Telegram Web Link
sen daho emassan, tinchlan jigarim

@mahinsworld
​​#book_review

Har yili sevimli yozuvchilarimdan biri Dostoyevskiydan o’qishni yaxshi ko’raman. Umuman olganda sevimli yozuvchilarimdan bittadan ijod o’qish yoqadi. Har o’qiganimda (har yili) yozuvchining ijodida yangi qirra ochilishi, asarlaridagi turfalikni ko’rish maroqli. O’tgan yili “Telba”ni o’qigan edim. Rosti Mishkinning so’zlari hanuz quloqlarim ostida jaranglaydi.

Bu yil “Jinoyat va jazo”ni tugatishga qaror qildim. Ancha yildan beri boshlab, tashlab qo’yardim. Ayni shu qarorimni mustahkamlash maqsadida kitob do’koniga borib muqovasi o’zimga yoqadiganini sotib oldim. Umumiy hisobda hozirda menda 4 ta Jinoyat va jazo bo’ldi. Uyga kelgach esa o’qishni boshlab yubordim. Avvaliga ikki tilda parallel olib bora boshladim. Qiyoslash juda qiziq jarayon edi. Lekin, vaqtim kamligi sabab ozgina boshqacha metodga o’tdim: qayeriga kelsam o’sha yerida boshqa tilda o’qiyverish. Baribir 2 til: rus va o’zbek tilida tugatdim.

Raskolnikovning qalbidagi qorong’ulikni Peterburg ko’chalari bilan birga bog’lagan holda kuzatish qalbga o’ta kuchli melanxoliyani olib kirdi. O’ta g’amgin, qorong’u, sovuq, tumanli, kamiga esa yomg’ir ham yog’ib turardi. Umuman olganda Jinoyat nimalardan iborat? Inson o’z jinoyatini o’zining oldida tan olishi, bo’ynida tutishi muhimmi yoki faqatgina qonun oldidami? Har bir inson hayotida davomida qandaydir bir mayda-yu yirik jinoyatga qo’l uradi. Ba’zilar o’zi bilmagan holda, qolganlari esa qasddan. Ana shu jinoyat uchun esa hamma ham barobar jazolanavermaydi. Qonun oldida. Lekin, shunday jinoyatlar borki umrbod qamoq jazosi berilsa-da o’zining vijdoni oldida begunohligicha qolaveradi. Raskolnikov ham ana shu savol ustida qovuriladi.

Ha, u qovurilardi. O’ylardi. Qo’rqib uyg’onib ketar, hadiksirardi. Atrofdagi har bir gapga o’rnidan turib ketaverar, vijdoni oldida o’zini poklashga urinardi. Shunda u jinoyatini jazosiz qoldirmoqchi edimi? Biz Raskolnikovning mulohazalarida ong va vijdon o’rtasidagi janglar to’qnashuvini kuzatamiz. U jamiyat uchun foydasiz va yovuz deb hisoblagan insonini o’ldiradi (bu spoyler emas, o’qimagan ham biladi). O’ldirganidan keyin nazariyaga ko’ra u yengillashishi kerak edi. Axir u katta insonlardanku. Lekin yengillashish o’rniga ichki ruhiy azob boshlanadi. Bu azob kundan-kun shu qadar alanga oladiki, telbanavor bir kimsaga aylanib qoladi.

Asar haqida uzundan-uzun yozish mumkin. Lekin negadir ichimda qolishini istadim. Chunki ichki hissiyotlarim va asardan olgan xulosalarim xayollarimda chirmashib ketdi.
@mahinsworld
Orzuinga xiyonat qilma

@mahinsworld
​​#reading

Hozirda Tolstoyning “Tirilish” asarini o’qiyapman. Betakror ijod. Ayniqsa Raskolnikov borib jinoyatini tan olganidan keyin Nexlyudov qamoqxonalarni aylanishni boshlagani, sud jarayonlari bir-biriga qandaydir connection bergandek his qoldiryapti.

“Tirilish”ni o’qiyapmanu ko’z oldimda Toshturma gavdalanyapti. Hozirgi avlod toshturma haqida hech narsa bilmaydi, sababi buzib, tep-tekislangan. Toshturma oldida, qish payti yomg’ir aralash qorda ertalab tong sahar 4 dan to kechki 5 gacha turib qolganim, u yerdagi ahvol xotiralarda tiklanyapti. Ayniqsa Nexlyudov Maslovani birinchi bor turmaga ko’rgani borganida sim ortidan hamma bir-biriga baqirib gapirgan joyi ham toshturmada sim ortidan telefonda gaplashilganini ko’rganim yana yodga tushdi. Asar o’zi tez o’qiladi. Og’ir mavzu bo’lsa-da o’qilishi tez. Shunga qaramay qamoqxona joylari odamni yuragini larzaga solyapti.

@mahinsworld
Inson doim hislar, birga o’tkazilgan damlarni eslaydi. Esimni tanibmanki oyim imkoni yetguncha qadar yangi joylarni tanishtirishga harakat qilardi. Xoh u shahar, xoh u qishloqda bo’lsin. Aynan men bilan vaqt o’tkazishdan hech qachon o’z ambitsiyalarini ustun qo’ymagan.

Eslayman, birinchi samolyotdagi parvozim ham faqatgina oyim bilan bo’lgandi. Har bir narsani tushuntirar, gapirib berar, emotsiyalarni boricha oshkor qilardi. Borini va o’zini bag’ishlab yuborgandi. Tog’da (Chorvoq, chimyon) ham qanday dam olish joyi ochilsa eng birinchilardan borardik. Sayohatim ham birinchi bor oyim bilan bo’lgan. Antalyaning Kaleychisida aylanib yurganimizda oyimning “hali nevaralaringa mandek qizini aylantirishni yaxshi ko’rgan ona bo’lganini aytib berasan. Ko’p eslaysan”, degani qulog’im tagida.

2024-yil sentabrda ona-bola birgalikda Istanbulga sayohat qildik. Avvalari ham ko’p borgandim. Bilmadim nima bo’ldi, Dolmabaxchini oldida Taksimga boraman deb tushib qolibman (oldimda menga ishongan oyim. Farzandi yo’l boshlagani va odamlar bilan boshqa tilda muloqot qilayotganidan g’ururlanib yuribdi). Shunda ozgina esankiradimmi hayronman, mapsni yoqdim va Taksim street deb kiritdim. Ana shunda ketdikkkkuuuu. Odam bormas yo’llar, tepaliklar, yashilliklar oralab naqd 2 soatu 30 minutda yayov aylanma yo’llar bilan boribmiz. Aslida esa eng oson yo’l: Karakoyda tunel bor, shu tunelda tarixiy poyezd (tramvaycha) bo’lib, g’irt etib sizni Istiklalga charchatmasdan chiqarib qo’yadi. Xullas, tepalikda ketyapmiz, ketyapmiz oyim hayron. Qarab-qarab ma’noli tomoq qiradi. Bildirmayman. “Oyi o’zi shunaqa aylanmada”, deb qo’yaman. Juda qiziq sarguzasht bo’lgandi.

Aytmoqchimanki, vaqtingiz va imkoningiz bo’lsa ona-otangizni sayohatga olib chiqing. Kech bo’lmasin. Ularga dunyoni, hech bo’lmasa qo’shni viloyat, biror sanatoriyani ko’rsating. Siz va ota-onangiz vaqt o’tkazinglar. Ular bizning qadriyatlarimizni tushunmasalar-da, ishoning sizning har narsani tushunishingiz, boshqa tilni bilishingiz ichki g’ururni portlatib yuboradi. Ular bilan hislarni bo’lishing.

@mahinsworld
Mahin's World
Hech qanday rejalarsiz boshlangan kitob, eng yaxshisiga aylanishi mumkin. @mahinsworld
Eng yaxshilardan birini o’qib tugatdim. Xayolim Nexlyudovda qoldi
​​#book_review

Hech Tirilib ko’rganmisiz? Ichki meningiz dunyoga qayta kelganini his qilganmisiz? Kecha Tolstoyning “Tirilish” asarini o’qib tugatdim. Shoh asar. Betakror tarjima. O’qiyverasiz, o’qiyverasiz. So’zlar, jumlalar silliq qalbingizdan joy olaveradi.

Asarni o’qir ekanmiz qarshimizda Nexlyudov qad rostlaydi - boy, zodagon, jamiyatda o’z o’rni va so’ziga ega, havas qilarli “bo’ydoq”. To’g’ri yoshi biroz o’tgan. U maishatni sevar bir inson. Toki ikkinchi asosiy qahramonimiz Katyushani ko’rgunicha. Yo’q, bu sizning xayolingizga kelgan qo’shiqdagi “Katyyuusha” emas. Maslova Katyusha foxisha. Ha, u o’z badani ortidan kun ko’ruvchi, ko’xlikkina juvon. Bu ikki qahramonimizning “Tirilish”ga qanday aloqasi bor deb turibsizmi?

Bor. Tirilish - bu axloq, ma’naviy tomondan, poklanish, vijdon uyg’onish. Asarning har bir satrlarida biz ichki kechinmalar, insoniyatning adolatsizlikka uchrashi, ana shu adolatsizlik ortidan kesilishi, kesilganda ham Sibirga, hatto katorgaga surgun qilishlarini o’qiymiz.

Nexlyudov hamda Maslovalarning hayotiy yo’llari, poklanib qayta dunyoga kelish yo’lida turli taqdirlarni uchratamiz. Ular orasida qasddan jinoyat qilganlar, siyosiy mahbuslar, jinoyat qilishga majbur bo’lgan yo’qsillar, tabaqalushvning qora tomonlarini ko’ramiz. Ko’rganimiz sari o’qiymiz, o’qiganimiz sari larzaga tushamiz. Begunoh insonlarning oylab surgun etilgan joylariga oylab umrlarini sarflab ketishlarini o’qib, ularning yo’llarda kasallikka chalinib bevaqt jon berishlari, yo’lda faxshga botishlari, umuman olganda insoniylik tamoyili, chegarasidan ming-ming chaqirib uzoqlashishlariga duch kelamiz.

Dahshat. Inson zoti birovning ustidan qaror chiqarsa. Aslida barcha Uning oldida teng, barcha barobar. Shunchaki tomoqni yana-da yog’lantirish uchun poraxo’rlikdan to’xtashmasa. Shunchaki bir tuxmatlar bilan qamoqqa jo’natsa va oylab, yillab, balki umri poyoniga yetguncha yeb bitirsa.

Dahshatning o’zginasi. O’qing. Tolstoyni o’qing. Klassikani o’qing. Klassika hech qachon eskirmaydi. Undagi mavzular, g’oya va qahramonlarning atrofimizni, yonimizni tark etmaydi.

@mahinsworld
Bugun negadir melanxolik kayfiyatda edim. Oxirgi haftalarda hastalik butun energiyamni so’rib olgandi. Adam bilan uzoq suhbatlashdik. Gaplarini shu yerda qoldirgim keldi:

“Qizim, kimdir oldin, kimdir esa keyin. Hammani o’ziga yarasha dardi bor. Hammada senda yo’q, senda yo’g’i esa qolganlarda bor. Bu dunyodagi eng katta baxt seni sevadigan insonni borligi va oldingda ekani. Ishon, qolgan hamma narsa o’tkinchi. Bari-bari: karyera, ilm, boylik. Keladi va ketadi. Ayni seni tushunadigan va qadrlaydigan qoladi. Shu sabab, hech qachon tushkunlikka tushma. Hech kimdan kam ham, ortiq ham emassan. Hayot shu. Hayot yengil, yashash esa og’ir”.

Balki bu gaplar aynan hozir sizga ham kerakdir, deb o’yladim. Tasavvur qiling, sizni ham yaqiningiz bag’riga bosib, shu gaplarni aytdi.

Mahin.
@mahinsworld
Juda beshavqatman. Xudbin. Erka. Taltaygan. Manman. Kibrli. Yerni ko’rmaydigan. O’ta sodda. Ishonuvchan. Qaysar. Egilmaydigan. Shu darajada rasvo xarakter egasiman-ki yonimda nafas olish qiyin. Gaplashish, tushunishniku aytmasa ham bo’ladi. Biroq…

Siz. Siz boshqachasiz. Mendek bir yerlik bo’lmaganni yonida qariyb 5 yildan beri jilmay jimgina yonida nafas olyapsiz. Yig’laganimda ko’z yoshlarimni artib, kulganimda so’zsiz termulasiz. Muammolarim haqida butun dunyolardan noliganimda eshitasiz, tinchlantirasiz. Muammoga duch kelganimda o’z qobig’imga o’ralib, tarki dunyo qilganimda qo’limdan jim tutgancha hayotga qaytarasiz.

Siz. Siz umuman boshqachasiz. Hayotingiz va dunyoyingizga to’g’ri kelmasligimni bilaman. Siz shimol bo’lsangiz, janubman. Ko’ryapsizmi, hatto dil izhorim ham o’zim bilan to’lgan. Bir xudbinlik chegarasi va o’lchami shunchalar bo’lar. Bilaman kechqurun 12 da tabriklashimni kutdingiz. Meni esa. Uyqum keldi. Va. Uxladim. Xudbinman.

Sizni uchratganimda hali talaba edingiz. Kelajagi noma’lum. Hatto munosabatlarimiz ham mavhum edi. Butun dunyo, oilaga qarshi turib berdingiz. Shunchaki sevgimiz uchun. Shunchalar oshiq edingizki, hatto dunyo ko’zingizga ko’rinmasdi. Ovozim o’zgarsa yonimga yetib kelar, oldimdan jilmaslikka urinardingiz.

Hozirchi deysizmi? Hozir ham shunday. Har bir nafasingizda borligimni his qilaman. Sovg’a bergim kelmadi. Bilmadim, nega. Moddiy qiymatga ega bo’lgan narsadan ko’ra, omma oldida qilgan izhorimning qiymati ko’proq deb o’yladim. Haddim sig’di.

Borim, borligim va borlig’im dunyoga kelgan kuningiz bilan. Odatda tabriklashni juda yomon ko’raman. Kimnidir tug’ilgan kuni bilan tabrikladimmi, demak u insonning o’rni hayotimda beqiyos.

Sizning Mahiningiz
@mahinsworld
Polkovnik boʻzarib ketdi.
– Men hech nima kutganim yoʻq, – yolgʻonladi u. Keyin doktorga oʻzining bolalarcha begʻubor nigohini tikdi. – Menga hech kim xat yozmaydi

“Polkovnikka hech kim xat yozmaydi” Gabriel Garsia Markes
Men o’tgan yili mubtalo bo’lgan yozuvchi Han Kangning ushbu kitobi birinchi bor rus tilida nashr etildi. Aynan shu yil qishda ingliz tilida ham ilk marotaba nashr qilingandi. Eng qizig’i esa inglizlar negadir ko’plikda kitob nomini tarjima qilgan “We do not apart”, deb. Turk tilida ham rus tilida ham birlikda berilgan. Aytilishicha kitob o’lim, hayot, og’riq va yo’qotishlar haqida ekan. Yaqin kunlarda o’qishga harakat qilaman.

Vegetarian va Human acts asarlarini o’qiganimdan keyin Han Kang ijodiga qattiq qiziqib qolganman. Ayniqsa “Human acts” qattiq ta’sir qilgandi. Endi bu asarini ham o’qib ko’ramiz.

@mahinsworld
Saramagoni 4 yil oldin o’qigandim. Shoh asarlardan biri. Har bir inson o’qishi kerak, deb o’sha paytda ham yozganman. Uzoq muddat o’qiganman, og’ir edi juda. Insonlarning chirkinligi, qabihligini o’qish va mutolaa jarayonida tasvirlar lenta kabi ko’z oldidan o’tishi yurakni ezgandi. Shu asar tarjima bo’libdi. O’qing. Yaxshi kitoblar o’qilishi kerak.

@mahinsworld
​​#book_review

Bugun Dostoyevskiyning “Oydin tunlar”ini o’qib tugatdim. Bir o’tirganda 2-3 soatlik mutolaa.

Voqealar markazida Peterburgning hamma bilar, borgisi kelar “oydin tunlar”i. Ya’ni bu shunday tunlarki juda kam soat qorong’u bo’ladi. Tun ham yorqinlikdan iborat. Yolg’izlikdan aziyat chekar, xayolparast, ko’chalarni xayol surgancha aylanadigan bir yigit. Ismi noma’lum.

Va albattaki hamma bilar Nastenka. Ha, u aynan Nastenka. Qissa bir qarashimizda ko’z yoshlarga, kutilishlarga to’ladek ko’rinsada, ammo tub zaminida umid, insoniy tuyg’ularning nozik tomonlari, yolg’izlik yotadi.

Melanxoliyaga to’la bu qissa rostini aytsam yoqmadi. Qissa, asarlar haqida yoqdi, yoqmadi deb yozish g’alati, lekin bu ijod qandaydir bir Dostoyevskiy emasdek tuyuldi. Xuddi bir doim 5 olgan bola past baho olgandek his qoldirdi. Balki qissani kech o’qigandirman. Undan oldin buyuk asarlari mutolaasidan keyin Dostoyevskiy qalamidan mutlaq boshqa hislar, tahlillar, so’zlarni istagandirman.

Kutuvlar bizni halokatga eltadi.
@mahinsworld
O’tgan kuni Vafo Fayzulloh tomonidan tarjima qilingan Gabriel Garsia Markesning “Polkovnikka hech kim xat yozmaydi” qissasini o’qib tugatgandim. Bugun esa ispan tilidan qilingan tarjimasi qo’limga keldi.

Vafo Fayzullohning tarjimasi juda yoqqandi. Erta-indin review joylayman. Bir kitobning 3-4 ta tarjimasi bo’lishi juda yaxshi. Kitobxon sifatni o’zi ajratib tanlab oladi. Bizning bozor ham bir kitobning turli tarjima, muqovalari bilan ko’payib bormoqda.

@mahinsworld
​​#book_review

Gabriel Garsia Markesning ijodi insonlarda turlicha ta'm qoldiradi. His desak ham bo'ladi. Kimgadir umuman yoqmaydi, keraksiz va sharmanda adabiyot deydi (Yolg'izning yuz yilidagi 1-2 sahnasi uchun). Boshqa birov (men masalan) esa buyuk asarlar yaratuvchi yozuvchi mevasi.

Ancha yillar avval Yolg'izlikning yuz yilini o'qigandim. Insonning asl yuzi, haqiqiy ichki tomonlari va qirralarini bir avlod hamda yangi yaratilajak makon timsolida ko'rsatib bergandi. Kuni kecha esa "Polkovnikka hech kim xat yozmaydi" qissasini o'qidim.

Qissa hajman kichik, bir o'tirishda o'qish mumkin. Qissa qahramoni polkovnik uzoq yillar davomida xat kutadi. Kutganida ham bor umidi bilan ko'zlarini tikadi. Najot istaydi. Polkovnik or-nomus timsoli. U yeyishga burda noni bo'lmasa-da elanmaydi, birovdan non kutmaydi. U faqagina o'ziga tegishli bo'lgan xatni kutadi. Bor yurak qo'ri bilan har payshanbada portga boradi. Ana shu portga borish yo'lida, xatlarni xat tashuvchi saralaganda mungli ko'zlari, umid to'la najoti bilan qaraydi.

Insoniyat yaralibdi-ki doim kutadi, umid bilan yashaydi: ertangi kunidan umid, jamiyatning yaxshilanishidan, byurokratiyaning yo'qolishi, farzandlar katta bo'lsa yonga kirish kabi. Umidlar insonni jarlikka yetaklaydimi? Kutmay, hech narsadan najot izlamay nafas olish kerakmi? Ana shu savollarga qissadan javob topish mumkin.

Kichik bo'lsa-da zalvori bor qissa. O'qing. Men yuqorida yozganimdek Vafo Fayzullohning tarjimasida o'qidim. Yaqinda yana boshqa tarjimada chiqdi. Istagan tarjimangizda mutolaa qila olasiz endi. Faqat o'qing.

@mahinsworld
​​Bizning fobiyalarimiz ajdodlarimizdan qolgan. Ko’pchiligimiz fobiyalarimiz (ilondan qo’rqish, masalan) bilan hayotimiz davomida umuman to’qnash kelmasligimiz ham mumkin. Urfdan qolgan fobiyalarimizga shu qadar bog’langanmizki, atrofimizda bizni o’rab turgan, asli qo’rqishimiz kerak bo’lganlarni sezmay ham qolamiz. Masalan, junk food, internet va ijtimoiylashuvning tobora yo’qolib borayotgani.

Bolalar vaqtlarini o’ynab o’tkazishlari kerak. Ayni shu o’yin davomida ular kelajaklari uchun muhim bo’lgan skillarni o’rganadilar, kelishuv, jamoa shaklida bir qarorga kelish va boshqalar. Bundan tashqari o’yinlari qancha erkin bo’lsa shuncha yaxshi. O’zlarini himoya etish, tanalarini boshqarish, his qilish, aloqa o’rnatishlarni o’rganib boradilar. Ammo, hozirda ota-onalar borgan sari ko’chada farzandlarini o’ynatishdan qo’rqib bormoqdalar. Va bu tabiiyki bolalarni erkanga muxrlamoqda.

Ekran, faqatgina televizor emas, balki telefon hamdir. Telefon esa cheksiz internet manbayi bilan to’la. Biz qo’shni xonada dars qilayapti deb o’ylagan farzandlarimiz o’zlari bilmagan holda jarlikning tubiga g’arq bo’layotganini sezmay ham qolamiz. Real hayotda ham xavf anchagina. Biroq hozirda ushbu xavf manbalarimiz virtual dunyoga ko’chishganini inobatga olishimiz kerak. Misol uchun, pedofillik.

Kitob juda qiziq faktlar, izlanishlarga to’la ekan. 3 ta bobini o’qidim. Mutolaa davomida qiziq tuyulgan joyi bilan bo’lishib boraman.
@mahinsworld
Gar Bu dunyoda abadiy sevgi mavjud ekan, shu sevgi sen va meniki bo’lsin

@mahinsworld
2025/06/27 21:25:41
Back to Top
HTML Embed Code: