Telegram Web Link
Facebookni titkilab o’tirib, juda ta’sirli she’rga duch keldim. Ta’sirliki, hali ham qayta-qayta o’qiyapman. O’ylashimcha, uni o’qigan boshqalarda ham хuddi mendagi holat qaytariladi.

Shoir Nuriddin Ziyo uni yurakdan kelgan kuchli bir to’fon, alamli og’riqda, bir nafasdayoq yozgani sezilib turibdi. E’tibor bering, she’rga biror so’z, biror qator majburan, zo’rma-zo’raki tiqishtirilmagan. Hammasi tabiiy, kundalik hayotda siz, biz, barchamiz qiladigan xatolar va shu xatolarni anglaganda his qiladiganimiz tanish og’riq.

Umuman, she’rga majburan tiqishtirilgan so’zlar o‘zini tez oshkor qiladi. Shoirning bu yozganlaridagi o‘quvchiga yaqinlik, soddalik (shu bilan birga buyuk haqiqat ham) esa u ota haqida, eng yaqin, eng ulug‘ inson, gapirganda yolg’on ishlatilmaydigan kishi haqida.

Shoir she’rga nom bermabdi, men uni “armon” yoki “taassuf” deya nomlagan bo’lardim.

Juda og’ir yuk. Nuriddin, otangizning oxiratlari obod bo’lsin.

Qishloqqa chaqirdi otam ko‘p bora,
«Bolangni yetaklab kelib ket», dedi.
Boshliqqa aytishga haddim sig‘mas hech,
Tugamagan ishlar juda ko‘p edi.
Xarjlarni o‘ylardim — bordi-keldini,
Olti soatlik yo‘l, internet, ishim...
Bahona izlash bilan o‘taverardi
Ko‘p bahorim, yozim, kuzlarim, qishim.
Otam: «Kel, oldimga bir o‘tir», derdi.
Anov jo‘ram bor deb ko‘rgani ketdim.
«Kel, endi bugun men bilan yot», — desa,
Xijolatmand bo‘laman, o‘zimni tortdim.
Ko‘ngildan gaplashib ololmadim hech,
Ichida ne sirlar asradi otam...
Ellik ming tashlasam telefoniga —
Suyunchi olardim, o‘zimcha Hotam.
«Hayoting yaxshimi?» — der edi ba’zan.
«Puling bormi?» — deya so‘rardi bot-bot.
Qiynalib tursam ham: «to‘kisman», deya
Qaddini egmasin der edim hayot.
Bilsam, bo‘lar ekan ba’zan istisno —
Tushunarkan axir, aytsa boshliqqa...
Hamma ishni tashlab, o‘z holiga jim,
Otamni ko‘mgani ketdim qishloqqa.

Nuriddin Ziyo

@haqiqatdaIlyos
😭117👍37😢27🔥6🙏1
Nuqtalar: Nega o‘zbekistonliklarning qotillik, terakt va urushlardagi ishtiroki ko‘paymoqda?


2024-yil, 26-noyabr.
Birlashgan Arab Amirliklarida yahudiy ruhoniysi Svi Kogan o‘ldirildi.

BAA politsiyasi ravvin o‘limida gumon qilib, 3 nafar o‘zbekistonlik: 28 yoshli Olimboy Tohirovich, 28 yoshli Mahmudjon Abdurahim va 33 yoshli Azizbek Komilovichni qo‘lga oldi. Bir muddat o‘tib, sud ularni o‘lim jazosiga hukm qildi.

2024-yil, 17-dekabr. Rossiyalik general Igor Kirillov va uning yordamchisini o‘ldirganlikda gumonlanib, 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov qo‘lga olindi. Tergov natijasida Qurbonov bu ishni 100 ming dollar va Yevropa passporti uchun qilganini tan oldi.

2024-yil, dekabr.
Suriyada 11 kunda prezident Bashar Asadni hokimiyatdan ag‘dargan qurolli islomiy muxolifat yurishida o‘zbek tilida so‘zlashuvchi o‘nlab (kamida) jangarilar ko‘rinish berdi.

2025-yil, 20-aprel. Dubaydagi ikki o‘zbek jinoiy guruhi (asosan yoshlardan iborat) o‘rtasida yirik pichoqbozlik. Politsiya 40 kishini ushlagan, janjalda bir kishi vafot etgani aytildi.

2025-yil, 30-aprel. Ukraina hukumatining “Yashashni istayman” loyihasi Rossiya-Ukraina urushida qatnashayotgan o‘zbeklar ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatda O‘zbekiston fuqarosi ekani aytilib, Rossiya qurolli kuchlari safida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun shartnoma imzolagan jami 1 ming 110 nafar shaxs ma’lumotlari keltirilgan.

Bugun axborotni chegaralab bo‘lmaydi. Shunday zamonda endi qayerda-ki, qotillik, terakt, sodir etilar, urush holatlari kuzatilarkan, bu haqda soniyalarda dunyoning turli nuqtalaridan turib xabar topish mumkin. Yuqorida eslaganimiz, oxirgi bir necha oy voqealari esa xalqaro matbuotda o‘zbek nomi bilan bog‘lab yozilgan salbiy holatlar.

Xo‘sh, nega so‘nggi yillarda aynan o‘zbekistonlik, o‘zbek yoshlarini dunyo matbuotida urushlar, qotillik va teraktlar ishtirokchisi sifatida tez-tez va tobora ko‘proq o‘qimoqdamiz? Bu tizimli muammolar natijasimi yoki “katta shaharlarda uchrab turadigan kichik ko‘ngilsizlik?”. Muammolar agar tizimli bo‘lsa, bu qanday xatolar natijasi, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun nimalar qilish, nimalarni o‘zgartirish kerak?

“Nuqtalar”ning bu galgi soni ana shunday muhim, havotirli savollar tahliliga bag‘ishlandi. Dastur mehmonlari – sotsiolog Abdug‘ani Xolbekov, siyosatshunos Hamid Sodiq va sobiq “Kamolot” YIH Markaziy Kengashi raisi Bahodir G‘aniyev bo‘ldi.

📹👉 https://youtu.be/B4AM-rGOJrQ

@haqiqatdaIlyos
👍287🔥3💯31
3-may — Jahon matbuoti erkinligi kuni. Kunni Qirg’izistonda, erkin matbuot darg’alaridan biri bilan o’tkazmoqdamiz.

@haqiqatdaIlyos
👍111🔥1462👎1
O’zbekiston-Qirg’iziston chegarasida soatlab navbatlar barham topdi, holat ikki davlat fuqarolari uchun tarixda kuzatilmagan tarzda soddalashdi, degan bayonotlarga ishonib, qo’shni mamlakatga safar qilgandik.

Ammo “Do’stlik” chegara bojxona postida 5 soatdan buyon navbatda turgan kishi sifatida aytamanki (O’zbekiston tomonda), vaziyat 2 yil avval, “O’zbekiston” chegara posti orqali Shohimardonga o’tarkanman, o’zim ko’rganlarimdan biron-bir tarzda yaxshilanmagan. (Xolislik uchun aytay, balki, muammo faqat shu kunlarda, shu postda kuzatilayotgandir, bunisini bilmadim, har kun o’tib-qaytib yurganlar ham fikr bildirishi kerak.) Chegarada yuzlab navbat – qariyalar ingragan, bolalar yig’lagan, baqir-chaqir, kimdir navbat talashsa, yana kimdir tanishining yordami bilan navbatsiz o’tib ketayotgan o’tkinchidan noliydi. Odamlarning holatini issiq harorat va havo yetishmasligi yanada og’irlashtiradi.

Chegara xizmatchilari yuzlab kishilar tomonidan berilayotgan savollarga “internet yaxshi emas, ba’za ishlamayapti”, degan bir xil javobni qaytarmoqda, yechim haqida gapirishni esa hech kim istamaydi.

Biz Toshkentda o’tirib, hamkorlik, Markaziy Osiyoda yevropacha integratsiya qurish orzusi haqida gapiramiz-u, lekin o’tgan yillar davomida uzilmas internet muammosi-ki yechilmagan ekan, bular haqida gapirish… bilmadim.

Postga vaziyat joyidan surat ilova qilolmadim, ruxsat berishmadi.

@haqiqatdaIlyos
🤬91🔥28👍12🤔102🤯2
5-may, erta tongda Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida takroriy (uchinchi) yirik portlash yuz berdi.

Energetika vazirligining holat yuzasidan deyarli 8 soat o’tib bergan ma’lumotiga ko’ra,
kondagi 202-quduqda tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning katta bosim bilan otilishi va natijada fontanlanish holatining qaytalanishi kuzatilgan.

Portlashlar xronikasi va oqibatlari haqida kecha shuningdek, Gazeta.uz mustaqil nashri tahliliy maqola e’lon qildi. Maqola qahramonlariga ko’ra, ayni vaqtda kon atrofida yashovchi ko’pchilikning sog’lig’ida muammolar kuzatilmoqda va zaharli gaz yutish oqibatlari ayniqsa qariyalar va bolalarda og'ir kechmoqda.

Odamlarni shuningdek, vaziyat yuzasidan aniq, ishonchli ma’lumot e’lon qilib turilmayotgani, xavfsizlik yuzasidan tavsiyalar berilmayotgani (o'zing uchun o'l yetim qabilida) va matbuotga gapirganlarga nisbatan bo'layotgan kuchli bosimlar qiynamoqda.

Bugun tarmoqlarda kechagi portlashga oid va sun’iy intellektda tayyorlangan ushbu suratlar ommalasha boshladi.

Holat rasmiylar tomonidan favvoralanish deb yumshatiladimi, jilg’alanishmi yo buloqlanish, haqiqiy vaziyatni ifodalovchi naqadar kuchli suratlar.

@haqiqatdaIlyos
🤬80👍10🔥6😢4💯4🤔2
Nuqtalar: Boysundagi portlash, so‘z erkinligi reytingi va parlamentda tuzilgan blok – hafta voqealariga tahliliy nazar

Dastur sarlavhasida keltirilgan ushbu kalit iboralar bizni so‘nggi kunlarda o‘zbek matbuotida eng keng yoritilgan, muhokama qilingan mavzularga olib kiradi.

Nuqtalar dasturining bu galgi soni shu va boshqa mavzular, jumladan, Enter Engineering’dagi navbatdagi ish tashlashlar mavzulari tahliliga ham bag‘ishlandi.

Dastur mehmonlari – Qonunchilik palatasi sobiq deputati Rasul Kusherbayev va jurnalist Anora Sodiqova bo‘ldi.

📹👉https://youtu.be/r8zr_HjhLUY?si=Vy9QR1KbZB5FeeA1

@haqiqatdaIlyos
👍26🔥8🥰21👎1
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
XDP fraksiyasi o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e'lon qildi

Xalq demokratik partiyasi o‘zini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi deb e'lon qildi. Partiya «Taraqqiyot bloki» hamda mazkur blok qo‘llab-quvvatlayotgan hukumat dasturi va faoliyatining bir qancha yo‘nalishlariga qo‘shila olmasligini bildirdi.

Ma'lumot uchun, postga ilova qilingan intervyu 2019-yilgi Parlament saylovi natijalari e'lon qilingandan keyingi ilk daqiqalarda yozib olingan.

@haqiqatdaIlyos
🤡121🤣89👍5🤬4🤯2👎1
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Bundan ikki oycha avval o’tkazgan intervyularimizdan birida hazil aralash shu gapni aytgan ekanman. Bugun shu hazilimiz haqiqatga aylanib turibdi deng.

Siyosiy rokirovkalar bo’yicha cheklanmagan miqdorda buyurtmalar qabul qilib boshlamoqchiman.

@haqiqatdaIlyos
🤣205🔥10🤔6👍3🤬1😢1
Mediamakon ko’tarasiga sotib olib bo’lindi (aynan sotib olindi). Bu jarayon xuddi mafiya filmlaridagi kabi kechdi: yo pulni olasan va yoki qamalasan. Tarafni hamma o’zi tanladi.

@haqiqatdaIlyos
👍72😢38💯16🤔14🤬8🔥5🤯3
Do’stlar, orangizda moddiy imkoni yetarli-yu, muhtojni ko’rsa, yordam berib yurguvchi savobtalablar ko’p.

Men yordamga muhtoj shunday insonlardan birini bilaman – Turdivoy aka, qishloqdoshim, 65 yoshda. Bir umr ustachilik bilan ro’zg’or tebratgan. Yaxshi inson. Ikki qizi bor-u, o’g’il ko’rmagan.

Afsuski, Turdivoy akaga bundan bir yilcha avval buyrak qurishi degan og’ir dard yopishdi. Shu dard sabab bo’ldi-yu, oilaning nima yiqqani, nima tergani bo’lsa, bugungacha bari ketdi. Hatto bir bosh tovuq qolmadi.

Ha, ikki qiz ham otaga yordam qilib turadi, qilmaydi emas. Lekin ular ham juda to’kin joyga tushmagan, o’rtadan beri oilalar. Bunaqa oilada esa bilasiz, erga, qaynota-qaynonaning yuziga qaraladi.

Xullas, Turdivoy aka yaqin bir necha oydan beri buyrak yuvish uchun shahar kasalxonasiga ham borolmaydigan sharoitga tushib qolgan. Sog’liq esa og’irlashgandan og’irlashmoqda.

Qanday yordam bersangiz, yetib borishiga men kafil, hisobini yetkazib turaman. Imkoningiz bo’lsa, shu inson, shu oilaga yordam bering. Dardlari biroz yengillashsin, Alloh nasib qilib, balki, dardidan to’liq forig’ ham bo’lib ketar.

9860082453096560 Karta Xalq bankidan ochilgan (Humo), Turdivoy Umirzoqov nomida.
@haqiqatdaIlyos
🙏77👍34😢11🔥32🤔2💯2
Nuqtalar: “Tor doirani yanada toraytiruvchi” qonun loyihasi va “Mubashshir Ahmad ishi”

O‘tgan hafta ham o‘zbek mediasi uchun, muhim voqea-hodisalar va yangiliklarga boy o‘tdi. Bu yangiliklar qay darajada to‘liq yoritildi, yoritilmadi, tomoshabin uchun qulay, tushunarli tarzda tahlil qilindi, qilinmadi, bu boshqa masala. Dastur davomida bu nuqtaga sababini tushuntirgan holda yana qaytamiz. Hozir esa ana shu muhim voqea hodisalardan ham tahliltalab, jamiyat uchun gaplashish o‘ta zarur deya saralab olganimiz ikki mavzu haqida.

1-mavzu: O‘zbekistonda “Onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi kutilmoqda. Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi 12-may kuni qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

2-mavzu: Ichki ishlar vazirligi Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunovning O‘zbekistonga deportasiya qilinganini tasdiqladi. Hozirgi kunda Tursunov Davlat xavfsizlik xizmati markaziy hibsxonasida saqlanmoqda va unga nisbatan jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bugungi dasturimiz o‘tgan haftaning muhimlari ichida ham muhim bo‘lgan shu ikki mavzusi va ularning tahliliga bag‘ishlanadi. Dastur mehmonlari – Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, media tahlilchi, huquqshunos Madina Tursunova va jurnalist Anora Sodiqova bo‘ldi.

Suhbatni jurnalist Ilyos Safarov olib bordi.

📹👉 https://youtu.be/njRJP2sbXJc?si=OIoNP9KwcZGoF-3j


@haqiqatdaIlyos
👍38🔥93💯2
Do‘stlar, kecha yurak va buyrak yetishmovchiligi kabi muammolardan aziyat chekayotgan, davolanishga esa moddiy imkoniyati yo‘q Turdivoy aka Umirzoqov uchun xayriya boshlagandik. Siz kabi saxovatpesha insonlar ko‘magi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi yordami bilan ikki kun davomida shu masalada anchagina xayrli ishlar qilindi. Quyida shu ishlar hisobotini e’lon qilib qo‘ymoqchiman.

Xo‘p, kecha Turdivoy aka uchun plastik kartamga jami 8 million 890 ming so‘m mablag‘ yig‘ildi (kechga borib kartam o‘z-o‘zidan blokka tushmaganda, balki, ko‘proq ham yig‘ilardi). Plastik kartaga yig‘ilgan ana shu pullarni Payme orqali Turdivoy akaning plastik kartasiga o‘tkazib berdim (hisobot videoda bu haqda ma’lumot berilgan).

Ikkinchidan, kecha masalaga Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning Samarqand viloyatidagi mas’ullari ham e’tibor qaratishdi. Bunda jumladan, agentlik yordami bilan statsionar davolanish uchun bepul yo‘llanma taqdim etilib, Turdivoy aka bugunning o‘zida Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga yotqizildi. Bundan tashqari, sog‘lig‘idagi muammoning darajasidan kelib chiqqan holda, u kishini nogironlik nafaqasiga chiqarish vazifasi belgilab olindi. Qolaversa, bundan keyin ham aka va uning oilasi agentlikning doimiy nazoratida bo‘lishiga va’da berishdi.

Shu o‘rinda bemorlik yetib, muhtojlikka tushib qolgan inson haqidagi postga befarq bo‘lmaganingiz, ko‘rsatgan yordamingiz uchun katta rahmat deyman. Ehsoningizni dargohida qabul qilsin.

Postda Turdivoy akaning plastik karta raqamini ham qoldirmoqdaman. Bemorlik oilani moddiy jihatdan ancha qiyin ahvolga tushirib qo‘ygan…

9860082453096560 Karta Xalq bankidan ochilgan (Humo), Turdivoy Umirzoqov nomida.

@haqiqatdaIlyos
👍58🙏6🔥54🥰4😢21
"Imtiyoz bor, lekin foyda yo‘q!" – Nogironligi bo‘lgan insonlar nega ish topa olmayapti?

Davlat: "Ish bersang – soliqdan ozod qilaman!"
Tadbirkor: "Qayerga murojaat qilay, hech kim javob bermaydi!"
Natija: Ish ham yo‘q, imtiyoz ham ishlamayapti.

Muammo nimada?

Nogironligi bo‘lgan insonlar uchun ajratilgan ish joylari, subsidiyalar va soliq yengilliklari ko‘p hollarda faqat qog‘ozda qolmoqda. Byurokratiya, chalkash tartiblar va stereotiplar bunga katta to‘siq bo‘lmoqda.

Misol: Bir tanishimiz radioga ishga kirishga urindi. Nogironligi borligini bilishgach, hatto suhbatga ham chaqirishmadi...

Xulosa: Muammo odamlarning o‘zida emas — tizimda! Va bu hammaning ishi:
– OAV — voqelikni yoritishi kerak.
– Davlat — real yordam berishi kerak.
– Biz — oddiy insonlar sifatida befarq bo‘lmasligimiz kerak.

"Raqamli vositalar orqali jamoatchilik nazorati" loyihasi jamiyatdagi ana shu dolzarb masalaga e'tibor qaratib, tahliliy materiallar berib bormoqda.

📎 To‘liq maqola bu yerda:
https://mjdc.uz/data-uz/tpost/82siirool1-ragbatlantirish-bor-lekin-ishlamayapti-b

@haqiqatdaIlyos
👍32🔥6💯3😢21🤔1
Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari – Razzoq Altiyev va Otabek Narziyev 2025-yil 28-fevral kuni Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov tomonidan Facebook`da e'lon qilingan «Sizga achinaman, janoblar!» nomli post sabab (o’sha vaqtda universitet o’qituvchilarining o’ziga va faoliyatiga qarshi yozayotgan seriyali maqolalariga javoban) huquq himoyachisi ustidan sudga da'vo arizasi kiritgandi.

Kecha, 23-may kuni Fuqarolik ishlari bo’yicha Mirobod tumanlararo sudi Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchilari foydasiga Abdurahmon Tashanovdan 50 million so‘m ma'naviy zarar, davlat boji va boshqa xarajatlarni undirish hamda uzr so‘rab, raddiya berish majburiyatini yuklash haqida qaror chiqaribdi.

Ish sudya Behzod Sagatov raisligida yopiq tarzda ko‘rib chiqilgan. (Bir necha huquqiy asoslarga ko’ra sud ustidan tekshiruv tayinlash haqidagi javobgar tomon so’rovlari rad etilgan).

7 nafar advokat himoyasida ishga kirishgan huquq professorlari avvalroq suddan 200 million so’m ma'naviy zarar undirib berishni so‘ragan edi.

Ma’lumot uchun, bir necha kun avval ayni sud binosida vaziyati shunga deyarli o’xshash boshqa bir ish ham ko’rib chiqilgan. Unda sudya Nilufar Usmonova bloger Mirsaid Haydarovga qarshi Uzdiplomat.uz ta'sischisi tomonidan kiritilgan davo arizasini qanoatlantirmay, javobgar “so‘z erkinligi”dan foydalangan degan xulosa bergan edi.

Bunda Mirsaid Haydarov sayt jamoasini tanqid qilmaslik sharti bilan pul olishda ayblab yozgan posti sababli sudga berilgan. Ushbu post va uning izohlarida «Uzdiplomat.uz» jamoasi a'zolariga nisbatan ham haqoratli so‘zlar ishlatilgan.

****
Mana bu intervyuda jamiyatdagi ikki standartlilik illati haqida gapirilgan. Gapirilganki, bunday tartibning oqibatlari shu standartlarni ishlab chiqqan va ishlatayotganlar uchun-da, yaxshi bo’lmasligi bashorat qilingan.
👉 https://youtu.be/xcrGNMXgLpM?si=U1exI0PGN_Yq_JGa

@haqiqatdaIlyos
🤬50👍21😢83🤯21
Davlat xaridlarida shaffoflik muammosi: SSVning insulin xaridi atrofidagi savollar

Kecha ham yozganimdek, “Raqamli vositalar orqali jamoatchilik nazorati” loyihasi jurnalistikaning zamonaviy imkoniyatlardan foydalangan holda tayyorlangan qiziqarli materiallarini e’lon qilib bormoqda. Loyiha ijodkorlarining bu galgi izlanishi davlat tenderlaridagi noqonuniy holatlardan biri haqida.

Unga ko’ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) 1,6 milliard so‘mlik insulinni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilgan. Savdo “Zamin Bio Health” MChJ bilan amalga oshirilgan bo‘lib, unda har bir qadoq insulin uchun 35 ming so‘mdan to‘langan.

Biroq, jarayonni o’rgangan ijodkorlarda bir nechta tabiiy savollar tug’ilgan. Avvalo, 2021-yilda Prezident tomonidan imzolangan qarorga ko‘ra, davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki tendersiz amalga oshirish tartibi bekor qilingan edi. Maqolada aytilishicha, SSV esa aynan shu tartibga amal qilmagan.

Bundan tashqari, xarid qilingan insulin sifati haqida ham savollar mavjud. Loyiha mualliflari mikrafoniga gapirgan mutaxassislar bu insulin sifatli emasligini ta’kidlashgan. Shuningdek, xarid narxida ham savollar borki, Toshkentdagi dorixonalarda Daniyaning Novo Nordisk kompaniyasining shunga o‘xshash insulinlari 25 ming so‘mdan sotilmoqda.

SSV o’rganish jarayonida xarid haqidagi quyidagi bir nechta savolni ham javobsiz qoldirgan:
• Davlat xaridlarida dori tanlashga qanday omillar ta’sir ko‘rsatadi?
• Zamonaviy insulin analoglarini xarid qilish ko‘zda tutilganmi?
• Insulin sotib olish uchun umumiy byudjet qancha?
• Insulinning zamonaviy analoglariga o‘tish rejalari bormi?
• Xaridlar to‘g‘risida qaror qabul qilishda endokrinologlar va bemorlarning fikri inobatga olinadimi?

Ochiq qolayotgan savollar o’z mavbatida davlat xaridlari sohasida shaffoflik muammosini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Maqolani to‘liq o‘qish uchun quyidagi havolaga o‘ting:

🔗
SSV mahalliy insulinni 1,6 milliard so‘mga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib oldi
👍15🤬7🔥3🤔3🤣2
Ta'lim masalalari bo'yicha ekspert Azamat Akbarovning MFaktor platformasida o'tkazadigan "Tayanch nuqtasi" nomli dasturi bo'lardi. Ayrim sonlarini o'tkazib yubormagan bo'lsam, deyarli har sonini ko'rib borganman.

Dasturda asosan universitet rektorlari mehmon bo'lardi va unda ta'lim masalalari sohani ichdan tushungan mutaxassis, mas'ullar bilan jiddiy savollar asosida chuqur tahlil qilingan.

Ta'limga bag'ishlangan shu sof tahliliy dastur va uning muallifiga hurmat o'laroq hamda kelajakka hissa bo'lsin uchun yaqinda "Tayanch nuqtasi"ni Vatandosh TV'da qayta boshladik. Dasturning birinchi soni mehmoni O'zbekiston nodavlat ta'lim muassasalari assotsiatsiyasi rahbari Nuriymon Abulhasan bo'ldi.

Ko'ring, fikr bildiring va "Tayanch nuqtasi"da yana kimlarni ko'rishni istaysiz, yozib yuboring.

📹👉 https://youtu.be/_t8QvV24Lmg?si=aOIJIGaO1cUJN-AJ

@haqiqatdaIlyos
👍39🔥105💯3👎2
Nima uchun Garvard AQShdan katta?

Tramp ma'muriyati universitetlarga Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar uchun bosim o‘tkaza boshlaganida, qarshi tomonning haqiqiy masshtabini anglamay, jiddiy strategik xatoga yo‘l qo‘ydi. Garvard odatiy ta'lim muassasasi emas – u o‘zining tarixiy vazni va ta'siri jihatidan Amerika davlatchiligining o‘zidan ham ulug‘roq turuvchi institutdir.

1636 yilda tashkil etilgan bu universitet Qo‘shma Shtatlardan deyarli bir yarim asr qadimiyroq bo‘lib, mamlakat siyosiy birlik sifatida shakllanishidan ancha oldin Amerika elitasini tarbiyalab kelgan noyob akademik an'anani mujassamlashtiradi.

Garvard tuzilmasida Kennedi nomidagi siyosiy maktab joylashgan – buni Amerikaning asosiy "fikr markazi" deb ta'riflash mumkin bo‘lgan nufuzli akademik muassasa. Faqat Trampdek dunyoqarashi torligi bilan ajralib turuvchi siyosatchilargina Garvardga ochiqdan-ochiq hujum qilishga jasorat qilishlari mumkin. Ular universitetning AQShdan ham katta ekanligini – ya'ni u har qanday siyosiy tuzumdan uzoq yashaydigan intellektual merosning ifodachisi ekanligini idrok eta olmaydilar.

Natija bashorat qilinishi mumkin edi: ma'muriyat bosimi tufayli Garvard jahon universitetlarining eng yaxshi yigirmaligidan tushib ketdi, holbuki bir necha oy oldin reytingda yetakchilik qilar edi.

Bu voqea yaqqol ko‘rsatdiki, bunday muassasalarga siyosiy bosim o‘tkazish urinishlari nafaqat maqsadga eltmaydi, balki hokimiyatning o‘z obro‘-e'tiboriga ham jiddiy zarar yetkazadi. Chunki universitetlar har doim tizimga nisbatan mustaqil pozitsiyani saqlab qoluvchi markazlar va akademik erkinlikning asosiy himoyachilari bo‘lib qoladi.

Murat Temirov (ruschadan tarjima)

@haqiqatdaIlyos
💯55👍217🔥6
Nuqtalar: 50 millionlik “kamsitish”, iqtisodiyot vazirligidan g‘alati topshiriq va Oliy suddan Vazirlar Mahkamasiga shikoyat

Shu kunlarda jamiyatda, tarmoqlarning o‘zbek segmentida dolzarb bo‘lib turgan, muhokamadagi hamda savollari ko‘p mavzular tahlilini davom ettiramiz.

21-may kuni O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan barcha tuzilma va hududiy boshqarmalarga davlat xizmatchilari mamlakat madhiyasini yoddan bilishi va uni to‘g‘ri, ruhlantiruvchi uslubda ijro etishi kerakligi haqida yo‘llangan topshiriq suratlari tarqaldi.

Topshiriqqa ko‘ra, tuzilmaning quyi bo‘g‘inlaridagi har bir xodim bir oy muddatda davlat madhiyasini ijro etgan videoni elektron platforma — “video.ijro.uz”tizimiga yuklashi lozim. Mazkur video yuklangandan keyingina topshiriq bajarilgan deb hisoblanadi.

23-may. Toshkent davlat yuridik universitetining ikki nafar professor-o‘qituvchisi hamda Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga oid sud ishida qaror chiqarildi.

FIB Mirobod tumanlararo sudi mazkur ish bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchilari foydasiga Abdurahmon Tashanovdan 50 mln so‘m ma’naviy zarar undirish haqida qaror chiqargan. Shuningdek, sud qarori bilan inson huquqlari faoliga Facebookʼda e’lon qilgan «Sizga achinaman, janoblar!» sarlavhali posti uchun uzr so‘rab, raddiya berish majburiyati ham yuklangan.

"Nuqtalar" dasturining navbatdagi sonida ayni shu masalalar muhokama qilindi. Dastur mehmonlari – Inson huquqlari bo‘yicha Shvetsiyada joylashgan “Markaziy Osiyo uyushmasi” jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Gulnoz Mamarasulova va huquq himoyachisi Zarif Mirzaahmedov bo‘ldi. Suhbatni jurnalist Ilyos Safarov olib bordi.

📹👉 https://youtu.be/qP8A8YpMNcU?si=Ni19eaQMXfVR72v9

@haqiqatdaIlyos
👍20🔥7🤬521
2025/07/13 03:57:35
Back to Top
HTML Embed Code: