Telegram Web Link
Ilmga asoslangan bog‘dorchilik – eksport va ichki bozor barqarorligi

Parkent tumanidagi “Meridian Tempo” MCHJga qarashli zamonaviy bog‘ bilan tanishdim. Bu loyiha – hozirgi zamon talabiga javob beradigan, namunali bog‘dorchilik tizimidir.

Bog‘ 56 gektar maydonni egallagan. 32 gektar gilos, 10 gektar olma, 10 gektar nok, 4 gektar malinadan iborat. Mevali daraxtlar o‘z-o‘zini changlatadi. Bu esa hosildorlikni keskin oshiradi.

Barcha ko‘chatlar Fransiyadan olib kelingan. Bog‘da to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Suv quyosh panellari bilan ishlaydigan nasoslar yordamida havzaga yig‘iladi. Tabiiy nishablik orqali bog‘ga yetkaziladi. Bu energiyani tejaydi, xarajatni kamaytiradi.

Bog‘dagi gilos to‘liq eksportga chiqarilmoqda. Olma va malina esa ichki bozorga yo‘naltirilgan. Bu mahsulotlar importni kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Yana bir muhim jihat — bu yerda tajriba maydoni bor. Har bir ko‘chat avval sinovdan o‘tkaziladi. Sharoitga mosligi o‘rganiladi. Bu bog‘ – faqat xo‘jalik emas, ilmiy markazga aylangan.

Tadbirkor yaqin orada 500 gektar yangi bog‘ barpo etishni rejalashtirmoqda.

Bu kabi loyihalar – biz uchun yutuq, tajriba va kelajak yo‘lidir. Ilmga tayanib ish yuritish – raqobatbardoshlik kalitidir. Bunday bog‘lar soni ko‘payishi kerak.
Agrar sohadagi strategik hamkorlik yangi bosqichda

Bugun Bangladesh Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Monirul Muhammad Islom bilan uchrashdim. Muloqotimiz do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi mavjud agrar hamkorlik har tomonlama tahlil qilinib, kelajakdagi istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdik.

Xususan, sholichilik va baliqchilik sohalarida tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar muhokama qilindi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari import-eksporti, agrar ta’lim tizimidagi o‘zaro hamkorlik, o‘quv dasturlari, stajirovka va malaka oshirish yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi.

Bu yo‘nalishlardagi hamkorligimizni mustahkamlash, nafaqat iqtisodiy, balki ilmiy-tadqiqot va kadrlar tayyorlash sohalaridagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonaman.

Elchi janoblari Monirul Muhammad Islom O‘zbekistonning agrar sohadagi ilg‘or tajribasiga katta qiziqish bildirgani va yaqin kelajakda Bangladeshdan agrar mutaxassislar delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurishini ma’lum qildi. Bu tashabbus o‘zaro bilim va tajriba almashish uchun muhim zamin yaratadi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama takliflarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, amaliy natijalarga erishish maqsadida hamkorlik memorandumi loyihasini ishlab chiqish hamda shu asosda ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishuvga erishdik.

Ishonchim komilki, O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi agrar sohadagi aloqalar yaqin kelajakda yanada chuqurlashib, har ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qiladi.
Paxta va g‘alla urug‘chiligi rivoji – mo‘l hosilning kafolati

Bugun paxta va g‘alla ekinlari uchun yuqori sifatli urug‘lik doni zaxirasini yaratish, ushbu yo‘nalishni tizimli rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va zamonaviy ilmiy-amaliy yondashuvlarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o'tkazdim.

Mazkur yig‘ilishda ichki ehtiyojni to‘liq qondira oladigan, kasalliklarga chidamli va iqlim sharoitlariga mos yuqori hosildor navlarni yaratish, ularni hududlar kesimida joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab oldik.

Shuningdek, fermer xo‘jaliklari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ularning moliyaviy muammolarini bartaraf etish, urug‘chilik markazlari bilan birgalikda mavsumiy ishlarni jadallashtirish hamda tizimda uzviylikni ta’minlash zarurligini ta’kidladim.

Ta’kidlash joizki, yuqori va sifatli hosil – eng avvalo, sertifikatsiyalangan, yuqori sifatli urug‘lik materiallari bilan barqaror ta’minotga bog‘liq. Shu bois, mazkur yo‘nalishda xorijiy ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, ilmiy yutuqlarga asoslangan seleksiya ishlarini kengaytirish bo‘yicha qat’iy vazifalar qo‘yildi.

Yig‘ilish yakunida paxta va g‘alla urug‘chiligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, urug‘ yetishtiruvchi tashkilotlarni zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlash, ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdim.

Ishonchim komilki, urug‘chilik tizimini zamon talablari asosida isloh qilish orqali agrar sohadagi natijadorlik va hosildorlikni oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida muhim poydevor yaratiladi.
2025/06/29 19:01:58
Back to Top
HTML Embed Code: