"Davlat puli" degan tushuncha yoʻq, soliq toʻlovchilar puli bor. Va davlat soliq toʻlovchilar pulini ular oldidagi majburiyatlarini taʼminlash uchun sarflashi shart. Bu - soliq toʻlovchilar (xalq) va davlat oʻrtasidagi ijtimoiy kelishuvdir. Adliya vazirligi xodimi shu narsani tushunmasa, boshqalardan nimani kutish mumkin?
"Turizmni rivojlantirish" deymiz. Oʻzimiz uchun oʻzimiz toʻqigan miflarni yigʻishtirib, real oʻylasak, Oʻzbekiston - turistlar uchun jozibador mamlakat emas:

1. Tarixiy obidalarimizdan boshqa turistga koʻrsatadigan narsalarimiz yoʻq hisobi. Va turistlarni jalb qilishi mumkin boʻlgan tarixiy obidalarimiz joylashgan shaharlarda (Samarqand, Buxoro, masalan) hayot "oʻlik" - tarixiy obidalar koʻrishdan boshqa qiladigan ish yoʻq. Na madaniy hayot, na tungi hayot, na qoʻyniga tortadigan tabiat, na autentik anʼanalar (har xil "pompez" festivallar emas). Shunday ekan, turist kelsa ham uzoq turmaydi - bir kun Samarqand, bir kun Buxoro, bir kun Xiva. Nari borsa yana bir-ikki kun biron joyga borar. Boʻldi. Shu bilan ketadi va katta ehtimol bilan, qaytib kelmaydi. Turizmni bunday rivojlantirib boʻlmaydi - turist uzoqroq qolishni, qaytib kelishni istashi kerak.

2. Tarixiy obidalarimiz - masjid va madrasalarimiz ham deyarli bir xil uslubda. Bu uslubdan farq qiladigan tarixiy inshootlarni (masalan, islomdan oldingi, chor Rossiyasi yoki sovet davrlari arxitekturasini) oʻzimiz izchil yoʻq qildik va qilyapmiz. Oʻsha saqlanib qolgan yodgorliklarimiz atrofidagi autentik muhit (mahallalar va hokazo) allaqachon yoʻq qilingan - yodgorliklar oʻzi uchun sunʼiy muhitda "qaqqayib" turibdi (yaqqol misol - Shahrisabz: oʻzim bir marta borib, qaytib bormaydigan boʻlganman). Har xil "boqiy birbalo" deb atalmish sunʼiy butaforiyalar esa turistga qiziq emas.

3. Shaharlar oʻrtasida harakatlanish qiyin. "Afrosiyob" deganlariga hech qachon bilet yoʻq, shaharlararo parvozlarga ham bilet topish muammo (va bu parvozlar soni juda kam), "oddiy" poyezdlar bilan yoki koʻchadagi kirakashlar bilan bir shahardan ikkinchisiga borish esa qimmatli vaqt va asabni oʻldirish degani.

4. Maqtanadigan "ekoturizmbop" joylarimiz (masalan, Chorvoq taraflar) ham muammo: ishonchli transport qatnovi yoʻq, yoʻllardagi chuqurlar aviabombalar bilan muttasil bombardimon qilinish natijasiga oʻxshaydi, bir amallab yetib borgandan keyin esa dam olish naq besh yulduzli "all inclusive" kurortlardan ham qimmat. (Baraka topgurlar, "chet ellik" degani - albatta boy-badavlat degani emas, bizga boy-badavlati kelmaydi, kamxarji keladi, lekin bu narxlar va narxlarga nomutanosib sharoitlar bilan kelganiga pushaymon boʻladi).

5. Turistlarni bironta firma guruh-guruh qilib olib yurmasa, ular mustaqil harakatlana olmaydi. Tasavvur qiling: rus tilini bilmaydigan turist mustaqil ravishda Samarqanddan Buxoroga bormoqchi. Unga sharoit bormi? Yoʻq.

6. Turist uchun qulay sezonimiz qisqa: qishimiz ham, yozimiz ham har jihatdan anomal. Va anomal chinovniklarimiz yozni ham, qishni ham yanada anomal qilishga harakat qilishadi - yaqinda ularning saʼy-harakatlari bilan Oʻzbekiston yil-oʻn ikki oy anomal joyga aylanadi.

Umuman olganda, oldin "turist" uchun emas, "oʻzuvuzani qorakoʻzlar" Oʻzbekiston ichida ish bilan, dam olish uchun, oʻqish uchun harakatlanishiga normal sharoitlar yaratish kerak. "Inson qadri"ni har qadamda his qiladigan sharoitlar. Shundan keyingina turistlarni chorlash haqida oʻylasa ham boʻladi. Oddiy sharoitlar yoʻq joyda vizasiz rejimlar, har xil kengashlar, "koloritli" bozorlar - hammasi befoyda.
Umuman olganda, bir narsa: oʻzimiz uchun oʻzimiz toʻqigan miflarimiz juda koʻp.

"Tariximiz buyuk" deymiz, lekin hech qaysi millatdan ustun ham, kam ham emasmiz. (Umuman olganda, har qanday millat tarixida "buyuk" yonli "shonli" deyishga arzirli sahifalar yetarlicha topiladi).

"Ajdodlarimiz buyuk" deymiz, lekin oʻsha gap - har qanday millat tarixida bunday ajdodlar bor. Va oʻsha buyuk ajdodlarimizning ham aksar hollarda buyuk ishlarini bu zaminda emas, boshqa joyda qilishgan.

"Adabiyotimiz buyuk" deymiz, lekin xorijda tor doiradagi mutaxassislardan boshqasi uchun unchalik ham qiziq emas. (Masalan, xorijiy davlatlarning men koʻrgan adabiyot darsliklarida Rumiylar, Firdavsiylar, Chexovlar bor, Afrika xalqlarining biz umrimizda eshitmagan adiblari bor, lekin bizning adabiyotimizdan bironta vakil yoʻq - hatto Navoiy ham).

Bir paytlar - endi "qora tush" va "eski Oʻzbekiston" deb atalayotgan zamonlar - "kelajagimiz buyuk" derdik, lekin bugunga kelib koʻrdikki, bular hammasi quruq gap ekan. Jarga qulab boʻlgan taʼlim, tibbiyot, iqtisodiyot bilan "buyuk kelajak" qurib boʻlmaydi - bunga shubha qilsangiz, "green card" oʻynaydigan yoki turli yoʻllar bilan "surish"ga harakat qilayotganlar soniga boqing.

Xullas, "buyuk" deb koʻkrakka uradigan narsalarimizdan pichoqqa ilinadigan nima qoldi?
Xabar berishlaricha, "maʼmuriy islohotlar" deb atalgan jarayondan 1 yilcha vaqt oʻtib, bu jarayonda "qurbon" qilingan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakolatlarini DTM - Bilimlarni baholash agentligiga berish va "Taʼlimni baholash agentligi"ni tashkil qilish haqidagi qaror baribir qabul qilinadi. Bu boʻyicha tegishli topshiriq berilgan. Qaror loyihasi jamoatchilik loyihasiga qoʻyiladimi yoki yoʻq - maʼlum emas. Lekin loyihaning men koʻrgan variantidagi mantiqsizliklar haqida oldin yozgan edim.

Umuman, biz bir xatoni qayta-qayta qilaverishga moyilmiz shekilli. Oʻzi oldingi DTM juda koʻp "super funksiya"larni oʻzida jamlagan tashkilot ekanligi bir xato edi, keyin test oʻtkazish va taʼlim sifatini baholash - mutlaqo boshqa-boshqa jarayonlar ekanini anglab, Inspeksiyani tashkil qilishdi. "Maʼmuriy islohotlar" deya nom berilgan qoʻshish-koʻpaytirish-boʻlish jarayonida aynan Inspeksiyaning yopilishi esa keyingi xato edi. Mana endi, oldingi, "super" funksiyalarga ega "Frankenshteyn" DTMni yangi nomda qaytarib, xatoni yana takrorlaymiz. Toʻgʻri-da, bu xatolarning badali va qiymatini "tepa"da oʻtirib qarorlar qabul qilayotgan chinovniklarimiz toʻlamaydi-ku, siz va biz toʻlaymiz, ularga nima?
Yana bitta 404 boʻlgan maqola. Bu safar Daryo.uz da.

"OAVni yanada erkin qilish" boʻyicha katta rejalar bormidi?
Forwarded from Ilyos Safarov
Tarmoqlarda AESning ijobiy jihatlari ko'rsatilgan va O'zbekistonda go'yo bundan boshqa yo'l yo'q, shuningdek, IES zarar, quyosh hamda shamol energiyasini olish qimmat mazmunida tayyorlangan materillar ko'payib qoldi. Kayfiyat yaratishmoqchi...

Xo'p,

balki O'zbekistonning yillar davomida yechim topmay kelayotgan energiya muammolariga maqbul yechim chindan AES qurilishidir.

Balki hozir texnologiyalar, Rossiya texnologiyalari shunchalik rivojlanib ketgandir-u, biz xavotir bildirayotgan xavflar bugun unchalik real emasdir.

Balki O'zbekistonda AES qurish borasida Rossiya bilan ishonish qiyin bo'lsa-da, iqtisodiy jihatdan maqbul loyiha imzolangandir.

Balki shunday katta qurilishning, masalan, qo'shni Qozog'istondan farqli biror tanlovsiz, raqobatsiz Rossiyaga berilishida ham mantiq topilib qolar.

Balki hukumatda AESning reaktiv chiqindilari muammosiga oqilona yechim bordir. Xavfi katta reaktiv chiqindilar xavfsiz ko'milib va ular to yo'q bo'lib ketguncha ishonchli saqlanadigan chuqurlar tayyor qilingandir. O'sha chuqurlardan reaktiv chiqindilarning masalan, biror ariqqa sizib chiqib xavfi "nol"ga tengdir.

Balki yillar davomida xorijdagi yirik AESda ishlab yurgan qandaydir qimmatli kadrlar ham topilaqolgandir. Ya'ni AESni qaysi kadrlarimiz boshqarishi borasidagi xavotirlarimiz o'rinsizdir.

Balki qurilishi tezlashgan tarzda, shu yil yozdayoq boshlanadigan AESning mamlakat va qo'shni Qozog'iston ekotizimiga xavfi ekofaollar bong urayotgani kabi unchalik katta bo'lmas. Ekofaollar tushunmas hech nimani.

Balki AES qurilishi uchun bitmas-tuganmas suv zaxiramiz ham topila qolgandir. Tuzkon ko'llar tizimida tinimsiz pasayib borayotgan suv sathi shu yozdan boshlab ko'tarila boshlar ham.

Balki chindan AES ko'mirda ishlaydigan boshqa energostansiyalardan ko'ra foydaliroqdir.

Ammo

mana shu barcha jihatlarga aniqlik kiritilishi, isbotlanishi, odamlarda ishonch uyg'otilishi uchun ham masala jamiyat miqyosida keng muhokama qilinishi kerak. Bunda fikrlar, tahlillar qo'rquvdan yiroq, erkin bildirilishi kerak. Bunda ovozlarga to'siq qo'yilmasligi lozim.

Haqiqatga tomon muhokamalarda boriladi. Haqiqatga tortishuv, bahslarda yetiladi.
Bo'lib ham shunday katta, mamlakat uchun ahamiyatli va Xudo ko'rsatmasin, biror falokat ro'y bersa, oqibati barchaga teng bo'linadigan masalada.

Bugun faollar AES masalasida jim qilinganini sezgandirsiz. O'rtoqlar, bu endi haqiqatga tomon borish emas. Bu – haqiqatdan adashish. Bilib qo'ying, erkin muhokamalarsiz siz taqdim qilayotgan katta haqiqatlar ham shubhali bo'lib qolaveradi.

Marhamat, erkin muhokamalarga o'rin bering va isbotlang argumentlaringizni.

@haqiqatdaIlyos
Jurnalist Ilyos Safarovning yuqorida ulashilgan postiga shaxsiy P.S.

HBOning mashhur "Chernobil" serialining ko'rganmisiz? Undagi asosiy (har qalay, men olgan asosiy) mujda: yolg'onga tayanadigan tizimda xatolarning oldini olish qiyin va ular katta halokatga yetaklashi mumkin.

Men O'zbekiston fuqarosi sifatida AES qurilishiga ikki jihatdan qarshiman:

1. Tizim yolg'onga asoslangani uchun.

2. AESni Rossiya qurishiga kelishilgani uchun.
Jurnalist Shuhrat Latipov ham Oʻzbekiston sharoitida Rossiya tomonidan AES qurilishining ijobiy va salbiy tomonlarini tahlil qilib, oʻz fikrini bildirdi:

... опасений у меня пока гораздо больше, чем потенциальных плюсов. Поэтому я против строительства АЭС в Узбекистане.
“O‘rnatilgan quvvati 330 MVt bo‘lgan oltita RITM-200N reaktor bloki negizida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasining qiymati maxfiy ma’lumotlar bo‘lib, oshkor etish shart emas”, — deyiladi agentlik xabarida.

Iye, qiziq-ku. Atom energiyasi agentligi rahbariyati AESni shaxsiy tomorqasiga, shaxsiy pulidan, shaxsiy ehtiyojlari uchun quryaptimi? Yoki bu AES qurilishi pulini biz - soliq toʻlovchilar (yaʼni xalq) toʻlaymizmi? Xalq toʻlaydigan boʻlsa, nimani necha pulga sotib olayotganini bilishga haqli emasmi?

Qolaversa, oʻtgan yili "meniki seniki" qilib qabul qilingan Konstitutsiyaning 2- va 7-moddalarini nima qilamiz?

"Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar". (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 2-modda).

"Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir". (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 7-modda)
Albatta, Bakiroo haq - katta qopqoqning kichik tuzogʻiga tushmaslik, masalani "muammo faqat narxda, qiymatda" degan oʻzanga burilishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.

Yuqoridagi postim bilan men shunchaki Agentlik rahbariyatiga oʻtgan yili asʼasa-yu dabdaba bilan yangilangan Konstitutsiyani, shu Konstitutsiya boʻyicha u ham, u boshqarayotgan agentlik ham xalq oldida hisobdor ekanini va uning OAV orqali bildirilgan pozitsiyasi Konstitutsiyaga zidligini eslatmoqchi edim, xolos. Lekin yuqoridagi postimdan "muammo faqat qiymatda" degan fikr chiqmasligi kerak. Aslo. Men Oʻzbekiston fuqarosi, ayrimlardan farqli ravishda "zapas aerodromi" yoʻq, oʻzining va farzandlarining kelajagini shu zamin bilan bogʻlaydigan fuqarosi sifatida aynan Oʻzbekiston hududida va aynan Rossiya tomonidan AES qurilishiga qarshiman. Ikkita prinsipial sabab yuqorida keltirilgan.

Darvoqe. Oʻsha oʻtgan yili yangilangan Konstitutsiyaning 7-moddasi boʻyicha, "jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumxalq ovoziga — referendumga qo‘yiladi". Demakki, bunday oʻta jiddiy masala boʻyicha qandaydir kelishuvlar imzolanishi va majburiyatlar zimmaga olinishidan oldin referendumga qoʻyilishi lozim edi.
Aksar hollarda, ilmiy ish qilayotganda ilmiy ish doirasida tahlilga tortiladigan jarayonlar yuzasidan fikr bildirishga yoki tajriba-sinovda qatnashishga rozi respondentlarni topish qiyin bo'ladi. Lekin bir narsa - ijtimoiy jarayonlarni shu jarayonlar ishtirokchilarisiz tahlil qilish imkonsiz vazifa.

Mazkur so'rovnomani to'ldirishga ozgina vaqtni qizg'anmasangiz, pedagogika sohasidagi gender tengli bo'yicha kichik tadqiqot olib borayotgan talabaga katta yordam bergan bo'lardingiz.
"O‘zbekiston xorijlik o‘qituvchilarga mahalliy mutaxassislardan 10 baravar ko‘p oylik taklif qilmoqda", deb yozmoqda Uzdiploma nashri.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda 2024-yil 1-choragida sohalar bo'yicha o'rtacha ish haqi 4,9 mln so'mni tashkil qilgan holda, ta'lim sohasi xodimlarining o'rtacha oyligi 3,4 mln so'mni tashkil qilmoqda. Ya'ni, o'qituvchilarning o'rtacha oyligi boshqa sohalarda ishlaydigan mutaxassislar o'rtacha oyligidan kamida 30%ga kam. Buning ustiga, ta'lim sohasida (tibbiyot bilan birga) o'rtacha ish haqi boshqa sohalarga nisbatan sekinroq o'smoqda.

O'zbekistonga taklif qilinayotgan xorijlik o'qituvchilarga katta - O'zbekiston o'qituvchilariga va'da qilingan, lekin haligacha orzu bo'lib qolayotgan oylikdan 4 baravar ko'p oylik hamda bir qator imtiyozlar (tekin uy-joy, tibbiy sug'urta va hokazolar) taklif qilinayotgani haqida oldin ham yozgan edim. Undan keyin maktablarga "til egalari"ni olib kelish dasturi ham ishga tushdi - ularga qancha ish haqi taklif qilinyapti, bilmadim, lekin har qalay 3,4 mln so'm (taxminan 300$) bo;lmasa kerak).

Darvoqe. Mana bu e'longa qarang. Eng zo'r sharoitlarda, 12ta o'quvchi o'qiydigan sinflarda dars berishni istaymizmi? $4200 oylik, tekin uy-joy, tekin tibbiy sug'urta va boshqa bir qator imtiyozlar. Nomzodga talablar ham unchalik qattiq emas. Qiziqib qoldingizmi? Uzr, agar qo'lingizda "O'zbekiston fuqarosi" degan hujjat bo'lsa, topshira olmaysiz, Dunyoning eng oldi universitetlarini bitirgan va qo'lingizda bilim, ko'nikmalaringizni tasdiqlaydigan bir dunyo sertifikatlaringiz bo'lsa ham.

Faqat yig‘lamagin, aybim nima deb,
Aybing — onang seni O'zbekistonda tuqqan!..
Kinematografiya agentligi "Anora" filmining nufuzli Kann kinofestivalida bosh sovrin olganiga munosabat bildiribdi.

"Может быть, из-за славного творчества Узбекистана, энергичных реформ, ревностных усилий по закладке фундамента Третьего Ренессанса эти кинематографисты окружены чувством зависти или злобы. И можно даже предположить, что за таким подходом стоят различные международные организации и влиятельные лица, не дружественные Узбекистану".

SSSRda "turli tashqi dushmanlar baxtimizni koʻra olmayotgani" haqida narrativ boʻlardi. "Uchinchi Renessansimizni koʻra olmayotgan hasadgoʻy, gʻarazli tashkilotlar" haqidagi bayonot shunday narrativni esga soladi.

Kino ham badiiy asar. Badiiy asar voqealari vakuumda sodir boʻlmaydi, qahramonlar qaysidir davlat / millat / xalq / guruh vakili boʻladi. Badiiy toʻqimadan "dushmanlarning ishi"ni qidirib bayonot berilaversa, har bir asardan keyin shunday bayonot berish kerak boʻladi. Masalan, Prinston universiteti - "Ripli" serialining bosh qahramoni, manyak va firibgar Ripli shu universitet bitiruvchisi sifatida tasvirlanganida "koʻrolmayotgan gʻarazgoʻylar"ni ayblaydi. Italiya - Sherlok Xolmsning asosiy dushmani, yovuz daho Moriartining familiyasi italyancha ekanida "tashqi dushmanlar"ni ayblaydi. Va hokazo. Va hokazo.

Qiziq, "uchinchi Renessansimiz" qaysi "xalqaro tashkilotlar"ga xalal bergan ekan?
Oʻzbekiston axborot agentligidan (yoki shunga oʻxshash biron tashkilotdan) mana bunday yangiliklar "Uchinchi Renessansimizni koʻra olmayotgan gʻalamis, gʻarazgoʻy xalqaro tashkilotlar ishi" degan bayonot ham kutib qolamiz...
2024/06/16 01:25:24
Back to Top
HTML Embed Code: