Telegram Web Link
Xorazm viloyati dehqonlari davlat ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovar donini mamlakatda birinchilardan bo‘lib ortig‘i bilan topshirdi. Bu yutuq — yurtimiz qishloq xo‘jaligi taraqqiyotida muhim voqea, el-yurt roziligi va mehnat faxridir.

Albatta, jasoratli va fidokor xorazmlik dehqonlar 2025-yilgi don yetkazib berish bo‘yicha belgilangan 99,5 ming tonnalik davlat rejasini ortig‘i bilan bajarib, yana bir bor o‘zlarining mas’uliyat, sadoqat va yuksak mehnat madaniyatini amalda namoyon etdilar.

33 200 gektardan ortiq maydonda parvarishlangan kuzgi boshoqli ekinlar bugungi yuksak hosildorlik va omborlardagi don to‘kinligining mustahkam asosiga aylandi.

Bu ulkan muvaffaqiyat — yerga mehr, mehnatga ehtirom, ilmga asoslangan oqilona yondashuv samarasidir.

Xorazmlik dehqon va fermerlarning ana shunday fidokorona sa’y-harakatlari tufayli yurtimizda g‘alla xirmonlari baraka bilan to‘layapti, xalqimiz dasturxoni yanada to‘kinlikka to‘lib bormoqda.

Shu munosabat bilan barcha g‘allakorlar, tumanlardagi klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, traktorchilar, mexanizatorlar, agronomlar, sug‘oruvchilar, yetishtiruvchilar va don yig‘uvchilarga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman!

Bugun Xorazm xirmonlarida yig‘ilgan har bir don — bu Vatanga sadoqat, mehnatga hurmat va xalqimiz farovon hayotiga qo‘shilgan munosib hissadir!
Ilmga asoslangan bog‘dorchilik – eksport va ichki bozor barqarorligi

Parkent tumanidagi “Meridian Tempo” MCHJga qarashli zamonaviy bog‘ bilan tanishdim. Bu loyiha – hozirgi zamon talabiga javob beradigan, namunali bog‘dorchilik tizimidir.

Bog‘ 56 gektar maydonni egallagan. 32 gektar gilos, 10 gektar olma, 10 gektar nok, 4 gektar malinadan iborat. Mevali daraxtlar o‘z-o‘zini changlatadi. Bu esa hosildorlikni keskin oshiradi.

Barcha ko‘chatlar Fransiyadan olib kelingan. Bog‘da to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Suv quyosh panellari bilan ishlaydigan nasoslar yordamida havzaga yig‘iladi. Tabiiy nishablik orqali bog‘ga yetkaziladi. Bu energiyani tejaydi, xarajatni kamaytiradi.

Bog‘dagi gilos to‘liq eksportga chiqarilmoqda. Olma va malina esa ichki bozorga yo‘naltirilgan. Bu mahsulotlar importni kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Yana bir muhim jihat — bu yerda tajriba maydoni bor. Har bir ko‘chat avval sinovdan o‘tkaziladi. Sharoitga mosligi o‘rganiladi. Bu bog‘ – faqat xo‘jalik emas, ilmiy markazga aylangan.

Tadbirkor yaqin orada 500 gektar yangi bog‘ barpo etishni rejalashtirmoqda.

Bu kabi loyihalar – biz uchun yutuq, tajriba va kelajak yo‘lidir. Ilmga tayanib ish yuritish – raqobatbardoshlik kalitidir. Bunday bog‘lar soni ko‘payishi kerak.
Agrar sohadagi strategik hamkorlik yangi bosqichda

Bugun Bangladesh Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Monirul Muhammad Islom bilan uchrashdim. Muloqotimiz do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi mavjud agrar hamkorlik har tomonlama tahlil qilinib, kelajakdagi istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdik.

Xususan, sholichilik va baliqchilik sohalarida tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar muhokama qilindi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari import-eksporti, agrar ta’lim tizimidagi o‘zaro hamkorlik, o‘quv dasturlari, stajirovka va malaka oshirish yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi.

Bu yo‘nalishlardagi hamkorligimizni mustahkamlash, nafaqat iqtisodiy, balki ilmiy-tadqiqot va kadrlar tayyorlash sohalaridagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonaman.

Elchi janoblari Monirul Muhammad Islom O‘zbekistonning agrar sohadagi ilg‘or tajribasiga katta qiziqish bildirgani va yaqin kelajakda Bangladeshdan agrar mutaxassislar delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurishini ma’lum qildi. Bu tashabbus o‘zaro bilim va tajriba almashish uchun muhim zamin yaratadi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama takliflarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, amaliy natijalarga erishish maqsadida hamkorlik memorandumi loyihasini ishlab chiqish hamda shu asosda ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishuvga erishdik.

Ishonchim komilki, O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi agrar sohadagi aloqalar yaqin kelajakda yanada chuqurlashib, har ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qiladi.
2025/07/05 07:10:37
Back to Top
HTML Embed Code: