izchil islohotlarning amaliy samarasidir.
Fermerlarga amaliy tavsiya va ilmiy yondashuv zarur

Jizzax viloyatiga ishchi tashrifim davomida Arnasoy tumanida joylashgan “Arnasoy mo‘jizasi” fermer xo‘jaligiga qarashli dala maydonini ko‘zdan kechirdim. Ushbu hududda xorijiy g‘o‘za navi 76-sxema asosida, ochiq maydonda yakka qator usulida ekilgan bo‘lib, umumiy maydoni 23 gektarni tashkil etadi.

Daladagi holatni o‘rganar ekanman, nihollarning sust o‘sayotgani, agrotexnik tadbirlar — xususan, sug‘orish, tuproqqa ishlov berish va qator oralig‘ini belgilashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar mavjudligini kuzatdim. Afsuski, bu kabi omillar hosildorlikka bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Fermerga mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq va amaliy tavsiyalar berdim. Jumladan, sajen bilan ishlov berish, nihollarni g‘ovlab ketishdan asrash, suv tanqisligi sharoitida esa tomchilatib sug‘orish texnologiyasini to‘g‘ri qo‘llash zarurligini uqtirdim.

Shuningdek, “Yangi Bo‘ston Ferleoni” fermer xo‘jaligiga qarashli 17 gektarlik dala maydonini ham ko‘zdan kechirdim. Bu yerda ham agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarilmagani, nihollarning bir maromda rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan vositalardan foydalanilmagani aniqlandi.

Ko‘rinib turibdiki, zamonaviy ko‘rinishga ega ekin uslublari ham, agar ular agrotexnologiya talablariga to‘liq javob bermasa, kutilgan natijani bermaydi. Yangi navlarni ekish — bu hali yetarli emas. Asosiy maqsad — ularni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish va zamonaviy agrotexnologiyalar asosida parvarish qilishdir.

Bu borada har bir fermer agrotexnik me’yorlarga qat’iy amal qilishi, yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishi va himoya maydonlariga mahalliy iqlimga mos navlarni ekishi zarur, deb hisoblayman.

Shu bilan birga, Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillaridan iborat ishchi guruhga mazkur kamchiliklarni bartaraf etish, tegishli texnik ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan topshiriqlar berdim.

Bizning maqsadimiz aniq va ravshan — har bir gektar maydondan yuqori hosil olish, mahalliy iqlimga mos texnologiyalarni amaliyotga samarali joriy etish va fermerlarimizni ilmiy asoslangan ilg‘or tajribalar bilan qurollantirishdir.
Paxta dalalarida xorij tajribasi: g‘o‘zalar sog‘lom rivojlanmoqda

Zafarobod tumanidagi “Xolmo‘min bobo” fermer xo‘jaligiga qarashli 12 gektarlik paxta maydonida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdim. Bu yerda mahalliy “S-8290” paxta navi xorijiy tajriba va zamonaviy agrotexnologiyalar asosida parvarishlanmoqda.

Paxta 76x10 sxemasi asosida qo‘shqator qilib ekilgan, har bir gektarga 210 ming dona chigit joylashtirilgan. Nihol olish sifati va sur’ati yuqori bo‘lib, bu yilda mo‘l hosil kutilmoqda. Daladagi agrotexnik tadbirlar – chopiq, qator oralari ishlovi, sug‘orish – intensiv texnologiyalar asosida olib borilayotgani diqqatga sazovor.

Dalani ko‘zdan kechirar ekanman, g‘o‘zalar rivojlanish holati, ildiz tizimining mustahkamligi va sog‘lom ko‘rinishi e’tiborni tortdi. Bu esa agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va ilmiy asosda olib borilayotganidan dalolat beradi.

Albatta, yuqori hosildorlikka erishishda faqat nav tanlovi emas, balki unga yondashuv ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Fermer xo‘jaliklarida ilg‘or tajribalarni keng joriy qilish, texnologik intizom va ilmiy mas’uliyat asosiy omil bo‘lib qoladi.
2025/07/05 20:16:29
Back to Top
HTML Embed Code: