Telegram Web Link
Qarshi tumanidagi bog‘cha va maktablarga majburiy tartibda bilet sotilmoqda

Qarshi tumanidagi bog‘cha va maktablarga majburiy tartibda bilet sotilmoqda
Qarshi tumanidagi maktab va bog‘chalarga 15 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan tumanning Mustaqillik bayramiga majburiy tartibda bilet sotilmoqda. Bu haqda «Daryo» muxbiriga ismi ochiqlansa ishdan bo‘shatilishidan qo‘rqqan murojaatchi ma’lum qildi.

Axborot manbaining xabar berishicha, Mustaqillik bayrami uchun sotilayotgan bilet narxi 12 000 so‘m. Ammo ba’zi bog‘chalar uchun bilet 12 500 so‘mdan sotilgan.

Biletdan anglashilishicha, konsertda «Qalpoq» kulgi jamoasining chiqishi kutilmoqda. Qalpoq hajviy guruhi ijodiy uchrashuvi hamda kulgi kechasi ekanligi yozilgan biletdan ma’lum bo‘lishicha, konsert biletlari tashkilotchisi «Abduvohid Salomat» oilaviy korxonasi.

Majburiy tartibda bilet sotilayotganligini tasdiqlagan bog‘cha tarbiyachilaridan birining aytishicha, bu biletlar nafaqat bog‘chalarga, balki maktab o‘qituvchilariga ham tarqatilmoqda. Bilet tarqatayotgan tashkilotchilar bu tuman hokimligi topshirig‘i ekanligini uqtirgan.

«Qalpoq» kulgi jamoasining konserti va ijodiy uchrashuvi deb yozilgan biletlarda konsert bo‘ladigan kun va soati yozilmagan. Ammo bilet narxi 12 000 so‘m ekanligi ko‘rsatilgan.

«Mustaqillik bayramiga poytaxtdan kelgan san’atkorlar shular ekan. Shuning uchun majburiy tartibda pul yig‘ishmoqda. Tuman byudjetida bitta konsertni o‘tkazishga yetadigan pul ham qolmadimi? Nega endi ha deb bog‘cha va maktablarga yopishishadi?», — deydi murojaatchi.

Tumandagi maktab o‘qituvchilariga ham majburiy tartibda bilet sotilayotganini tumandagi maktablarning birida ishlovchi direktor rad etdi. Direktorning aytishicha, maktablarda konsert uchun hech qanday bilet sotilmayapti. Maktab direktorlarining o‘zi ham tumanning mustaqillik bayrami 15 avgust kuni bo‘lishini bugun eshitgan.

Konsertga majburiy tartibda bilet sotilganligini tasdiqlagan yana bir suhbatdoshning aytishicha, bugun, 15 avgust kuni tumandagi barcha bog‘chalarda pul yig‘ish boshlangan. «Bitta bilet narxi bir kishiga og‘irlik qilsa, birgalishib to‘laymiz deyishib bog‘chadagi barcha ishchilardan 3–4 ming so‘mdan pul yig‘ilyapti», — deydi suhbatdosh.

Ismi ochiqlanishini istamagan bog‘cha mas’ullarining aytishicha, bog‘chalar uchun biletni tuman maktabgacha ta’lim bo‘limidan Nigora ismli xodim pullayapti.

👉@darak_uz
Abituriyentlar talabalikka tavsiya etilganligini qachon va qayerdan bilishi mumkin?

Abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha bo‘yicha ma’lumot test sinovlari yakunlangan kundan boshlab bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Talabalikka tavsiya qilinmagan abituriyentlar belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha to‘lov-kontrakt bo‘yicha o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

Belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha ravishda to‘lov-kontrakt bo‘yicha o‘qishga qabul qilish Oliy ta’lim muassasalarining takliflariga muvofiq, ularning imkoniyatlari, tanlov va to‘plangan ballar miqdoridan kelib chiqib, Davlat komissiyasi qarori asosida belgilanadi.

Qo‘shimcha qabulni amalga oshirish takliflari oliy ta’lim muassasalari tomonidan bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda 15 oktyabrga qadar Davlat komissiyasiga kiritiladi.

Davlat komissiyasi oliy ta’lim muassasalarining imkoniyati, tanlov va to‘plangan ballar miqdoridan kelib chiqib, oshirilgan to‘lov-kontrakt sharti bilan abituriyentlarni qo‘shimcha qabul qilish ko‘rsatkichlari yuzasidan 20 oktyabrga qadar qaror qabul qiladi.

👉@darak_uz
Toshkent viloyatning ikki shahrida hokim almashdi


Nurafshon shahar hokimi vazifasida ishlab kelgan Usmon Rahimov Olmaliq shahar hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Kecha Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi.

Shu paytga qadar Nurafshon shahar hokimi vazifasida ishlab kelgan Usmon Rahimov Olmaliq shahar hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Shuningdek, shu kunning oʻzida Xalq deputatlari Nurafshon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi ham boʻlib oʻtdi.

Nurafshon shahar hokimi vazifasida ishlab kelgan Usmon Rahimov boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

“Toshuyjoy LITI” aktsiyadorlik jamiyati bosh direktori lavozimida ishlab kelgan Qahramon Xakimov Nurafshon shahar hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

👉@darak_uz
Turkmanistonda ishdan bo'shatilgan prokurorlar o'zbekistonliklarga benzin sotish bilan shug'ullanarkan

Shu yil 7 avgust kuni Turkmaniston prezidenti Gurbangulы Berdыmuxamedov prokurorlar Baydjan Baydjanov va Toylыmыrat Yegenovlarni egallab turgan lavozimidan ozod etdi.

Masalan, Baydjanov Lebap viloyati Qo'ytentak etrap prokurori sifatida faoliyat yuritish jarayonida o'zi va yaqinlari nomiga beshta turar joyni noqonuniy tarzda rasmiylashtirgan. Turar joylar kommunal xo'jalik xizmatiga tegishli bo'lgan. Bundan tashqari, u etrap qishloq xo'jalik birlashmasi balansidagi uchta traktorni Bayramali shahrida yashovchi qarindoshlariga arzon narxda pullagan.

Lebap viloyati Davlatli etrap prokurori lavozimida ishlagan Yegenov esa ikkita uyni o'z nomiga qonunga zid ravishda rasmiylashtirgan. Yana Yegenovning ikkinchi xotini ham bor ekan. Bu xotini uchun Otamurot shahridan to'rt xonali kvartira sotib olgan.

Baydjanov va Yegenovlar hamkorlikda biznes ham qilishgan. Masalan, ularning o'rtada 380 ta qo'y-echkilari bo'lib, 200 tasi Baydjanov, 180 tasi Yegenovga tegishli ekan. Jonivorlarni boqish uchun to'rt nafar cho'pon ishga olingan. Ularning har biriga prokurorlar har oyda 1000 manatdan haq to'lagan. Ammo cho'ponlarga maoshni prokurorlarning o'zi to'lamagan. Baydjanov uchun Mahtumquli va Qo'ytentak qishloq xo'jalik birlashmalari, Yegenov uchun Dashrabot qishloq xo'jalik birlashmasi to'lagan.

Bu ham hammasi emas. Ikki prokuror birgalikda O'zbekistondan katta partiyada sigaret olib kelib xususiy do'konlarga sotish uchun tarqatishgan.

Tergovchilarni ularning yana bir ishi o'ziga tortdi. Ikki prokuror chegaralar yaqinligidan unumli foydalangan holda O'zbekistonga Turkman benzinini ham yirik partiyada sotisharkan. So'nggi uch oyning o'zida 280 tonna A92 benzinini o'zbekistonlik «mijoz»lariga pullashgan. Benzin esa Davlatli hamda Qo'ytentak etraplari limitidagi yoqilg'i ekan. Hozir huquqni muhofaza qilish tashkiloti xodimlari tergov harakatlarini davom ettirishmoqda.

👉@darak_uz
Yadro urushi sodir bo‘lsa, sayyoramizning holi ne kechadi?

Xudo ko‘rsatmasin, Yerda yadroviy urush boshlanib ketsa, oqibati nima bilan tugaydi? Olimlar ana shu savolga «Atmosfera iqlimiy modeli»ning zamonaviy 4D-talqini yordamida javob olishdi. Tadqiqot natijalari esa «Geofizik tadqiqotlar» jurnalida chop etildi.

Global yadroviy urush iqlimga qanday ta’sir ko‘rsatishini atmosfera hodisalari tabiati bo‘yicha mutaxassis Joshua Kup Rutgers universiteti (Nyu-Jersi)dagi hamkasblari bilan birga o‘rgandi.

Tajriba bosh mavzusi — AQSh va Rossiya o‘rtasidagi potensial nizo!

Tajribadan olingan xulosalar

Ikki mamlakatning o‘zaro yadroviy zarbalar almashishi oqibatida Yerda 10 yillik qish hukm suradi. Global havo harorati keskin pastlab, eng yuqori harorat Selsiy bo‘yicha +9 darajadan tepaga chiqmaydi.

Yadroviy nizo sayyoramizni zulmatga cho‘ktiradi, yuzaga kelgan yong‘inlar atmosferaga 147 million tonna qurum sochib, quyosh yuzini butunlay to‘sib qo‘yadi. Ana shu «qora parda»ni ochishning o‘ziga yetti yil, keltirgan oqibatlaridan tiklanishga yana uch yil ketadi.

Yadroviy urush musson mavsumlari hamda El-Nino siklini ham o‘qidan chiqarib yuborishi mumkin. Shimoliy qutbiy oqim kuchayib, vaqti kelib Arktika va Shimoliy Yevroosiyoda haroratni nul darajadan ham pastlatib yuboradi.

O‘z tadqiqotlari natijalarini izohlasharkan, olimlar shuni alohida ta’kidlashdi: to‘laqonli yadroviy hujum avvalo «tashabbuskor-mamlakatning o‘z joniga qasd qilishi»ga barobar. Shunday ekan, bunday muhim qarorlarni qabul qiluvchilar nizo qanday iqlimiy oqibatlarda namoyon bo‘lishini bilib qo‘yishsa yomon bo‘lmasdi.

E’tiborli jihati, olingan natijalar 2007-yili NASA xuddi shu mavzuda o‘tkazgan tadqiqot prognozlarini tasdiqladi.

👉@darak_uz
Gulnora Karimovaga yangi ayblovlar: tovlamachilik, talon-toroj, zo‘rlik...

Bosh prokuratura tomonidan G.Karimovaga nisbatan davlat mulkini talon-toroj qilish, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zid bitimlar tuzish hamda o‘zgalarning juda ko‘p miqdordagi mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga qarshi yangi jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida axborot berdi.

Jinoyat ishlari qo‘zg‘atilishiga «White and Case» xalqaro yuridik kompaniyasidan kelib tushgan ma’lumotlar va fuqarolarning arizalari asosida to‘plangan tekshirish hujjatlari asos bo‘lgan.

Aniqlanishicha, G.Karimova bir guruh shaxslar bilan til biriktirgan holda, «Quvasoysement» va «Bekobodsement» AJlarining davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalarini arzonlashtirilgan narxlarda sotib olgan.

G.Karimova qayd etilgan aksiyalarni chet el tadbirkorlariga sotgan hamda ularning noqonuniy faoliyatiga rahnamolik qilib, respublika manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.

Bundan tashqari, G.Karimova fuqarolar va turli kompaniya egalarini zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, ularning mulkini o‘ziga tegishli bo‘lgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgan.

Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tergov davom etmoqda.

👉@darak_uz
Mamlakatimiz umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili 4-sentyabrdan boshlanadi

Mamlakatimiz umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili 4-sentyabrdan boshlanadi
O‘zbekistonda umumta’lim maktablarida yangi 2019-2020-o‘quv yili 4-sentyabrdan boshlanadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi rasmiy saytida xabar berildi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-noyabrdagi “2019 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Mustaqillik bayrami munosabati bilan 31 avgustdan 3-sentyabrgacha dam olish kunlari deb belgilangan.

👉@darak_uz
Orolbo`yida bir kuz-qish mavsumida 42 yillik ish bajarildi

O`zbekiston Respublikasi O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasining ma`lum qilishicha, Orol dengizi qurishining xavfli ta`sirini kamaytirish, hududda ekologik barqarorlikni ta`minlash uchun 2018-2019-yil qish bahor mavsumida 500 ming gektarlik o`rmonzorlar vujudga keltirildi. 2021 va 2022-yillarda yana 700 ming gektar erga 100 milliondan ortiq saksovul ekiladi.

2018-2019-yil kuz-qish mavsumida 500 ming gektar maydonga muhofaza o`rmonzorlarini yaratish uchun daraxt o`tqazilgan. Bu Ayrim mutaxassislar ushbu ko`rsatkichni 42 yillik natija bilan taqqoslagan – o`tgan yillar davomida 400 ming gektar maydonga saksovul ekilgan.

Rejalarga ko`ra, ikki yilda 700 ming gektar er yashil hududga aylantirilishi mumkin. Shuningdek, o`rmon xo`jaliklari tomonidan 1,5 ming tonna saksovul, 300 tonna qandim, 150 tonna qoraburoq va 50 tonna cho`l ozuqa o`simliklari urug`ini to`plash, 100 million donadan ortiq saksovul ko`chati tayyorlash, 100 kilometr masofada qumni zichlash, shuningdek, cho`llanishga qarshi kurash bo`yicha xorijiy davlatlar tajribasini o`rganish va hamkorlik o`rnatish rejalanmoqda.

Ko`rilgan choralar natijasida Orolbo`yida ekologik holatni barqarorlashtirish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, bandlikni oshirish, chorvachilikni rivojlantirish mumkin bo`ladi.

👉@darak_uz
Endi sudya bo'lish uchun kamida 35 yosh talab etiladi!

Senatning 21-yalpi majlisida “Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonun ma'qullandi.

Qonun bilan 10 dan ortiq Qonunlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilmoqda.

Ularga ko'ra:

👉 sudyalik uchun 35 yosh bo'lish (amalda 30 yosh) talab etilmoqda;

👉 sudyalikka nomzodlar Sudyalar oliy maktabida o'qishi o'rtacha oylik ish haqi saqlanmagan holda (amalda saqlanmoqda) bo'lishi belgilanmoqda.

Xalq maslahatchilarining ham
35 yoshda bo'lishi (amalda 30 yosh) nazarda tutilmoqda.

❗️Eslatib o'tamiz, Qonun kuchga kirishi uchun Prezident tomonidan imzolanishi va belgilangan tartibda rasman e'lon qilinishi lozim.

👉 @darak_uz
“O‘zbekiston-24” telekanali ham ilk tashkil etilgan paytida o‘z so‘zini aytayotgan edi. Keyinchalik uning ham og‘ziga qulf urildi. Bu kanal shu darajada jimlikni saqlab berdiki, hattoki, bu “sharafli” xizmati uchun “Oltin qalam”ga munosib ko‘rildi!

Aslida televideniyeni xalq tomosha qilish kerak. Ammo bizda teskarisi — televideniye xalqni tomosha qiladi. Jamiyatdagi o‘zgarishlarni biz telejurnalistlar jimgina tomosha qilamiz, hayratlanamiz, nafratlanamiz, xursand yoki xafa bo‘lamiz. Ammo biron-bir so‘z aytishni xayolga ham keltirmaymiz. Go‘yoki, biz shu sohani tanlashda umrimiz oxirigacha sukut saqlash uchun qasamyod qilgandekmiz.

Rostdan ham, o‘tgan 15 yil ichida faqat “jannat”lardan xabarlarni tayyorlayverib, zimmamizdagi asl vazifani unutib qo‘ydik.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 13 ta telekanali tomoshabinlar auditoriyasini bus-butunligicha xususiy telekanallarga boy berdi. Endi esa media maydonini blogerlarga qo‘sh-qo‘llab topshiryapmiz.

“Vatanni jim turib sevish mumkin”, degan so‘zlarni eshitgandim. Hayotimizdagi so‘nggi o‘zgarishlardan angladimki, Vatanga jim turib xoinlik qilish ham mumkin ekan.

Vatanga jim turib xizmat qilib bo‘lmaydi.

Maqolaga oxirgi nuqtani qo‘yar ekanman, nima qilardim o‘zim ishlab turgan joyimga tosh otib, degan xayol nari ketgani yo‘q.

Rosti, 400 ming so‘m oylik uchun Vatanimga jimgina xoinlik qilishni istamayman. Aslida jurnalistlarning davlatdan maosh olib, jim o‘tirishi xiyonat emasmi?
👉 @darak_uz
Hokim o‘rinbosarini yoqib yuborgan yakkabog‘lik tadbirkor ozodlikka chiqdi

Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosarini ustiga benzin sepib yoqib yuborgan tadbirkor Bahriddin Isomov qayta sud-psixologiya ekspertizasi xulosasidan so‘ng kecha, 29 avgust kuni qamoqdan ozod etildi. Bu haqda tadbirkorning advokati Muzaffar Abidov ma’lum qildi.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Qarshi davlat universiteti psixologiya fakulteti olimlaridan iborat ekspertlar guruhi 24 avgust kuni B.Isomov to‘g‘risida «o‘sha xatti-harakatni sodir etgan vaqtida affekt holatida bo‘lgan» deb xulosa bergan. Ushbu xulosa asosida, Yakkabog‘ tumani prokurori sanksiyasi bilan ayblov Jinoyat kodeksining 97-moddasi («Qasddan odam o‘ldirish»)dan 98-modda («Kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish»)ga qayta malakalanib, ayblov yengillashgani munosabati bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi bekor qilingan.

Advokatning aytishicha, B.Isomov shu bilan uchinchi marta ruhiy ekspertiza qilingan. Avvalroq, jinoiy ish qo‘zg‘atilgach, u sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tkazish uchun Toshkentga jo‘natilgani haqida xabar qilingan edi. Respublika sud-ekspertiza markazida o‘tkazilgan sud-psixiatriya tekshiruvida, prosessual qonunchilikka asosan uning umumiy ruhiy ahvolini o‘rganilib, ijobiy xulosa berilgan. Shundan so‘ng ayblanuvchining jinoiy qilmishni sodir etish chog‘ida affekt holatida bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlashtirish maqsadida sud-psixologik ekspertiza tayinlangan.

Advokat M.Abidov ushbu ekspertiza masalaga yuzaki va bir tomonlama qarab, ayblanuvchining ruhiy ahvolini hisobga olmaganini aytadi.

– Psixolog mutaxassislar himoyamdagi shaxs bilan hatto biror marta suhbatlashmagan ham. Uning ayblanishiga sabab bo‘lgan xatti-harakatning sodir etilishidagi vaziyat, motivlar puxta o‘rganilmagan. Shunchaki, tergov materiallari nari-beri varaqlanib, «bu odam o‘z xatti-harakatlariga javob bera oladi», degan mazmunda xulosa tayyorlashgan!.. – deydi advokat.

Bundan xabar topgan Muzaffar Abidov viloyat prokuroriga iltimosnoma yozib, himoyasi ostidagi shaxsga qayta ekspertiza tayinlanishiga erishadi. Bu safar Qarshi universiteti psixolog olimlaridan tashkil topgan ekspertlar Isomovning ruhiyatini va tergov materiallarini sinchiklab o‘rganib chiqishgach, jamiyatda katta rezonans keltirib chiqargan «Yakkabog‘ voqeasi» asosiy ishtirokchilaridan bo‘lgan mahalliy tadbirkorning o‘sha vaqtda affekt, ya’ni kuchli ruhiy hayajonda bo‘lganini tasdiqlagan.

Ish qayta malakalanishi bilan birga tergov tugatilib, materiallar sudga taqdim qilingan.

Eslatib o‘tamiz, JKning 98-moddasida kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirganlik uchun 2 yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

– Nima deb o‘ylaysiz, Bahriddin Isomov qamaladimi? – so‘radik advokatdan.

– Sud jamiyatning voqeaga nisbatan reaksiyasini hisobga olib, yengilroq jazo tayinlaydi, deb umid qilaman. Qolaversa, o‘sha mashhur «snos» mojarolariga hukumat va prezident qanday munosabat bildirganini, keyin qanday o‘zgarishlar bo‘lganini yaxshi bilasiz. Bu yog‘ini ko‘ramiz.

👉@darak_uz
Repetitorlar soliq to‘lashi mumkin

Ta’lim to‘g‘risidagi qonun loyihasining yangi tahriri muhokamaga qo‘yildi. Unga ko‘ra, yakka tartibdagi pedagoglar (repetitor) soliq to‘laydi.

O‘zbekiston normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga ta’lim to‘g‘risidagi qonun loyihasining yangi tahriri muhokamaga qo‘yildi. Qonun loyihasining 27-moddasi yakka tartibdagi pedagogik faoliyat (repetitorlik) to‘g‘risida bo‘lib, unga ko‘ra, maxsus malakaga ega bo‘lgan shaxslar yakka tartibda pedagogik faoliyat (repetitorlik) bilan shug‘ullanishi mumkin.

Litsenziya talab etilmaydi, soliq to‘laydi
Yakka tartibda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga olgan daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etish orqali soliq to‘laydi.

Yakka tartibda pedagogik faoliyatni amalga oshirish uchun yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lish hamda litsenziya olish talab etilmaydi.

Shuningdek, repetitorlik bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxs pulli ta’lim xizmatni ko‘rsatishni boshlashdan oldin ta’lim oluvchilarga, ularning ota-onalariga (qonuniy vakillariga) o‘zining kasbiy ma’lumoti, umumiy pedagogik ish staji va individual pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.

👉@darak_uz
Ҳурматли амалдорлар!

Биламан мени жуда ёмон кўрасиз, лекин бир нарсага эътиборингизни қаратмоқчиман...

Хуллас, эътибор бердингизми йўқми билмадим, лекин халқ сизларга ишонмай қўйган. Ҳайрон бўлишингиз мумкин, аммо бу ҳақиқат.

Одатда фуқаролар биринчи навбатда прокуратура, портал, суд, ҳокимиятга мурожаат қилади. Кейин ҳаммасидан чарчаб шу интернетда фаол бўлган блогерлар-у ОАВлардан ёрдам сўрашади. Менга мурожаат қилганларнинг камида 50% "Прокуратура, порталга боринг" десам, "Уларга ишонч йўқ" дейишади. Бу жудаям аянчли ҳолат.

Ёки нима деб ўйлайсиз? Мен ҳар куни уйғониб муаммо қидириб юраманми? Ёки ўзимга ёқадими кўнгилочар саҳифада муаммоларни ёритиш? Ўзим ҳам чарчаб кеттим муаммолар кўплигидан, лекин сизлар уларни ҳал қилмаганингиздан кейин нима қилишим керак? Сизга ўхшаб теримни қалин қилиб, ҳеч нимани билмагандай ғўддайиб юриш қўлимдан келмаса... Ўргатинг!

Энг кулгилиси, негадир аксарият ҳолатларда интернетда чиқиши билан муаммо ҳал бўлади. Бухорода битта тадбиркор 10 ойдан бери ҳоким ҳузурига киролмаган экан. Ўзим ҳокимиятдагиларга алоқага чиқиб "Шундайми?" деб сўрадим. Ҳеч қаерга юклаганим ҳам йўқ.. Кейинги кунда ҳал қилиб берибдилар ишини шу тадбиркорни. Тарихий обидалар атрофи чиқиндихонага айланган жой ҳақида ёзгандим, ўша куннинг ўзида бирнечта юк мошиналар-у ишчилар келиб тозалаб кетишибди....

Шундай вазиятлардан кейин оддий халқ ҳокиму-амалдорларга ишонмай, шу блогерларга ишонадида... Кейин блогерлар-у ОАВлар ҳам ўзидан кетади шундай кучимиз бор экан деб.

Бухоро ҳақида қилган видеомурожаатимдан кейин менга Бухородан юзлаб одамлар ёзди. Тадбиркорлар, уй эгалари, футбол соҳаси, меҳмонхона индустрияси, таълим... хуллас бир йилга етадиган муаммолар тўпланиб қолган. Далил исботлари билан. Кўпчилиги прокуратурага, судга, порталларгача мурожаат қилди. Аммо ўзимни ишимдан ортмаяпман... Сизнинг вазифаларингиз билан шуғулланишга сал вақтим етмаяпти. Узр.

Хўш қачон бу мақтовлар остидаги тизим ишга тушади? Қачонгача амалдорлар ўз халқини, Президентини алдаш, кўзбўямачилик қилиш билан шуғулланади?

Ёки муаммони ҳал қилиш учун интернетда чиқишини кутиш керакми? Агар шуни кутаётган бўлсангиз, айтинг. Дақиқасига 10 та муаммони юклашимиз мумкин. Муаммоларни ҳал қилиб берасиз. Бўлмаган обрўларингиз тушиб кетгани қолади...

Шу олаётган унвонларингизга муносиб бўлинглар, барака топгурлар. Президент томонидан сизга берилган ишончни оқланглар!

Ҳақиқат билан,
Умид Гафуров.

Манба: @trolluz
Oʻzbekistonda o‘qituvchilarning darslari videotasvirga olinib, internetga joylashtirib boriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligida ilk bor eʼlon umumtaʼlim maktablari reyting natijalari videoselektor yigʻilishida muhokama qilingani haqida xabar bergan edik. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi rahbarlari hamda davlat inspeksiyasi va vazirlikning hududiy boshqarma boshliqlari, tuman va shahar xalq taʼlimi boʻlimlari mudirlari va maktab rahbarlari ishtirok etgan yigʻilishda umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan holatlar muhokama qilindi.

Xususan, Davlat inspeksiyasi rahbari Ulugʻbek Tashkenbayev xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha hududiy markazlar faoliyatini zamon talablari darajasida emasligiga toʻxtalar ekan, oʻqitish metodlari va pedagoglar malakasini oshirish uchun belgilangan muddatlar hozirgi tezkor davr talablariga javob bermasligini aytib oʻtdi.

Yigʻilishni boshqarib borgan Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan ushbu yoʻnalishda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish lozimligi taʼkidlanib, har bir fan boʻyicha eng ilgʻor oʻqituvchilarning darslarini mavzular kesimida videotasvirga olish va internet tarmogʻida joylashtirib borish uchun alohida tizim yaratish vazifasi topshirildi. Mazkur tizim orqali pedagoglar oʻzaro tajriba almashishlari, eng yaxshi darslar uchun ovoz berib borib imkoniyati yaratilishi va kelgusida ushbu tizimda eng koʻp ovoz yiqqan oʻqituvchilar va taʼlim muassasalari reytingida ball qoʻshilishi aytib oʻtildi.

👉@darak_uz
Endi oliy ma’lumotlilar ham 1 yil harbiy xizmatga chaqiriladi

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qonun bilan 10 dan ortiq Qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

«Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda Muddatli harbiy xizmat muddati kalendar hisobida o‘n ikki oy qilib belgilandi (hozirga qadar oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimidagi xizmatchilar uchun - o‘n ikki oy (oliy ma’lumotli shaxslar uchun - to‘qqiz oy); chaqiruv bo‘yicha ofiserlar tarkibi lavozimlarida o‘tayotgan ofiserlar uchun - to‘qqiz oy).

Shuningdek, endilikda fuqarolarni chaqiruv uchastkalarida qayd etish ular umumta’lim maktabidagi yoki o‘rta-maxsus ta’lim muassasasidagi oxirgi o‘qish yilining aprel - may oylarida amalga oshiriladi (hozirga qadar ular o‘n olti yoshga to‘lgan yili aprel - iyun oylarida amalga oshirilib kelgan).

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

👉@darak_uz
Nukusda talabalar qasam ichishga majburlandi

Shu yil 5 sentyabr kuni Nukus Davlat pedagogika institutida ham yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.

Tadbirda professorlar, akademiklar,o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi. Ajablanarlisi, tadbir davomida talabalarga a’lo baholarga o‘qish, muallimlarni hurmat qilish, ichki tartibga bo‘ysunishga majburan qasam ichirishdi.

Vaholanki, tadbirdan oldin hech kim talabalarni mavjud ichki tartib qoidalar bilan tanishtirmagan.
👉@darak_uz
Hokim o‘rinbosari namunali to‘y qildi-mehmonlar soni 167 kishi

Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari to‘yini ixcham va ortiqcha dabdabalarsiz o‘tkazdi va viloyat ahliga namuna bo‘ldi.

Surxondaryo hokimining Investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvarjon Oripov o‘z nikoh to‘yini namunali tarzda o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda viloyat hokimiyati matbuot xizmati o‘zining Telegram kanalida.

“Bugun Termiz shahrida yana bir namunali to‘y o‘tkazildi, “Shohsaroy” to‘yxonasida bo‘lib o‘tgan Anvarjon va Munisaxonning nikoh to‘yiga 167 nafar kishi qatnashdi”, - deyiladi xabarda.

Dabdabadan holi
To‘yda kelin va kuyovning eng yaqin qarindoshlari, oila a’zolari ishtirok etishgani, to‘y ixcham va dabdabadan xoli o‘tkazilgani hamda mezbonlarning mehmondo‘stlik va xushmuomalalik hislatlari namoyon bo‘lgani aytib o‘tilgan.

👉 @darak_uz
O‘rgimchak g‘alati transport hodisasiga sabab bo‘ldi


Britaniyaning Bredford shahrida o‘rgimchak tufayli fojiali yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan. «Daily Mail»ning yozishicha, hasharot o‘z to‘rida haydovchining yuzi oldiga osilib tushib, uni qattiq qo‘rqitib yuborgan. Erkak yo‘ldan chalg‘ib ketgan.

Mazkur avtohalokat bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari naq bir yil davom etgan. Nihoyat, sud bo‘lib o‘tdi. Haydovchi o‘z aybiga iqror bo‘ldi. Uni 200 soatga majburiy mehnatga hukm qilishdi, shuningdek, uch yil muddatga avtomobil boshqaruvi huquqidan mahrum etishdi. Bundan tashqari, haydovchi 320 funt sterling miqdorida jarima ham to‘laydigan bo‘ldi.

Gap shundaki, hodisa o‘tgan yili 3 avgust sanasida yuz bergan. 31 yoshli Edvinas Gilius o‘zining Mersedes-Bens S220 mashinasida yo‘lga chiqqan.

Haydovchi o‘rgimchakni qo‘li bilan haydashga uringanda mashina piyodalar yo‘lakchasiga chiqib ketgan va simyog‘ochga borib urilgan. Zarba kuchidan sinib ketgan simyog‘och chorrahadan o‘tishga chog‘lanib turgan 58 yoshli ayolning boshiga qulagan. Jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan.

Janet Kavud ismli yo‘lovchiga 36 ta shikastlanish tashxisi qo‘yilgan. Bosh suyagi sinishi, bosh miyaning jiddiy jarohatlari shular jumlasidan. Shifokorlar 13 kun ayol hayotini saqlab qolishga urinishiga qaramay, u baribir hayotdan ko‘z yumgan.

👉 @darak_uz
Xitoylik olimlar koinotdan noma`lum signallar kelganini aniqladi


Xitoy astronomlari dunyodagi eng katta sharsimon besh yuz metrlik radioteleskop yordamida kosmosdan sirli signallarni yozib olishdi. Bu haqda TASS XXR Fanlar akademiyasida Xitoy Astronomik Observatoriyalari tadqiqotchilarining bayonotiga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, gap Erdan taxminan 3 milliard yorug`lik yili masofasida sodir bo`ladigan tez-tez takrorlanadigan tezkor radioto`lqinlar (FRB, inglizcha tezkor radio portlashlar) haqida ketmoqda.

Signallar diqqat bilan tekshirildi va o`rganilgan.

👉@darak_uz
Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi “SES” tugatiladi

Uning o‘rnida Davlat inspeksiyasi va osoyishtalik agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

2019-yil 9-sentabr kuni O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan SSVning sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati negizida Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat inspeksiyasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tashkil etiladi.

“SES” negizida Davlat inspeksiyasi va Agentlik
9-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasida sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident farmoni imzolandi. Unga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati tashkilotlari va ularning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tashkil etiladi.

SES bosh boshqarmasi shtat birliklari Agentlikka o‘tkaziladi
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasini tugatilib, uning shtat birliklari Agentlikka o‘tkaziladi. Agentlik huzurida Laboratoriya kompleksi ham tashkil etiladi.

Inspeksiya boshlig‘i vazir lavozimiga tenglashtiriladi
Davlat inspektsiyasi boshlig‘i va o‘rinbosari maqomi, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha tegishincha vazir va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi. Farmonda, Davlat inspeksiyasi boshlig‘i bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya inspektori hisoblanishi belgilab qo‘yildi. Davlat inspeksiyasi boshlig‘i Bosh vazir taqdimnomasiga ko‘ra prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

SSV tarkibidagi yangi agentlik direktori esa bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi hisoblanadi. U Bosh vazir taqdimnomasiga binoan prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi

👉@darak_uz
2025/07/04 06:56:21
Back to Top
HTML Embed Code: