Telegram Web Link
Buxoroda — yurt tinchligi posbonlari sharafi ulug‘landi
2025-yil 25-oktabr kuni Buxoro davlat universitetining katta majlislar zalida qalblarni g‘urur, faxr va minnatdorchilik tuyg‘ulariga to‘ldirgan unutilmas tadbir — “Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Zalda jam bo‘lganlar orasida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunov, ichki ishlar organlari faxriylari, hamkor tashkilotlar vakillari, shahar va tuman boshqarmalari xodimlari, shuningdek, IIV Buxoro akademik litseyi o‘quvchilari bor — barchaning nigohi bugun fidokorlik, sadoqat va Vatanga muhabbat timsoliga aylangan kasb egalari sari qadalgan.

Marosim boshlanishida universitet binosining kirish qismida harbiy orkestr sadolari ostida xodimlar saf tortib, mehmonlarni tantanali ruhda kutib oldilar. Shu ondayoq bayram kayfiyati qalblarga singdi. Zalda “Hunarmandchilik ko‘rgazmasi” va “Kitob yarmarkasi” tashkil etilib, Buxoroning boy madaniyati va ma’naviy zaminidan o‘sib chiqqan badiiy ruhi ham namoyon bo‘ldi.

Tadbirni ochib bergan viloyat hokimi Botir Zaripov o‘z nutqida ichki ishlar xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etar ekan, ularning mashaqqatli, ammo sharafli mehnatini yuksak qadrladi:

“Sizlar — yurt tinchligining kafolati, xalq osoyishtaligining tayanchi, qonun ustuvorligining ishonchli qo‘riqchilarisiz”, — dedi hokim o‘z so‘zida.

Shundan so‘ng, sahnada tayyorlangan “Sarhisob” videoroligi namoyish etilib, ichki ishlar tizimida amalga oshirilgan islohotlar, zamonaviy yondashuvlar va erishilgan yutuqlar aks ettirildi. Videoda xizmatga sadoqat, fidoyilik va jasoratning haqiqiy qiyofasi ko‘rindi.

Bayram so‘zini davom ettirgan viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunov o‘z tabrigida:

“Ichki ishlar xodimining har kuni — sinov, har bir vazifasi — ishonch. Biz bu ishonchni yelkada emas, yurakda olib yuramiz.”, deya kasb fidoyilarini sharafladi

Shundan so‘ng fidoyi xodimlarni taqdirlash marosimi boshlandi. Sahna markazida, yelkalari medallar bilan yaltiragan faxriylar, yurt tinchligi uchun kechayu kunduz xizmat qilayotgan ofitserlar, inspektorlar va tezkor vakillar faxr bilan turishdi. Ular orasida ichki ishlar vazirligi mukofotlariga, viloyat prokurori, soliq boshqarmasi hamda Milliy gvardiya rahbarlarining faxriy yorliq va sovg‘alariga sazovor bo‘lganlar bor.

Bayram shukuhida faxriylar, uzoq yillar xizmat qilgan tajribali xodimlar ham so‘zga chiqib, yosh avlodga murojaat etdilar. Ularning har bir so‘zi hayot darsiga, sadoqat sabog‘iga aylandi.

“Bu libos — shunchaki kiyim emas, bu — mas’uliyat, bu — xalq ishonchi, bu — Vatan sha’ni,” — dedi faxriy ofitserlardan biri.

Tadbir yakunida sahnada konsert dasturi namoyish etildi. Kuylangan qo‘shiqlarda yurt tinchligi, Vatanga muhabbat va mardlik ruhi aks etdi. Sahnadagi har bir ohang, har bir so‘z, har bir nigoh — ichki ishlar xodimining yurtga bo‘lgan muhabbatini yana bir bor tarannum etdi.

Eʼtirof etish joizki, bu bayram — fidoyilikka ehtirom, sadoqatga minnatdorchilik, xizmat burchiga sodiq insonlarga samimiy ta’zim ramzi bo‘ldi.
🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube
2
#Fotoreportaj
“25-oktabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” — fidoyilik, sadoqat va g‘urur uyg‘unlashgan bayram!
Sana munosabati bilan o‘tgan tantanali marosimda xizmat burchini sharaf deb bilgan, yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan xodimlar e’tirof etildi.

👉 Fotojarayonlarda, xizmat faxrining ifodasi, sadoqat va mas’uliyat timsoliga aylangan insonlarning quvonchi, ehtirom va faxrga to‘la unutilmas onlar mujassam.
🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube
2👏1
2025/10/25 14:59:48
Back to Top
HTML Embed Code: