Telegram Web Link
​​#longread

Muhimi - natija (?)

Bu iborani ko'p eshitgansan. Turli motivatorlardan, siyosatchilardan, biznesmenlardan, sportchilardan, artistlardan... Bu - juda yuqumli g‘oya. U allaqachon jamiyatimizga singib bo‘lgan, ba'zilar esa yanada chuqurroq singdirishmoqda. Xo'sh, so'rashing mumkin: buni nimasi yomon?

Faqat moddiy natija muhim, degan tushuncha bizda shu qadar ildiz otganki, masalan, buni reelslarda chiqib keladigan 18 yashar qizdan tortib 60 yashar biznesmen ham birdek ta'kidlaydi. Ba'zi blogerlar turli bema'ni ishlar qilib obunachi ko'paytirishdan, ba'zi qizlar qayday yo'l bilan bo'masin boy hayotga erishishdan qaytmaydi. Muhimi - natija!

Ijtimoiy tarmoqlarga ozgina kontent ishlab ko'rgan odam biladiki, eng birinchi va katta reklama beruvchilar bu - qimor va kazinochilar. Ular bilan ishla va soqqa qil. Prinsiplar, auditoriya....xex... Muhimi - natija!

Ko'pchilik allaqachon insonni manfaatdan boshqa narsa harakatga keltirishi mumkinligini tasavvurga ham sig‘dirolmaydi. Hamma "natija muhim" degan aqidani qon-qoniga singdirib olgandek. Ba'zan ko'rishganda so'rashadi: "Kanalizdan qancha topasiz?", - "Hech qancha.", "Unda qanaqa natija bor undan?"...

Bu bizga qayerdan keldi? Yangi kanallar, yangi "dom"lar, yangi zavodlar.. kerak bizga! Ammo bu "dom"lar uchun turmush tarzimizni, xalq sog‘lomligini, hatto parklarimiz, daraxtlarimiz va daryolarimizni qurbon qilishga majbur bo‘ldik. Nima bo'pti? Muhimi - natija!

Ammo bu - yolg‘on. Mana, biz yillab yopiq davlatdan dunyoga ochiq davlatga, sekin-asta yuqoriga ko‘tarilmoqdamiz - va qachonki sen xuddi yuqorida pastga qaragandek hayotingga nazar tashlay olsang, anglaysanki: natija emas, balki qalb muhim! NIMA qilinganligimas, QANDAY qilinganligi, Erishilgan narsa emas, balki qanday narx evaziga erishilgani muhim. Aldash, do'stlaring yoki vijdoningni sotish - buning evaziga yog'liqqina joylarga joylashish mumkin. O'zingga birorta vallomat topib, unga o'zligingdan voz kechgudek yaltoqlansang ham pichog'ing moy ustida bo'lar balki. Agar shunday qilsang, natija sening foydangga bo‘ladi, axir muhimi - natija!

Bahslashmayman: Natijaga erishish yoqimli. Lekin insoniylik qiyofasini yo‘qotish evaziga emas. Shu yerda "Muqaddas zamin" filmidagi Quddus qiroli Balduinning ritsar Balianga aytgan gaplari o'rinli.

Agar natija muhim bo‘lsa, barcha usullardan, ba'zan pastkashlikdan ham qaytmaslik kerak bo'ladi. Agar mohiyat muhim bo‘lsa, tan olaman, hammasi oson bo'lmaydi. Tezda boyimaysan, hammagayam yoqmaysan. Qo‘llaring qadoq, uying kichikroq va taoming oddiyroq bo'lar. Balki qamalarsan, o‘lishing ham mumkin. Lekin tirik ekansan, g‘urur bilan qaddingni rost tutasan. Mana shunda - tahdidlardan qo‘rqmay, mukofotlar ketidan quvmay - sen ba'zilar uchun eng xavfli odamga aylanasan. Chunki seni nima bilan qo‘lga olishni bila olishmaydi.

Lekin sen bir kun "har qanday narx evaziga natijaga erishish"dan voz kechib, xotirjam va oddiy insonlar borayotgan yo‘ldan yursang - avvalgi fe’l-atvoring ajoyib tarzda o‘zgara boshlaganini sezasan. Va nihoyat qalb xotirjamligini toparsan balki..

@panda_books
Har bir xeppi-enddan keyin yangi kun boshlanadi.

©️BoJack Horseman

@panda_books
​​#nazm

Van Gog

Buyuk sevgi rangin izlab yurardi…
Yozar moviylikka rangin qasida.
Biroq hayrat ichra qalqar yuragi
Yaxshilik,yomonlik chegarasida.

Hech narsasiz,lekin mehri ziyoda,
Izlar tiriklikning sirli bo’yog’in.
Buncha g’arib… razillar ko’p dunyoda?!
Kesib bersamikan qolgan qulog’in…

Qarindosh—urug’u do’stu yor, xotin,
Uni anglamadi kibr olomon.
Yuragi bilgisiz zardobga to’ldi.

Sha’niga xiyonat qilishdan oldin,
Bilmoqchi bo’ldi u, bu qanday zamon?
Yuragin rangini ko’rmoqchi bo’ldi…

Rauf Parfi, 1977

@panda_books
#news

Rilslar, shortlar va TikTok vasvasani, narsissizmni, o‘zi haqida noto‘g‘ri tasavvurlarni va majburiy sevgini keltirib chiqaradi - tadqiqot shuni ko‘rsatmoqda.

Batafsil oʻqish uchun

Ijtimoiy tarmoqlar voqelikni buzib ko‘rsatadi: telefonimizga qanchalik ko‘p mahliyo bo‘lsak, atrofimizdagi barcha odamlar go‘yoki mukammal gavdali millionerlar bo‘lib tuyuladi - bu esa ruhiy kasalliklarga olib keladi.

Buning davosi oddiy: tashqariga chiqib, maysa-o‘tlarni ushlab ko‘rish va odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilish.

@panda_books
​​“GULAG Arxipelagi” haqida

3 tom, 7 qism, 64 bob, 2048 sahifaga jo bo'lgan minglab achchiq taqdirlar. Juda katta davrni o'z ichiga olgan asar. O'iqb borarkanman, deyarli har bir sahifadan iqtibos olgim keldi, tarjima qilgim, qayta-qayta o'qigim kelaverdi. Xuddi tomog'imga nimadir tiqilgandek bo'lardi.

Xo'sh, "GULAG" nima o'zi? bu ruscha "Glavnoe Upravlenie LAGerey"ning qisqartmasi bo'lib, SSSR paytida 1917-yildan to 1959-yilgacha mamlakat bo'ylab joylashgan "Axloq tuzatish mehnat lagerlari" bosh boshqarmasini anglatgan. U yerga asosan 58-modda bilan qamalgan (siyosiy modda) insonlar jo'natilgan.

Aleksandr Soljenitsin o'zi ham shunday lagerlardan biriga jo'natilgan. U o'z asarini "GULAG orollari" deb nomlagani ham bejizmas, chunki SSSRning deyarli barcha hududlari ayniqsa, uzoq, sovuq o'lkalarida minglagan lagerlar paydo bo'ladi va ular go'yo ulkan ummondagi orollarni eslatardi. Qarag‘anda, Dalstroy, Solovki, Belomor-Baltika, Vorkuta, Norilsk kabi shaharlar aynan mana shu lagerlar sabab paydo bo'lgan hatto. Ushbu minglab lagerlarda qancha odam o'lganiyu, qamoqqa tashlangani ma'lumotlari oshkor etilmagan, ammo hisob-kitoblarga ko'ra, birvaqtning o'zida bu joylarda 3 millionga yaqin mahbus jazo o'tagan. Odamlar qamalmagan kun, daqiqa bo'lmagan SSSRda.

Soljenitsin bu asarida totalitar tuzumning barcha kirdikorlari, g'ayriinsoniy harakatlari, mahbuslarga nisbatan o'ta shafqatsiz munosabatlari, aldov, yolg'on, terror, adolatsizlik va qullik holatlarini bo'y-basti bilan ko'rsatib beradi. Muallif faqat shaxsiy tajribasiga tayanibgina qolmay, balki 227 ta "mahbuslar"ning hikoyalaridan ham foydalangan. (afsuski hammasini ism-sharifi saqlanib qolmagan). Bu kitobda uydirma shaxslar ham, uydirma voqealar ham yo'q. Barcha odamlar va joylar o‘z nomlari bilan keltirilgan. Albatta, Soljenitsin bu asarni sobiq Ittifoqda chop qila olmasdi. "GULAG arxipelagi"ning ilk tomi 1973-yil 28-dekabrda Parijda dunyo yuzini ko‘radi. Undan koʻp oʻtmay Soljenitsin qamoqqa olinadi va mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Uni yoʻq qilisha olmasdi, chunki shu asari tufayli u Adabiyot boʻyicha Nobel Mukofotini qoʻlga kiritgan edi.

@panda_books
#reading

Soljenitsin yozadi:

"Leninning hammaga yaxshi ma’lum bo‘lgan tarjimayi holini ko‘rib chiqaylik. 1887-yil bahorida uning akasi Aleksandr III ga suiqasd uyushtirgani uchun qatl etiladi. Shunday bo‘lsa-da, o‘sha yilning kuzida Vladimir Ulyanov Qozon imperatorlik universitetining huquq fakultetiga o‘qishga kiradi. To‘g‘ri, o‘sha o‘quv yilida Vladimir Ulyanov universitetdan chetlashtiriladi. Biroq, uni hukumatga qarshi talabalar yig‘inini uyushtirgani uchun haydashadi. U talabalarni itoatsizlikka undagani uchu bizning davrimizda nima jazoga tortilardi? Shubhasiz, otib tashlashardi (qolganlarga esa yigirma besh va o‘n yildan qamash berardi)! Uni esa shunchaki universitetdan chetlashtiradilar. Qanday shafqatsizlik! Yana uni surgun ham qilishadimi... Saxalinga? Yo‘q, u yozda baribir boradigan Kokushkinodagi oilaviy mulkiga jo‘natishadi. U ishlashni xohlaydi... taygada o‘rmon kesishga jo'natishadimi? Yo‘q, Samarada yuridik amaliyot bilan shug‘ullanishga, shu bilan birga noqonuniy to‘garaklarda qatnashishga ruxsat berishadi. Shundan so‘ng u Peterburg universitetini sirtdan tugatadi. (Anketalarga nima bo‘ldi? Maxsus bo‘lim qayoqqa qarayapti?)

Bir necha yildan so‘ng, aynan shu yosh inqilobchi poytaxtda "Ozodlik uchun kurash ittifoqi"ni tashkil etgani uchun qamoqqa olinadi - bu kichik ish emas! U ishchilarga bir necha bor "g‘alayonli" nutqlar so‘zlagan, varaqalar tarqatgan. Uni qiynashdimi, azoblashdimi? Yo‘q, unga aqliy mehnatga qulay sharoit yaratib berishdi. Peterburgdagi tergov qamoqxonasida bir yil o‘tirib, unga o‘nlab kerakli kitoblar yetkazib berildi. U shu yerda "Rossiyada kapitalizmning rivojlanishi" asarining katta qismini yozdi, shuningdek, qonuniy ravishda prokuratura orqali "Novoye slovo" marksistik jurnalida "Iqtisodiy etyudlar"ni chop ettirdi. Qamoqxonada u buyurtma qilingan parhez bo‘yicha pullik tushlik, sut, dorixonadan mineral suv, haftada uch marta uy taomlarini olardi. Keyinchalik uni Uchlik qarori bilan otib tashlashdimi? Yo‘q, hatto qamoq jazosi ham berilmadi, surgun qilindi. Yoqutistonga, umrbod surgunmi? Yo‘q, go‘zal Minusinsk o‘lkasiga, atigi uch yilga. Uni u yerga qo‘l-oyog‘iga kishan urib, mahbuslar vagonida olib borishdimi? Aslo! U erkin odam sifatida Peterburgda, keyin Moskvada uch kun bemalol yurdi, chunki u maxfiy ko‘rsatmalar qoldirishi, aloqalar o‘rnatishi, qolgan inqilobchilar bilan yig‘ilish o‘tkazishi kerak edi. Unga surgunda ham o‘z hisobidan borish ruxsat etildi, ya’ni oddiy yo‘lovchilar bilan birga - Lenin na Sibirni va na bir surgun qamoqxonasini ko‘rmadi.

Keyin u Krasnoyarskda "Kapitalizmning rivojlanishi"ni tugatish uchun yana ikki oy kutubxonada ishladi va surgun qilingan odam tomonidan yozilgan bu kitob senzura tomonidan hech qanday to‘siqsiz (!) matbuotda paydo bo‘ldi! Biroq, u chekka qishloqda qaysi mablag‘ hisobiga yashardi, axir u o‘ziga ish topolmasdi-ku? U davlat ta’minotini so‘radi va unga ehtiyojidan ortiq maosh to‘landi (garchi onasi ham yetarlicha badavlat bo‘lib, unga barcha so‘raganlarini yuborib tursa-da). Leninning yagona surguni uchun bundan yaxshiroq sharoit yaratib bo‘lmasdi. Nihoyatda arzon, sog‘lom ovqat, mo‘l-ko‘l go‘sht, sut, sabzavotlar, cheksiz ov zavqi (o‘z itidan norozi bo‘lib, unga jiddiy ravishda Peterburgdan it yuborishmoqchi edi, ovda chivinlar chaqishi sababli u yumshoq charm qo‘lqop buyurtirdi), yoshligidagi oshqozon va boshqa kasalliklardan xalos bo‘lib, tez orada semirdi. Hech qanday majburiyat, xizmat, yuklamalar yo‘q edi, hatto xotini va qaynonasi ham qiynalmasdi: oyiga 2 so‘m 50 tiyinga 15 yoshli dehqon qizi ularning oilasida barcha og‘ir ishlarni bajarardi. Lenin hech qanday adabiy daromadga muhtoj emas edi, u Peterburgning pullik adabiy ish takliflarini rad etdi - u faqat o‘ziga adabiy nom keltiradigan narsalarni nashr etdi va yozdi.

Va oxir-oqibat xorijga chiqib ketishiga, uyoqdan turib inqilobga targ'ibot qilishiga ham xalaqit berishmaydi."

Sovetlar dohiysi shunaqa "qiyinchiliklarga" duch kelgan edi.
@panda_books
Kitob muqovalari (istalgan janrdagi) to’liq Sun’iy Intellektda qilinishiga qanday qaraysiz?
Anonymous Poll
15%
Qoʻllab-quvvatlayman!
49%
Yoʻq, qarshiman!
17%
Javob berishga ikkilanaman
19%
Natijalarni koʻrish
Timoti Shalamening oxirgi postida followerlar Frenk Gerbertning “Messiya Dyuna” kitobining fransuzcha variantini koʻrib qolishibdi.

Tayyorgarlik men sizga aytsam:)

@panda_books
Forwarded from Qisqa satrlar
O’z istagiga erishishga taqdir yordam bermagan kishiga malomat qilinmaydi.

Abu Rayhon Beruniy

👉 Qisqa satrlar
Jasoratning pasayishi (Падение мужество)

Bugungi G‘arbda chetdan qaraganda eng e’tiborni tortadigan hodisa bo‘lishi mumkin. G‘arb dunyosi umuman olganda, shuningdek, har bir mamlakat, har bir hukumat, har bir partiya va, albatta, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida ijtimoiy jasoratni yo‘qotgan. Bu jasoratning pasayishi, ayniqsa, hukmron va intellektual yetakchi qatlamlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi, shu bois butun jamiyat jasoratini yo‘qotgandek tuyuladi. Shubhasiz, ko‘plab shaxsan mard insonlar mavjud, biroq jamiyat hayotini yo‘naltirish ularga nasib etmaydi. Siyosiy va intellektual amaldorlar o‘z harakatlarida, nutqlarida va ayniqsa davlat siyosatining asosiga qo‘rqoqlik va xushomadgo‘ylikni qo‘yadigan bunday xatti-harakatlarni pragmatik, oqilona va har qanday intellektual va hatto axloqiy nuqtai nazardan oqlanadigan deb asoslovchi nazariyalarda ushbu tanazzul, irodasizlik va yo‘lini yo‘qotganliklarini namoyon etadilar.

Jasoratning bunday pasayishi, ba’zi o‘rinlarda erkaklik qobiliyatining butunlay yo‘qligiga qadar yetib borishi, ushbu amaldorlarning zaif hukumatlarga yoki hech kim qo‘llab-quvvatlamaydigan zaif mamlakatlarga, qarshilik ko‘rsata olmasligi aniq bo‘lgan qoralangan oqimlarga qarshi to‘satdan jasorat va murosasizlik ko‘rsatishlarida yanada kinoyali tarzda namoyon bo‘ladi. Biroq qudratli hukumatlarga, tahdid soluvchi kuchlarga, bosqinchilarga va xalqaro Terrorga qarshi tili aylanmay, qo‘llari falaj bo‘lib qoladi.

Buni men emas, Aleksandr Soljenitsin naq 1978-yil, Gʻarbda turib, kimsam Harvard Universiteti bitiruvchilariga yoʻllagan nutqida aytadi va men sizlarga uning bir parchasini tarjima qilayapman.

Oʻshandan beri hech nima oʻzgarmagandek, huddi u hozirni koʻrib bilib turgandek.

@panda_books
Panda Books
Jasoratning pasayishi (Падение мужество) Bugungi G‘arbda chetdan qaraganda eng e’tiborni tortadigan hodisa bo‘lishi mumkin. G‘arb dunyosi umuman olganda, shuningdek, har bir mamlakat, har bir hukumat, har bir partiya va, albatta, Birlashgan Millatlar Tashkiloti…
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
“G‘azoda bolalar va butun boshli oilalar oziq-ovqat va ichimlik suvisiz qolmoqda, siz esa bu yerda kulib o‘tiribsiz. Uyalishingiz kerak!”

Yevropa parlamenti G‘azodagi gumanitar vaziyatni muhokama qilayotgan vaqt Polshaning ittifoq ishlari bo‘yicha vaziri, Kengash vakili Adam Szłapka kulib o‘tiribdi.

@panda_books
Xorijdagi hayotim haqida alohida yozayapman, videolar qilayapman. O'qishdan ortib, sekin-asta qimirlayapman.

Digital Odyssey, Muad'Dib va shunchaki bir O'zbek Pandasining safar haqida kanali bo'lishi kerakku, to'g'rimi?

https://www.tg-me.com/bagajsiz

lozim topsangizlar...share qiling, ulaning)
#drabbl
“Men va Alter Egom” degan kanalimga 3-odam qoʻshildi…

@panda_books
​​#review #taqriz

📙Xurshid Davron — "Bibixonim qissasi"

— Eh, men Bibixonimni ko’rganman…

Asarni yengil mutolaa uchun tanlagandim, uning yana bir nomi "Tugallanmagan doston" (Ha, men yengil mutolaa uchun doston tanlayman:) Nega tugallanmagan? chunki muallif uni boshida xuddi she'riy doston o'laroq boshlab, yo'l o'rtasida turli sabablar o'laroq tashlab qo'yadi. Keyin esa uni nasriy aralashtirib baribir yozib bitiradi.

Doston ham badiiy, ham ilmiy-ommabopdir. Zero, u biz bilgan Bibixonimning biz bilmagan taqdiri haqida. Ma'lum bo'lishicha, 1941-yili Amir Temur, o’g'illari va Jahongirning buyuk nevarasi – Mirzo Ulug’bek qabrlarini ochishganda, malika yotgan maqbarayam ochilgan. Keyinchalik Amir Temurni, unga qo’shib o’g’illari va nevarasini qayta joyiga qo’yishgan. Bibixonim bo’lsa vaqtinchalik Toshkentdagi muzeyga keltirilganu vaqt o’tib butunlay unutilgan. Mana sizga sovetlarning bir insonning mayiti va tarixiy merosimizga bo'lgan hurmati!

Lekin Vatanimiz o'sha qiyin davrlardayam o'z qahramon farzandlarini kamolga yetkizgandi. Mamat Solihovich Yusupov degan Samarqand tarix muzeyining direktori Bibixonimni ortiga qaytarish uchun yo'lga chiqadi... Asar mana shu sarguzasht, shu bilan birga Amir Temur va Samarqand shahrining tarixi atrofida muttasil aylanib, joy almashib turadi.

Nima uchun o'qish kerak?
Avvalo, doston juda foydali, ayniqsa, tarixiy ma'lumotlarga boy. Unda tariximiz haqida ko'pgina yaxshi narsalarni topish mumkin. Tarixga qiziuvchi bir kitobxon sifatida bu hikoyalarni bilish menga zavq bag'ishladi.

Ikkinchidan, dostonni tili juda shirin. Ha, aynan shirin. U juda cho'ziq ham, juda oddiy ham emas, maromida. Xurshid aka o'zbek tilining chiroyli jozibasini imkon qadar olib chiqa olgan deb hisoblayman.

Uchinchidan, bu doston - yosh hikoyanavislar uchun tayyor qo'llanma. Judayam yozishni istayotgan, ammo nimadan boshlashni bilmayotgan uchun muallif yaxshi "shpargalka" qoldirgan. X.Davron hikoyanavislikning turli metodlari, xususan, qahramon tilidan gapirish, muallif ovozidan so'zlash, she'riy qismlar va hatto bir muncha ilmiy-publitsistik uslubdan ustalik bilan foydalanadi. Va ularning bariga (ilmiydan tashqari) badiiylik qo'shadi.

Va eng muhimi bu doston faqatgina Bibixonim haqida emas, balki bizning tarixga bo‘lgan munosabatimizni belgilash haqidadir. O'sha paytlarda butun mamlakat iqtisodi va siyosati markazga qaram edi, undagi yuzlab xalqlar va elatlar tarixini yoritish faqat rus tarixchilari ishlab chiqqan tarixiy nuqtayi nazarga asoslangan edi. Hozir tarixni o'rganish uchun keng yo'l ochilyapti. Bundan foydalanib tarixiy merosimiz to'g'risidagi asarlarni xalqqa tanitishimiz kerak deb o'ylayman.

Zero, Bibixonim shaxsi faqatgina Amir Temurning xotini bo'lgani uchun emas, balki o'zi bilimli, irodali va kuchli shaxsiyati bo'lgani uchun ham e'tiborga loyiq nazarimda.

@panda_books
Hozir calendarga kirib eventlarimni rejalashtiryotib tasodifan o'g'limning tug'ilgan kunini shunchaki "My son's birthday" deb qo'yganimni ko'rdim. Keyin beixtiyor uni edit qilib, o'rniga ismini yozib qo'ydim. Axir, ular allaqachon ikkita:)

Ba'zan qanday bebaho boyliklarimiz borligi uchun Yaratganga shukrona qilishni unutamiz. Yaratganga shukr!

@panda_books
#myday

University lifedan bir shingil ulashib ketay. Bugun Strategic Communication darsida “Image Repair Theory” mavzusini leksiya va group work shaklida oʻrgandik. Fanlar koʻp emas, ammo hammasi juda dolzarb va qiziqarli mavzularni ichiga olgan. Bu ham shulardan biri.

Kamina tolibi ilm boʻlajak “PRshik” bo’lgani uchun bu kabi mavzular men uchun juda muhim va foydali.

Nomidan ham ma’lumki, post-crisis communication boʻlib, nafaqat celebrity yoki shaxs, balki company va hatto davlatlar reputatsiyalarini qanday qilsa toʻgʻri saqlab qolishni oʻrgatadi. Doskada oʻsha yoʻllardan bir nechtasi keltirilgan.

Jaydarichasiga aytsak “Qovunni kattasini tushirgach” (boshqacha variantiyam bor) uning izini qanday yo’qotish, jamoatchilikdan qanday uzr soʻrash sabogʻidir. “Bizbop ekan” deb qoʻydim ichimda:)

P.s: aytgancha, darsda rasmga olish juda ma’qullanmaydi, ustiga ustak barcha materiallarni professor bosma beradi (yo yuklab olish mumkin) bu sizlar uchun maxsus!:)

@panda_books
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
“Shamol”.

Hozir sen oʻzing nima xohlaysan? Shu savolga javob berishga oʻrganing.

@panda_books
Bolaligimizda shu kuni issiqqina nonni botirib rosa sumalak yerdik, qari-keksalarni ko'rishga borilardi, umuman odamlar qishdan chiqqani bayram qilishardi.

Bekorga bu yangilanish va yosharish bayrami emasda.

Navro’z bayramingiz muborak bo’lsin!

@panda_books
2025/07/05 19:30:12
Back to Top
HTML Embed Code: