Telegram Web Link
Dala boshidagi uchrashuvlar — yuqori hosil poydevori

Jizzax viloyatidagi ishchi tashrifimni yakunlab, o‘rganish va tahlillarni Sirdaryo viloyatida davom ettirdim. Dastlabki manzil sifatida Xovos tumanidagi “Xovos samosidagi lochin” fermer xo‘jaligi dala maydoniga bordim.

20 gektarlik ushbu maydonda xorijiy “Xin Lu Zao-57” g‘o‘za navi 76 sxemada, yakkaqator usulida ekilgan. O‘z vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar tufayli g‘o‘zaning vegetativ rivojlanishi yaxshi baholanmoqda.

Dala ko‘rigi chog‘ida begona o‘tlar va o‘rgimchakkana zararkunandasiga qarshi kurashni kechiktirmasdan olib borish, shuningdek, 7–8 kun ichida g‘o‘zani sug‘orish zarurligini ta’kidladim. Bunda suvdan oqilona foydalanish va agrotexnik talablarni qat’iy bajarish lozim.

Fermerlar bilan muloqotda ishga ilmiy yondashuv, tajriba va mas’uliyat uyg‘unligi muhimligini qayd etdim. Paxtachilik kengashi a’zolari va olimlar bilan hamkorlikda ishlash bu borada muhim o‘rin tutadi.

Hosil — mehnat va bilim mahsuli. Texnologik tadbirlar o‘z vaqtida va to‘g‘ri bajarilsa, hosil ham, ishonch ham yuksak bo‘ladi.

Bu kabi uchrashuvlar esa muammolarga joyida yechim topish, ochiq muloqot uchun samarali maydon vazifasini o‘taydi.
Qishloq xo‘jaligi tajriba maydonlari – tizimli yondashuv mezoni

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida joylashgan Agroxizmatlar ko‘rsatish markazi (AKIS) Sirdaryo filiali faoliyati bilan tanishdim. Markaz atrofida tashkil etilgan tajriba maydonlarida bug‘doy, arpa, sabzavotlar, mevali daraxt ko‘chatlari, makkajo‘xori, soya va dukkakli ekinlarning istiqbolli gibrid navlari parvarish qilinmoqda.

26 gektar maydonda Xitoyning “Shinjon” tajribasi asosida xorijiy g‘o‘za navlari va mahalliy intensiv agrotexnologiyalar asosida ekilgan namunalar ko‘zdan kechirildi. Ushbu navlar sho‘rlanish, harorat o‘zgarishi va boshqa agrobiotik stresslarga chidamlilik bo‘yicha sinovdan o‘tkazilmoqda.

Tajriba maydonlari oddiy hosil olish joyi emas, balki fermerlar uchun ochiq darsxona, ilmiy yondashuvlar asosidagi qarorlar qabul qilishga yordam beruvchi platforma bo‘lishi kerak. Shu bois, bu yerda amalga oshirilgan har bir ishni mutaxassislar bilan birgalikda tahlil qilish zarur.

Tashrif davomida ayrim agrotexnik tadbirlar kechiktirilgani bois paxta o‘sish sur’atining sust kechayotgani aniqlandi. Muammoni bartaraf etish uchun mas’ullar safarbar qilinadi. Dala chetlariga boshqa istiqbolli ekinlarni joylashtirish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Markazda kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, shuningdek, 5 ta maxsus laboratoriya tashkil etish va ularni ilg‘or uskunalar bilan jihozlash ko‘zda tutilgan. Ilmiy-tadqiqot muassasalarining ishlanmalari aynan shu markaz orqali amaliyotga tatbiq etilishi kerak. Bu esa fermerlar bilim va ko‘nikmasini oshirishda muhim omil bo‘ladi.
2025/06/30 16:30:38
Back to Top
HTML Embed Code: