Telegram Web Link
​​Doktorlar aslida ham doktormi?

Oʻquvchilik yillarimda fan doktori degan iboradan hayron boʻlardim, nega bunday atashadi, axir u hech kimni davolamaydi-ku? Lekin oʻsha paytlarda bu savolga javob topa olmaganman.

Xoʻsh, nega doktor deyiladi? “Ilmni davolaydi-da, unga yangi qon quyadi” deya majoz ishlatib, javob berish mumkin. Biroq bu shunchaki oʻxshatish, soʻz oʻyini xolos.

Bu soʻzning etimologiyasiga kirib borsangiz, aslida shifokorlar doktor degan nomni “egallab olgani”, asl doktorlar – ilm odamlari, professorlar ekani oydinlashadi. Doktor soʻzining ildizi lotincha docere – oʻqitmoq soʻziga borib taqaladi, doktor ustoz, taʼlim beruvchi deganidir.

XIV asrda Yevropa universitetlarida ilmiy daraja olgan kishilargina doktor deb atalgan. Doktorlik darajasi universitetlarda dars oʻtish imkonini bergan.

Ingliz tilida doktor soʻzi uzoq zamonlar ilmiy darajali kishini anglatgan, davolovchi mutaxassis maʼnosi esa ikkilamchi boʻlgan. XVIII asrdan boshlab shifokorlarga nisbatan doktor atamasi kengroq ishlatila boshlagan. Ammo bu bejiz emas – shifokorlar ham oʻz sohasida doktorlik darajasiga ega boʻlgan. Doktor deb atash shifokorga nisbatan hurmatni ifodalagan, uning ilm egasi ekanini urgʻulagan.

Bu soʻz rus tiliga XIV–XV asrlarda oʻzlashgan va olimni bildirgan. Tibbiyot xodimi maʼnosida esa XIX asrdan qoʻllana boshlagan. Oʻzbek tiliga rus tili orqali kirib kelgan.

Dunyoning juda koʻp tillarida doktor soʻzi tovush oʻzgarishlari bilan ishlatiladi va tibbiyot xodimini anglatadi. Falsafa doktori, fan doktori kabi iboralar ham jahonning turli tillaridan yer olgan.

@oriftolib
👍33🔥2
Orif Tolib
Imloga masʼul tashkilotlar nima deydi? “Kartografiya” DIICHK xuddi shu masalada OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutiga ham murojaat qilgan. Ushbu institut til, xususan, imlo masalalari bilan shugʻullanuvchi vakolatli tashkilotlardan biri.…
Vazirlik va institut xulosasidagi xato nimada?

1995-yili qabul qilingan Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalarida “Chiziqcha bilan yozish” bobi bor. Ushbu bobda qaysi soʻzlar chiziqcha bilan yozilishi kerakligi koʻrsatilgan. Ammo biror-bir bandda yuqorida sanalgan joy nomlarini chiziqcha bilan yozishga oid tartib koʻrsatilmagan. Demak, Shri-Lanka, Tel-Aviv, Ulan-Bator, Nyu-Dehli, Sankt-Peterburg shaklida yozish amaldagi imlo qoidalariga zid!

Balki, har ikki tashkilot asliyatga asoslanib shunday xulosa bergandir? Yoʻq, unday emas. Shri Lanka, Tel Aviv, Ulan Bator, Nyu Dehli kabi joy nomlarining asliyatda yoki inglizchada yozilishiga eʼtibor bering. Hech birida chiziqcha yoʻq. Chiziqcha ishlatish oʻzbek tili uchun ham mutlaqo ortiqcha. Faqat Sankt-Peterburggina ruschada chiziqcha bilan yoziladi. Biroq u ham aslan ruscha emas, etimologiyasi nemischaga taqaladi. Nemischada esa chiziqcha ishlatilmaydi: Sankt Petersburg.

Ruschada chiziqcha bilan yozishga asos bor – rus tili imlo qoidalarining 169-bandida old qismida artikl, predlog, yuklama boʻlgan hamda tarkibidagi soʻz rus tilida turdosh ot sifatida ishlatilmaydigan joy nomlari chiziqcha bilan yozilishi koʻrsatilgan. Shu qoidaga koʻra, Sankt Peterburg, Shri Lanka, Tel Aviv, Ulan Bator, Nyu Dehli va boshqa shunga oʻxshash toponimlar ruschada chiziqcha bilan yoziladi.

Endi savol: nega oʻzbekchada ham rus tili imlo qoidalariga tayanilishi kerak? Vazirlik ham, institut ham yuqoridagi soʻzlarning yozilishida oʻzbek tili imlo qoidalariga emas, rus tili imlo qoidalariga asoslangan.

@oriftolib
👍33💯7🔥4😢1
Orif Tolib
Kontentga oʻzbekcha variant – bilgi Taniqli muharrir, jurnalist Farrux Jabbor telegram guruhida kontent soʻziga oʻzbekcha muqobil soʻrab qoldi. Milliy kontent yaratishni kontent soʻzini oʻzbekchalashtirishdan boshlash kerak degan fikrda jon bor. Bu – yangi…
Turkiy tillar “kontent”ga muqobil topganmi?

Kontent soʻzini boshqa turkiy tillar qanday ifodalashini Google yordamida tekshirib chiqdim. Turkchada içerik, tatarchada эчтәлек (eçtälek) soʻzi ishlatilar ekan. Soʻzma-soʻz tarjimasi: ichkaridagi narsa, mazmun, mundarija. Turkman, ozarbayjon va uygʻur tillari kontent maʼnosida mazmun soʻzini ishlatar ekan.

Qozoq, qirgʻiz, qirimtatar, boshqird tillari esa soʻzning oʻzini olib qoʻya qolgan.

@oriftolib
👍34🔥3
Kishan qulf sindirilib, zanbil eshik ham ochildi, hujradagi loʻkidonning “tili”ga tushunadigan oʻgʻri boʻlsa, uni ham ochdi deyaylik. (A. Qodiriy, “Obid ketmon”.)

Jumladagi “loʻkidon” soʻzining maʼnosi nima?
Anonymous Quiz
23%
Tortma
38%
Chamadon
39%
Yogʻoch qulf
👍38😎12😢10
​​Madhiya imlosidagi xatolar tuzatilmaydimi?

Biror soʻz yo tinish belgisining xatosiga koʻzimiz oʻrganib qolsa, oʻshani toʻgʻri deymiz. Ayniqsa u biror hujjat yo kitobda aks etgan boʻlsa bormi, tamom – eng toʻgʻrisi oʻsha, boshqacha boʻlishi mumkin emas degan xulosaga kelamiz. Bunday holat muharrir-u musahhihlar, filolog-u tilchilar orasida ham kuzatiladi.

Madhiyamiz imlosidagi baʼzi xatolar haqida ham shu fikrni aytish mumkin. bu holatda endi “Qonunda shunaqa turibdi...” degan “mushakdor” sabab-bahona ham bor. Vaholanki, qonunlar imlosi va punktuatsiyasi toʻgʻri yozishga asos emas, ularda ham imlo xatolari boʻladi, inson omili degan narsa bor. Vaqt oʻtishi bilan baʼzi soʻzlarning imlosi oʻzgarishi mumkin.

Xoʻsh, madhiyamizda qaysi soʻz imlosi toʻgʻrilanishi kerak?

Yashnagay to abad ilm-u fan, ijod.


Toabad soʻzi yaxlit soʻzga aylangan. Adabiy, mangu maʼnosidagi bu soʻz imlo lugʻatida ham, izohli lugʻatda ham qoʻshib yozilgan. Gapdagi oʻrin, payt va shu kabi maʼnolarni taʼkidlash, kuchaytirish uchun xizmat qiladigan to soʻzi boshqa oʻrinlarda ajratib yoziladi. Unda -gacha, -guncha, qadar maʼnosini anglatadi. Lekin yaxlit soʻz tarkibida boʻlganda alohida yozilmaydi.

Haqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!


Haqsevar va ona yurt soʻzlari orasidan vergulni olib tashlash zarur. Chunki bu yerda ona yurt – turgʻunlashgan birikma. Haqsevar va ona soʻzlari uyushiq boʻlak emas. Ularning biri – sifat, biri – ot. Yurt soʻzini alohida-alohida sifatlamayapti. Haqsevar degan sifat ona yurtga tegishlidir. Bunday holatda vergul ortiqcha.

Madhiya – davlat ramzi. U toʻla-toʻkis toʻgʻri yozilishi kerak.

@oriftolib
👍93💯10😢2
Orif Tolib
​​Madhiya imlosidagi xatolar tuzatilmaydimi? Biror soʻz yo tinish belgisining xatosiga koʻzimiz oʻrganib qolsa, oʻshani toʻgʻri deymiz. Ayniqsa u biror hujjat yo kitobda aks etgan boʻlsa bormi, tamom – eng toʻgʻrisi oʻsha, boshqacha boʻlishi mumkin emas degan…
Obunachidan savol:

Haqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!


Bu misrada ona yurt undalma emasmi?

Javob:

Undalma. Lekin haqsevar uning sifati-da. U ham undalmaning tarkibiga kiradi.

Eʼtibor bering:

Goʻzal oʻlkam, doim gullab-yashna.

Yuqoridagi gapda oʻlkamdan oldin vergul qoʻyilmaydi, chunki undalma oʻlkam emas, sifati bilan yaxlit holda goʻzal oʻlkam undalma boʻladi.

Agar sifatlovchilar ketma-ket kelsa yoki olmosh qoʻshilsa, ular ham undalmaning tarkibiga kiradi:

Tengi yoʻq goʻzal oʻlkam, doim gullab-yashna.
Ey mening goʻzal oʻlkam, doim gullab-yashna.

Xulosa: madhiya misrasida haqsevar ona yurt yaxlit holda undalma boʻlib kelyapti. Uning orasiga vergul qoʻyilmaydi.

@oriftolib
👍53🔥9💯1
​​Nega faylasuf boʻlmaganlar ham falsafa doktori boʻladi?

Falsafa doktori Yevropaning koʻpchilik davlatlari, AQSH va boshqa mamlakatlarda beriladigan ilmiy darajadir. Oʻzbekistonda ham oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimning ikki pogʻonali tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Dissertatsiya yoqlagan tadqiqotchilar falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega boʻladi.

Xoʻsh, nega fanning boshqa yoʻnalishlarida, deylik, matematika, fizika, geografiya yoki pedagogika boʻyicha ilmiy ish qilgan kishilar ham falsafa doktori boʻladi? Ular falsafa bilan shugʻullanmaydi yoki ilmiy ishida falsafiy qarashlarni bayon etmaydi-ku?

Hammasi tarixga borib taqaladi. Oʻrta asr Yevropa universitetlarida uch xil yoʻnalishda – ilohiyot, huquq va tibbiyot boʻyicha taʼlim berilgan, ilmiy faoliyat olib borilgan. Vaqtlar oʻtishi bilan ilohiyot boʻyicha doktorlik darajasini olish kamaygan, huquq va tibbiyot yoʻnalishidagi ilmiy izlanishlar koʻpaygan. Bu sohalar tarixan falsafa deb atalgan. Ana shu holat falsafa doktori atamasida oʻz izlarini qoldirgan.

Dastlab universitetlar falsafa doktori darajasini ilmiy sohada muntazam va samarali faoliyat yuritib, tengdoshlarining eʼtiborini qozongan kishilarga bergan. Odatda bunday darajaga oʻrta yoshli kishilar erishgan.

@oriftolib
👍32
Orif Tolib
Vazirlik va institut xulosasidagi xato nimada? 1995-yili qabul qilingan Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalarida “Chiziqcha bilan yozish” bobi bor. Ushbu bobda qaysi soʻzlar chiziqcha bilan yozilishi kerakligi koʻrsatilgan. Ammo biror-bir bandda yuqorida sanalgan…
Nima qilish kerak?

Rus tili imlo qoidalari keng qamrovli, yaxshi ishlangan. Oʻzbek tilining kirill va lotin yozuvlaridagi imlosi uchun shu imlo qoidalari asos boʻlgani ham haqiqat. Biroq bu har qanday qoidani koʻchirish kerak, oʻzbekcha imloga ters borib, ruschaga taqlid qilish kerak degani emas.

Yozuvdagi ortiqcha belgilar faqat zarar – joy oladi, oʻquvchini chalgʻitadi. Imloda ham, punktuatsiyada ham shunday. Matn yozishda, uning imlosida bosh maqsad oʻquvchiga yengillik yaratish, unga mazmunni toʻla-toʻkis yetkazish boʻlishi zarur.

Muammo aniq. Xoʻsh, ularni hal etish uchun nimalar qilish kerak?

🟢 Toponimlar imlosi bilan bogʻliq muammoni yechish uchun imlo qoidalari islohini kutib oʻtirish shart emas, uni amaldagi imlo qoidalari bilan ham bemalol hal etish mumkin. Geografik nomlarning keng qamrovli lugʻatini ishlab chiqish kifoya. Lekin bunda mustaqil, oʻzbekcha imloga mos yondashuv kerak. Joy nomlari eski hammom, eski tos qabilida yana ortiqcha chiziqchalar bilan, oʻzbekchaga yoki asliyatga zid shakllarda berilmasligi zarur. Balki, bu ishga Tashqi ishlar vazirligi bosh-qosh boʻlar?

🟢 Imlo masalasida rus, ingliz yoki boshqa tilga asoslanib, oʻzbekcha imloga ters xulosalar, koʻrsatmalar berishni ham toʻxtatish zarur. Chunki yanglish tavsiyalar xatolar davomli boʻlishiga, “qonuniylashish”iga olib keladi. Toʻgʻriday koʻrinadigan, aslida oʻzbek tili imlosiga zid tartib darsliklar, qoʻllanmalar, ensiklopediyalar, kitoblardan yanada mustahkam oʻrin oladi. Oʻquvchilar, talabalar, mutaxassislar, umuman, keng jamoatchilik zehniyatiga qatʼiy yerlashadi.

Masʼullar bu masalaga eʼtibor qaratadi va xatolarni toʻgʻrilashga kirishadi deb umid qilaman.

@oriftolib
👍15🔥8
👍34😎6💯2
“Eski hammom, eski tos” iborasidagi “tos” soʻzining lugʻaviy maʼnosi nima?
Anonymous Quiz
11%
Supurgi
85%
Togʻora
4%
Choynak
👍37😎11
“Doktor” va “dotsent” qarindoshmi?

Doktor soʻzining ildizi lotinchaga borib taqalishini aytdik. Lotincha doceōoʻqitaman, oʻrgataman soʻzi docere feʼlidan, u esa qadimgi (proto) hind-yevropa tilidagi dek – olmoq, qabul qilmoq oʻzagidan oʻsib chiqqan. Bu oʻzakdan hosil boʻlgan soʻzlar oʻzbek tilida ham anchagina.

Dotsent, doktrina, dokument, dogma kabi iboralar doktor soʻzining yaqin qarindoshlaridir. Dotsent ham doktor kabi docere feʼlidan yasalgan. Lotincha docens (docentis) oʻqituvchi, taʼlim beruvchi demakdir.

Doktrina lotincha doctrina soʻzidan, u esa lotincha doctor oʻqituvchi, ustoz soʻzidan hosil boʻlgan. Doktor esa docere feʼlidan yasalganini bilamiz. Doktrina oʻzbekchada ilmiy yoki falsafiy taʼlimotni, asosiy nazariy yoki siyosiy nuqtayi nazarni ifodalaydi.

Qadimgi hind-yevropa tilidagi dek oʻzagidan hosil boʻlgan dekan, dekada, dekabr, daha, detsimetr, detsibel, dekorativ, paradoks, sinekdoxa kabi atamalar esa doktor soʻzining uzoq qarindoshlaridir.

@oriftolib
👍33💯4🤨3
Yuz yil oldin yasalgan soʻzlar

Tilshunos olim Ernst Begmatov 1920–1930-yillarda yasalgan va isteʼmolga kiritilgan neologizmlar – yangi soʻzlarga quyidagilarni ham misol keltiradi:

Ishchi, yozuvchi, yozuvchilik, adabiyotchi, kolxozchi, bosma, bosmaxona, boʻlim, birlashma, ishsizlik, ishtirokchi, yotoqxona, yillik (godovoy), yoʻllanma (putyovka), nazariyachi.

Eʼtibor bering, bu soʻzlar tilimizda paydo boʻlganiga bor-yoʻgʻi yuz yil boʻlgan xolos. Agar bu tushunchalarga oʻsha paytda ot qoʻyilmaganida, hozir oʻrnida ajnabiy bir soʻzni ishlatayotgan boʻlishimiz ham mumkin edi.

@oriftolib
💯26👍23🔥4
Fan doktori va doktorant: farqi nimada?

Bu soʻzlarning farqi juda oddiy: falsafa doktori yoki fan doktori – dissertatsiya yoqlab, ilmiy unvonga ega boʻlgan tadqiqotchi. Tayanch doktorant yoki doktorant esa doktorlik dissertatsiyasini yozish uchun biror ilmiy muassasada tadqiqot olib borayotgan mutaxassisdir.

Bu xuddi magistr va magistrantning farqiga oʻxshaydi: magistrant – hali taʼlim olayotgan, dissertatsiya yoqlamagan talaba. U dissertatsiyasini yoqlab boʻlgach, magistrga aylanadi.

Diplomant – oliy yoki oʻrta maxsus oʻquv yurtini bitirish diplomi ustida ishlayotgan talaba. Bu soʻzni magistrant yoki doktorantlarga nisbatan ishlatib boʻlmaydi, chunki ular diplom ishi yozmaydi, dissertatsiya yozadi va uni yoqlaydi.

@oriftolib
👍15
Ter toʻkib ishlagan yozuvchi

Jyul Vern juda koʻp vaqtini ilmiy adabiyotlarni oʻqishga sarflardi. Qiziqarli, eʼtiborli maʼlumotlarni maxsus qaydqogʻozlarga yozib borardi. U tuzgan kartotekaga uncha-muncha olimlar uyushmasi ham havas qilsa arzirdi: kartotekada 20 mingdan ortiq qaydvaraq bor edi.

Uning bu urinishlari behuda ketmadi. Jyul Vern adabiyot tarixida ilmiy fantastika janrining asoschilaridan biri sifatida qoldi. YUNESKO hisob-kitoblariga koʻra, adib asarlari koʻp tilga tarjima qilinish boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi.

Jyul Vern jami 66 ta roman (baʼzilari tugallanmagan), 20 dan ortiq qissa va hikoya, 30 dan ortiq pyesa, bir qancha ilmiy va hujjatli asarlar muallifidir.

@oriftolib
👍36💯3
Har qanday odam istagan narsasini oʻrgana oladi. Lekin oʻrganishni istamagan odamga hech kim hech narsa oʻrgatolmaydi.

Henri Ford

@oriftolib
👍39💯9🔥6
​​Poldagi pul

Ikki yuzga yaqin kishi yigʻilgan zalda mashhur psixolog mashgʻulot oʻtardi. U 50 dollar pulni koʻrsatib: “Kim buni olishni xohlaydi?” deb soʻradi. Tabiiyki, hamma qoʻlini koʻtardi.

“Buni egasiga berishdan oldin bir ish qilaman”, dedi psixolog, soʻng pulni gʻijimlab-gʻijimlab tashladi. Shundan keyin “Bu pulni olishni istaganlar bormi?” deb yana soʻradi. Yana yigʻilganlarning bari qoʻlini koʻtardi.

“Unday boʻlsa, – dedi psixolog, – boshqacha yoʻl tutamiz”. U pulni polga tashlab, oyoq kiyimi bilan ezgʻiladi. Soʻng ifloslangan pulni tinglovchilarga koʻrsatdi: “Uni shu holatda ham olishni istaganlar bormi?” Bu safar ham qatordan xato boʻlmadi.

“Qadrdli doʻstlar, – deb soʻzida davom etdi psixolog. – Bu tajribada hammamiz uchun katta saboq bor. Men pulni qay ahvolga solmay, hammalaring uni olishni istadilaring. Chunki u oʻz qimmatini yoʻqotmagan edi. U haliyam 50 dollar edi.

Biz hayotda oʻzimizni tez-tez egardan tushgan, nazardan qolgan, oyoq ostida yotgan yo polda ezilgan holatda sezamiz. Bunday vaziyatlarda birovga keragimiz yoʻqday tuyuladi. Biroq nima boʻlganidan va boʻlishidan qatʼi nazar, biz oʻzimizning asl qadr-qimmatimizni yoʻqotmaymiz. Bizni sevganlar uchun hamisha qadrimiz yuksak boʻladi. Shuning uchun yaqinlarimizga, atrofdagilarga tamasiz, samimiy mehr koʻrsataylik, yordamimizni ayamaylik. Bu munosabat oʻzimizga ham albatta qaytadi”.

👉 Ibratli hikoyalardan

@oriftolib
👍50💯11😢4🔥2
Youtubeʼda yangi loyiha: “Vatandosh” intellektual klubi

Oxirgi paytda oʻzbekcha video materiallar koʻpaydi. Ayniqsa podkastlar avj oldi. Podkastlarning asli audio boʻlsa-da, video koʻrinishi rivojlanib ketdi. Suhbat va intervyular internetga podkast nomi bilan qoʻyila boshladi.

“Vatandosh” intellektual klubi podkast emas. Formati tok shoularni eslatib yuboradi. Birinchi soni mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi masalasiga bagʻishlanibdi. Oʻzbekiston bundan nima yutadi, nima yutqazadi? Mutaxassislar masalani taqdimotlar bilan tushuntirib bergan. Turli qarashlar ilgari surilgan. Monopollar masalasi ham koʻtarilgan.

Koʻrsatuvni mana bu manzilda toʻliq koʻrishingiz mumkin:

👉 youtu.be/smh01z4M9c8

@oriftolib
👍16🔥7
Ijodkorlar uchun tanlov

Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti oromgohlar madhiyasini yaratish bo‘yicha “Eng yaxshi shе’r” tanlovini e’lon qilibdi.

Gʻolib boʻlgan sheʼr muallifiga oʻn million soʻm pul mukofoti beriladi.

Sheʼrlar @Oromgohlar_uzb_bot manzilida qabul qilinadi. Ijodiy ishlarni Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzolaridan iborat hakamlar hayʼati koʻrib chiqadi.

Eng yaxshi deb topilgan she’rni taniqli san’atkorlar qo‘shiq qilib ijro etadi.

👉
Tanlov haqida batafsil

@oriftolib
👍18💯5🔥3
​​“Doktor”ning oʻzbekchasi bormi?

Doktor soʻzining gʻirt oʻzbekcha varianti bor – emchi. Afsuski, tilimizda ming yildan beri yashab kelgan bu soʻz hozir foydalanishdan deyarli chiqib ketdi. U oldin faol qoʻllanganini “Ogʻriq koʻpaysa, emchi koʻpayar”, “Ogʻriqning tuzalgisi kelsa, emchi oʻz oyogʻi bilan kelar” kabi maqollardan ham bilsa boʻladi. Bugun em oʻzagidan yasalgan emdori, emlama kabi soʻzlarni ham ishlatmaymiz hisob.

Izohli lugʻat emchi soʻzini emlovchi tabib, vrach, hamshira deya izohlagan. Hech qursa, hamshira oʻrnida shu soʻzdan foydalanish mumkin. Hamshira forschadan oʻzlashgan, asliyatda birga sut emishgan degani, opa yoki singilni anglatadi. Biz bu soʻzni shifoxonada ishlovchi, oʻrta tibbiyot maʼlumotiga ega boʻlgan xodimni ifodalash uchun ishlatamiz. Lekin uni erkak kishiga nisbatan qoʻllab boʻlmaydi. Ilojsiz hamshir degan soʻz yasaladi. Tagini surishtirsangiz, oʻzbekchada bunday soʻz yoʻq. Hatto asliyatda – forschada ham davolovchi maʼnosida bunday soʻz ishlatilmaydi. Menimcha, ruscha medbrat oʻrnida emchi soʻzini bemalol qoʻllash mumkin.

Oʻzbekchada doktor soʻzi oʻrnida qadimda hakim, tabib atamalari ishlatilgan. Qiziq tomoni, arabcha hakimning kechmishi doktorga oʻxshash, u ham asliyatda bilimli kishi, tabib, faylasuf kabi maʼnolarga ega. Odatda oʻtkir tabiblar hakim deb atalgan. Podshohlarni davolovchi mutaxassislar ham hakimlar boʻlgan.

Tabib soʻzi eski tilimizda shifokorni anglatgan, ammo hozir tibbiy oʻquv yurtida oʻqimagan, bemorlarni anʼanalar va hayotiy tajriba yordamida davolovchi kishiga nisbatan qoʻllanadi. “Devonu lugʻatit turk”da tabibning oʻzbekcha variantlari bor – oʻtachi, atasagʻun.

Vrach esa ruschadan oʻzlashgan. Uning tarixi ancha qiziq. Mutaxassislar bu soʻzni врать – gapirmoq, aldamoq, avramoq feʼliga bogʻlaydi. Qadimda bu soʻzda hozirgiday salbiy maʼno boʻyogʻi boʻlmagan. Vrach kuf-suflar, afsunlar bilan kasallikni haydovchi, avroqchi maʼnosini ifodalagan. Keyinchalik uning mazmuni oʻzgargan va oliy maʼlumotli tibbiyot xodimini anglata boshlagan. Oʻzbek tiliga shu mazmuni bilan oʻtgan.

Arabcha va forscha soʻzlar qorishmasidan hosil boʻlgan shifokor esa nisbatan yangi oʻzlashmalardan, u hozirgi tilimizda umuman davolovchi maʼnosida ham, doktor va vrach maʼnosida ham ishlatiladi.

@oriftolib
👍36🔥7💯3😎2
Halollik yetmagan joyga pul yamoq boʻladi.

Shved xalq maqoli

@oriftolib
👍48💯18🔥10
2025/07/13 14:36:26
Back to Top
HTML Embed Code: