Telegram Web Link
​​✍️Kolin Huver
📖”Barchasi biz bilan yakun topadi” va “Barchasi biz bilan boshlanadi”

Ko’pchilik tomonidan romantik asarlar turiga kiritilinayotgan ushbu asar aslida ham faqat romantikadan ya’ni yigit va qizning muhabbatidan iboratmi? To’g’ri, voqealar tuguni yigit va qiz munosabatlari asosida quriladi, lekin aslida asar voqealari orqali o’tmish va hozirgi zamon taqqoslanadi. Bolalikda psihologik travma olgan uch insonning tutashgan hayot yo’llari, o’sha travmalarning ularning keyingi hayotiga ko’rsatadigan ta’siri ochib beriladi.

Asarni asosiy qismini o’tmishda bo’lib o’tgan voqealar tashkil qiladi. Ya’ni bosh qahramon qiz Lilining kundaliklaridagi qoralamalar orqali biz uning bolalik davridagi voqealarga, uning har bir holatga nisbatan qarashlariga qaytamiz.
Lili bolaligidan otasining onasiga bo’lgan yomon munosabatini ko’rib katta bo’ladi. U onasini otasini tashlab ketmagani, hayotini davom ettirgani, o’zini shunday hayotga loyiq deb bilgani uchun ayblaydi. Kelajakda o’zi ham hech qachon onasidek yo’l tutishni istamasligini o’ylaydi, umuman zo’ravonlikka nisbatan katta nafrat bilan ulg’ayadi.

Keyingi qahramon esa Rayl. Uning ham bolaligidan oilasi bilan bog’liq travmaalari bor, bu esa uning o’z hissiyotlarini boshqara olmasligiga, odamlar bilan munosabatlarda zo’ravonlikka yo’l qo’yishiga ta’sir ko’rsatadi. Ota-onasining mehri va o’z maqsadlariga erishishi ham uni bu travmadan ya’ni aybdorlik hissidan qutqara olmaydi.

Keyingi qahramon esa Atlas. Tashqaridan qaraganda kamchiliksiz, odamlar bilan yaxshi muloqot qilivchi samimiy inson, lekin uning ham boshqalardan kam bo’lmagan travmalari bor. Ota-onasi tomonidan voz kechilgan va tan olinmagan, hamma narsasidan judo bo’lgan yigit.

Endi tasavvur qiling, bu uch insonning sevgi uchburchagi qanday bo’lishi mumkin? Biri qutqaruvchi, biri jabrdiyda yana biri esa zo’ravon pozitsiyasida. Ularning taqdiri qanday kechadi?

Albatta insonning bolalikdagi travmalari uning keyingi hayotidagi munosabatlar zanjiriga ta’sir qilmay qolmaydi.

Kimdir bu kitobni o’qib romantik asar deyishi, yana kimdir esa yengil asar deyishi mumkin. Albatta bu fikrlar qisman to’g’ri, lekin men bu kitobga biroz boshqacha nazar bilan qarashga harakat qildim. Kitobning ikkala qismini ham katta tezlikda o’qib chiqdim. Birinchi kitobi ko’proq ma’qul bo’ldi.

@doctorsmind
Forwarded from The Stranger
​​Yeji Koshinskiy – "Rangin qushcha"

Asar bir bolakayning ikkinchi jahon urushi davridagi boshdan kechirganlari ustiga qurilgan. Genotsitdan omon saqlash uchun ota-onasi tomonidan boshqalar homiyligiga berilgan bolakay qoʻldan qoʻlga, qishloqdan qishloqqa oʻtib, koʻp sarson boʻladi. Shu qadar jirkanch, ayanchli voqeliklarni yashab oʻtadiki, odam zotidan koʻnglingiz qolib ketadi (agarda qolib ulgurmagan boʻlsa). Eng yomoni esa, zarra qadar umid yoʻqligida. Uni yanada yomon kunlar kutayotganini siz ham anglab turasiz.

Urush dahshatlari odamlarni naqadar tuban tushirishi kabi shablonlarni ishlata olmaymiz. Chunki voqealar garchi urush fonida kechsa-da asosiy eʼtibor urushga emas, insonning tabiatiga qaratiladi. Uning tutumlari, eʼtiqodi, illatlari tahlil-u taftish qilinadi. Inson oʻzi eng jirkanch nusxaligiga qaramay millati, dini, irqi tufayli boshqa bir oʻzi kabi nusxadan nafratlanadi. Insoniyatning mallasiyu qorasi, qishloqi johiliyu ziyoli olimigacha barcha-barchasida kishini jirkantiruvchi illatlar bor.

Yer yuzidagilardan panoh topolmagan bolakay Xudoga yolvora boshlaydi. Yillar davomida qilgan duolari azoblarini yengillatmaganidan soʻng bu dunyoda Iblis hukmronligiga ishonadi va unga topina boshlaydi. Shundan soʻng hayoti biroz boʻlsa-da osonlashadi. Boʻrilar orasida boʻri boʻlsangizgina yashab keta olasiz. Men farishta emasman, chunki bu dunyo jannat emas, degan balandparvoz gap boʻlardi bir vaqtlar.

Shunchaki qancha yomon boʻlsang, shuncha kuchli boʻlib boraverasan. Qancha kuchli boʻlsang, shuncha koʻp yomonlik qilishing mumkin.

Qahramonning eʼtiqodiy masaladagi tahlillari Dostoyevskiyning "Aka-uka Karamazovlar"ini yodga solib yubordi. Unda ham aynan bolalar azoblanayotgani bois Yaratganga isyon qilinadi. Murgʻak goʻdaklarning hech qanday gunohi yoʻq, ular hali gunoh qilib ulgurmay doʻzax azobini tortishiga, oʻlib ketishiga sabab nima? Bularning bari odamning aqli yetmaydigan qandaydir ilohiy adolat ustiga qurilgan, gunoh-savoblarni oʻlchash, jannat-doʻzax ahlini saralash uchun qilinayotgan boʻlsa-da bu jarayonda begunoh bolalardan xomashyo sifatida foydalanishga Xudoning haqqi yoʻq edi, degan fikrni ilgari suradi Dostoyevskiy va Koshinskiy.

Bola nigohi bilan jamiyki razilliklar koʻrsatib berilganidan soʻng asardagi asosiy fikr ilgari suriladi: bu qadar beshafqat, isqirt, gunohkor dunyoga ega boʻlishdan ularga nima naf? Arziydimi? Bu savolni katta-katta urushlar fonida koʻrib chiqish shart emas. Kundalik hayotimiz darajasigacha toraytirsak ham boʻladi. Har doimgi yelib-yugurishlar, afsuslar, pushaymonlar, aldovlar, xiyonatlar, mansab va boylikka intilishlar va hokazo va hokazolardan maqsad nima? Biz mana shu jirkanch odamlar orasida obroʻ va boylik qozonib nima topamiz? Topganlarimiz yoʻqotganlarimizga arziydimi?

Arziydimi?

@salimov_blogi
#youtube_tavsiya

Siz yaxshi taniydigan bookbloger, @panda_books blogi asoschisi Jasurbek Bazarbayev Daryoda podcastda ishtirok etibdilar. Kitoblar, kino va zamonaviy diplomatiya haqida qiziqarli suhbat bo’libdi. Barchangizga ko’rishni tavsiya qilaman. O’zingiz uchun ajoyib fikrlar va yangiliklar olasiz.

Ko'ring, zavq oling, fikr bildiring va albatta maksimal qo'llab-quvvatlang. Bu bilan siz kitob bloglari va kitobxonlikning rivojlanishiga o’z hissangizni qo’shgan bo’lasiz.

Youtube havolasini sizlar uchun qodirdim.

https://www.youtube.com/watch?v=8AC21DDVStE

@doctorsmind📖
​​✍️Bodo Shefer
📖”Money laqabli kuchukcha”

Moliyaviy savodxonlik, pul bilan to’g’ri muomala qilish bilimlari har doim odamlar orasida talabgir mavzulardan biri bo’lgan. Albatta, pul ko’paytirishni, to’kin-sochinlikda yashashni, hech kamaymaydigan pul zaxirasiga ega bo’lishni kim ham istamaydi deysiz?

Kitob o’smir yoshidagilar uchun mo’ljallangan bo’lib, lekin moliyaviy savodxonlik bilimlarini o’rganishni istagan kattalar uchun ham foydali.
Kitobni boshlashimdan avval menga bu kitobdagi bilim va tajribalar bizning mamlakatimizga mos tushmasligi haqida aytishgan edi, lekin men bu fikrga to’liq qo’shilmayman, chunki pichoqqa ilinadigan fikrlar ham bor, ayniqsa kichik yoshdagi bolalar uchun foydali, qolaversa menga o’xshab bu boradagi bilimlari kam bo’lgan kattalar ham o’zi uchun bitta bo’lsa ham foydali odatni o’rgana oladi.

Demak, kitob Kira ismli qizaloqning hayoti asosida bo’lib, hikoya ichida hikoya tarzida tasvirlanib mavzuga oid ma’lumotlar berib boriladi, ko’z o’ngingizda Kira muvaffaqiyatlarga erishib boradi va moliyaviy savodxon qizga aylanadi. Albatta bu borada unga Money laqabli kuchukcha yordam beradi. Endi kitobdagi bir nechta yaxshi maslahatlarni keltiraman. Eslatib o’taman, bu fikrlar sizga juda oddiy tuyilishi, qayerdadir eshitgan bo’lishingiz mumkin, lekin shu oson ishlarni hayotingizga doimiy faoliyat sifatida olib kira olmagan bo’lishingiz mumkin.

1.”Avvalo, odamlarga foydasi tegadigan, aqling yetadigan, qo’lingdan keladigan, sevimli bo’lgan ishlar bilan shug’ullan”.

Kitobda Kira kuchuk boqishni yaxshi ko’radi, bir nechta insonlarning kuchuklariga qarab yaxshigina daromad qiladi. Ya’ni ham o’zi sevgan ish bilan shug’ullanadi, ham vaqtini chog’ o’tkazadi, ham pul topadi. Masalan, men 10 yoshimdan boshlab biser tikish darslariga borganman, 1 yildan ko’p vaqt davomida o’rganganman, taqinchoqlardan tortib, do’ppi va sumkalar tikkanman. Hatto bu faoliyat sevimli mashg’ulotimga ham aylangan, lekin o’sha vaqtda bir nechta tikuvchilarning oldiga borib shu ishlarda yordam beraman, boshlanishiga ishimni ko’ring keyin ma’qul bo’lsa pul berasiz deb aytmaganman, chunki bu narsani tushunmaganman, biror inson ham aytmagan. Kitobda bolaga mana shunday muloqat ko’nikmalarini yoshlikdan o’rgatilishi kerakligi aytiladi.

2.”Agar sen biror bir narsa ijrosini niyat qilgan bo’lsang, ushbu niyatni 72 soat ichida amalga oshirishing shart. Aks holda, bu ishga hech qachon vaqt ajrata olmaysan”.

Bir o’ylab ko’ring, siz biror kursni sotib oldingiz, nimadir sabab bo’ldiyu kurs videolarini ko’rishga 1-2 hafta davomida vaqt va hafsala topa olmay qoldingiz. Keyin bir amallab boshladingiz, lekin kursni sotib olgan vaqtingizdagidek qiziqish va ishtiyoqingiz kuchlimi, yoki pul ketkani uchungina ko’rib o’tiribsizmi?)

Xullas, kitobda faqat pul bilimlarigina emas, bolalarga orzular va maqsadlar daftarini tutish, kunlik erishilgan muvaffaqiyatlarni qanday yozish ham sodda tilda o’rgatiladi. Bir varaqlab o’rganib chiqishingizga arziydigan kitob.

@doctorsmind📖
Doctor's Mind 👩‍⚕️
Photo
Bilasizmi, ba’zan kitoblarga oid shunaqangi reklamalarni ko’ramanki, ularning shunchaki buyurtma uchun qilinganligi shundoq sezilib turadi. Ularni ko’rib beixtiyor o’zingizni kulgidan to’xtata olmaysiz. Ayniqsa, instagram story’larda bu yaqqol seziladi. Nega bunday fikrdaligimni tushuntirib beraman.

Odatda instagram blogerlari gapni shunday boshlashadi: ”Manga o’xshagan kitobsevarlar uchun oxirgi o’qigan kitobimni tavsiya qilmoqchiman. Bu asar menga juda yoqdi. Keyingi story’larda asar nima haqidaligini to’liq yozaman”- deydida, kitobning ustidagi jimjimador va bo’rttirilgan qisqacha ta’rifni o’zinigina ko’chirib qo’ya qolishadi😅 Kitobni ochib, o’qish tugul, hech bo’lmasa varaqlab ham ko’rilmagani sezilib turadi. Mening fikrimcha, kitobni yaxshi ko’rib o’qigan odam u haqida 2 qator bo’lsa ham nimadir deya olishi kerak. To’g’ri, instagram kuzatuvchilari bunaqa textni o’qib, solishtirib o’tiradigan auditoriya emas, dersiz, lekin menga bu holat juda notabiiy ko’rindi. Mualliflik so’zlari bilan yozilganda bu “reklama” emas “tavsiya” bo’lib ko’rinardi.

Postdagi rasm va videoni ko’rsangiz yanada yaxshi tushunasiz. Kimgadir xusumatim yo’q, shunchaki ko’rgan holatimga o’z shaxsiy fikrimni yozgim keldi, chunki oxirgi kunlarda bunaqa notabiiy buyurtma reklamalarni ko’p ko’ryapman.

@doctorsmind📖
​​✍️Henri Marsh
📖”Ozor berma”

Neyrojarrohlikdagi achchiq haqiqat shuki, murakkab operatsiyalarni ko’plab tajribalardan keyingina yaxshi bajara boshlaysiz. Bu esa dastlab ancha xatolar qilib, ortingizdan bir nechta nogiron bemorlar bilan iz qoldirishingizni anglatadi.


Hammaga ma’lumki tibbiyot eng murakkab, shu bilan birgalikda insondan katta mas’uliyat talab etiladigan soha. Neyrojarrohlik esa, ana shu murrakab tibbiyotning eng dolzarb va ahamiyatli bir bo’lagidir. “Ozor berma”da siz ana shu sohada faoliyat yuritayotgan vrach hayoti bilan tanishasiz. Uning yutuqlaridan tortib xatolarigacha boxabar bo’lasiz. Kitob qisqa hikoyalardan iborat bo’lib, har bir bobda har xil bemor, kasallik, operatsiya tasvirlanadi.

Har biringiz vrach xato qilishi mumkin emas degan fikrni ko’p marta eshitgansiz. Bu to’g’ri, lekin tibbiyotda, ayniqsa nozik operatsiyalarda shunday holatlar bo’ladiki, jarrohlar o’ziga bog’liq bo’lmagan vaziyatlarda albatta xatoga yo’l qo’yadi. Kitobda ham Henri Marsh ana shunday vaziyatlarni ro’y-rost gapirib beradi, o’z xato va muvaffaqiyatsizlikarini tan oladi. Kerak vaqtda bulardan to’g’ri xulosa chiqaradi. Odatda, bemorlar bir marta ko’rikdan keyin shifokorning yodidan chiqib ketaman deb o’ylaydi, aslidachi? Aslida shifokorlar og’ir bemorlarni, ayniqsa vafot etgan bemorlarni bir umr esda saqlab qoladilar, bir umr afsuslanadilar.

-Duolaringizda eslang uni.
-Men operatsiyadan keyin vafot etgan barcha bemorlarimni yodga olib turaman, - javob berdim va o’z-o’zimga g’o’ldiradim: - Qaniydi, ularni eslamasam…


Ushbu kitobni barcha shifokorlar va talabalar o’qishi kerak deb hisoblayman, chunki unda deontologiya qoidalaridan biri ya’ni shifokorning bemor va uning yaqin qarindoshlari bilan bo’ladigan munosabatlarini o’rganish mumkin. Ayniqsa, vaqt soati kam qolgan bemor bilan qilinishi kerak bo’lgan munosabat yaxshi tushuntiriladi. Kitob bir qarashda faqat tibbiyot xodimlari uchundek tuyilishi mumkin, lekin barcha kitobxonlar oson o’qiy oladilar, yaxshi tushuna oladilar.

O’zbek tilida sifatli darajada chiqqan birinchi tibbiy ilmiy-ommabop kitob deb ayta olman. To’g’risi, kitobning tugashini xohlamadim. Tugagandan keyin ham oldimda olib yurib ayrim boblarini qaytadan o’qidim. Vrach bo’lganim uchun ayrim voqealar qattiq ta’sir qildi. Yana qayta o’qiydigan kitoblarimdan biriga aylandi.

@doctorsmind📖
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Jarroh har doim haqiqatni aytishi kerak - lekin u kamdan-kam hollarda, agar shunaqa vaziyat bo’lsa bemorni oxirgi umididan ham mahrum qiladi. Optimizm va realizm orasidagi muvozanatni topish juda qiyin bo’ladi.

✍️Henri Marsh
📖”Ozor berma” kitobidan

Aytishim mumkinki, har bir shifokor o’z faoliyati asosida mana shunday avtobiografik asar yozishi mumkin. Buning uchun vaqt, malaka, muvaffaqiyat bilan birgalikda xatolar ham kerak bo’ladi. Chunki shifokorlardagi muvaffaqiyat bir necha martalik xatolardan so’ng keladi. Bundan tashqari, voqealar “Ozor berma”dagidek haqqoniy bo’lishi, yolg’on ishlatilmasligi kerak. Aslida “Ozor berma”ning mashhurligining sabablaridan biri ham bu xatolarning ochiq-oydin aytilganligidir.

@doctorsmind📖
Rasmdagi kitobni bir yil oldin, 14-fevral - Xalqaro kitob ulashish kunida @Akademnashr sovg’aga yuborgandi. Ana o’qiyman, mana o’qiyman deb bir yil ham o’tib ketibdi. Bugundan o’qishni boshladim.

@doctorsmind📖
Forwarded from The Stranger
​​Kimnidir chin yurakdan yaxshi koʻrib qolsang, taqdir bu sevgingni tortib olib, oʻrnini gʻam, anduh bilan toʻldiradi...

Tadeush Dolenga-Mostovich – "Tabib"

Oʻzim uchun yana bir zoʻr adibni kashf qildim. Dunyo shunaqa ekan, qanchadan-qancha durdonalar bor, biz esa ulardan bexabar oʻtib ketaverishimiz mumkin. Masalan, umrimda nomini eshitmaganim adib shunchalik zoʻr yozishini kim bilibdi deysiz.

Buning kinosi ham bor. Oʻzimizning telekanallarda uzoq yillardan beri juda koʻp qoʻyiladi. Voqealar yod boʻlib ketgan boʻlsa-da maza qilib oʻqidim. Deylik, muayyan voqeani bilasiz. Keyin esa aynan oʻsha voqeani ifoda yoʻsini ajib inson ham aytib beradi. Bilgan narsangiz boʻlsa ham uning tilidan miriqib eshitasiz.

Voqealar mashhur va favqulodda isteʼdodli doktorning kutilmaganda xiyonatga uchrashidan boshlanadi. Oilasidan judo boʻlgan doktor koʻp oʻtmay xotirasidan ham judo boʻladi. Boʻm-boʻsh oʻtmish, umidsiz kelajak, tom maʼnodagi yolgʻizlik va mashaqqatli, xorlikda oʻtgan yillar doktorning fitratini – halim tabiatni oʻzgartirolmaydi. Yaxshi odam hamma narsasidan ayrilsa ham yaxshi, yomon odam hamma narsaga erishsa ham yomonligicha qolaveradi.

Bugun odam odamga har kim, ertasiga esa hech kim boʻlishi mumkin. Hayot topishlar va yoʻqotishlar, visol hamda ayriliqlarga toʻla. Kimdandir judo boʻlishimizda gohida oʻzimizning aybimiz ham boʻladi, gohida esa mutlaqo aybimiz boʻlmaydi. Kutilmagan xiyonat va aldovlar qarshisida larzaga tushamiz. Hayotimiz oʻz oʻqi atrofidan chiqib ketadi.

Muallif doktorning sargardonlikdagi yillarini qiziqarli syujet, mohirona uslub, shirali tilda hikoya qiladi. Tarjima ham goʻzal. Bu kitob menga anchadan beri yoʻqotib qoʻygan narsamni – mutolaa lazzatini qaytardi. Doʻkonlarda saviyasi haminqadar kitoblar shu qadar koʻpayib ketdiki, beixtiyor biz ham ba'zilarini oʻqiymiz. Biridan nimadir xato topdim, biridan nimadir maʼlumot oldim, boshqasida biror gʻoyani ilgʻadim. Lekin anchadan beri biror kitob mana shuningdek oʻziga mixlab ololmagandi.

Mutolaa chogʻida hayotdan uzilib, qahramonlar bilan taqdirdosh boʻlasiz. Voqealar rivojida ular bilan hamnafas qadam bosasiz. Muallif biror gʻoyani yoki oʻz dunyoqarashini peshonangizga taq etib urmaydi, hayotni bor boʻyicha tasvirlaydi. Syujet bir insonning fojiasi atrofida kechsa-da qandaydir nekbin kayfiyatda oʻqiysiz. Badiiy adabiyot sehriga guvoh boʻlasiz. Tavsiya qilaman .

@salimov_blogi
14-fevral men uchun “Xalqaro kitob ulashish” kuni. Siz uchunchi?
Xullas, bugun oldindan o’zimni bu kun bilan tabriklab xursand qildim)
Kitob do’konlariga borishga bu safar vaqtim tig’izligi sababli ulgura olmadim. Online zakaz qildim, juda tez yetkazib berishdi.
@bookuzbekistan’dan Anna Dostoyevskayaning “Xotiralar” kitobi va ajoyib bloknotlarni oldim, “Tabib” kitobini esa sovg’aga yuborishdi.
“Majruh muhabbat” va “Yarim tun kutubxonasi”ni esa @goldenbooks_uz’ga zakaz qildim. Ular ham ajoyib bookmark’larni sovg’a qilib yuborishibdi.
Online zakazdan ham xuddi borib xarid qilgandek xursand bo’lish mumkin ekan) Endi qaysi biridan boshlab o’qishni o’ylashim kerak.

@doctorsmind📖
Forwarded from The Stranger
​​Xususiy universitetlar ochilishini bir vaqtlar orzu qilardik. Endi esa...

Bizning davrda oʻqishga kirish mingtadan bittaga nasib qilardi. Bu uchun yo juda katta pul (bundaylar kam edi), yo ancha yillik mashaqqatli mehnat – ilm olish talab qilinardi. Taxminan 60-70 tacha kitobni yodlardik. Tom maʼnoda yodlash talab qilinardi. Masalan, bir badiiy kitobni olingda, ellik bet oʻqing. Keyin esa uni soʻzma-soʻz yod olib koʻring. Biz esa faktlarga toʻla kitoblarni har kuni kamida ellik betdan yodlardik. Mavzu topshirishga chiqib, ana shuncha narsani bir tekisda, nuqta-verguligacha aytib berardik. Har kuni soatlab gapirganimiz uchun nutqimiz ham juda ravon edi oʻsha paytlar.

Har kuni oʻrtacha 8 soat darsda boʻlardik. Qolgan 10-12 soatda dars qilardik. Uxlashga ozgina vaqt qolardi. Baʼzan qolmasdi. Boshqa hech narsaga vaqt boʻlmasdi. Hech qanday tugʻilgan kun, hech qanday toʻy, hech qanday internet, hech qanday sayohat yoʻq edi. Hatto kasal ham boʻlmasdik, vaqtimiz yoʻq edi. Yil boʻyi kuchli bosim va konsentratsiya bilan oʻqish iyun-iyulga borib ojizroqlarni yiqitardi. Kunora darsda kimdir hushidan ketib qolardi. "Abituriyent odam emas, qachon oʻqishga kirsa keyin odam boʻladi" derdi repetitorlarimiz.

Imtihon faqat bir kun boʻlardi va faqat bitta universitetga topshirish mumkin edi. Kimdir 160-170 ball olsa birovga aytishga uyalardi. Chunki bu ball kursga borib tayyorlangan abituriyent uchun sharmandalik edi. Nufuzli oliygohlarga bu ball bilan yaqinlashib ham boʻlmasdi. Farzandi oʻqishga kirsa ota-onaning elga bergan toʻyi nikoh toʻylaridan katta boʻlardi. Oʻqishdan yiqilish esa oʻlim bilan teng edi, baʼzilar rostdan ham oʻzini oʻldirardi...

Chunki u davrda abituriyentlik juda mashaqqatli jarayon edi. Buncha mehnat besamar ketishi mana man deganniyam yiqitardi. Oʻqishga kirish uchun yana bir yil shuncha mehnat qilish kishini qoʻrqitardi.

Oʻshanda oʻylardimki, qaniydi navqiron yoshligimiz yodlash bilan oʻtmasa, kishining intellektual salohiyatini aniqlab, oʻqishga qabul qilishsa, keyin mana shu energiyamizni va vaqtimizni sohani oʻrganishga sarflasak...

Bugun esa oʻqishga kirish oson boʻlib qoldi. Ballar yer bilan barobar. Yoʻnalishlar beshtagacha. Hatto shu beshtaga ilolmaydigan darajadagilarni xususiy universitetlar quchoq ochib kutib olmoqda. Ilmda hech qanday poydevori yoʻqlar, ta'bir joiz boʻlsa, besavodlar ham hozir oʻqiyapti. Kontrakt toʻlashga qurbi yetadigan kim boʻlsa bari oʻqiyapti. Bugun-erta ular shu bilimi (bilimsizligi) bilan faoliyatini boshlaydi. Sizning, bizning ishimiz shularga tushadi.

Xususiy universitet davlat universitetlaridan a'lo boʻladi deb oʻylardim. Biroq hammasida bir xil odamlar. Kechagacha davlat oliygohida ishlab yurganlar endi yuqori oylik uchun xususiyga oʻtishdi, xolos. Tizim oʻsha-oʻsha, saviya oʻsha-oʻsha, hatto bir qadar past. Bu soha biznesga aylandi. Ilgari oliy maʼlumotlilik koʻp narsani anglatardi. Hozir hech nimani anglatmaydi.

Ilgari yiliga yetmishtalab kitobni yodlay ololadigan, kuniga 20 soatlab dars qiloladiganlar oʻqishga kirardi. Bunday iroda va zakovatga ega yigit-qizlar yoʻlga solinsa, oʻzlarini rivojlantirishsa, yetuk mutaxassis boʻlib chiqish ehtimoli yuqori edi. Hozirgi abituriyent va talabalar esa ilm oʻrganmay turib oʻqishga kirishyapti, ilm oʻrganmay turib oʻqishni bitirishyapti. Ilm bu hammani idroki yetadigan narsa emas. Bunday darajaga chiqish uchun mehnat talab qilinadi. Siz ustachilikni bilmaydigan odamga uy qurdirsangiz oʻsha uyning tagida qolasiz. Sohani bilish u yoqda tursin fundamental bilimlardan bexabar mana bu injenerlar, oʻqituvchilar, jurnalistlar, yuristlar, umuman jamiyatga kelib qoʻshiladigan barcha kadrlar ertaga shu jamiyatni boshimizga yiqishi mumkin. Men kelajakka qarab qoʻrqaman ochigʻi. Bizni oliy maʼlumotli ishsizlarning katta toʻdasi va salohiyatsiz kadrlardan iborat xaos kutib turibdi.

@salimov_blogi
14-fevral kuni sovg’aga kitob olmadim degandim, lekin kecha ajoyib sovg’alar yetib keldi. Qorli kunda bahorni eslatib turuvchi lolalar ayniqsa juda go’zal🌷

@doctorsmind📖
2025/07/08 10:07:29
Back to Top
HTML Embed Code: