Telegram Web Link
Otalar klubi

Men ancha oldin otalar uchun klub qilish haqida o'ylagan edim. Unda farzand tarbiyasi, oilaviy munosabatlar va shaxsiy kamolot (rivojlanish) haqida so'z yuritishni, ma'lum vaqtda bir marta yuzma-yuz uchrashishni o'ylagan edim.

Lekin g'oya amalga oshmay qoldi. Chunki farzand tarbiyasi uchun jonkuyar otalarimiz juda kam, afsuski. 😕 Ayniqsa, farzand tarbiyasi uchun pul ajratish ko'pchilik uchun og'riqli masala.

Talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda yaqinda erkaklar uchun alohida kanal tashkil qildik. Unda yuqorida aytganimdek, er-xotin orasidagi munosabatlarni yaxshilash, xos munosabatlar haqida so'z yurityapmiz. Keyinroq shaxsiy kamolot mavzusini ham qo'shamiz, inshaalloh. Haqiqiy o'zbek eryigiti uchun kerakli tavsiyalar berib borish niyatidaman. Yanada keyinroq choyxona ham tashkil qilib yuborarmiz balki. 😊

Shu kanalimizda bir erkak 1,5 yoshli bolasi sababli ayoli bilan munosabatlari buzilib ketayotgani, ya'ni ayoli bola bilan bo'lib unga e'tibor qila olmayotgani, o'zaro munosabatlarga bola ancha ta'sir qilgani haqida yozdi. Shundan kelib chiqib "Bolali oilada romantika" mavzusida maqola chiqardim. Unda chaqalog'ingiz bo'lsa ham qanday qilib ayolingiz bilan munosabatlarni yaxshi saqlash, birga vaqt o'tkazish va boshqa ishlarga imkon qilish haqida 10 ta tavsiya berdim.

Obunachilarimiz orasidan erkaklarga foydali bo'ladi degan umidda kanalga taklif qilaman: obuna bo'lish

Izoh: havola ustiga bossangiz, sizga bot orqali xabar boradi. U yerda obuna bo'lish degan joyini bosib, karta raqam kiritgan holda (oyiga 47 ming so'm) to'lov qilasiz.

Texnik muammolar bo'yicha: @TeXizmatbot
2007-yillar Toshkentda imtihonga tayyorlanar edim. Uydan uzoqdaligimda doim onamga ikki mahal qo'ng'iroq qilishga odatlanganman. Otam bilan 3-4 kunda bir gaplashar edim.

Har gal Samarqandga borganimda ul-bul va pul berib yuborishar edi. Otam bilan 2-3-marta gaplashishimda esa "Puling bormi?" deb so'rar edilar. Shunda yoshlik qilib demak pulim tugaydigan vaqt bo'libdi deb bemalolroq ishlatar ekanman. )

Bolaga pul bilan muomalani o'rgatish kerak.

#Tabassum

@GiyosiddinYusuf
Bolalar bilan uchrashuvlar bo'lganda "Birinchi o'qigan kitobingiz?" deb so'rab qolishadi. Birinchi o'qigan kitobimning nomi esimda yo'q. Bu yoshimga mos ertak yoki hikoya kitob bo'lishi mumkin. Sizning birinchi o'qigan kitobingiz yodingizdami?
Siz ona bo‘lsangiz ham o‘g‘lingizni sindirishga haqqingiz yo‘q

Siz necha marta o‘g‘lingizga shunday degansiz:

– Erkaklar hammasi bir xil bo‘ladi!
– Otangga o‘xshama!
– Sen o‘g‘il bolamisan, nega yig‘laysan?!

Siz bu gaplaringiz bilan uni kuchli erkak qilib tarbiyalayapman deb o‘ylaysiz. Aslida esa uni ichidan sindiryapsiz...

#tarjima #tarbiya

@GiyosiddinYusuf
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Tarbiyadagi eng yaxshi uslub qaysi?

✔️ Ustoz Gʻiyosiddin Yusuf ta’kidlashlaricha, eng yaxshi uslub mehr berib, sevdirib tarbiyalashdir. Ammo yaxshi koʻrishning ham darajalari boʻlar ekan. Bolalar ota-onasini shunchaki ota-ona boʻlganlari uchun yaxshi koʻrishyaptimi yo birgalikda sifatli vaqt oʻtkazayotganlari, mehr berayotganlari, diqqat bilan eshitayotganlari uchunmi? Mana shu ikkinchi daraja afsuski hozir juda kamyob boʻlib qolgan.

📎 Yangi “Tarbiyachi” nashriyoti tomonidan chop etilayotgan “Sevdirib tarbiyalang” kitobi goʻzal tarbiya berishni xohlayotgan lekin nimadan boshlashni, nima qilishni bilmayotgan ota-onalar uchun manfaatli boʻladi.

Tez kunda sotuvda!

@qamarbooks
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
TARTIB

Kitob o‘qishda tartibli ravishda, to‘g‘ri o‘qish kerakligini aytyapmiz. Bu tartib har kimning hayot yo‘li, maqsadi, sohasiga ko‘ra farq qiladi, albatta. Shuning uchun qat’iy bir tartib aytib bo‘lmaydi. Ammo asosiy o‘qilishi kerak kitoblarni quyidagi tartibda o‘qishni tavsiya qilaman:

1. E’tiqodga oid ilmlarni o‘rgatadigan kitoblar.
2. Ibodatga oid ilmlarni o‘rgatadigan kitoblar.
3. Odob-axloqqa doir ilmlarni o‘rgatadigan kitoblar.
4. Tarixni o‘rgatuvchi kitoblar (payg‘ambar, sahobalar hayoti va boshqalar).
5. Oilaviy munosabatlarni o‘rgatuvchi kitoblar.
6. Har bir kishining o‘z sohasiga oid kitoblar.
7. Badiiy kitoblar (avval o‘zimizniki, keyin jahon adabiyoti).

#Kitob

@GiyosiddinYusuf
TIRIK KITOB — O‘QUVCHI

12 aprel kuni “Yuksalish” maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh kitobxon” tanlovining final bosqichi Navoiy shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda kamina 9-sinf o‘quvchilariga mas’ul etib tayinlangan hakamlardan biri edim.

Shartlardan biri — berilgan uchta kitobdan biri haqida 5 daqiqa davomida gapirib berish edi. O‘quvchilardan biri — Solihanurga “Lolazor” kitobi haqida so‘zlash tushdi.

Ma’lumki, “Lolazor” ancha yuqori saviyadagi asar bo‘lib, uni o‘qib, tushunib, gapirib berish maktab o‘quvchisi uchun muayyan darajadagi bilim va tafakkurni talab qiladi. Solihanur esa nafaqat kitob haqida so‘zlab berdi, balki uni tahlil ham qildi.

U shoshilmasdan, xotirjam gapirar, so‘zlarni o‘z o‘rnida ishlatar, tutilib qolish yoki hayajon deyarli ko‘zga tashlanmas edi. Men uning harakatlaridan ko‘p kitob o‘qiganini angladim va o‘zimcha taxmin qilib:

— Ikki yuztacha kitob o‘qiganmisiz? — deb so‘radim.
— Mingga yaqin, — deb xotirjam javob qildi.

Bu qiz nafaqat ko‘p kitob o‘qiganini, balki to‘g‘ri, tartibli va ustozlar ko‘rsatmasi asosida mutolaa qilganini ham namoyon qildi. Unda ham son, ham sifat bor edi.

Darvoqe, “Yuksalish” maktablarida o‘quvchilarga har haftada bitta kitob o‘qish vazifa qilib beriladi. Bu 10 yilda 500 tadan ortiq kitobni tashkil etadi. O‘quvchilarimiz orasida berilgan vazifadan tashqari kitob tavsiya qilishimizni so‘raydiganlar ham bor.

#Kitob

@GiyosiddinYusuf
Bir inson biror voqea-hodisaga munosabat bildirganda uni hamma har xil tushunishi mumkin. Bu tabiiy, albatta. Chunki tushunish har kimning ilm darajasi, tushunchasiga ko‘ra farq qiladi.

Haligi so‘zlovchi kartinadan yuqorini ko‘rib gapirayotganda kimdir faqat devorni ko‘rib uni inkor qiladi, boshqasi kartina emas bu, tabiat deb turib oladi va hokazo.

Ana shuning uchun, do‘stlar, ilmli kishi bir gap gapirganda bu kishi men ko‘ra olmayotgan narsalarni ko‘ra olayotgan bo‘lishi mumkin degan o‘yda e’tiroz yoki tanqid qilishga shoshilmaslik kerak.

Bunga Asadov bilan bog‘liq gap-so‘zlar yorqin misol bo‘ladi: uzoqni ko‘ra olganlar u kishidagi kamchiliklarni aytganda "devor yoki tabiatni ko‘rayotganlar" ularni malomat qildi.

@GiyosiddinYusuf
Oila qurish arafasida bo'lgan yoshlar bormi? — 🔥
📢📢📢📢📢📢📢

Men oilaviy munosabatlar, xususan, farzand tarbiyasi haqida gapirsam-da, bu mavzular orasida eng yaxshi biladiganim oila qurish mavzusidir. Chunki ilk bor oila qurish mavzusida kurs qilganman — "To'ydan keyin kech" nomli. Keyinchalik yillar davomida bu kurs ustida ishlab, takomillashtirib bordim.

Ammo kursda o'zim istagan narsani bera olmasligimni tushunib, hammasini yozdim — "To'ydan keyin kech" kitobini. Unda oila qurish bilan bog'liq har bir mavzuni yoritdim, imkon qadar hech bir detal e'tiborimdan chetda qolmasligiga harakat qildim.

Jarayon haqida sizlarni biroz xabardor qilgan edim. So'ng kitobni Din ishlari bo'yicha qo'mitaga berdim. Shu kitobimga ruxsat bo'libdi!

Yangi kitoblar nashrini kuzga mo'ljallagan edik. Ungacha sizlarga ilinib ketyapman, sabrim yetarmikan...

#Ijod

@GiyosiddinYusuf
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Oldindan bu ish bor edimi-yo‘qmi — bilmayman. Lekin shu yil maktab bolalari bir-biriga suv sepayotganiga ko‘zim tushdi. O‘g‘il-qiz bir-biriga suv sepmoqda. Ba’zilar 1,5 litrlik suv idishi olib olgan.

"Mayli, kun issiq, kasal bo‘lishmaydi, o‘ynayapti-da" deyish mumkin. Lekin ustidan suv quyilgan qizlarning kiyimi badaniga yopishib, badani-yu ichidagi kiyimlarigacha vasf qilmoqda. Maktabni bitirayotgan qizlar uchun bu juda yomon, uyatli holat.

Men o‘qituvchilardan bu holatga chek qo‘yish uchun bolalarga tushuntirishlarini va maktab ma’muriyati hamda ota-onalar ham bunga jiddiy qarashlarini so‘rar edim.

@GiyosiddinYusuf
Ushbu kitobni maktab yoshigacha bo'lgan bolalarga o'qib berish mumkin. Unda bolalar uchun bir qancha odoblar yoritib berilgan. "Ildiz" kitoblaridan xarid qilishingiz mumkin.

Muallif: Abdurauf Zokirov

#Kitob

@GiyosiddinYusuf
Qo‘rqqan bolaga qanday munosabatda bo‘lish kerak?

Farzandingiz biror narsadan qo‘rqayotgan bo‘lsa, unga: “Qo‘rqadigan hech narsa yo‘q-ku!” deb tushuntirishga oshiqmang. Chunki sizning mantiqingiz uni tinchlantira olmaydi. U qo‘rqyapti.

Eng kerakli so‘z bu – “Men sen bilanman".

Bolaga shunchaki mehr bilan yonida bo‘lish, uni quchoqlash, tushunishga urinish – undan yuz martalab ko‘proq yordam beradi.

Agar siz: “Men qo‘rqmayapman-ku, sen ham qo‘rqma”, — desangiz, bola o‘zini sizdan zaifroq, yomonroq his qiladi. Axir siz kattasiz, kuchlisiz, u esa hali kichik. Shunday ekan, “Men seni himoya qilaman” degan ishonchli ohangda yondoshuv kerak.

Ba’zida ota-onalar qo‘rqqan farzandini koyiydi. Ammo bu bolaning qo‘rquvini yo‘qotmaydi, balki ichiga yutishga majbur qiladi. U endi qo‘rqmaydi emas, faqat bu haqda sizga aytmaydi.

Unutmang: qo‘rquvni kuch bilan yengib bo‘lmaydi. Uni faqat yengil qilib o‘tkazib yuborish mumkin. Buning uchun esa bola ichki kuch topishi yoki mehribon bir insonga suyana olishi kerak.

Siz – aynan shu suyanch bo‘ling.

#tarjima #tarbiya

@GiyosiddinYusuf
Kitobxon bola tarbiyalash uchun nima qilish kerak?

15 daqiqa vaqt ajratsangiz, farzandingiz kelajagi ijobiy tomonga o'zgarib ketishi mumkin!

Bu haqida YouTube sahifamda video chiqdi. Ko'rish uchun bosing.

#kitob #tarbiya

@GiyosiddinYusuf
Sevdirib tarbiyalang ❤️

Agar jazolashga toʻgʻri kelayotgan boʻlsa, demak, tarbiyada xatoga yoʻl qoʻyilgan. Ota-onalarning eng katta xatosi shuki, ular taqiqni ota-onalik hokimiyatining asosi deb hisoblashadi.

Talabchan boʻlish degani ojiz qulni voyaga yetkazish degani emas. Ota-onalar ularning hukmi tugaydigan va bolaning inja olami boshlanadigan nozik chegarani his qilishlari lozim.

🔜 Tez kunda, sotuvda!

@qamarbooks
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Ilk kitobimni nashr qildirish uchun Mubashshir domlaning yonlariga borganman. O‘shanda "Qaqnus" nomli nashriyotlari bor edi.

Bitta kitobni nashr qildirish uchun yaxshigina pul tikiladi. Muallif taniqli, kitob ommabop bo‘lsa, savdosi yaxshi bo‘lishi mumkin, lekin kimningdir birinchi kitobiga pul tikishga hamma ham rozi bo‘lavermaydi. Mubashshir domla hech ikkilanishsiz meni qo‘llab-quvvatlaganlar. Nashriyot hisobidan nashr qildirishlarini va menga ham qalam haqi berishlarini aytganlar. Asosiysi, "Siz bundan xijolat bo‘lmang! Mualliflar ijod qilishi uchun tirikchilikka pul kerak" degan ma’nodagi gaplar aytganlar, ulamolar hayotidan misollar keltirib meni juda ruhlantirganlar.

Alloh taolo Mubashshir domlani tezda ozodlikka chiqarsin. Sinovini oson qilsin, O‘zi asrasin, salomat qilsin!

@GiyosiddinYusuf
"Alkimyogar" | Paulo Koelo

Paulo Koeloning “Alkimyogar” asari 1988-yilda nashr etilganidan beri dunyo bo‘ylab katta shuhrat qozongan. U 88 ta tilga tarjima qilingan, 170 dan ortiq mamlakatda chop etilgan va 85 milliondan ziyod nusxada sotilgan. Shu orqali “Alkimyogar” eng ko‘p tarjima qilingan zamonaviy adabiy asarlardan biriga aylangan.

Bu kitobni sarguzasht, falsafiy roman yoki ertak deb atash mumkin, lekin bu nomlarning hech biri uni to‘liq ifodalay olmaydi. Asar yuragining chaqirig‘iga quloq tutgan, yo‘lini izlayotgan har bir kishi uchun yozilgandek tuyuladi.

Hikoya markazida – ispan cho‘pon yigit Santiago turadi. U tushida ko‘rgan xazina ortidan uzoq safarga otlanadi. Sahrodan o‘tadi, qalbidagi qo‘rquv bilan kurashadi, bir qizga ko'ngil qo‘yadi, o‘zini anglaydi. Oxirida Santiago xazinani ham topadi. Ammo eng katta xazinasi aynan shu yo‘l davomida o‘zligini anglagani bo‘ladi.

Asar oddiy so‘zlar bilan chuqur haqiqatlarni ochib beradi. U bizga taqdir, sabr, niyat va maqsad sari sobitqadam bo‘lish haqida saboq beradi. Santiago orqali har birimiz o‘z sayohatimizni ko‘ramiz – ayrimlar uchun bu ilm yo‘li, boshqalar uchun muhabbat, ba’zilar uchun esa halovat izlash. Ammo yo‘l bitta: qalbga quloq solish yo‘li.

Koelo asarda diniy tushunchalar, urf-odatlar, Sharq va G‘arb qarashlarini muloyim va obrazli tilda uyg‘unlashtiradi. Asarning keng e’tibor va muhabbat qozonishiga, balki, aynan shu samimiylik sababdir.

15 yoshdan kattalar uchun tavsiya qilinadi.

#Kitob #Mutolaa2025

@GiyosiddinYusuf
Gadjetlardan xalos boʻlamiz

Texnologiyalar asrida yashayapmiz va bolalar kichik yoshdan gadjetlarga o‘rganib qolishyapti, ammo ekran vaqtining nazorat qilinmasligi ularning sog‘ligi va rivoj­lanishiga salbiy ta’sir qilish ehtimoli yuqori. Quyida bolangiz real hayotdan bahra olishi va gadjetlardan uzoq­lashishi uchun bir nechta maslahatlarimiz:

Qonun-qoidalar joriy qilish: gadjetlardan foydalanishda qattiq qoida o‘rnating. Bolaning ekran vaqtini chegaralab qo‘ying va o‘zingiz shunga amal qiling.

Muqobil mashg‘ulotlar: sport bilan shug‘ullanish, san’at, kitoblar o‘qish yoki toza havoda sayr qilishni taklif qiling.

Ota-onalar ishtiroki: bolangiz bilan birga vaqt o‘tkazing. Masalan, stol o‘yinlarini o‘ynang, birga sayr qilib yoki sevimli mashg‘ulotlarni birga bajarib vaqt o‘tka­zing. Unga namuna bo‘ling!

Ta’limiy ilovalar: agar bolangiz baribir gadjetlarni ishlatishda davom etsa, unga mos bo‘lgan ta’limiy ilovalarga qiziqtiring. Bu uning rivojlanishiga yordam beradi.

📚Gʻiyosiddin Yusufning «Tarbiya-chi?» kitobidan #iqtibos

Kitobni xarid qilish

Yanada ko'proq iqtiboslar
Kecha Temurbek Adhamov bilan Robbit akademiyasi uchun farzand tarbiyasiga doir suhbat qildik. Bir soat miriqib, to‘xtovsiz gaplashdik. Xususan, tarbiya nima, unda kimlar ishtirok etishi kerak, qachondan boshlanadi, tarbiyadagi xatolar, tavsiya qilinadigan kitoblar mavzusida batafsil to‘xtaldik.

Temurbekning tavsiyasiga ko‘ra aytib qo‘ymoqchiman: men podkastlar, ijodiy uchrashuvlar uchun ochiqman. Hech qanday to‘lovsiz.

Murojaat uchun: @Kaatib (yordamchim)

@GiyosiddinYusuf
2025/07/05 23:44:56
Back to Top
HTML Embed Code: