Telegram Web Link
Sizga shubha qilishadi

Hozir samolyotdaman, Norvegiya shimolida joylashgan Trondheim shahriga ketyappan. U yerda optometristlarga kurs o’tib berishga taklif etishgan.



2008-yil edi, 5-kurs edim, men chet elda o’qish orzusida turli rejalar qilib yurar edim. Karolinska institutiga topshirishga tayyorlanayotgan edim.

Karolinska Yevropadagi eng yaxshi optometristlar tayyorlaydigan institutlardan biri hisoblanadi. (Optometrist bu ko’z kasalliklari bilan ishlaydigan, asosan ko’zoynak va kontakt linzaga ixtisoslashgan, litsenziyalangan mutaxassis. Uzbda bu soha mavjud emas)

Shunda bir chet elda o’qib qaytgan tanishimga men Karolinskaga o’qishga borsam, boshqa sohada o’qisam ham shu optometristlarga o’tiradigan ma’ruzalarda qatnashaman, iloji bo’lsa bemorlar qabulida ham ishtirok etaman deganimda, aniq esimda bor, «sizni kirgizishmaydi unday joylarga» degan edi tanishim.


Hozir ana o’sha Karolinksa, Norvegiya, Yevropa boshqa universitetlarni tamomlagan optometristlarga kurs o’tib berishga taklif etishmoqda.

2023-yil davomida 300+ mutaxassisga kurs o’tippan.



Sizga shubha bilan qarashadi. Aslida u shubha sizga nisbatan emas, o’zlariga nisbatan bo’ladi. Boshqalar maslahatida ular qo’rquvi yashiringan bo’lishini yoddan chiqarmaslik kerak.



Yana bir qiziq fakt. Men o’tgan yili O’zbekistonga borganimda oftalmologlar uchun Toshkentda va Andijonda 3 kun kurs o’tgandim. Keyin kursni online sotish taklifi bo’ldi. Reja qildik, 50 million so’m pul topishni maqsad qildik. Keyin u fikrdan qaytdim va kurs materiallarini o’zbek tilida YouTubega tekinga joyladim. Online kurs qilib pul topmadik.

Hozir 2 soatdan keyin o’sha Uzbdagi kurs materiallaridan foydalanib dars o’taman. Tashkilotchi samolyot biletlari, taxi, hotel, ovqat kabi harajatlarni qoplaydi. Vaqtim va bilimim uchun menga haq to’laydi. 50m haqida o’ylashga ehtiyoj yo’q 😁

Samolyot qo’ndi, hotelga yo’l olaman endi.

Hammaga salomatlik tilab…

Bek Olimjon
27.02.23
Trondheim
Men ustoz emasman

Hozirgacha olgan tajribalarimni, fikr va xulosalarimni ijtimoiy tarmoqlarda imkon qadar bo’lishib boraman.

Nasib qilgan ekan bir nechta yoshlar ergashishmoqda. Qandaydir manfaat olmoqda. Bu darajaga yetkazganiga shukur.

Shu o’rinda ko’pchilik menga ustoz deya murojaat qilishadi. Men ustoz emasman. Shunchaki fikrlarimni ulashib boryabman xolos. U firklarni ma’qullagandan, qarsak emoji qo’ygandan na sizga, na menga foyda bor. Undan ko’ra qarshi fikr bildirsangiz, tanqid qilsangiz sizdan ko’proq mamnun bo’laman. Meni ustoz demang, tengdoshingizdek murojaat qilavering!

Kimnidir ustoz deb bilishning xavfli tomonlaridan xabardor bo’lishimiz muhim. Ayniqsa tibbiyot sohasida. Ustoz deb bilsak, uni ko’p bilimga ega deb bilamiz. Bu xavfli. Kimnidir bilimli deb, unga tahlil-tanqid qilmay ergashish bizni «ko’r murid»ga aylanishimizga sabab bo’ladi.

Tafakkur va tanqid qilishimiz muhim.

Men ustoz emasman. Shunchaki fikrlarimni ulashyappan xolos. Fikrlarimga qarshi fikr bildirishingizni sizdan iltimos qilaman.

Meni tanqid qiling. Konstruktiv tanqid so’ramayman. Bilganingizcha tanqid qiling. Tanqid qilishingiz uchun mendan ko’proq yutuqqa erishgan bo’lishingiz shart emas. Fikrli shaxs sifatida Siz tanqid qilishga qodirsiz.

Qarshi fikr bildiring. Tanqidingiz sizni va meni tafakkur qilishga majburlaydi. Buni esa foydasi katta.

Bek Olimjon
28.02.23
Trondheim
E’tiborni tizimdan va jamiyatdan qoniqmaslikka emas, o’zingizdan qoniqmaslikka buring.

Shu foydaliroq.

Bek Olimjon
Kecha bir ish bilan Latviyaga, Rigaga keldim.

Latviyada potensial juda yuqori. Dunyo o’rtasida joylashgan, katta portlardan biriga ega. Dengiz va okeanga to’g’ri chiqa oladi.

Kecha shahar markazidan chetga 2-3 marta chiqishga to’g’ri keldi. Har safar Rigaga kelganimda negadir meni tushkunroq kayfiyat qamrab oladi. Sababi hamma joy kulrang, graffiti chizilgan, nurab tushayotgan sovet binolari, e’tibor berilmagan yo’llar va aholi uchun qimmat narhlar.

Lekin Eng achinarli jihati jamiyatda yoshlardan ko’ra yoshi kattalarni ko’proq uchratasiz. Bu jamiyat kelajagi uchun yaxshi belgi emas. Bu jamiyat yoshlarida yevroittifoq pasporti bo’lgani va til bilgani uchun yaxshiroq iqtisod va kelajak uchun Skandinaviya davlatlari, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi davlatlarga ko’p ketishadi. Ko’p joyda AQShga ketish bo’yicha reklamarni ko’rasiz. Yoshlar ketib qolayotgani yaqqol ko’rinadi.

Taksiga chiqdim. O’zbek ekanligimni aytsam, taksist hursand bo’lib, O’zbekistonga borgan paytidagi xotiralarini esladi, lag’mon yegani, uzum va qovun shirinligini aytdi, odamlari muloyim va mehmondo’st ekanini aytdi. Aytib berishicha sobiq sovetni dzyudo bo’yicha terma jamoasini 8 yil davomida murabbiysi bo’lgan ekan. Shunday buyuk imperiya terma jamoasi murabbiysi, zyudochilarni olimpiadalarga olib borgan odam ekan. Nafaqada bo’lsada hali ham murabbiylik qilar ekan. Pul topish uchun taksi haydar ekan.

Ko’p tajribaga ega bo’lgan mutaxassislarini qadrlamagan, yoshlar rivojlanishi, oila qurishi va jamiyatga xizmat qilishi uchun sharoit bo’lmagan jamiyat inqiroz yoqasida qoladi. Bu esa o’z navbatida iqtisodiy va siyosiy qaramlikka sabab bo’ladi.

Latviyada juda ko’plab o’zbek talabalari bor. Afsusli jihati ularning aksar qismi bu yerdagi vaqt va imkoniyatini qisqa muddatda pul topishga qaratishadi. Ovqat tashish xizmatlarida ishlashadi. Qaniydi, shu yerdagi imkoniyatni bilim olishga, ko’nikma orttirishga va Yevropa mutaxassislar mehnat bozoriga kirishga harakat qilishganida edi, uzoq muddatli investitsiya bo’lar edi.

Bek Olimjon
05.03.2023, Riga
Einstein kabi muvaffaqiyatga erishmoqchimisiz? Yana bir marta o’ylab ko’rish kerak.

Maqsadlaringiz katta. Sohangizni zo’r mutaxassisi bo’lmoqchisiz. Muvaffaqiyatlarga erishmoqchisiz. Xalq xizmatini qilmoqchisiz.

Bu uchun nima qilish kerak? Aslida ko’p narsa kerak emas bunga erishish uchun.

Muhimi to’g’ri yo’lni tanlash, ishonchli odamlar bilan hamkorlik va fokusni yo’qotmagan holda uzoq yillar mehnat qilish maqsadlaringizga olib boradi.

Muvaffaqiyatga erishasiz, jamiyatga kerakli insonga aylanasiz. Jamiyat vaqtingizni ko’proq talab qilishni boshlaydi. Shunga yarasha qadrlashni boshlaydi, ish haqqingizni o’rtig’i bilan berishni boshlaydi.

Vaqt o’tadi, umr o’tadi. Jamiyatga foydangiz tegib o’tasiz.

Ammo bir qopqon bor. Xalq xizmatida yurib oilaga va farzandlarga vaqt ajrata olmay qolasiz. Avval bitta farzand bo’ladi, keyin ikkita, kattasi maktabga boradi, so’ng institut tanlashni boshlaydi. Siz esa ishlaringiz sabab band bo’lasiz.

Farzandlarni sizning vaqtingizga ehtiyoji katta bo’ladi. Siz esa bandsiz. Vaqt o’tadi. Sizda boylik bo’ladi, ammo farzandlar bilan aloqa siz hohlagandek bo’lmaydi. Siz hayron bo’lasiz, «men shuncha ishlab, oilamga zo’r sharoit yaratdim, noshukurlik qilyapti bular» deysiz. Aslida muammo siz boy bo’lmasingizdan avvalroq boshlangan bo’ladi.

Einstein qanchalik mashhur bo’lmasin, oilasi bilan aloqasi yaxshi bo’lmadi. Bitta ayol bilan yashay olmadi, ishqiy munosabatlar bilan hayot kechirdi, hattoki o'zini xolavachchasiga uylandi, achinarlisi farzandlariga na'munali ota bo'la olmadi. Hattoki kenja o'g'lini o'limini tilagani haqida ma'lumotlar bor.

Boshqa misol, Elon Musk. Men qattiq hurmat qilaman va shunday inson bilan bir zamonda yashayotganimdan, u erishayotgan yutuqlarni birinchi qo’l ko’rayotganimdan hursandman.

Elon insoniyatni saqlab qolish uchun harakat qilmoqda. 10 ta farzand otasi. Bolalari uchun barcha sharoit qilgan, hattoki dunyo kam biladigan sirli, alohida maktab ham qurib bergan. Shunday bo’lsada umrini ishxonada o’tkazadi. Haftasiga 100-120 soatlab ishlaydi.

Ertaga ayrim farzandlari undan voz kechsa men hayron bo’lmayman. Sababi u shuni tushungan holda riskni qabul qilgan. Bolalari bilan qanchalik ko'p vaqt ajratishni hohlamasin o'z missiyasini insoniyatni marsga olib chiqishga bag'ishlagan.

Oila tinchligi, ota-ona roziligi, farzandlar bilan yaxshi aloqa har qanday karyeradagi muvaffaqiyatdan afzalroq.

Aslida barchasi oddiy. Ammo oddiy degani oson degani emas. Muvaffaqiyatga hech qachon osonlik bilan erishilmaydi. Karyerada muvaffaqiyatga erishish bu muvaffaqiyat. Farzandlar doim intiladigan ota yoki ona bo’lish esa undanda kattaroq muvaffaqiyat.

Shuning uchun muvaffaqiyatli insonlarni farzand tarbiyasi va oila haqidagi maslahatlarini yaxshilab o’ylab ko’rish kerak.

Bek Olimjon
07.03.2023,
Norvegiya
Moliyaviy erkinlik haqida

Har bir odamni yashash ehtiyojlari bor. Yeyishi, kiyishi, boshpanasi bo’lishi muhim, transport yoki boshqa ehtiyojlari bor. Jamiyatimizda bu ehtiyojlarni qoplash uchun asosan puldan foydalanamiz. Bu pulni topish uchun ishlaymiz. Har kunlik soatlarimizni pulga ”sotamiz”. Soatlar to’plasak kunlar bo’ladi, kunlarni to’plasak yillar bo’ladi, yillarni to’plasak umr bo’ladi. Natijada umrni pulga almashtirgan bo’lamiz.

Moliyaviy erkinlik - ehtiyojlarimizni qoplash uchun zarur bo’lgan pulni topish uchun kunlarimizni pulga almashtirmaslik. Qo’pol qilib aytganda pul topish uchun ishlamasak ham ehtiyojlarimizni qoplash uchun yetarli pul kelib turishi. Bunda tekinxo’r bo’lmaslik muhim, jamiyatga foydali bo’lish muhim, halol bo’lish eng muhimi.

Moliyaviy erkinlikka qanday erishish mumkin? Turli usullar haqida o’qish mumkin. Menimcha jamlangan holatda tushunishga eng oson ta’rifni Naval Ravikant bergan. Unga ko’ra:

1) Ehtiyojlarni nolga tushirish. Kiyimga, ovqatga, boshpanaga ehtiyoj bo’lmasligi. Rohib bo’lish misol uchun. Qandaydir ziyoratgohga borib o’sha yerda kun kechirish. Tushgan hayriyalar hisobiga yashash.

2) Qandaydir biznesga egalik qilish. Siz tunda uxlaganingizda ham pul keltiradigan qandaydir biznesga egalik qilish. Bunga eng oddiy misol ijaraga uy berish. Yoki biror biznesga investitsiya qilish va bundan daromad olish. Ya’ni siz vaqtingizni bermasangiz ham pul topa olishingiz.

3) O’zingiz sevadigan mashg’ulot bilan band bo’lish. Sizga pul to’lashmasa ham qilishga tayyor bo’lgan ish bilan band bo’lishingiz. Shunday bo’lsinki sizda ishlayabman degan fikr bo’lmasligi.

Bulardan 1 va 3 qiyinlari hisonblanadi. Birinchi usul variant emas. Uchinchi usulga erishish uchun odam o’zi qiziqqan turli sohalarda biror natijaga erishishga ko’p martalab urinib ko’rishi kerak. O’zi sevgan narsasini topishi uchun o’nlab, kerak bo’lsa yuz martalab mag’lubiyatga uchrashga tayyor bo’lishi kerak. Oila va jamiyat ma’suliyati bo’ynida turgan odam uchun bu har doim ham to’g’ri variant bo’la olmaydi.

Shuning uchun yuqoridagilardan ikkinchi tanlov, ya’ni biznesga egalik qilish, eng ”osoni” hisoblanadi. Qiyin qismi shuki biznesga egalik qilish uchun kapitalga egalik qilish zarur. Kapital = pul deb tushuniladi. Men o’zimcha kapitalni qattiq va yumshoq turlari bor deb tushunaman. Qattiq kapital bu ushlab ko’rish mumkin bo’lgan moddiy resurs. Misol uchun pul, oltin, qandaydir bino, mashina va hok. Yumshoq kapital esa bu bilim, ko’nikma, tanish-bilish va hurmat. Yumshoq kapitalni qattiq kapitalga aylantirish oson.

Bu postni shu joygacha o’qiganlarni aksariyat qismi yumshoq kapital orttirishga intilayotganlar hisoblanadi.

Bugungi kunda erishish eng oson bo’lgan yumshoq kapital bu bilim va ko’nikmalar. Deyarli barcha turdagi bilim va ko’nikmalarni tekinga olish mumkin. Bilim va ko’nikmani jamiyat muammosiga yechim topishda ishlatilsa, jamiyat unga yarasha haq to’laydi. Ya’ni yumshoq kapital qattiq kapitalga, ya’ni pulga aylanadi. O’sha pulni qandaydir biznesga investitsiya qilish orqali moliyaviy erkinlikka erishish mumkin. Bunda ”tejash foizi” degan tushuncha markaziy omil hisoblanadi. Bu haqida keyinroq…

Bek Olimjon
11.03.23
Norvegiya
Diqqat kuchi

Bugun oilam mehmonga ketishgan edi. O’zim 5 soat davomida uyda yolg’iz qoldim. Shu vaqt davomida anchadan beri reja qilgan ishni uddasidan chiqdim. Buxgalteriyani o’rganmoqchi bo’lib yurgan edim.

Besh soatni dastlabki uch soati mobaynida buxgalteriya asoslari bo’yicha norveg tilidagi online qo’llanmalarni o’qib chiqdim.

Videolar ham bor, lekin ular ko’p vaqt oladi. Biror bilim olishda men uchun o’qish eshitishdan ham, video ko’rishdan ham tezroq. O’qish orqali tezroq o’rganaman.

Ohirgi ikki soat ichida bitta buxgalteriya dasturini o’rnatib, firmani ro’yhatdan o’tkazib, bank bilan integratsiya qilib, ohirgi 4 oylik oldi-sotdilarni kirgizib, fakturalarni to’g’rilab, balansni bugungi kunga to’g’rilab qo’ydim. Yelkadan bitta yuk tushgandek bo’ldi.

Bu ko’nikmani o’rganganim, uddasidan chiqqanimdan o’zimdan hursand bo’ldim. O’zimga bo’lgan ishonchim 2 cm ga oshdi 😁

Aslida bu ishni birorta buxgalterga berib qildirsam ham bo’lar edi, lekin men uchun buxgalteriyani yaxshiroq o’rganish juda muhim.

Norvegiya soliq tizimini yanada yaxshiroq bilishim muhim. Shuning uchun ham o’rgandim. Endi buxgalteriyani o’zim olib boraman. Natijada yiliga 1,5-2 ming dollar tejayman 😁 Eng qizig’i men bu bilim va ko’nikmani pulga sotishim ham mumkin zaruriyat bo’lsa. Ehtiyoj katta kichik bizneslar buxgalteriyasiga. Kichik biznes egalari, yakka tartibdagi tadbirkorlarga litsenziyali buxgalter yoki buxgalterlik firmalari qimmatlik qiladi. Shuning uchun buxgalteriyani tushunadigan, ammo o’z kasbi buxgalter bo’lmagan odamga qildirishi mumkin.

Shu o’rinda aytishim shart, o’quvchida besh soatda olingan bilim bilan pul topish mumkin ekan degan noto’g’ri xulosa paydo bo’lmasligi kerak. 5 soatlik bilim avval mavjud bo’lgan umumiy bilim va ko’nikmalar ustiga qurildi.

5 soat shimni qo’yib diqqat bilan o’rganish, 2 piyola kofe, tinch va hotirjamlikda bilim olish kuchini ko’pchilik tushunmaydi afsuski.
Tejash foizi haqida

Bir oyda topiladigan pul - bir oydagi harajat = tejalgan pul

Buni tushunish nega muhim?

Har qanday 18 yoshdan oshgan inson mustaqil fikrlovchi, o’z hayoti, oilasi va kelajagiga mas’ul shaxs sifatida buni tushunishi muhim. Aynan shu tushuncha ortida butun kelajak farovonligi yotadi. Oila va farzandlar ta’minoti, o’zining ruhiy hotirjamligi mana shu tushunchaga bog’liq.

Moliyaviy erkinlikka erishmoqchi bo’lgan har qanday inson o’zlashtirishi kerak bo’lgan eng fundamental tushuncha hisoblanadi.

Nima o’zi u va moliyaviy erkinlikka qanday aloqasi bor?

O’ta oddiy til bilan tushuntirilganda har oy oxirida qo’lga tegayotgan oylik bor. Aytaylik 100 so’m. Bir oydagi harajatlar miqdori 90 so’mni tashkil etadi. Natijada 10 so’m farq qilyapti. Ana shu 10 so’mni biror maqsadda tejash odamda 10% tejash foizi bor ekanligini ko’rsatadi.

Aytishingiz mumkin, topganimiz yetmaydi, narhlar qimmat, inflyatsiya baland va hokazo deb. Bu haqida keyin batafsilroq. Hozir maqsad nazariy jihatdan tejash foizi nima ekanligini tushunish.

Buni tushunishdan asosiy maqsad umrimizdagi soatlarni pulga sotmaslikka erishishga harakat qilish.

Yuqoridagi misoldan kelib chiqadigan bo’lsak, 10% tejash foiziga ega inson 9 oy ishlashi va shu vaqt mobaynida har oyda 10 so’mdan tejab borsa 1 oy ishlamasligi mumkin. Chunki 9 oy davomida 90 so’m pul tejay oldi. Endi ana shu tejash foizi 10% emas, 20% bo’lsachi? 4 oy ishlagandan so’ng 1 oy ishlamasligi mumkin. Endi bu ko’rsatkich 50% bo’lsachi, 1 oy ishlab, keyingi oy ishlamasligi mumkin. Yoki 6 oy ishlab, 6 oy ishlamasligi mumkin.

Agarda meni tejash foizim 75% bo’lsa, bir yil ishlab, undan keyingi uch yil davomida pul uchun ishlamaslik imkoniyatini beradi. Bunda birinchi yildagi yashash tarzimni saqlab qolgan holda 3 yil davomida pul uchun ishlashim shart bo’lmaydi.

Raqamlarda tushuntirsak, aytaylik meni oilamdagi barcha harajatlar uchun bir oyda 1000$ sarflayman. Bir oydagi oyligim 4000$ teng. Men har oyda 3000$ tejayman va 1000$ ishlataman. Yil yakunida, 12 oydan so’ng, menda 36000$ (12x3000$) naqd pul bor. Endi bunga men 36 oy davomida yashashim mumkin.

Ishlamaslik deganda umrini pulga almashtirmaslik tushuniladi. Vaqtdan hohlagan maqsadida foydalanish tushuniladi.

Aytaylik men Java dasturlashni yoki mashina tuzatishni o’rganmoqchiman. Menda tejash foizi 0% ga teng bo’lsa buni imkoni yo’q. Chunki o’rganish uchun kunlarimni sarflasam oylik kamayadi va natijada minusga kiraman. Agar Java yoki mashina tuzatishni o’rganmoqchi bo’lsam oilamni boqish uchun kimdandir qarz olishimga to’g’ri keladi. Shunda oylik olmagan holda o’rganish uchun vaqt sarflashim mumkin.

Yuqorida aytganimdek bu nazariy tushuncha. Bu yerda inflyatsiyani, kutilmagan harajatlarni inobatga olish muhim. Bu haqida batafsilroq to’xtalishdan avval, bu postni o’qiyotganlar ko’pchiligi o’zi pul topmasligi va qarzga yashashini aytib o’tishimiz muhim. Ko’pchilik qarzga yashaydi. Kimnidir qaramog’ida. Kim uchundir boqimanda.

Kimnidir hisobidan yashash har doim ham salbiy qabul qilinmasligi kerak, ammo buni anglab yetish muhim. Kimnidir hisobidan yashash yoki o’zimiz topgan pulga yashash jamiyatdagi foydalilik darajamizni ko’rsatadi.

Shuning uchun tejash va tejash foizi haqidagi mavzulardan 2-3 qadam oldinroqqa qaytishimiz zarur. Qarzga yashash turlari haqida gaplashishimiz kerak. Bu haqida keyingi postlarda…

Bek Olimjon
12.03.23
Norvegiya
Harajatlar haqida

Avvalgi postga ko’ra bu post qarzga yashash haqida bo’lishi kerak edi. Qarzga yashash turlarini tushunish uchun avval harajatlar haqida yozish kerak ekanligini tushundim.

Har bir inson yashashi kerak. Yashashi uchun pul sarflashi kerak. Boshpana, ovqat, transport, kiyim, shaxsiy harajatlar, o’yin-kulgi va hok.

Mana shu narsalar uchun qancha sarflayotganimizni aniqlab olishimiz moliyaviy erkinlik tomon qo’yilgan eng birinchi qadam hisoblanadi. Aksariyat insonlar o’tgan oy nimaga qancha sarflaganini bilishmaydi. Sarf-harajatlarimiz ustidan nazoratimiz yo’q. Nazorat o’rnatish intizomni rivojlanishiga sabab bo’ladi. Intizom hayotda ko’o’o’p foydali.

Nimaga qancha sarflayotganimizni bilmasligimiz ortiqcha stresga, ko’ngil xiralashuviga, kimdandir qarz so’rashimizga yoki yanada ko’proq ishlashimizga sabab bo’ladi.

Harajatlarni eng katta kategoriyalarga bo’lishimiz mumkin: boshpana, ovqat, transport va shaxsiy harajatlar. Shaxsiy harajatlarga sartarosh, dori-darmon, choyxona va hokazolarni kiritish mumkin.

Har oyda qancha harajat qilishimizni bilishimiz muhim. Shunda har bir qilingan harajat so’m miqdori aniq bo’ladi. So’m miqdorini esa umr miqdoriga aylantirish mumkin. Ana shunda ayrim tanlovlarimiz qanchalik mantiqsiz ekanligini tushunib yetamiz. Bunda kundalik hayot uchun kerakli bo’lgan asosiy ehtiyojlardan (basic needs) tashqaridagi ehtiyojlar tushuniladi.

Menga sarflayotgan umrimni ahamiyati yo’q deydiganlar ham topiladi oramizda. Albatta achinarli holat. Bunday insonlar o’zgarishini butun dunyo hohlasa ham, o’zlari hohlamagunicha o’zgarisha olmaydi afsus.

Mantiqsiz tanlovga (harajatga) misol. O’zim boshimdan o’tkazgandan misol. Dars qilmoqchimiz. Dars qilish uchun negadir qandaydir kafeni tanlaymiz. Aytaylik qandaydir kitob kafeni. Boramiz, orqa fonda musiqa, odamlar g’ovir-g’uvuri, sekin internet, qimmat kofe va hok. Dars qilish samaradorligini oshirmaydigan omillarga to’la muhit. Biror do’stimiz bilan borsak, dars qilish qolib laqillashga tushib ketamiz. Natijada oldimizga qo’yilgan maqsadga erisha olmaymiz.

Agar men bir oyda topadigan oylik maoshim 500$ga teng bo’lsa, haftasiga 6 kun 8 soatdan ishlasam, bir oyda 4 hafta bor desak, bir oyda 192 soat ishlayman. 500$ topish uchun 192 soat umrimni sarflayapman. Bir soat umrimni 2,6$ ga almashyapman. Xulosa qilsak bir soat umrimga 2,6 piyola (finjon) kofe berar ekan. Shunchaki hisob-kitob xolos. Hammani o’z raqamlari bor.

Aytish mumkin, agar shu sal kam uch finjon qahva bir soatlik umrimni sarflashimga arziydi, shu narsa meni hayot sifatimni baholaydi desak va haqiqatdan ham shunday bo’lsa, unda muammo yo’q. Muhimi o’zimizni aldamaslik.

Muhimi nimaga qancha harajat qilayotganimizni aniqlab olishimiz. Shuning uchun bir oy davomidagi harajatlarni turli kategoriyalarga bo’lgan holda yozib borish muhim. (Men bir necha yillardan beri buni qilib boraman)

Harajatlarni yozib borishni o’rgangandan keyin tejash va investitsiya haqida gapirish mumkin.

Bu postlarni o’qiyotgan ko’pchilikda pul yo’q, bor puli ham yetmaydi. Ammo ularda undanda muhimroq va qimmatroq resurs bor. Bu vaqt. Vaqtni pulga aylantirish mumkin. Bu haqida ko’p yozishgan. Men ham yozaman.

Bek Olimjon
14.03.2023
Norvegiya
Ingliz tilini endi boshlaganimda bir do’stim ”Sen Londonga borarmiding, ingliz tili o’rganyapsan?” deb hazillashgan edi.

Biz har bir kunimizni hayotimizdagi muammolarga yechim topish harakatida o’tkazamiz.

Tirikchilik muammosini yechish uchun pulga ishlaymiz. Kelajakdagi moliyaviy muammolarni oldini olish uchun institutga o’qishga kiramiz.

Ohirat muammolarini oldini olish uchun tavba qilamiz (agar ulgurib qolsak).

Boshliqqa yomon ko’rinib qolish muammosidan qochib ishga ertaroq boramiz, ishdan esa boshliq uyiga ketgandan keyin ketamiz.

Men bir narsaga qattiq ishonaman. Hayotimizdagi barcha muammolarimizga bilim orqali yechim topa olamiz. Bizga kerakli bilim tekinga yoki juda arzon narhga bor.

7 millyard odam ichidan chiqib, butun umrini bir sohaga sarflagan mutaxassis bilimlar to’planmasini (kitobini) 2 lagan oshga sarflaydigan pulga sotib olish mumkin.

Hozir bir kitob o’qiyapman. 700 sahifa atrofida. Muallif 15 yillik mehnat faoliyati xulosalarini 6 yil davomida umumlashtirgan xolda kitob qilgan. Narhi 109 ming so’m. Nechta tandir somsa beradi?

Ko’pchiligimizdagi katta muammo bunday tekin va arzon bilimlarni o’zbek tilida mavjud emasligida. Eng achinarlisi bunday bilimlar 99,9999% qismi o’zbek tiliga hech qachon tarjima qilinmaydi.

Bizda bilim olishga hohish bor. Savollarimiz ko’p. Muammoimiz esa savollarni o’zbek tilida berishimiz.

Biz bilgan bir nechta shaxslar bor. Biz ularni ”savollarimizga javob bera oladiganlar” deb hisoblaymiz. Ulardan savollar so’rayveramiz, so’rayveramiz. Ularda esa savollarga to’liq javob berishga yo vaqti yo’q, yo yetarlicha bilimi yo’q.

Kimlardir muammolarimizga tez yechim topa olishimizga yordam beraman deydi. 2 kun seminarimga qatnashsang pul topishni o’rgataman deydi. Bilmaymizki bizni maxsulot sifatida ishlatishayotganini. Eng mashhur investorlardan biri Warren Buffet bilimlari tekinga bor. Hohlagan odam saytidan o’rganishi mumkin.

Bilim olishdagi eng katta muammo yechimi - bu ingliz tilini o’rganish.

O’zbek tiliga hech qachon o’girilmaydigan manbalardan bilim olmoqchimisiz - ingliz tili o’rganing.

Tanqidiy fikrlashni yaxshi o’rganmoqchimisiz - ingliz tili o’rganing.

Yaxshi qarorlar qabul qilishni o’rganmoqchimisiz - ingliz tili o’rganing.

O’z sohangizda taniqli bo’lmoqchimisiz - ingliz tili o’rganing.

Olti oy davomida ingliz tilidagi kitobni o’qib bemalol tushunadigan bo’lasiz, suhbatda fikringizni hotirjam tushuntira oladigan bo’lasiz. Iloji yo’q demang. Buni isbotlaganlarni avvalgi postlarimda bir necha marta eslatib o’tganman. Ular ham oramizdagi odamlar. Guruhdoshimiz, tengdoshimiz.

Talabalik vaqtimizda har yili 2 oydan ko’p vaqtni paxtada o’tkazar edik.

Magistraturada o’qiganimda bir kursdoshim bor edi. Bir yil davomida 90 kunini Minecraft o’ynab o’tkazgan edi.

Sizning bir yilingiz necha kuni nima bilan o’tyapti? 6 oy vaqt ajratib til o’rganish muhim. Bilim olish muhim. Shunda butun hayotingiz o’zgaradi, kelajak o’zgaradi. Avlodlaringiz kelajagi o’zgaradi.

Do’stim aytganidek siz Londonga borarmidingiz. Aslida chetga chiqish muhim emas. Bilim olish muhim. Tilni bilim olish uchun o’rganing. Londonga ham borasiz, Nyu-Yorkga ham borasiz. Men misol.

Bek Olimjon
16.03.23
Norvegiya
Ko'pchilik yigitlar ovqat qilishni bilmayman deydi. Oilali erkaklar esa ovqat qilmasligidan maqtanib ham qo'yishadi.

Fikrimcha erkak kishi oilada ovqat qilishi kerak. Bolalari bilan rishtalarni bog'laydigan eng muhim ishlardan biri hisoblanadi. Bolalar katta bo’lganda dadamni oshini sog’indim deyishlari juda-juda muhim. Undan tashqari ovqat qilish oila ayolini hursand bo'lishiga sabab bo'ladigan muhim omillardan biri.

Erkak kishi ayolidan ko'ra shirinroq ovqat qilishi muhim. Har kuni emas, haftasiga bir marta, imkon topish qiyin bo’lsa ikki haftada bir marta. Ammo hamma kutadigan va maza qilib yeydigan qilib tayyorlashni bilishi kerak.

Bunga qanday qilib erishiladi?

Bruce Lee gapi bor ekan: "Men 10 000 xil tepish usulini mashq qilgan odamdan emas, bitta tepish usulini 10 000 marta mashq qilgan odamdan qo'rqaman".

O'zingiz va oilangiz yaxshi ko'radigan ovqatdan bittasini tanlaysiz. Aytaylik oshni hamma yaxshi ko'radi, mazza qilib yeydi.

Shuni zo'r qilinishi reseptini topasiz. Zo'r oshpazdan so'raysizmi, onadan so'raysizmi, internetdan topasizmi farqi yo'q. Muhimi topish. Shuni har hafta bir marta qaytaraverasiz. Har safar o’zingizni tanqid qilasiz, oiladan so’raysiz, bolalardan so’raysiz. Eng xolis fikr va sof tanqid bolalardan chiqadi.

Shirin ovqat qilish uchun qimmat massaliqlar bo'lishi shart emas.

Erkak kishi uchun rohat beradigan, o'ziga bo'lgan ishonchini oshiradigan holatlardan biri bu uni biror ishni ustasi bo'la olishi. O’sha ishni ustasi ekanligini boshqalardan eshitishi. Bu professional sohada ham, oiladagi munosabatlarda ham muhim. Bolalar ”ayam emas, dadam osh qilib bersin, dadam shirinroq qiladi” deyishi o’zi 1:0 😁

Bir dona ovqatni hammadan zo'r qilib tayyorlay olishga erishish oiladagi munosabatlarga anchagina ijobiy ta'siri bo'ladi.

Kuchli inson bu boshqalar qo’liga qarab qolmagan inson. Bu erkinlik degani. Erkak kishi erkin bo’lishga intilishi zarur.

Bek Olimjon
18.03.2023
Norvegiya
Ertaman ishga ketayotib bir do’stim bilan telefonda suhbatlashdim. U suhbat davomida omonatni aytib qo’yishi kerakligini aytdi.

Uni bir jiyani bor, tibbiyot Institutida o’qigan qiz. O’z kursdoshiga turmushga chiqqan. Ikkisi shifokorlik diplomini olganiga 1 yil bo’ldi shekilli.

Bundan tahminan 1 yilcha avval tog’asi orqali haligi qiz men bilan bog’langan edi. Turmush o’rtog’i bilan ingliz tili o’rganishayotgani haqida, lekin kelajak bir oz mavhum ekanligi haqida aytgan edi. Nima qilsak bo’ladi deb so’ragan edi. Keyin turmush o’rtog’i bilan ham telegramda yozishdim. Atigi bir marta. Qisqa. Ko’p savollar ham bermadi.

Unga ayni vaqtda eng optimal yo’l tutish bu nemis tilini o’rganishi va Germaniyada litsenziya olishga harakat qilishi mumkinligini aytgan edim. Rahmat aytdi, qayta bog’lanmadi. Meni yodimdan chiqdi.

Bugun tog’asi haligi er-xotin Germaniyaga ishga kirgani, viza olishgani va Ramazon ikkinchi haftasida Germaniyadagi R bilan boshlanadigan qaysidir shaharga ketishayotganini aytdi.

Endi bu yigit va qizni kelajagi tubdan o’zgaradi, avlodlari esa ular oilasiyu qarindoshlarida hech qachon bo’lmagan sharoitlarga ega bo’ladi.

Diqqat qilgan, intizom bilan harakat qiladigan maqsadli insonlar ko’paysin.

Bek Olimjon
Live stream scheduled for
Live stream started
Live stream finished (2 hours)
Tanqid qilish kerak, lekin qanday qilib…

Tanqidning qanday afzalliklari bor?

Boshqalarni bizni tanqid qilishlari sabab biz rivojlanamiz. Tanqid fikrlarimizni biz ko’rmagan, inobatga olmagan tomonlarini ko’rishimizga yordam beradi. Tanqid beruvchini ham, oluvchini ham fikrlashga majburlaydi. Tanqid sabab biz harakatni boshlaymiz.

Ammo tanqid nozik masala. Ayniqsa madaniyatimizda insonlar ko’nglini og’ritib qo’ymaslikka katta e’tibor beramiz. Shuning uchun ham haqiqatni aytishdan ko’ra inson ko’nglini og’ritmaslikni afzal ko’ramiz. Madaniyatimizda bizdan yuqori avtoritetni har qanday holatda ham hurmat qilish o’rgatilgani uchun, biz ularni hech qachon tanqid qilmaymiz. Natijada uni o’rganmaymiz.

Tanqid qilayotganda nimalarga e’tibor berish muhim. Ko’p jihatlari bor, hozir esimga kelganlari quyidagilar:

0. Tanqid qilishdan avval birinchi inson o’ziga beradigan savoli ”maqsad nima o’zi bu yerda?”, ”tanqid qilishimdan maqsad nima?” Tanqiddan ko’zlangan maqsad kimnidir mot qilish, kimnidir ustidan g’alaba qozonish orqali o’zini statusini oshirish bo’lmasligi muhim. Tanqid oluvchini va beruvchini rivojlanishiga sabab bo’lsagina qilish lozim. ”Meni fikrim to’g’ri bo’lmaslik ehtimoli bor” degan nuqtai nazardan kelib chiqqan holda fikr yuritish muhim.

1. Tanqid har doim fikrga yoki vaziyatga nisbatan bo’lishi lozim. Shaxsga qaratilgan bo’lmasligi kerak. Agar shaxsga qaratilgan bo’lsa, unda oluvchi tomonda himoya mexanizmini birdaniga shakllanishiga sabab bo’ladi va orada nizo kelib chiqadi.

2. Tanqid qilishdan avval, fikr yoki vaziyatni ijobiy tomonlarini aytib o’tish zarur. Agar ijobiy tomoni bo’lmasa yaxshi gumonda bo’lgan holda ”balki siz mana bunday deb o’ylagandirsiz, boshqa tomondan mana bu jihatlari haqida nima deysiz?” kabi ohangda.

3. Tanqid beruvchi inson, tanqid oluvchi insonni xato ekanligini aytmasligi muhim. Kimdir biror fikrda yoki vaziyatda sizningcha ochiqchasiga xato bo’lsada, u insonga ”sen xato fikrlayapsan yoki noto’g’risan” deyish maqsadga olib bormaydi. Aksincha nizoga sabab bo’ladi. Undan ko’ra u inson fikrini ijobiy tomonini eslatib o’tgan holda, siz to’g’ri deb o’ylagan jihatni tavsiya etish mumkin.

4. Tanqid buyruq ohangida emas, taklif ogangida bo’lishi lozim.

5. Agar tanqid qilishda yetarlicha fikrlaringiz bo’lmasa, savol so’rash mumkin. Siz o’ylayotgan fikrlarni savol ko’rinishida berish mumkin. Misol uchun ”fikrlaringizni (ijobiy tomonlarini ko’rsatgan holda) mana qismlarini tushundim, lekin men tushunishga qiynalayotgan jihatlari mana bular. Shularga qanday fikrdasiz?

Tanqid komplementdan ko’ra afzalroq. Kompliment (iltifot) insonga qanchalik yoqmasin uni kuchsizlanishiga sabab bo’ladi. To’g’ri qilingan tanqid esa insonni yanada kuchliroq qiladi.

Tanqid eng yaxshisi o’z-o’zini tanqid qilish. Bunda ham yuqorida aytib o’tilgan 6 ta jihatlarni qo’llash juda muhim.

Ancha nazariy va mavhum fikrlar bo’ldi 😊 Qanday qilib yaxshilash mumkin, tanqid sizdan.

Bek Olimjon
25.03.23
Stockholm
Haftasiga 5 kun ishlar edim, endi 4 kun ishlamoqchiman

Yevropada oftalmolog bo’lib ishlashni boshlaganimdan beri haftasiga 5 kun ishlab 2 kun (shanba-yakshanba) dam oldim. 5 kun ish deyarli bir xil o’tadi. Ertalab soat 8 dan kechki 4 largacha bemor ko’riladi, odatda orada tanaffussiz. Har 15 yoki 20 minutda bitta bemor. Ishdan keyin uy, oila va bolalar uxlagandan keyin ilmiy izlanishdagi ishlar yoki o’z sohamdan tashqari bo’lgan ishlar, start-up yoki boshqa shaxsiy loyihalar bilan band bo’laman.

Eng kamida oxirgi 2 yilda shu yo’sinda ishlab kelyappan. Kunlar o’tishida bir xillik mavjud. Aslida bu juda salbiy emas, ammo o’z soham bo’yicha o’tirib 3-4 soatlab kitob, yangi maqolalar o’qish, soham bo’yicha rivojlanish kamayib bormoqda. Kundalik ishda duch keladigan deyarli barcha kasalliklarga diagnoz qo’yish va davolashda muammoga duch kelmasamda, bilimlarim eskirib qolayotganidan havotirga tushishni boshladim. Yangi bilimlarni olmay qo’yish bu rivojlanishdan to’xtash degani. Bu yaxshi emas.

Shuning uchun men endi haftasiga 5 kun emas 4 kun ishlashga qaror qildim va iyun oyidan boshlab shuni amalda qo’llab ko’rmoqchiman (aprel va may uchun bemorlar yozilib bo’lgan).

Bu nima beradi?

O’ylashga, kitob o’qishga, o’rganishga, rivojlanishga, oila bilan ko’proq vaqt ajratishga, sport bilan shug’ullanishga, sohamdan tashqari ishlar bilan shug’ullanishga, yozishimga, ijtimoiy aloqalarimni mustahkamlashga va boshqa har qanday o’zim hohlagan ishlarni qilishga imkoniyat yaratadi.

Haftasiga ishlashni 100% (40 soat ish) dan 80% (32 soat) tushirish moliyaviy jihatdan qanday ta’sir qiladi, daromad kamayishiga sabab bo’ladiku deyish mumkin. Ha, qisqa muddatda shunday bo’ladi, lekin uzoq muddatli investitsiya sifatida unday bo’lmaydi. Uzoq muddatda 32 soatlik ishim qadrini 40 soatlik ishimdan ko’ra yuqoriroq baholanishiga sabab bo’ladi. Oxir-oqibat haftasiga 4 kun ishlab 5 kun ishlagandan ko’ra ko’proq pul topa olaman.

Eng yaxshi marketing bu boshqalar tutmayotgan yo’lni tutish. Sohamda boshqalar tutayotgan yo’l haftasiga 5 kun ishlash. Bunda professional rivojlanish uchun vaqt qoldirmaslik ehtimolini oshiradi. O’qishga, o’rganishga vaqt qolmaydi. Boshqalar shunday qilayotgan vaqtda men haftasiga 4 kun ishlab, to’liq bir kunni rivojlanish uchun sarflayman. Natijada ko’proq manfaat taklif eta olaman. Bir mashhur faylasuf investor aytgan edi: ”Agar kuniga 1 soat vaqtingni ilmiy izlanish, matematika va falsafa bo’yicha kitob o’qishga sarflasang va buni hayotda qo’llay olsang, sen 7 yil davomida muvaffaqiyatlilar yuqori qatlamidan joy olishing tabiiy” deb.

Haftasiga 5 kun emas 4 kun ishlash moliyaviy erkinlik yo’lidagi muhim qadamlardan biri.

Inson karyerasini hayot mazmuniga aylanib qolishidan ehtiyot bo’lishi kerak.

Bek Olimjon
26.03.23
Norvegiya
Ustozlarni tanqid qilish kerak

Ustoz deb tanilgan odamlar o’z ishi bilan ko’proq band bo’ladi. Faoliyati bir xil tusga aylanib qoladi. Komfort zonada, boshqalar e’zozida, monoton hayot kechirishni boshlaydi.

Bu holat ayniqsa tibbiyotda ko’p uchraydi. Bir shifokor o’z sohasini o’sha paytdagi yaxshi mutaxassisi bo’ladi. Mijozlari ko’payadi. Atrofiga bilim chanqog’i yuqorilar to’planishni boshlaydi. Uni ustoz deya e’zozlashni boshlashadi.

U shifokor komfort zonaga o’zi bilmagan holda moslashib qoladi. Avvalgidek bilimga chanqoq emas u endi. Har kuni ko’p uchraydigan kasalliklar bilangina ishlaydi. Kam uchraydigan kasallik turlari yodidan chiqadi. Yangicha davolashdan ko’ra o’zi o’rgangan davo usullarini qo’llashni afzal ko’ra boshlaydi. Bemor ko’rishni kitob o’qishdan ustun qo’yadi. Chunki har bir bemor moliyaviy stimul beradi.

Oradan yillar o’tadi. Bilimlar eskiradi. Atrofdagilar esa uni ustoz deya e’zozlashda davom etishadi.

Ustozlarni tanqid qilish kerak. Ular qarorlariga tanqidiy yondashish zarur. Tanqid bu hurmatsizlik emas. Agar tanqid qilish uchun fikr yetarli bo’lmasa, savol berish kerak.

Shogirdni eng katta xatosi o’z ustozini hamma narsani biladi deb hisoblashi. Ustozim qilganini qilaman deya tanqidiy yondashuvni chetga surib qo’yishi. Ustoz deya tan oladigan aksar insonlarimiz bilimlari eskirgan. Buni yodda tutish muhim.

Ustozlarni tanqid qilish ularni komfort zonadan chiqishiga turtki bo’lishi mumkin. Shu bilan birga sizga ketga tepki bo’lishi ehtimoli yo’q emas 😁 Shunday bo’lsada harakat qilib ko’rishga arziydigan risk. Indamay turishdan ko’ra biror foydali narsani o’rganishga imkon beradi.

Professional va havaskor orasidagi farqlarni o’qiganimda quyidagi fikrlar bor edi.

Professional o’zini bilmasligini tushunib yetgan inson. Havaskor esa o’zini bilimli hisoblaydi.

Professional komfort zona havfini tushunib yetgan, havaskor esa uni himoya qiladi.

Professional o’zidagi bor bilimni berishga intiladi, havaskor esa uni qizg’anadi.

Professional doim tanqid qidiradi, havaskor tanqidni yomon ko’radi.

Agar sizning ustozingiz tanqidingizni yomon ko’rsa, siz professional ustoz topishingiz kerak.

Bek Olimjon
28.03.23
Norvegiya
2025/10/28 14:38:52
Back to Top
HTML Embed Code: