Telegram Web Link
Hosildorlik, samaradorlik va rag‘bat — barqaror natijaning kafolati

Chinoz tumanidagi tashrifim doriasida “Sherzod To‘raqul” fermer xo‘jaligi dala maydonini ko‘zdan kechirdim.

Xo‘jalik 105 gektar maydonni egallagan bo‘lib, bu yerda yuqori hosildorlik va iqlim sharoitlariga moslashuvchanligi bilan ajralib turadigan “Grom Elita” bug‘doy navi ekilgan.

Bugungi kunda dalada o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in davom etmoqda. Rejaga ko‘ra, har bir gektardan 95 sentner hosil olinishi belgilangan. Zamonaviy texnika va ilg‘or mexanizatsiya vositalari jalb qilinganligi bois, mehnatkashlarimiz belgilangan reja ko‘rsatkichlarini muddatidan avval bajarmoqda.

Bu natijalarda mexanizatorlarimizning fidokorona mehnati katta o‘rin tutadi. Shu sababli, o‘rim-yig‘im jarayonlarida eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan mexanizatorlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bundan tashqari, xo‘jalik rahbariyati tashabbusi bilan har bir ishchi rejalashtirilgan ko‘rsatkichdan yuqori natijaga erishsa, ular uchun maxsus pul mukofoti joriy etilgan. Bu esa joylarda raqobatbardoshlik, samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Tashrif davomida yondosh hududdagi “O‘rinboy Xoji” fermer xo‘jaligi dala maydonida ham bo‘ldim.

Bu yer 32 gektar maydondan iborat bo‘lib, unda Xitoy seleksiyasiga mansub, yuqori hosildorlik va qurg‘oqchilikka chidamliligi bilan mashhur bo‘lgan “Xin Lu Zao-78” bug‘doy navi ekilgan.

Mazkur nav o‘zining mo‘tadil vegetatsiya davri bilan fermerlarimiz orasida keng e’tirof etilgan. Bu yerda ekin yakka qator tizimida, 76 sxemali oddiy usulda joylashtirilgan.

Dalani ko‘zdan kechirar ekanman, ekinning sog‘lom o‘sishini ta’minlash, yuqori hosildorlikka erishish uchun agrotexnik tadbirlarni aniq muddatlarda bajarish, zararkunandalarga qarshi kurashish, o‘g‘itlash ishlarini ilmiy asosda olib borish, shuningdek, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdim.

Ishonchim komilki, ilmiy yondashuv, zamonaviy texnologiyalar va samarali boshqaruv orqali biz barqaror va yuqori hosildorlikka erishamiz.
Chorvachilikni rivojlantirish — oilaning farovonligi va oziq-ovqat xavfsizligining kafolatidir

Toshkent viloyatidagi safarim yakunida Chinoz tumanidagi “Yulduz” fermer xo‘jaligiga tashrif buyurib, u yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdim.

Mazkur xo‘jalik 10 gektar maydonni egallagan bo‘lib, bu yerda 1980 bosh zotli qoramol, jumladan, “Golshtin” va “Estonskiy Krasniy” zotlari parvarish qilinmoqda. Ularning 650 boshi aynan sut yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan.

Hozirgi yoz mavsumida har bir sog‘in sigirdan kunlik 23-25 litr sut olinmoqda. Albatta, kuz-qish mavsumida bu ko‘rsatkichni 28-30 litrgacha yetkazish rejalashtirilgan.

Xo‘jalik rahbarlari bilan suhbat chog‘ida mahsuldorlik va zot sifatini oshirish uchun sun’iy urug‘lantirish texnologiyasining keng joriy etilgani meni quvontirdi. Bu, albatta, zamonaviy chorvachilikda samaradorlikni oshirishning asosiy vositalaridan biri hisoblanadi.

Biz bugun ishlab chiqarilayotgan har bir mahsulot — go‘sht, sut yoki boshqa chorvachilik mahsulotlari — import o‘rnini bosishi, aholi dasturxonini to‘ldirishi va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlashi kerak.

Ayniqsa, qishloq joylarida chorvachilikni rivojlantirish orqali minglab fuqarolarimiz uchun barqaror ish o‘rinlari va doimiy daromad manbasi yaratishimiz mumkin.

Shu bois, men chorvachilik sohasida ilg‘or tajribalarni keng joriy etish, chorva mollarini ilmiy asoslangan ratsion asosida to‘g‘ri oziqlantirish, zamonaviy yem bazasini shakllantirish hamda mahsuldorlikka ta’sir qiluvchi omillarni chuqur o‘rganish zarurligini ta’kidlab o‘tdim.

Axir, chorva — bu oila barakasi. Hovlisida sog‘in sigiri bor har bir xonadonning dasturxoni to‘kin, daromadi esa barqaror bo‘ladi.

Shu maqsadda biz barcha choralarni ko‘ramiz va chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish uchun qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz.
Agrar sohada texnika ta’minotini kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi

Bugun mamlakatimiz agrar sohasini jadal rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi texnika ta’minotini zamon talablari darajasiga olib chiqish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazdim.

Yig‘ilish davomida mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi texnik bazasini zamonaviylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ustuvor vazifalarni atroflicha muhokama qildik.

So‘nggi yillarda fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomonidan zamonaviy, resurs tejovchi texnika va agregatlarning xarid qilinishi hisobiga texnika parki sezilarli darajada yangilanmoqda.

Bu holat ekin maydonlarini tayyorlash, urug‘ sepish, parvarishlash va hosilni yig‘ib-terib olish jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Aynan shu islohotlar tufayli agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va yuqori sifatda bajarish imkoniyatlari ancha kengaydi.

Biroq, ayrim hududlarda hali ham texnika vositalari ta’minoti yetarli emasligi, mavjud texnikalarning eskirgani sababli mexanizatsiyalash darajasi kutilgan natijalarga to‘liq erishishga imkon bermayotgani aniq ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan soha mutasaddilariga belgilangan rejalarni sifatli bajarish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, zamonaviy texnikani hududlarga yetkazish, eskirgan texnikani yangilash va ta’minot holatini doimiy tahlil qilish vazifasini yukladim.

Zero, bu yo‘nalishdagi ishlarimiz mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqadi, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga va xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
2025/07/07 18:45:30
Back to Top
HTML Embed Code: