O‘rganish oson, o‘rgatish qiyin

Ingliz tilini o‘rganib yurgan vaqtlarimda ustozlarim va ayrim tanishlarim tilni o‘rganishning eng samarali usuli bilganlaringni kimgadir o‘rgatish ekanini aytishardi.

Bunga shubha qilmaganman, lekin deyarli amalda sinab ham ko‘rmaganman.

Hozir jurnalistika bo‘yicha ishlayman. Bu sohada bir qancha ustozlarim bor. Har biridan nimanidir o‘rganganman.

Taqdir taqozosi bilan endi shu sohada kimlargadir bilganlarimni o‘rgatishga to‘g‘ri kelib qoldi. Bir necha kishiga bilganimcha o‘rgatdim, kimgadir hozir o‘rgatyapman.

Shu jarayonda anglaganim shu bo‘ldi — o‘rgatish o‘rganishdan ko‘ra qiyinroq.

Shaxsiy xulosamga ko‘ra, biz o‘rganish jarayonida ustozimiz bergan bilimni istaganimizcha o‘rganamiz. Xohlasak hammasini, xohlasak bir qismini va hokazo.

O‘rgatuvchi esa o‘zida bor hamma bilimni ulashsa ham, o‘rganuvchi uni qabul qila olmasligi, buni xohlamasligi yoki qo‘lidan kelmasligi mumkin. Va bu o‘rgatuvchini ancha qiynaydi.

Shuning uchun ustozlarga nisbatan oldingi yuksak hurmatim yanada mustahkamlanyapti. Har bir ustozga tom ma'noda haykal qo‘yilsa arziydi.

Yozganlarim erish tuyulsa, sizning sohangizdan umuman yiroqda bo‘lgan insonni yoningizga olib bir hafta o‘z bilimlaringizni o‘rgatib ko‘ring.

Keyin shu post ostiga "To‘g‘ri aytgan ekansan" deb yozib ketishingizga imonim komil)

@soliyev
Bugun kichik bir bayram. Bu kanalni endi boshlagan vaqtimiz umid bor edi, lekin 2 yildan kamroq vaqtda 100 ming obunachiga ega bo'lasan deyishsa ishonmasdim.

Hozircha aytishga arzigulik foyda topmadik. Lekin yuqorida aytganimdek, umid bor.

Kim bilsin, bu kanal haqidagi keyingi postimda "kimdir shu kanal ortidan «pochkalab» $ topasan desa ishonmasdim, hozir erishdim" deb yozarman.

Aybga buyurmaysiz, tunda xayolparastlik darajam sal oshib ketadi)

Mayli, nima bo‘lsayam xayrli bo‘lsin. Biz shunga rozimiz.

Mabodo haliyam obuna bo‘lmaganlar bo‘lsa, mana bu havola orqali kirib "podpiska" bo'lib qo'ying. Sizdan deyarli hech narsa ketmaydi. Jamoa esa cheksiz xursand bo'ladi.

Sog‘ bo‘laslar...
Hozir biz 2000-yilga nisbatan 2050-yilga yaqinroqmiz. Umr qanchalik tez o'tayotganini shundan tasavvur qilavering...
Tarix davomida korrupsiya va sifatsiz ta’lim tizimiga ega bo‘lgan hukumatlar birdamlik tuyg‘usini yaratish uchun ko‘pincha milliy ramzlardan foydalanishgan.

Sobiq Sovet Ittifoqining oxirgi yillarida keng tarqalgan korrupsiya, barbod bo‘lgan ta’lim tizimi va ommaviy immigratsiya sababli ko‘plab yoshlar umidsizlikka tushib qoladi. Ushbu qiyinchiliklarga qaramay, hukumat milliy libosni targ‘ib qilish kabi chora-tadbirlar orqali milliy o‘ziga xoslikka intiladi. Biroq, bu metod ko‘pincha teskari natija beradi, chunki odamlar buni dolzarbroq muammolardan chalg‘itishga urinish deb bilishgan.

Bugungi kunda shunga o‘xshash tendensiyalar ba’zi mamlakatlarda ham kuzatilmoqda, fuqarolar esa iqtisodiy va ta’lim sohasidagi muammolar bilan kurashishmoqda.

© Azamat Akbar

@soliyev
Xizmatchiga qobiliyatidan past maosh tayinlash yoki ishchiga mahoratiga yarasha haq bermaslik dindan emasdir! Garchi bu ikki tomonning qat’iy kelishuvi asosida yuzaga kelgan bo‘lsa ham. Chunki nochorning xohishida hurriyat tanqis bo‘ladi. Uning zohiriy roziligi, boshqa yo‘li bo‘lmagan muhtojning itoatidir.

Beriladigan maosh qilingan mehnatga yarasha bo‘lishi vojib. Alloh taolo: "Odamlarning narsalarini kamaytirib bermang. Yer yuzida turli buzg‘unchiliklar qilmanglar", deydi. (Shuaro surasi, 183).

Shayx Muhammad Gʻazzoliy
Al-Azhar universiteti, Misr
(1917-1996)

@soliyev
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Ulg‘ayish

Yillar oldin o‘zim o‘zgartira olmaydigan muammolar haqida jon kuydirib yozardim, e’tiborsiz emasligimni ko‘rsatishga urinardim. O‘zim uyaladigan jihati esa shu yozganlarimga qaysidir tashkilot yoxud amaldorlar munosabat bildirishini kutardim, o‘zimcha shuni talab qilardim.

Ulg‘aydim. Unday gaplarni yozish shunchaki o‘z vaqtimni va asablarimni yo‘qotish ekanini angladim. Endi yozsam ham hayotdagi ayrim voqeliklardan olgan xulosalarimni yozaman xolos. Yozganda ham ichim to‘lib ketsa yozaman. Aks holda, hammasi shunchaki xayollarimda qoladi.

Oldin ko'chaga chiqsam alohida, yangi kiyimlar kiyishga oshiqardim. Ulg‘aydim. Hozir alohida uchrashuvlar, nozik joylarga bormasam kiyimga umuman e'tibor qilmayman.

Oldinlari birinchi marta ko‘rgan istalgan insonga ishonch bildirar, yaqin bo‘lib ketishga urinardim. Ulg‘aydim. Endi odamlarni saralaydigan, menga zarar keltirishi mumkin bo‘lganlaridan uzoq turadigan bo‘ldim.

Bu kabi jarayonlar aslida qanday nomlanadi, buni bilmayman. Lekin bir narsani aniq bilaman: ayrim saboqlarni million odam sizga uqtirishga urinsa ham anglab yetmaysiz. Qachonki boshingizdan o‘tsa, his qilsangiz, keyingina "yetib boradi".

@soliyev
Mo‘tadillik, adekvatlik, umuman olganda qaysidir tarafning pozitsiyasiga xayrixoh bo'lmagan inson o'laroq vaziyatni baholash ancha qiyin ish. Buni hamma ham uddalay olmaydi. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda taraflashlik bahslari tinmaydi.

Birlari boshqalarini "radikal" deydi. Boshqalari esa birlarini "uch harf" deb ataydi.

Mening qarashim qanchalik to'g'riligini bilmayman. Buni siz bilishingizga ham shubham bor. Lekin o'zini mutlaqo haq yo'lda deb ishongan inson ham yurayotgan yo'liga qarab, biroz mulohaza qilishi kerak. Barchamiz oddiy bandamiz, adashishimiz mumkin. Xuddi shu kabi bizga raqobat qilayotgan tomon ham adashishi mumkin. Lekin bu biz ularni malomat qilishimiz yoki ular bizni haqorat qilishi mumkinligini anglatmaydi.

Agar kimningdir harakat yoki harakatsizligi jamiyat uchun xavf tug'dirsa, bu uchun QONUNIY javob berishi kerak. Agar kimningdir harakat yoki harakatsizligi unga qarshi turayotgan tomon uchungina xavflidek ko'rinsa, bu o'sha tomonning nazaridagina noto'g'ri bo'lishi mumkin va bu faqat ularning muammosi.

Jang san'atlarini juda yaxshi tushunmasam-da, biroz chekinib, keyin hujumga o'tish yaxshi natija beradi deb o'ylayman. Fikr bahslarida ham qarshi tomonning har gapini inkor etavermasdan, ma'lum muddat "sizniki to'g'ri" deyish yoki hech bo'lmaganda jim turish orqali biroz orqaga chekinish zarar qilmaydi, mag'lubiyatni anglatmaydi. Lekin afsuski, jamiyatdagi ayrim taraflar jangida hech kim bir qadam ortga tashlashni istamaydi.

Bu yozganlarimdan nimadir ma'no izlamang, qaysidir voqeaga bog'lamang. Chunki agar nimadir topish ilinjida qidirsangiz, uni topasiz. Bunga ishonaman. Inson ko'rishni xohlagan narsasini ko'radi, eshitishni xohlagan gapini eshitadi, o'qishni xohlagan so'zlarini o'qiydi. Lekin aslida qaysi biri to'g'ri ekanini bilishga ba'zan ojizlik qiladi — ko‘rganimi yoki ko‘ringanimi?

@soliyev
Yoningizdagi kalamushlarni bilish uchun kemangiz cho‘kib turishi ham kerak...

@soliyev
Mubashshir Ahmadga qarshi og‘ir gaplar yozilyapti. Ular doim bor edi, doim shunday edi. Hozir qamoqdaligida emas, hamisha shunday yozishgan. Ularning kimligi aniq, niyati aniq. Asl muammo ular emas.

Keling, bir tasavvur qilaylik. Mubashshir Ahmadni 10 mayda "podvol"ga olib ketilmadi, deylik. Aeroportda uni karnay-surnay bilan, zarto‘nlar bilan, "Prezident sovg‘asi" degan mashinalar bilan amaldorlar kutib oldi, deylik.

Hozir atrofida qanchadan-qancha jurnalist-u blogerlarni ko‘rardingiz. Bugun jumada sha'niga maqtov yog'ilib, uning haqqiga duo qilinardi. Yana bir dunyo marosimlar, tadbirlar, uchrashuvlar davom etardi...

Atrofida odamlar kapalakdek aylanib, rasm tushardi. Ijtimoiy tarmoq Mubashshir Ahmad bilan tushgan odamlarning rasmiga to‘lardi.

Shunday bo‘lardi, to‘g‘rimi? Siz bu manzarani ko‘z oldingizga keltiring. Endi savol, qani o‘sha odamlar, blogerlar?

Hozir Mubashshir Ahmadga nisbatan og‘ir gap yozayotganlar o‘sha vaqtda ham yomonlardi. Ularning bori shu. Aksincha, yaxshi kunda kanadek yopishib, musibatli vaqtda miq etmayotganlar xatarli.

Dunyo yomonlar borligi uchun emas, yaxshilar jim turgani, beparvo bo‘lgani uchun buzilyapti!

© Sanjar Xo‘ja

@soliyev
Mubashshir Ahmad domlaning loyihalarida 2 yildan ortiq faoliyat yuritdim. Bir yilga yaqin Azon.uz axborot-tahliliy portalida, yana taxminan bir yil Mezana ilm markazida ishladim.

Bu vaqt mobaynida ustoz bilan suhbat qilish biror marta nasib etmadi. Jamoaviy yig‘inlarda maslahat va nasihatlaridan hamkasblar qatori bahramand bo‘lganman. Shaxsan, yakkama-yakka suhbat qurmaganman.

Lekin istalgan eng oddiy inson ham seza oladigan nur bor edi yuzlarida. So‘zlarida esa jahl, g‘azab, nafrat emas, salobat bor edi, har qanday qattiq gapni ham sizni aslo ranjitmaydigan, lekin "yetib boradigan" qilib gapira olardilar. Tanbeh berganda ham tabassum bilan gapirishlari o‘ta noyob holat edi men uchun.

Vodiyga xos askiya, ilm ahliga mos bosiqlik, kamtarlik bor u kishida. Bir safar xonamizga kirganlarida o'rnimdan turib, qo'limni ko'ksimga qo'yib salom berib kutib olganim, domla esa har birimiz bilan qo'l berib ko'rishganlari yodimda.

U kishini baholash, ta'riflash menga emas, aslida. Qanchadan-qancha shogirdlari, yaqinlari keraklicha biladilar, gapiradilar. Men esa ulardan eshitganlarim, kam bo'lsa ham o'zim ko'rganlarim asosida ojizona xulosa aytishim mumkin.

Mubashshir Ahmad biror kimsa uchun xavf tug‘diradigan inson deb hisoblamayman! Qo‘polroq eshitilar, lekin bizneslaridan keladigan daromad shohona yashashlari uchun bemalol yetib, ortardi. Azon loyihalarining aksariyati zararga ishlagan, ustozning o'zlari shaxsiy mablag'laridan maosh berganlar, boshqa xarajatlarni qoplaganlar. Bevosita bunga guvoh bo‘lmasam-da, loyihalarda ustoz bilan yelkama-yelka turgan hamrohlari shunday deyishgan.

U inson boyvachchadek yashashni, biror mansabni egallashni, kimnidir yomonotliq qilishni hech qachon istamagan. Topganlarini ilm olish va ilm ulashishga, jamiyatning ziyoli bo'lishi uchun hissa qo'shishga sarf etganlar, hozir ham shunday va bundan keyin ham shunday davom etishlariga ishonaman.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo'lib, o'zini xalq dardi bilan yashayotgandek ko'rsatib, hozirda davlat idoralarida yumshoqqina o'rindiqni band etib o'tirganlarni bir necha bor ko'rdik. Lekin Mubashshir Ahmad bunga intilmagan.

Ularning sha'niga yomon so'z aytganlarni, haqorat qilganlarni biror marta yomonlaganlarini ham eshitmaganman.

Ayrimlar so'z erkinligi deb istaganini gapirib yotibdi. Siyosatga qarshi gap ham aytyapti, jamiyatning ongini zaharlaydigan gapni ham. Mubashshir Ahmad esa hukumatning siyosatiga doim xayrixoh bo'lgan va biror marta o'zlari ham qarshi fikr bildirmaganlar, kuzatuvchilarini ham bunga undamaganlar. Qaytanga ularning faoliyatlarini "qiyinlashtirgan" shaxslarning tarafini olib, xalqni ularga ergashishga chorlaganlar.

Shu kunlardagi voqealar bir bandaning, bir fuqaroning muammosi emas. Haq gapni aytgan, yozganlarida yomonlikni ko'zlamagan, ma'rifat ulashgan bir insonning noma'lum joylarda ushlab turilishi har qanday erkin fikrli inson uchun yomon signal. Bu aslida hur fikrlilarni, jamiyat rivojiga, odamlarning dunyoqarashini oshirishga xizmat qiladigan barcha insonlarning muammosi. Bugun Mubashshir Ahmad, ertaga kim? Balki siz, balki men.

Aybdor bo'lsalar, yashirishning nima keragi bor? ADOLAT bilan qaror chiqarib, QONUN bilan isbotlab berish kerak. Buning imkoni yo'q bo'lsa, ushlab turish inson qadrini toptashdan boshqasi emas.

Men bu masalada har qanday betaraf kishi faqat va faqat shuni xohlayotganiga ishonaman.

@soliyev
Bo‘lishi mumkin, bo‘lmasligi ham mumkin...

"Tashqi ko‘rinish aldamchi bo‘ladi", "kitobning muqovasiga qarab baho berma" kabi gaplarni ko‘p bora eshitganman. Bunday gaplar zamirida haqiqat borligini tushunganman, lekin anchayin yuzaki qarardim.

Yaxshi kiyinib yuradigan, suhbatlarda o‘ziga ishonch bilan gapiradigan odamlarning muammosi yo‘q, jilla qursa moliyaviy ahvoli zo‘r deb o‘ylardim. Aksariyat odamlar ham men kabi fikrlagan bo‘lsa kerak. Lekin aslida avtobusda emas taksida yuradigan, bozordan emas butikdan kiyinadigan, perashkaxonada emas restoranda taomlanadigan odamlarning ham minglab dollar qarzi bo‘lishi mumkin. Ishlari yurishmayotgan, muvaffaqiyatsizliklar girdobiga tushib qolgan bo‘lishi ehtimoli bor. Va aksincha, odmi kiyingan, faqat metroda yuradigan, oddiy yemakxonalarda yoki doimo uyida ovqatlanadigan odam birovdan qarz bo‘lmay, nisbatan xotirjam yashayotgan bo‘lishi mumkin.

Istalgan vaziyatda kayfiyatni ko‘tara oladigan, omadsizlikka uchrasa ham buni kulgu bilan xotirjam qabul qiladigan insonlarning ichida dunyolar qulayotgan bo‘lishi mumkin. Balki unday emasdir, bizga ko‘ringan barchasi rostdir. Lekin ba’zi holatlarda ko‘rganimiz aslida teskarisi bo‘lib chiqadi.

Shuning uchun hech qachon xulosa qilishga shoshilmagan yaxshi. Sudda javobgar obrazida turgan inson aslida jabrdiyda bo‘lishi mumkin.

Shunday qarashlar bilan fikrlasak, butun dunyo ehtimollardan iborat bo‘lib qolarkan. Unday bo‘lishi mumkin, bunday bo‘lmasligi mumkin...

Rost-da, soniyadan keyin nima bo‘lishini bilmasak, ko‘rgan narsamizda ham asl haqiqatni bilishga imkonimiz cheklangan bo‘lsa, "ehtimol" deyishdan boshqa choramiz qolmasligi tabiiy axir. Bandamiz-ku...

@soliyev
Maktab paytlarimda bir inson aytgandi: "Svilizatsiyalarning boshlanishi qaysidir svilizatsiyaning yakuni bo'ladi. Insoniyat qachondir juda yuqori darajalarga erishadi, keyin birdan hammasi qulaydi va tosh davridagidek hayotdan boshlanadi bari".

Bu gap o'sha vaqtda ham, hozir ham biroz kulgulidek tuyulgan menga. Lekin hozir bir kitobni o'qiyotib, beixtiyor o'sha gaplarni esladim. Kitobda muallif ayrim muassasalarni "hali ham qoidalarni daftarga yozib, konspekt qilib yurishar ekan, biz uni texnologiyaga almashtirdik, odamlar endi kompyuter orqali o'rganyapti" deb yozgan. Daftarga yozib, konspekt qilishni eskilik sarqiti, foydasi kam mashg'ulot sifatida baholagandek go'yo.

Bir necha kun avval o'qiganim, tinglaganim va ulashganim — OpenAI kompaniyasi egasi, o'sha biz bilgan ChatGPT ni ishlab chiqqan kompaniya rahbari Sem Altman ma'lumotlarni tahlil qilish, eslab qolish uchun fikrlarini doimo qog'ozga tushirishini, konspekt qilishini aytgan.

Ha, biz rivojlandik. Cho'ntagimizga bloknot, ruchka, qalam, qandaydir kitobchalarning o'rniga ularning barchasini o'zida jamlagan telefonni solib yuramiz. Undan foydalanish qulay, oson. Lekin natijasi-chi?

Ehtimol bizga yengillik va'da qilayotgan texnologiyalar aslida bizni qiyinroq ahvolga solib qo'yar?..

Izlanishga erinamiz yoki vaqtni tejaymiz deb ChatGPT dan referat, maqola yozib berishini so'raymiz. Millionlab yoshlarning orzusi bo'lgan nufuzli unviersitetlarda ta'lim olayotgan talabalar ham vazifalarni sun'iy intellekt orqali yozishga harakat qilmoqda.

Ha, bu hozir oson, ishni yengillashtiradigan, yuklamani kamaytiradigan vosita bo'lib ko'rinadi. Lekin bora-bora inson shaxsiy fikrini yo'qotadi, dunyoqarashi jarga qulaydi.

Shunchaki eslab ko'ring: kichkina va qalin lug'at kitobdan zarur so'zni izlab, uni daftarga yozib, shu orqali yodlagan so'zlaringizning qanchasi esda qolgan? Telefondagi ilovalar orqali osongina "search" qilib tarjimasini birrovga ko'rib olgan so'zlaringizning qanchasini hozir ham bilasiz?

Yozish har doim qiyin, chunki sun'iy intellekt orqali vazifa bajarib yozish ko'nikmasini shakllantira olmaysiz. Yozish uchun ko'proq o'qish kerak. Ba'zan esa o'qish ham kamlik qiladi, o'qiganini anglab yetish ham kerak bo'ladi...

@soliyev
Bajarish kerak!

Hozir hamma o‘qish haqida gapiryapti.

Muammolar esa amaliyotda boshlanadi.

Ko‘p o‘qib, qo‘llamasangiz, ilm zarar beradi xolos.

O‘qing va bajaring, bo‘ldi.

© Hasanov

@soliyev
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Jahon chempionatiga chiqdik! Tabriklayman!
Qiziqchilarning yengil-yelpi hazillari ham ba’zilarni kuldiradi. Men nari borsa miyig‘imda tabassum qilib qo‘yaman.

Abbos Serobovning ilk yakkaxon konsertida esa faqat kulib, qarsak chalib, vaqt qanday o‘tganini sezmaganman.

Sizlarda bu konsertni jonli ko‘rish imkoni yo‘q, alam qilsin) Lekin bugun videosi chiqdi.

Ko‘ringlar, mazza qilinglar. Mabodo, mening qah-qah otib kulganimning ovoziyam eshitilib qolgan bo‘lishi mumkin)

https://youtu.be/rOJiRrqNS_U?si=vcFkKXynZw86ORqI
2025/06/30 04:17:19
Back to Top
HTML Embed Code: