Telegram Web Link
Hurmarli erkaklar, ayollarni asrang va seving. Biz baribir ularni toʻliq tushunolmaymiz, ammo gʻamxoʻrlik qila olamiz:)

Bayramingiz bilan aziz ayollar!

@panda_books
Forwarded from Panda Books
Platon g'ori allegoriyasi

2400 yillik donishmandlik hozirgi davrdagichalik aktual bo'lmagan edi.

Platon aytadiki, biz tug'ilganimizdanoq g'or devoridagi soyalarni ko'rib ulg'ayamiz. Haqiqatning soyalarini.

Ulg'ayib qachondir g'ordan chiqib, asl haqiqatni bilganimizda buni tan olishimiz juda qiyin bo'ladi.

Xullas, hammamiz shu Platon g'origa qisilib-siqilib borayapmiz.

@panda_books
#reading

Konslagerlarni birinchi kim o'ylab topgan?

Soljenitsin o'zining "GULAG Arixpelagi"da shunday yozadi:

"1918-yil avgustida, F. Kaplan tomonidan unga suiqasd qilinishidan bir necha kun oldin, Vladimir Ilich (Lenin) Yevgeniya Bosh va Penza guberniya ijroiya qo‘mitasiga (ular dehqonlar qo‘zg‘olonini bostira olmagan) yo‘llagan telegrammasida shunday deb yozgan edi: "shubhali shaxslarni (e'tibor bering. "aybdor" emas, balki shubhali. - AS) shahar tashqarisidagi konsentratsion lagerlarga qamash kerak." Bundan tashqari: "...shafqatsiz ommaviy Qizil Terror o‘tkazish..." (bu hali terror haqidagi dekret emas edi). 1918-yil 5-sentyabrida esa, bu telegrammadan 10 kuncha o‘tgach, Petrovskiy, Kurskiy va V. Bonch-Bruyevich imzolagan XKSning Qizil terror to‘g‘risidagi dekreti e’lon qilinadi. Unda ommaviy qatl etishlar haqidagi ko‘rsatmalardan tashqari, xususan, shunday deyilgan edi: "Sovet Respublikasini sinfiy dushmanlardan konsentratsion lagerlarda ajratib qo‘yish orqali himoya qilish."

Mana, qayerda - Leninning xatida, keyin esa Xalq Komissarlari Sovetining dekretida - XX asrning asosiy atamalaridan biri bo‘lgan, keyinchalik xalqaro miqyosda ishlatilgan "konsentratsion lagerlar" atamasi o'ylab topildi, darhol qabul qilindi hamda tasdiqlandi! Bu 1918-yilning avgust va sentyabr oylarida sodir bo‘ldi. Bu so‘zning o‘zi Birinchi jahon urushi paytida harbiy asirlarga, nomaqbul chet elliklarga nisbatan ishlatilgan edi. Bu yerda esa u birinchi marta o‘z mamlakati fuqarolariga nisbatan qo‘llanildi. Ma’no ko‘chishi tushunarli: asirlar uchun konsentratsion lager qamoqxona emas, balki ularni ehtiyotkorlik bilan to‘plash joyidir. Xuddi shunday, shubhali vatandoshlar uchun ham endi suddan tashqari ogohlantiruvchi to‘plash joylari taklif qilindi. Leninning g‘ayratli aqli hukm qilinmaganlar atrofidagi tikanli simlarni xayolan ko‘rib, kerakli so‘zni topishi oson bo‘ldi - konsentratsion!

...NKYuning majburiy mehnat lagerlari "umumiy qamoq joylari" toifasiga kiritilgan bo‘lsa-da, konslagerlar hech qanday "umumiy joy" hisoblanmagan, balki maxsus dushman unsurlari va garovga olinganlar uchun bevosita CHK nazorati ostida saqlangan. To‘g‘ri, keyinchalik konsentratsion lagerlarga tribunal orqali ham tushganlar; biroq, o‘z-o‘zidan ravshanki, u yerga mahkumlar emas, balki faqat dushmanlik belgisi bo‘yicha yuborilgan. Konslagerdan qochganlik uchun jazo muddati (sudsiz) o‘n baravar oshirilgan. Konslagerdan ikkinchi marta qochish uchun esa otib o‘ldirishga hukm qilingan (va, shubhasiz, bu jazo qat’iy qo‘llanilgan).

,,,, 1922-yilda RSFSRning barcha qamoqxonalari boshlig‘i o‘rtoq Ye. Shirvindtning X Sovetlar syezdiga topshirgan hisoboti bizgacha yaxshi saqlanib qolgan. Shu yili birinchi marta Adliya xalq komissarligi va IIXKning barcha qamoq joylari (ГПУning maxsus qamoqxonalaridan tashqari) yagona ГУМЗАК (Qamoq Joylari Bosh Boshqarmasi)ga birlashtirildi va o‘rtoq Dzerjinskyning qaramog‘iga o‘tkazildi.

Oradan biroz vaqt o'tib, ГУМЗАК SSSR avval ГУИТУ (Axloq tuzatish-mehnat muassasalari bosh boshqarmasi), keyinchalik esa ОГПУ ГУИТЛga (Axloq tuzatish-mehnat lagerlari bosh boshqarmasi) aylantirildi. Uning rahbari bir paytning o‘zida SSSR Konvoy qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimini ham egalladi. Bu qanchalar hayajonli! Qancha zinalar, xonalar, qorovullar, ruxsatnomalar, muhrlar, peshlavhalar degani edi.

ГУМЗАКning farzandi bo‘lmish GUITLdan esa bizning ГУЛАГ (Главное управление лагерей)imiz dunyoga keldi."

@panda_books
#reading

Soljenitsin yozadi:

"Ammo bu qora dunyoda, kim kimni sotsa o‘sha yutadigan; inson hayoti va vijdoni bir burda xom nonga sotib olinadigan bu dunyoda, tarix bo‘yicha barcha qamoqxona aholisining or-nomusini va ma’rifatini o‘zida mujassam etgan siyosiy arboblar qayerda edi va ular nima qildi?

Biz esa "siyosiy"larni qanday ajratib, bo‘g‘ib yo‘q qilishganini kuzatdik.
Xo‘sh, ularning o‘rniga nima keldi?
O‘rniga nima? O‘shandan beri bizda siyosiylar yo‘q. Bizda ular bo‘lishi ham mumkin emas. Umumiy adolat o‘rnatilgan bo‘lsa, qanaqa "siyosiylar" bo‘lishi mumkin? Podsho qamoqxonalarida biz bir paytlar siyosiy imtiyozlardan foydalanganmiz va ularni tugatish kerakligini aniq tushunib yetganmiz. Shunchaki - siyosiylarni bekor qilishdi. Yo‘q va bo‘lmaydi ham!

Qamalayotganlar esa inqilob dushmanlari. Yillar o‘tib "inqilob" so‘zi siyqasi chiqdi, mayli, xalq dushmanlari bo‘la qolsin, yanada yaxshiroq jaranglaydi. (Agar ushbu modda bilan qamalganlarning barchasini hisoblab, bunga quvg‘in qilingan, shubha ostiga olingan, tahqirlangan va siquvga uchragan oila a’zolarini (kamida 3 baravarga ko'paytirib) qo‘shsak, hayrat bilan tan olishimiz kerakki, tarixda birinchi marta xalq o‘ziga o‘zi dushman bo‘ldi, lekin buning evaziga eng yaxshi do‘st - maxfiy politsiyaga ega bo‘ldi.)"

@panda_books
#reading

Soljenitsin yozadi:

"Tikuvchi ignani chetga qo‘yib, yo‘qolmasligi uchun devordagi gazetaga sanchdi va Kaganovichning ko‘ziga to'g'ri kelib qoldi. Mijoz buni ko‘rdi. 58-modda, 10 yil (terror).

Sotuvchi ekspeditordan tovarni qabul qilib olarkan, boshqa qog‘oz bo‘lmagani uchun uni gazeta varag‘iga yozib qo‘yadi. Sovun bo‘laklarining soni o‘rtoq Stalinning peshonasiga to‘g‘ri keldi. 58-modda, 10 yil.

Znamensk MTS traktorchisi o‘zining yirtiq etigi ichiga sovuq o'tmasin deya Oliy Kengashga saylanadigan nomzod haqidagi varaqani tiqib qo‘ydi. Farrosh ayol esa (u o‘sha varaqalar uchun javobgar edi) buni topib oldi. aksilinqilobiy faoliyat, 10 yil.

Qishloq klubi mudiri qorovuli bilan o‘rtoq Stalinning byustini sotib olishga bordi. Sotib olishdi. Byust og‘ir, katta edi. Zambilga qo‘yib, ikkovlashib ko‘tarish kerak edi, lekin klub mudiriga ahvoli yo‘l qo‘ymaydi: "Mayli, bir amallab yetkazarsan." Va oldinga o‘tib ketdi. Keksa qorovul anchagacha qulay usul topolmadi. Yonboshiga olsa - quchoqlay olmaydi. Oldinda ko‘tarsa - beli og‘riydi, orqaga tortadi. Nihoyat topdi: kamarini yechib, Stalinning bo‘yniga sirtmoq soldi-da, qishloq bo‘ylab yelkasidan oshirib olib ketdi. Bu yerda hech kim bahslashmaydi, holat aniq. 58-8-modda, terror, 10 yil.

Matros inglizga suvenir sifatida "katyusha" zajigalkani (trubkadagi pilik va chaqmoqtosh) bir funt sterlingga sotdi. Vatan obro‘siga putur yetkazish, 58-modda, 10 yil.

Cho‘pon bo‘ysunmagani uchun sigirni "kolxoz j...i"si deb so‘kdi - 58-modda, muayyan muddat.

Ellochka Svirskaya havaskorlar kechasida ozgina g'amgin chastushka kuyladi - axir bu isyon! 58-modda, 10 yil.

Kar-soqov duradgor ham aksilinqilobiy tashviqot uchun qamoqqa tushishi mumkin! Qanday qilib? U klubda pol yotqizmoqda. Katta zaldan hamma narsani olib chiqishgan, hech qayerda na mix, na ilgak bor. U ishlayotganda pidjagi bilan furajkasini Lenin byusti ustiga tashlaydi. Kimdir kirib, buni ko‘rib qoladi. 58-modda, 10 yil.

Urushdan oldin Volgolagda Tula, Kaluga, Smolensk viloyatlaridan kelgan savodsiz qishloq qariyalari qanchalar ko‘p edi! Ularning barchasiga 58-10-modda, ya’ni sovetlarga qarshi tashviqot qo‘yilgandi. Sabab Imzo chekish kerak bo‘lganda, imzo o'rniga xoch qo‘yishardi".

@panda_books
#haqida

Maksim Gorkiy

Men hech qachon Maksim Gorkiyni yoqtirmaganman. Na maktabda, na Litseyda, na Universitetda oʻqib yurganimda ham. Juda bir ongli tarzda emas, qandaydir ich-ichimdan. Uning sovet payti koʻtar-koʻtar boʻlgani, asarlaridagi sovet tashviqoti sababdir balki..

Kim biladi yoki yoʻq: Toshkentdagi Mirzo Ulugʻbek tumani oldin Maksim Gorkiy deb nomlangan. Buyuk Ipak Yoʻli metro stansiyasi ham. Men Diplomatiya oʻqigan kezlarim har kuni shu metrodan foydalanardim, va shu tumanda yashardim. Ruslar koʻp boʻlardi, va ular faxr bilan “Maksim Gorkiy”da turishlarini aytib yurishardi.

Xullas, nega yoqtirmaganim: u odam Stalinga juda yaqin boʻlgan, koʻp narsalarni bilgan, kuzatgan, ammo qarshilik bildirmagan. Ha, uni oqlamoqchi ham, qoralamoqchi ham emasman. Shunchaki uning sovetlarga sevgisi qoʻrquv tufaylimi yoki chindan ishonganmi buni biz endi hech qachon bilolmaymiz.

Kunlardan bir kuni u boshqa yozuvchilar singari GULAGlardan biriga boradi. Ahvolni koʻradi. Shunda bir bolakay uni yoniga kelib, “Oʻrtoq Gorkiy, men sizga haqiqatni aytmoqchiman, bu koʻrganlaringizga ishonmang!” deydi. Va u yozuvchi bilan bir soat yolgʻiz qolib gaplashadi, unga barcha qiynoqlar va azob-uqubatlarni aytadi. Gorkiy buni eshitadi, xotirasiga yozib oladi va joʻnab ketadi. U kemaga chiqib, ozroq yurishi bilan boyagi bolakayni lagerda otib tashlashadi.

Xoʻsh, oʻziga “Achchiq” (Gorkiy) deya taxallus qoʻyib olgan adib nahotki shuncha gap-soʻzdan keyin bolakayni oʻzi bilan olib ketishga aqli yetmagan boʻlsa? Ha, uning haqiqatlarini hech qachon chop etmas, ammo hayotini saqlab qolishi mumkin ediku?

Men hech narsa demoqchi emasman, bu hammasi retropesrpektivadan qaralganda osonroq tuyiladi, lekin tanlov huquqini hech kim sizdan tortib olomaydi.

haqiqat shuki, yolgʻonlar mamlakatida haqiqatni aytish jinoyat hisoblanadi.

@panda_books
Forwarded from Panda Books
#newbook #yangikitob

Asaxiyda Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Abdurazzoq Gurnaning – “Jannat” romani chop etilibdi.

Unda inglizlar mustamlaka Afrikada aholini o‘z yeridan haydab chiqarayotgan va nemislar qit'a bo'ylab temiryo‘l qurishni rejalashtirayotgan davr hayoti asosida yozilgan.

Romanda voqealar bosh qahramon, 12 yoshida otasining qarzi uchun qullikka berib yuborilgan afrikalik bolakay - Yusufning tilidan hikoya qilinadi.

@panda_books
#news

Datareportal tahliliy platformasi Digital 2025: Uzbekistan yillik hisobotini e’lon qildi.

Undan eng e’tiborli qaydlar:

– O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni 32,7 millionga yetdi. Bu jami aholining 89%ini tashkil etadi.

– Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni 11,7 millionni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 3 millionga oshgan. Jami aholining 31,7 foizi ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazadi.

– Mobil internet tezligi 37 Mbit/s, keng polosali internet tezligi 79 Mbit/s (jaa maqtanarli narsa emas)

– Mobil qurilmalardan foydalanuvchilar ulushi 60%, noutbuk va stol kompyuterlari 38,5%. Qolgan 1,5 foizi planshetlar, o‘yin konsollari va televizorlarga to‘g‘ri keladi.

– Android smartfonlari ulushi 85,5%, iOS ulushi 14,3% ni tashkil etadi. (Oyponchilar kamchilikmiz:)

– Brauzerlar orasida birinchi o‘rinni Chrome 74,3% bilan egallaydi. Undan keyin Safari 7,6% va Yandex Browser 7,08% turadi. Qolgan 12 foizni Edge, Samsung Internet, UC Browser, Opera va boshqalar taqsimlab olgan. Har birining ulushi taxminan 2% atrofida.

– O‘zbekistonda Google qidiruv tizimidan 77,6%, Yandex’dan 20,8% foydalanadi. Qolgan 1,5% Bing, Yahoo va Baidu’ga to‘g‘ri keladi.

– Ijtimoiy tarmoqlarda 11,7 mln kishi faol, ularning 68 foizi erkaklar, 32 foizi ayollar. (Ayollar kamroq ekan)

Instagram: 11,7 mln
TikTok: 2,57 mln
Facebook: 2,3 mln
LinkedIn: 0,85 mln
X: 0,25 mln

@panda_books
​​#longread

Muhimi - natija (?)

Bu iborani ko'p eshitgansan. Turli motivatorlardan, siyosatchilardan, biznesmenlardan, sportchilardan, artistlardan... Bu - juda yuqumli g‘oya. U allaqachon jamiyatimizga singib bo‘lgan, ba'zilar esa yanada chuqurroq singdirishmoqda. Xo'sh, so'rashing mumkin: buni nimasi yomon?

Faqat moddiy natija muhim, degan tushuncha bizda shu qadar ildiz otganki, masalan, buni reelslarda chiqib keladigan 18 yashar qizdan tortib 60 yashar biznesmen ham birdek ta'kidlaydi. Ba'zi blogerlar turli bema'ni ishlar qilib obunachi ko'paytirishdan, ba'zi qizlar qayday yo'l bilan bo'masin boy hayotga erishishdan qaytmaydi. Muhimi - natija!

Ijtimoiy tarmoqlarga ozgina kontent ishlab ko'rgan odam biladiki, eng birinchi va katta reklama beruvchilar bu - qimor va kazinochilar. Ular bilan ishla va soqqa qil. Prinsiplar, auditoriya....xex... Muhimi - natija!

Ko'pchilik allaqachon insonni manfaatdan boshqa narsa harakatga keltirishi mumkinligini tasavvurga ham sig‘dirolmaydi. Hamma "natija muhim" degan aqidani qon-qoniga singdirib olgandek. Ba'zan ko'rishganda so'rashadi: "Kanalizdan qancha topasiz?", - "Hech qancha.", "Unda qanaqa natija bor undan?"...

Bu bizga qayerdan keldi? Yangi kanallar, yangi "dom"lar, yangi zavodlar.. kerak bizga! Ammo bu "dom"lar uchun turmush tarzimizni, xalq sog‘lomligini, hatto parklarimiz, daraxtlarimiz va daryolarimizni qurbon qilishga majbur bo‘ldik. Nima bo'pti? Muhimi - natija!

Ammo bu - yolg‘on. Mana, biz yillab yopiq davlatdan dunyoga ochiq davlatga, sekin-asta yuqoriga ko‘tarilmoqdamiz - va qachonki sen xuddi yuqorida pastga qaragandek hayotingga nazar tashlay olsang, anglaysanki: natija emas, balki qalb muhim! NIMA qilinganligimas, QANDAY qilinganligi, Erishilgan narsa emas, balki qanday narx evaziga erishilgani muhim. Aldash, do'stlaring yoki vijdoningni sotish - buning evaziga yog'liqqina joylarga joylashish mumkin. O'zingga birorta vallomat topib, unga o'zligingdan voz kechgudek yaltoqlansang ham pichog'ing moy ustida bo'lar balki. Agar shunday qilsang, natija sening foydangga bo‘ladi, axir muhimi - natija!

Bahslashmayman: Natijaga erishish yoqimli. Lekin insoniylik qiyofasini yo‘qotish evaziga emas. Shu yerda "Muqaddas zamin" filmidagi Quddus qiroli Balduinning ritsar Balianga aytgan gaplari o'rinli.

Agar natija muhim bo‘lsa, barcha usullardan, ba'zan pastkashlikdan ham qaytmaslik kerak bo'ladi. Agar mohiyat muhim bo‘lsa, tan olaman, hammasi oson bo'lmaydi. Tezda boyimaysan, hammagayam yoqmaysan. Qo‘llaring qadoq, uying kichikroq va taoming oddiyroq bo'lar. Balki qamalarsan, o‘lishing ham mumkin. Lekin tirik ekansan, g‘urur bilan qaddingni rost tutasan. Mana shunda - tahdidlardan qo‘rqmay, mukofotlar ketidan quvmay - sen ba'zilar uchun eng xavfli odamga aylanasan. Chunki seni nima bilan qo‘lga olishni bila olishmaydi.

Lekin sen bir kun "har qanday narx evaziga natijaga erishish"dan voz kechib, xotirjam va oddiy insonlar borayotgan yo‘ldan yursang - avvalgi fe’l-atvoring ajoyib tarzda o‘zgara boshlaganini sezasan. Va nihoyat qalb xotirjamligini toparsan balki..

@panda_books
Har bir xeppi-enddan keyin yangi kun boshlanadi.

©️BoJack Horseman

@panda_books
​​#nazm

Van Gog

Buyuk sevgi rangin izlab yurardi…
Yozar moviylikka rangin qasida.
Biroq hayrat ichra qalqar yuragi
Yaxshilik,yomonlik chegarasida.

Hech narsasiz,lekin mehri ziyoda,
Izlar tiriklikning sirli bo’yog’in.
Buncha g’arib… razillar ko’p dunyoda?!
Kesib bersamikan qolgan qulog’in…

Qarindosh—urug’u do’stu yor, xotin,
Uni anglamadi kibr olomon.
Yuragi bilgisiz zardobga to’ldi.

Sha’niga xiyonat qilishdan oldin,
Bilmoqchi bo’ldi u, bu qanday zamon?
Yuragin rangini ko’rmoqchi bo’ldi…

Rauf Parfi, 1977

@panda_books
#news

Rilslar, shortlar va TikTok vasvasani, narsissizmni, o‘zi haqida noto‘g‘ri tasavvurlarni va majburiy sevgini keltirib chiqaradi - tadqiqot shuni ko‘rsatmoqda.

Batafsil oʻqish uchun

Ijtimoiy tarmoqlar voqelikni buzib ko‘rsatadi: telefonimizga qanchalik ko‘p mahliyo bo‘lsak, atrofimizdagi barcha odamlar go‘yoki mukammal gavdali millionerlar bo‘lib tuyuladi - bu esa ruhiy kasalliklarga olib keladi.

Buning davosi oddiy: tashqariga chiqib, maysa-o‘tlarni ushlab ko‘rish va odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilish.

@panda_books
​​“GULAG Arxipelagi” haqida

3 tom, 7 qism, 64 bob, 2048 sahifaga jo bo'lgan minglab achchiq taqdirlar. Juda katta davrni o'z ichiga olgan asar. O'iqb borarkanman, deyarli har bir sahifadan iqtibos olgim keldi, tarjima qilgim, qayta-qayta o'qigim kelaverdi. Xuddi tomog'imga nimadir tiqilgandek bo'lardi.

Xo'sh, "GULAG" nima o'zi? bu ruscha "Glavnoe Upravlenie LAGerey"ning qisqartmasi bo'lib, SSSR paytida 1917-yildan to 1959-yilgacha mamlakat bo'ylab joylashgan "Axloq tuzatish mehnat lagerlari" bosh boshqarmasini anglatgan. U yerga asosan 58-modda bilan qamalgan (siyosiy modda) insonlar jo'natilgan.

Aleksandr Soljenitsin o'zi ham shunday lagerlardan biriga jo'natilgan. U o'z asarini "GULAG orollari" deb nomlagani ham bejizmas, chunki SSSRning deyarli barcha hududlari ayniqsa, uzoq, sovuq o'lkalarida minglagan lagerlar paydo bo'ladi va ular go'yo ulkan ummondagi orollarni eslatardi. Qarag‘anda, Dalstroy, Solovki, Belomor-Baltika, Vorkuta, Norilsk kabi shaharlar aynan mana shu lagerlar sabab paydo bo'lgan hatto. Ushbu minglab lagerlarda qancha odam o'lganiyu, qamoqqa tashlangani ma'lumotlari oshkor etilmagan, ammo hisob-kitoblarga ko'ra, birvaqtning o'zida bu joylarda 3 millionga yaqin mahbus jazo o'tagan. Odamlar qamalmagan kun, daqiqa bo'lmagan SSSRda.

Soljenitsin bu asarida totalitar tuzumning barcha kirdikorlari, g'ayriinsoniy harakatlari, mahbuslarga nisbatan o'ta shafqatsiz munosabatlari, aldov, yolg'on, terror, adolatsizlik va qullik holatlarini bo'y-basti bilan ko'rsatib beradi. Muallif faqat shaxsiy tajribasiga tayanibgina qolmay, balki 227 ta "mahbuslar"ning hikoyalaridan ham foydalangan. (afsuski hammasini ism-sharifi saqlanib qolmagan). Bu kitobda uydirma shaxslar ham, uydirma voqealar ham yo'q. Barcha odamlar va joylar o‘z nomlari bilan keltirilgan. Albatta, Soljenitsin bu asarni sobiq Ittifoqda chop qila olmasdi. "GULAG arxipelagi"ning ilk tomi 1973-yil 28-dekabrda Parijda dunyo yuzini ko‘radi. Undan koʻp oʻtmay Soljenitsin qamoqqa olinadi va mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Uni yoʻq qilisha olmasdi, chunki shu asari tufayli u Adabiyot boʻyicha Nobel Mukofotini qoʻlga kiritgan edi.

@panda_books
#reading

Soljenitsin yozadi:

"Leninning hammaga yaxshi ma’lum bo‘lgan tarjimayi holini ko‘rib chiqaylik. 1887-yil bahorida uning akasi Aleksandr III ga suiqasd uyushtirgani uchun qatl etiladi. Shunday bo‘lsa-da, o‘sha yilning kuzida Vladimir Ulyanov Qozon imperatorlik universitetining huquq fakultetiga o‘qishga kiradi. To‘g‘ri, o‘sha o‘quv yilida Vladimir Ulyanov universitetdan chetlashtiriladi. Biroq, uni hukumatga qarshi talabalar yig‘inini uyushtirgani uchun haydashadi. U talabalarni itoatsizlikka undagani uchu bizning davrimizda nima jazoga tortilardi? Shubhasiz, otib tashlashardi (qolganlarga esa yigirma besh va o‘n yildan qamash berardi)! Uni esa shunchaki universitetdan chetlashtiradilar. Qanday shafqatsizlik! Yana uni surgun ham qilishadimi... Saxalinga? Yo‘q, u yozda baribir boradigan Kokushkinodagi oilaviy mulkiga jo‘natishadi. U ishlashni xohlaydi... taygada o‘rmon kesishga jo'natishadimi? Yo‘q, Samarada yuridik amaliyot bilan shug‘ullanishga, shu bilan birga noqonuniy to‘garaklarda qatnashishga ruxsat berishadi. Shundan so‘ng u Peterburg universitetini sirtdan tugatadi. (Anketalarga nima bo‘ldi? Maxsus bo‘lim qayoqqa qarayapti?)

Bir necha yildan so‘ng, aynan shu yosh inqilobchi poytaxtda "Ozodlik uchun kurash ittifoqi"ni tashkil etgani uchun qamoqqa olinadi - bu kichik ish emas! U ishchilarga bir necha bor "g‘alayonli" nutqlar so‘zlagan, varaqalar tarqatgan. Uni qiynashdimi, azoblashdimi? Yo‘q, unga aqliy mehnatga qulay sharoit yaratib berishdi. Peterburgdagi tergov qamoqxonasida bir yil o‘tirib, unga o‘nlab kerakli kitoblar yetkazib berildi. U shu yerda "Rossiyada kapitalizmning rivojlanishi" asarining katta qismini yozdi, shuningdek, qonuniy ravishda prokuratura orqali "Novoye slovo" marksistik jurnalida "Iqtisodiy etyudlar"ni chop ettirdi. Qamoqxonada u buyurtma qilingan parhez bo‘yicha pullik tushlik, sut, dorixonadan mineral suv, haftada uch marta uy taomlarini olardi. Keyinchalik uni Uchlik qarori bilan otib tashlashdimi? Yo‘q, hatto qamoq jazosi ham berilmadi, surgun qilindi. Yoqutistonga, umrbod surgunmi? Yo‘q, go‘zal Minusinsk o‘lkasiga, atigi uch yilga. Uni u yerga qo‘l-oyog‘iga kishan urib, mahbuslar vagonida olib borishdimi? Aslo! U erkin odam sifatida Peterburgda, keyin Moskvada uch kun bemalol yurdi, chunki u maxfiy ko‘rsatmalar qoldirishi, aloqalar o‘rnatishi, qolgan inqilobchilar bilan yig‘ilish o‘tkazishi kerak edi. Unga surgunda ham o‘z hisobidan borish ruxsat etildi, ya’ni oddiy yo‘lovchilar bilan birga - Lenin na Sibirni va na bir surgun qamoqxonasini ko‘rmadi.

Keyin u Krasnoyarskda "Kapitalizmning rivojlanishi"ni tugatish uchun yana ikki oy kutubxonada ishladi va surgun qilingan odam tomonidan yozilgan bu kitob senzura tomonidan hech qanday to‘siqsiz (!) matbuotda paydo bo‘ldi! Biroq, u chekka qishloqda qaysi mablag‘ hisobiga yashardi, axir u o‘ziga ish topolmasdi-ku? U davlat ta’minotini so‘radi va unga ehtiyojidan ortiq maosh to‘landi (garchi onasi ham yetarlicha badavlat bo‘lib, unga barcha so‘raganlarini yuborib tursa-da). Leninning yagona surguni uchun bundan yaxshiroq sharoit yaratib bo‘lmasdi. Nihoyatda arzon, sog‘lom ovqat, mo‘l-ko‘l go‘sht, sut, sabzavotlar, cheksiz ov zavqi (o‘z itidan norozi bo‘lib, unga jiddiy ravishda Peterburgdan it yuborishmoqchi edi, ovda chivinlar chaqishi sababli u yumshoq charm qo‘lqop buyurtirdi), yoshligidagi oshqozon va boshqa kasalliklardan xalos bo‘lib, tez orada semirdi. Hech qanday majburiyat, xizmat, yuklamalar yo‘q edi, hatto xotini va qaynonasi ham qiynalmasdi: oyiga 2 so‘m 50 tiyinga 15 yoshli dehqon qizi ularning oilasida barcha og‘ir ishlarni bajarardi. Lenin hech qanday adabiy daromadga muhtoj emas edi, u Peterburgning pullik adabiy ish takliflarini rad etdi - u faqat o‘ziga adabiy nom keltiradigan narsalarni nashr etdi va yozdi.

Va oxir-oqibat xorijga chiqib ketishiga, uyoqdan turib inqilobga targ'ibot qilishiga ham xalaqit berishmaydi."

Sovetlar dohiysi shunaqa "qiyinchiliklarga" duch kelgan edi.
@panda_books
Kitob muqovalari (istalgan janrdagi) to’liq Sun’iy Intellektda qilinishiga qanday qaraysiz?
Anonymous Poll
15%
Qoʻllab-quvvatlayman!
49%
Yoʻq, qarshiman!
17%
Javob berishga ikkilanaman
19%
Natijalarni koʻrish
Timoti Shalamening oxirgi postida followerlar Frenk Gerbertning “Messiya Dyuna” kitobining fransuzcha variantini koʻrib qolishibdi.

Tayyorgarlik men sizga aytsam:)

@panda_books
2025/07/04 20:31:25
Back to Top
HTML Embed Code: