Telegram Web Link
Zamonaviy kartoshkachilikda yangi bosqich

Toshkent viloyatiga tashrifim davomida O‘rta Chirchiq tumanidagi sabzavotchilik yo‘nalishidagi ilg‘or tajriba maydonlarini ko‘zdan kechirdim. Xususan, “Agrovir Solanuz” MChJga qarashli zamonaviy dala maydonida bo‘ldim.

Bu xo‘jalikning 1000 gektardan ortiq yer maydoniga ega ekani, eng muhimi, bu yerda suv tejovchi texnologiyalar to‘liq joriy etilgani tahsinga sazovor.

Ayni paytda mazkur maydonning 200 gektarida Gollandiyaning yuqori hosildor “Fantane” kartoshka navi yetishtirilmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, bu navdan har bir gektardan kamida 30 tonna hosil olinishi kutilmoqda.

Bu esa yurtimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, hudud iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish uchun muhim poydevor bo‘ladi.

Dala sharoitida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlarni ko‘zdan kechirar ekanman, yuqori hosildorlikka erishish uchun suv tejovchi zamonaviy texnologiyalarni kengroq joriy etish, mahalliy urug‘chilik bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdim.

Xorijiy navlar bilan bir qatorda, mahalliy seleksiya mahsulotlarini ko‘paytirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni keng ommaga yetkazish va dehqonlar malakasini oshirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Kartoshkachilik sohasini modernizatsiya qilish orqali biz nafaqat eksport salohiyatini kuchaytiramiz, balki ichki bozorimizni sifatli va arzon mahsulot bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytiramiz.
Toshkent viloyatida zamonaviy agrotexnologiyalar va ilm-fan integratsiyasi kuchaytirilmoqda

Safarim doriasida Quyi Chirchiq tumanidagi zamonaviy agrosanoat loyihalari bilan ham tanishmoqdaman.

Dastlab, “Intertreid holding” MChJga qarashli, umumiy maydoni 10 gektarni tashkil etuvchi zamonaviy issiqxona faoliyatini ko‘zdan kechirdim.

Ushbu issiqxonada 4-avlod Gollandiya texnologiyasi asosida yuqori hosildor pomidor navlari yetishtirilmoqda. Mas’ullarning ta’kidlashicha, yetishtirilayotgan barcha mahsulotlar eksportga yo‘naltirilgan va issiqxona to‘liq zamonaviy agrotexnik talablarga javob beradi.

Amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholab, mahsulot turlarini ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish va ayniqsa, resurs tejamkor sug‘orish texnologiyalarini yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdim.

Shuningdek, Quyi Chirchiq tumanidagi “Qoyunchilik, naslchilik agrokompleksi” MChJ faoliyati bilan tanishdim. Umumiy maydoni 11 gektardan iborat mazkur majmuada 27 ta texnologik blok faoliyat yuritmoqda va ayni vaqtda 120 ming bosh quyon parvarish qilinmoqda. E’tiborga molik jihati shundaki, korxonada quyon yetishtirishdan tortib, tayyor go‘sht mahsulotini qadoqlashgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjiri yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur majmuada yiliga o‘rtacha 2 ming tonna tayyor go‘sht ishlab chiqarilmoqda. Tayyor mahsulotlarning asosiy qismi Rossiya va Belarusga eksport qilinmoqda. Bundan tashqari, korxona “Halol” sertifikatiga ega bo‘lgani sababli mahsulotlarga Sharq mamlakatlarida ham yuqori talab mavjud.

Albatta, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishda ilm-fan va amaliy tajribaning o‘rni beqiyos. Shu maqsadda mazkur agrokompleksda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilgan bo‘lib, u yerda italiyalik mutaxassislar ishtirokida quyonlarning genetik sifati, sog‘ligi va zotlilik darajasini oshirish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Bu tashabbusni yuqori baholab, Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma ilmiy-amaliy loyiha tashkil etish borasida taklif o'rtaga tashlandi.

Mazkur loyiha doirasida talabalar bevosita agrokompleks laboratoriyalarida amaliy mashg‘ulotlarda qatnashish, ilmiy izlanishlar olib borish va zamonaviy genetika yo‘nalishida chuqur bilim va ko‘nikmalar orttirish imkoniga ega bo‘ladilar.

Ushbu tashabbus qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish va ilm-fan integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ilmiy yondashuv va zamonaviy texnologiyalar — yuqori hosildorlik kafolati


Bugun Toshkent viloyatiga xizmat safari doirasida Chinoz tumanidagi “Saidaxmedov Hamid” fermer xo‘jaligi paxta dalasida bo‘ldim.

Jami 30 gektardan iborat ushbu maydonda 8 gektar qismiga “Xin Lu Zai-78”, qolgan 22 gektar qismiga esa “S-8290” navli paxta ekilgani, zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgani e’tiborni tortdi.

Tashrif davomida xorijdan keltirilgan paxta navlarining vegetativ rivojlanishini shaxsan ko‘zdan kechirdim, amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlarning sifatini o‘rgandim va daladagi umumiy ishlar holatini baholadim.

Ko‘rinib turibdiki, ushbu xo‘jalikda ishlar tizimli va qoniqarli tarzda tashkil etilgan, eng muhimi, barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida, aniq va sifatli amalga oshirilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, ilmiy asoslangan yondashuv va zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish, vegetatsiya davrida doimiy nazoratni kuchaytirish, paxta navlarini o‘z vaqtida sinovdan o‘tkazish — yuqori hosildorlikka erishishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Hosildorlik ortishi esa, faqatgina ichki bozorni sifatli va yetarli miqdorda mahsulot bilan ta’minlash emas, balki eksport salohiyatini kengaytirish orqali xalqimiz turmush darajasini yanada yuksaltirish imkonini beradi.

Shu bois, bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish lozim, deya hisoblayman.
2025/07/06 15:07:48
Back to Top
HTML Embed Code: