Telegram Web Link
“Anna Karenina o‘ldi”

.................................

@boqiy_darbadarr
😢20❤‍🔥3
#nimadir

So‘zdonimda hali so‘z kam, ifoda kam. Balki, ko‘nglimda tuyumlar, iztiroblar ham kamdir hali...

So‘z darddan tug‘iladi deyishadi. Agar shu gap rost bo‘lsa men dard istayman.

11.01.2023

@boqiy_darbadarr
🔥10❤‍🔥5
​​#taqriz

📌 Lev Tolstoy. Anna Karenina (2-qism)

“Men muhabbat istayman, muhabbat esa yo‘q. Demak, hamma narsa bitdi!

Dunyoda istagan yagona narsasi muhabbat bo‘lgan, ammo sevganining o‘ziga nisbatan hislari so‘nib boryotganini ko‘rib, o‘sha insonni jazolash, jazolaganda ham yuragini tiladigan, xotirasidan bir umr o‘chmas darajada jazolash fikriga tushgan ayoldan xavfliroq hilqatni topish mushkul. Bunday ayollar oxir-oqibatda o‘zini halok qilishga mahkumlar... Anna shu ayollar toifasidan. Rashk, sevgi, alam, nafrat, o‘zidan ham, butun olamdan ham jirkanish, iztirob, xorlik, g‘ururning poymol qilishini... bularning barini birvarakayiga his qilish bir odam uchun nihoyatda og‘ir.

Anna Vronskiyni chidab bo‘lmas darajada sevar, undan ham shuni talab qilar, kutardi. Vronskiy esa Annadan, uning sevgisidan tashqarida ham erkin hayoti bo‘lishini istar, bu erk istagi Annada shubha, g‘azab-nafrat qo‘zg‘ardi. Anna o‘zini haq deb hisoblar, chunki uni deb bor budidan kechgan, jamiyat ko‘zida jirkanch bir xotinga aylangandi. O‘z o‘rnida Vronskiyning ham Annadan ko‘ngli sovishiga sabablari bor edi. Eng kattasi – u Annadan olishi kerak barcha zavq, mehr-muhabbatni olib bo‘lgani.

Konstantin Levin – ateist bo‘lgan bu odam asar davomida o‘zining olam, borliq, insonning bu dunyodagi vazifasi, yashashdan maqsad nima kabi juda ko‘plab savollariga javob qidiradi. O‘zini boshqa odamga evirishga urindi. Bu obrazni Tolstoyning o‘zi desa ham bo‘ladi. Chunki u ham qahramoni kabi og‘ir ma’naviy hayotni boshidan kechirgan va oxirda yaratguvchi tomon yuz tutgan.

Asarda yana shunday ayollar toifasi haqida gap ketadiki, ularda na yuksak hislar bor, na fikrlar, na didlar. Bu toifadagilar Annadan mutlaqo farq qiladi. Anna botqoqlikka botib yashay olmadi, o‘limni afzal bildi. Ammo ular botqoqlikning naq o‘zida, yolg‘onlariga, xiyonatlariga g‘arq bo‘lib yashay turib ham boshqaga tosh otadilar. Annaning ma’naviy darajasiga chiqa olishmaganidan, uni o‘z darajalariga, balki undan ham pastga tushirib qo‘yib huzur qiladilar.

Bu asarni o‘qimasdan oldin bir necha kishidan ortiqcha gaplari ko‘p, haddan tashqari uzayib ketgan degan fikrlarni eshitgandim. Men sizga aytamanki, "Anna Karenina”ning birorta nuqtasi ham ortiqcha emas. Umringiz davomi hech yo‘q bir marta, imkon topa olsangiz qayta-qayta o‘qib chiqilishi kerak asar bu. Qazi qancha uzoq vaqt tursa kuchi shunchalik ortganidek, bu kabi klassik asarlarning ham asrlar o‘tgan sari salmog‘i ortib boraveradi.

P/s. 1-qism uchun yozilgan taqriz.

Mohichehra A’zam

@boqiy_darbadarr
🔥1352🕊2
#nimadir

Film tomosha qiling, musiqa tinglang, piyoda sayr qiling, gul o'stiring, kitob o‘qing, muzey va teatrlarga boring. Umuman olganda turklar aytganidek, “hayatın tadını çıkarıb” yashang.

@boqiy_darbadarr
🔥10❤‍🔥9
​​#taqriz

📌 Anna Dostoyevskaya “Xotiralar”

Umr yo‘ldosh tanlash hayotdagi eng muhim narsaligini bilasiz. Endi siz yozuvchi yoki shoir bo‘lsangiz, hech yo‘q adabiyotni sevadigan bo‘lsangiz bu muhim va qiyin jarayon bir necha bor murakkablashadi. Ulug‘ adib Dostoyevskiyning bu borada chindan omadi kulib, taqdir unga Anna Snitkinani (qizlik familyasi) ro'baro qilgandi.

O‘zbek adabiyotida ham yozuvchi erlari haqida xotiralar yozgan ayollar bor. Masalan, Oybekning ayoli Zarifa Saidnosirova, Abdulla Qahhorning ayoli Kibriyo Qahhorova. Ushbu “Xotiralar” esa Dostoyevskiyning 14 yillik turmush o‘rtog‘i, hammaslagi, do‘sti va yori bo‘lgan Anna Dostoyevskayaga tegishli. Buyuk yozuvchilar haqida ko‘plab odamlar xotira yozishi mumkin. Ammo ayollarining yozgan xotira kitoblari shunisi bilan ahamiyatliki, unda siz adibni turfa rakuslardan ko‘rasiz, adabiy faoliyatidan tashqari shaxsiyati, insonlar bilan munosabati haqida mayda detallargacha bilib olasiz.

Rashkchi, qarzlari oshib-toshgan, tutqanoq kasali bilan og‘rigan shu bilan birga qarindoshlariga ham, begonalarga ham o‘ta mehribon, dahshatli darajada sodda, qimorga ehtirosi baland eri bilan yashash Anna uchun oson emasdi. Erini qattiq sevgan, uning iqtidori va aql-zakovatini yuksak qadrlagan bu ayol hamisha adibning og‘irini yengil qilish, ijod uchun sharoit yaratishga urindi. Erining tinchini buzadigan, tutqanoq tutishiga sabab bo‘ladigan narsalardan asrashga harakat qildi. Bemalol aytish mumkinki, agar bu oqila ayol bo‘lmaganida Dostoyevskiy hozir biz biladigan yuksak cho‘qqiga balki chiqa olmasdi. Chunki kamdan ham ayollargina erkakni iqtidori va tafakkuri uchun sevib qolib, umrini fido qilishadi.

Yigitlar, o‘zingizdan ojiz ayolni emas, kuchli va aqlli ayolni seving. Balki, u juda itoatkor bo‘lmas, ammo har qanday vaziyatda qo‘llaydi, tashlab ketmaydi, shaxsingizni abadiyatga, hech bo‘lmaganda ham farzandlaringiz xotirasiga yaxshi xislatlar bilan muhrlaydi.

Asarni albatta o‘qib chiqing. Dostoyevskiyning hali o‘zingizga noma’lum ko‘plab shaxsiy xislatlarini kashf qilasiz. Uning noyob kutubxonasi va bir maqolasining qanday qilib izsiz yo‘qolganini ham bilib olasiz. Kitobni Nodirabegim Ibrohimova sodda, ravon tilda tarjima qilgan.

Mohichehra A’zam

@boqiy_darbadarr
12🔥5👏4❤‍🔥1
#nazm
#sevimli

​​Osima,
Ne qilay ko‘nglim ushmundoq,
Bir cheti osmonu, bir cheti tuproq.
Bir tunda podshoman ikki kishvarga,
Bir kunda zordirman bir qur nazarga.
Hilvirab, simillab bo‘zardi ruhim,
Xohla portlatib qo‘y, xohla parchala,
Esiz, har tomonga urdi shukuhim,
Esiz, o‘tolmadim shum darichadan.
Osima,
Roziman, mendan asar yo‘q,
Ista, men haqimda boshqa xabar yo‘q.
Ammo dilim erka dilingni istar,
Mendek xushxabar yo‘q,
Mendek xatar yo‘q.
Osima,
Alarga ko‘p ham ishonma,
Ular qush ko‘mganlar xiyobonlarga.
Qumlari zarlangan
Bo‘lsa ham bordir,
Lek harom o‘rmalar tavonlarida...
Osima,
Sen haqsan,
Men tugab botdim,
Bu qissa so‘ngida, shudir qasida.
Men go‘zal borlig‘im maydalab sotdim,
Yo‘g‘imni qaytardim 
O’z egasiga...

© Abduvali Qutbiddin.

@boqiy_darbadarr
10🔥5❤‍🔥4
​​#taqriz

📌 Etel Lilian Voynich. So‘na

“Men sizga tangriga ishongandek ishonar edim, siz bo‘lsa meni butun umr aldab kelgan ekansiz”.

Etel Lilian Voynich – ingliz adibasi. Tarjimon, bastakor va ingliz matematik olimining qizi. Voynichga eng shuhrat keltirgan “So‘na” romani Italiyadagi ozodlik harakatlariga(1830-1840) bag‘ishlangan. Asar 1885-yilda yozilgan. O'zbek tiliga Mirzakalon Ismoiliy tomonidan tarjima qilingan.

Artur – 18 yoshli, navnihol, qizlardek nazokatli yigit. U ota-onasi vafotidan keyin garchi o'gay akalarini uni, u akalarini xushlamasa-da, murosa qilib yashar, universitetda falsafa sohasida o‘qir edi. Ishonuvchan, oqko'ngil, rahmdil, e'tiqodli bu yigitning eng ishongan odami Piza seminariyasining ruhoniysi padre Montanelli.

Insonning hayotida tub burilish yasab yuboradigan aldov, xiyonatlar bo‘ladi. Va bular doimo eng yaqinlari tomonidan qilinadi. Arturning hayotida ham uni So‘naga aylantirgan dahshatli hodisa yuz berdi. Yillarcha darbadar hayot kechirib, tortmagan azobi qolmagan So‘na endi olamning ham, odamning ham ustida mazax aralash achchiq-achchiq kuladigan bir dahriyga evrildi.

Asarda Italiyaning ozodlikka bo‘lgan kurashi Artur va uning hayoti, iztiroblari fonida qolib ketgandek tuyildi menga. Ozodlik uchun qilingan katta bir harakatni ko‘rmadim. Arturning bir hovuch do‘stlari esa kichik biz qo‘zg‘oloncha qilishga erishdilar xolos.

Kitobda tinish belgilari, imloviy va ishoraviy xatolar ancha-muncha. Dialoglar ba’zi o‘rinlarda ajratilmay yozilganidan, o‘quvchi qaysi kimning gapi ekanligini ajratolmay qoladi. “Yangi asr avlodi” nashriyotida bunday xatolar kam uchrardi, bu safar nima bo‘lgan biladim. Kelgusi kitoblarda muharrirlar va musahhislar yana ham e’tiborli bo‘lishsin)

Mutolaa qilishdan charchamang, do‘stlar.

Mohichehra A’zam

@boqiy_darbadarr
11🔥2🥰2😍2
Forwarded from Quyosh taraflarda
Mohichehra bilan yana uchrashdik. Bu safar qo'shni tuman Denovda. Rasmdagi kitob do‘koni yaqinda ochilgan ekan. Kitoblarning xili va turini ko‘rib rosa quvondim. Inglizcha va ruschalarini ham topsa bo‘ladi.

Bilasizmi, kitob birlashtirgan odamlar boshqacha bo‘ladi. Ikkinchi martada xuddi ming yillik qadrdonimni ko‘rgandekman. Taassurotlarga bor suhbat uchun rahmat. Hali yo'llarimiz yana kesishadi. Bunga ishonaman.

@quyoshtaraflarda
9❤‍🔥4🔥1🦄1
​​#tarqiz

📌 Herman Hesse. Cho‘l bo‘risi

Ushbu asar muallifga katta shuhrat keltirgan asar bo‘lib, 1927-yilda bosilib chiqqan. Adib bu asarida insonning ichki “men“ini, uning qarama-qarshiliklarini chuqur psixologik tahlil qiladi.

Asar asosan Harri Hellerning kundaligiga yozganlaridan tashkil topgan. Hamda “Cho‘l bo‘risi haqida trakt“ ham salmoqli o‘rin egallaydi. Harri 47 yoshli bilimli, zakiy, adabiyotni, musiqani juda yaxshi tushinib, his qiladigan odam. Shu bilan birga dahshatli darajada yolg‘iz, tushkun, boshi berk ko'chada qolgan, holdan toygan ham. Harri o‘zini yarim inson yarim, bo‘ri deb hisoblardi. U odamlarning umrini o‘tkinchi hoy-u havaslar deb yelib-yugurib o‘tkazib yuborishlarini hech qachon tushuna olmas. Shu bilan birga o‘zidagi qabihlik, ikkiyuzlamachilik, yaltoqilik, yolg‘onchilik, hirs-shahvatga qarshi qattiq kurashardi. Allaqaysi bir vaziyatlarda insonga xos ojizlik ko‘rsatsa, darrov ichidagi cho‘l bo‘risi uyg‘onar, isyon qilardi. Yana boshqa paytda esa Harri bo‘rini istagan ko‘yiga sola olardi.

Asarni yoshim biroz ulg‘aygach qayta o‘qib chiqishga qaror qildim. Chunki hozir tan olishim kerak, ancha-muncha joylarini anglay olmadim. Garchi tili ravon bo‘lsa ham, tushunish o‘ta mushkul ekan. Yoki to‘la tushunishga menda bilim va tajriba kamlik qildi.

Nima bo‘lganda ham mutolaadan to‘xtamang, kitobdoshlar!

#parcha

_“Eh, bu ilohiy izni bizning shu hayotimizdan, shu qadar mamnun, o‘ta meshchan, o‘ta ruhsiz zamonamizdan, manavi arxitekturalar, do‘konlar orasidan, bu siyosat, bu odamlar orasidan topish juda-juda qiyin!
Bu dunyoning murod-maqsadlariga tushunolmasam, quvonchlariga sherik bo'lolmasam, men Cho‘l bo‘risi bo'lmay, men nochor zohid bo‘lmay, yana kim bo‘lsin, axir?! Men na teatrda va na kinoda uzoq qololaman, na ro‘znoma, na bir zamonaviy kitob o‘qiy olaman. Men tushunolmayman, odamlar bu tiqilinch yo'llarda va mehmonxonalarda, og‘ir, bo‘g‘iq musiqa yangrayotgan qahvaxonalarda, hashamatli shaharlarning bar va varetelarida izlayotgan quvonch va shodlik nima o'zi u?
Jahon ko‘rgazmalaridagi, karnaval sayil-tomoshalaridagi, bilimga chanqoq kishilarning ma’ruzalaridagi, katta sport maydonchalaridagi mening o‘zim ham erisha olsam bo‘ladigan va minglab odamlar o‘zlarini o‘tga-cho‘qqa urib, bir-birlari bilan talashib-tortishadigan bu quvonchlarning barchasini men sira-sira tushunolmayman. Va aksincha, men uchun onda-sonda sodir bo‘ladigan quvonchli damlardagi huzur-halovat, lazzat, zavq-shavq va ko‘tarinkilik hisoblangan narsani dunyo juda bo'lmasa she‘riyatdan, she'riy asarlardan izlaydi, hayotda esa bularning barchasini jinnilik, deb hisoblaydi.”

***

“...uning zamonida dunyoni kim boshqargan, qaymog‘ini kim suzgan, kim boshchilik qilgan, kim obro‘-nufuzga ega bo‘lgan: Motsartmi yoki korchalonlar? Motsartmi yo sayoz, siyqa, o‘rtamiyona odamlarmi? Uning hayoti qanday yakun topgan, qanday dafn etilgan? Menimcha, hayot, ehtimol, hamisha mana shunday bo‘lib kelgan. Ular “Jahon tarixi” deb ataydigan, maktablarda o‘qitiladigan fan ham turli-tuman qahramonlar, daholar, ulug‘ ishlar va his tuyg‘ular bilan to‘lib-toshgan – quruq yodlashdan iborat bo‘lgan. Bolalarni yillar davomida andarmon, band qilib turish uchun maktab muallimlari tomonidan o‘ylab topilgan bu darslar ham, aslida, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Doim shunday bo‘lib kelgan va doimo shunday bo‘lib qoladi, ya'ni zamon va dunyo, pul va hokimiyat mayda ham sayoz odamlarnikidir. Boshqalar – haqiqiy insonlarga esa o‘limdan boshqa narsa yo‘q”.

Mohichehra A’zam

@boqiy_darbadarr
9🔥21
#oysarhisobi mart 2024

1. Anna Dostoyevskaya – Xotiralar.
2. Etel Lilian Voynich – So‘na.
3. Herman Hesse – Cho‘l bo‘risi.

@boqiy_darbadarr
👏11🍾53🦄2
Olam ishq atrofida aylanadi.

©Rumiy

@boqiy_darbadarr
21🔥6❤‍🔥4🐳3
​​#taqriz

📌 Onore de Balzak. Dahriyning ibodati

Ushbu kitobda fransuz adibining bitta qissasi va uchta hikoyasi o‘rin olgan. Va turli tarjimonlar tomonidan o‘zbekchaga o‘girilgan.

Gobsek – bu kitob tarkibidagi qissa. Gobsek qissa qahramoni sudxo‘r cholning ismi. Gobsek “Ochofat” degan ma’noni bildiradi. Gobsek cholning turish-turmushi, o‘tmishi va tashqi ko‘rinishi uning qo‘shnisi bo‘lgan adliyachi Dervil tilidan hikoya qilinadi. Gobsek hayotning yagona ma'nisini oltin deb bilar, foyda keltirmaydigan qadamni aslo tashlamas, o‘zidan pul so‘rab kelganlarning ming maqomda tuslanishini kuzatib zavqlanardi. Darhaqiqat, odamzot mavqei, yoshi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'iy nazar pulga muhtoj holida hech nimadan qaytamaydi. Bu yo‘lda har qanday jirkanchlikka qodir. Eng kamida Gobsek kabi yaramas kimsalarga xudoning zorini qilib yolvorishga.

Chin sevgi – bu hikoya menga ko‘proq ertaklarni eslatib yubordi. Chunki odatda faqat ertaklardagina Metr Anso kabi pokdamon, mehnatkash, bir so‘z bilan aytganda mukammal yigitlar ertaklarda bo‘lardi va ular oddiy qizni sevib qolib, mol-mulkidan, hurmat-izzatidan kechib ketardi. Shunga qaramasdan hikoya ajoyib tuyg'ular beradi.

Bu Balzak ijodidan birinchi bor nimadir o‘qishim edi. Adib ravon uslubi juda yoqdi. Kitobdan yana “G‘oyib bo‘lgan durdona” va “Dahriyning ibodati” hikoyalari o‘rin olgan. Bu hikoyalar haqida to‘xtalmayman. Sababi ajoyib hikoyalarni spoyler qilib qo‘yishim mumkin.

Mutolaadan charchamang, kitobdosh!

Mohichehra A’zam

@boqiy_darbadarr
❤‍🔥62🔥2
#nimadir

Biron nimani his qilib turgan yaxshi ekan. Sevgimi, sog‘inchmi, hijronmi, dardmi quvonchmi...Ishqilib nimadir. Yig‘lab turgan yaxshi ekan xursandlikdanmi, xafalikdanmi. Ishtiyoq bo‘lgani yaxshi ekan, ishqibozlik yaxshi ekan. Maqsading bo‘lgani yaxshi ekan.

Ilgari mo‘l-ko‘l yig‘laydigan ko‘zing qurisa yomon bo‘larkan. Kunda ming bir hisni tuyadigan qalbing qotsa yomon ekan. Ha, yig‘lashni ham sog‘inarkan kishi. His qilishni, tuyishni ham bir kun kelib shu qadar istayman deb o‘ylamagandim hecham. Kitob o‘qib hayajonlanmaganimga-ku “eheeecha” vaqt bo‘ldi.
Osmon... Bir paytlar osmonga osmon qadar oshiq edim. Bulutlar... Bulutlar rasmi bilan to‘la edi telefonimdagi g‘aladon. Darvoqe, she’r, musiqa...
Ayanchli – har kuni istamasam ham odamlarga kulib muomala qilishim. Lekin odamlarda nima aybki, ularni jerksam.
“Sen dangasa emas, baxtsizsan” degan gap bo‘larmidi?! O‘zining baxtsizligini bilmay yashash yaxshiroq. Bilsang-u, o‘zgartira olmasang, kamiga ahvolingni o‘nglashga xohishing ham bo‘lmasa, sho‘ring qurigani shu.

Doim yashayotganimga ming yillar bo‘lgandek tuyulaveradi. Bir yil oldingi voqealarni eslasam ham uzoooq yillar oldin sodir bo‘lgandek xotirlayman. Ayni kun, ayni soat, ayni daqiqa o‘tmayotgandek bo‘ladi. Yillar chopaveradi. Tobora eskirib borayotganimni bilaman. Ammo es kiryaptimi, yo‘qmi bilmayman.

Har doim shu gullarni, tepadagi samoni, quyosh-u oyni, gullardagi gulchanglarni, ariqdagi shilliqurtlarni, olmadagi qurtni hozir ko‘rib turgandek zavqlanishni istayman. Ammo zavq qurg‘ur mendan zerikkan chog‘i. Indamay tashlab ketibdi.

Yaxshiki, xotiralar bor. Shulardan taskin olib yashaydi kishi. Men qachon bu ahvolga tushib qoldim bilmayman. Nimalarni yozganimni ham bilmayman.

Yuragimni ajin bosdi, qarib ketdim.
Yigirmaga kirganga ham o‘xshamayman.


@boqiy_darbadarr
🔥133🕊3🥰2💔2🦄2😢1🐳1
#nazm

Men eskirdim. Shaltogʻim chiqqan.
Gʻiyqillayman eski eshikday.
Shahdim oʻchgan,
Qabogʻim soʻlgan,
Bir zoʻr yigit ichimda oʻlgan...

Kulbamga ham sigʻaman zoʻrgʻa,
Xira tortdim.
Qulogʻim ogʻir.
Har kechqurun kemirar toʻrva,
Har kunduzi yemirar taqdir.

Oʻylanmasdan qolganman. Boshim
Gʻuvillaydi.
Toʻgʻrisi boʻm-boʻsh.
Gohi-gohi qoʻqqisdan, yoshim
Qabogʻimda choʻqqilar bir qush.

Men eskirdim,
Shaltogʻim chiqqan.
Foydam tegmas. Mum qotgan ensam.
Ketay desam tovonda qurb yoʻq,
Ovozim yoʻq baqiray desam.

Abduvali Qutbiddin

@boqiy_darbadarr
💔156❤‍🔥1
#nimadir

Bunday oqshomda
sevging,
jilmayging,
musiqa tinglaging,
choy ichging,
xotiralarga berilging,
yig‘laging
...va o‘lging keladi.

@boqiy_darbadarr
20💔9❤‍🔥6🔥5🌚4🕊1
2025/10/26 08:46:04
Back to Top
HTML Embed Code: