​​Qandaydir so’rovnoma va tadqiqotga ko’ra O’zbekiston dunyodagi eng baxtsiz mamlakatlar reytingida birinchi o’rinni egallagan emish. Undan so’ng ikkinchi o’rinda Buyuk Britaniya emish. Eng baxtli mamlakatlar orasida esa Dominika respublikasi, Shri Lanka va Panama turar ekan.

Shunga o’xshash reytinglar, tushunarsiz metodika bilan hisoblanadigan ko’rsatkichlar albatta ko’proq click va shovshuv olib keladi. Lekin, so’rovnoma o’zi nimaga asoslangan, qanday savollar u yerda bor, kimlardan so’ralgan, qachon so’ralgan va nimaga asoslanib bunday reyting qilindi degan savollarni bersangiz ushbu reyting jiddiy olinmasligi kerakligini tushunish mumkin.

O’zbekistonliklar shunchalik baxtsizmi? O’zbekistonda mental health bo’yicha muammolar bormi? Bilmayman, chunki, gap hozir umuman bu haqda emas. Gap shu xulosani qilishga undagan metodikada.

Bundan xulosaga kelish uchun Global Mind Project degan loyiha onlayn so’rovnoma tuzishgan va unda respondentlar bir nechta savollarga javob berishgan, javobga qarab esa qandaydir ball berilar ekan. Mamlakat bo’ylab esa ushbu ballarning o’rtachasini olishgan. U yerdagi savollar haqiqatdan ham mental wellbeingni o’lchaydimi degan savolga menda javob yo’q, chunki bu mening mutaxassisligim emas va uni tushunishga davo qilmayman. Lekin, faraz qilib shu savollar/indikatorlar to’g’ri desak ham so’rovnoma shakli o’ta shubxali:

Birinchidan, xulosani o’zi noto’g’ri. Masalan, Shri Lanka mamlakati eng baxtli mamlakat emas, balki quyidagicha deyish to'g'riroq bo'lardi: “Faqatgina onlayn tuzilgan so’rovnomada berilgan savollarni yozilgan tilida mukammal tushunib, uni tugatish uchun 15 minut vaqti bor bo’lgan va so’rovnomada yashash joyini Shri Lanka deb ko’rsatgan respondentlarning o’rtacha balli 89”.

Ikkinchidan, bu so’rovnomada o’zbek tili yo’q. Ya’ni, O’zbekiston uchun qilingan xulosa bu so’rovnoma hisobotida yozilganidek (12-betida) “faqat rusiyzabon respondentlarning javoblari hisoblangan”. Ya’ni, birinchi punktda aytganimdek, butun O’zbekiston emas, qaysidir kuni internetda 15 minut vaqti bo’lgan va rus tilida yozilgan savollarga javob bergan respondentlar deyish kerak. Axir, O’zbekistonning necha foizi rus tilini biladi?

Uchinchidan, texnik nuqtai nazardan ham jiddiy olinmasligi kerak. Qayerda yashaysiz degan savolga O'zbekiston deb belgilab shartli Kiprdan ham internetga kirib to'ldirish mumkin. Masalan, men hozir shunday qilib ko'rdim. Hech bo'lmasa geo-datani filtr qilishmagan ham, katta ehtimol bilan. Bundan tashqari, so'rovnomaga O'zbekistondan qish faslida zapravkada navbatda turib qatnashish bilan, yozda tarvuz yeb ofisda konditsioner tagidan qatnashish mumkin. Ikkala vaziyatda hatto bir inson ikki xil javob berishiga ishonchim komil.

To'rtinchidan, xulosaning interpretatsiyasiga ham qo’shilmayman. Ular uchta faktorni yozishibdi. 1)smartfonlar, 2) qayta ishlangan ovqatlar va 3)oilaviy yaqinlik. Masalan, loyiha rahbari Tara Thiagarajan yozishicha, Venezuela bilan Tanzaniya eng baxtli mamlakatlar qatoridan joy olishining sababi bu ularning g’arbdan ultra-qayta ishlangan oziq-ovqatlarni sotib olish, import qila olmasliklari ekan. Ya’ni, kamroq yomon ovqatni import qilganliklari uchun ular baxtliroq ekan. Bundan tashqari, Venezuela bilan Tanzaniyada bolalarga smartfon berishmas ekan, va ularda oila katta ekan. Juda g’alati interpretatsiya.

Beshinchidan, loyiha rahbaridan iqtibos: “At the moment, growth is causing harm”. Ya’ni, o’sish odamlarga ziyon keltirmoqda, shuning uchun kambag’alroq mamlakatlar hozir baxtliroq demoqchi. Juda va juda g’alati gaplar.

Xullas, bu sarlavha, ya'ni O'zbekiston dunyoda eng baxtsiz va odamlari ruhan nosog'lom mamlakat deganga qo'shilmayman. Chunki, metodikasiga juda katta savollar bor. Yana bitta xulosa bu keyingi yil O'zbekiston reytingini oshirish uchun 5000-6000ta odamni ishlatib, yoki bot bilan, shu yerdagi barcha savollarga faqat eng yaxshi javoblarni belgilab chiqinglar deyilsa reyting 180gradusga o'zgaradi. Aytmoqchimanki, keyingi yil O'zbekiston eng baxtli mamlakat reytingida birinchi o'rinni egallab qolsa ham ishonmasdim.

@uzbekonomics
Bu haftaniki:
https://botir.substack.com/p/weekly-digest-march-17

Freakonomics, Chikago iqtisodiyot fakulteti, STEMdagi ayol-qizlar, havo sifati monitoringi, yashirin iqtisodiyotni o'lchash yangi metodikasi, immigratsiya, AI, machine learning bo'yicha yangi kitob, bolalar o'limi, tashabbusli byudjet va Rossiya qora ro'yxatida kirgan Nobel mukofoti sovrindori haqida.

@uzbekonomics
Insoniyat tarixidagi eng zo'r davrda yashayapmiz.

Kecha Neuralink miya-kompyuter implantatsiyasini olgan birinchi bemor bilan videoni taqdim etibdi. Yelkasidan past badani butunlay falaj (paralich) bo’lgan inson o’z ongi va texnologiya orqali harakatlarni bajarayotganini ko’rish mumkin. Hozircha kompyuterda shaxmat o’ynayapti. Bu texnologiya orqali nafaqat badani falaj bo’lgan insonlarga harakatlanish imkonini yaratishi mumkin, balki masalan ko’zi ojizlarga ham ko’rish imkonini yaratishi mumkin ekan. Albatta, bunday xulosa va keng miqyosdagi natijalarga hali erta.

Lekin, texnologik progressni shiddatli rivojlanib, insonlar hayotini yaxshilashda, dardiga shifo berishda, hali biz bilmagan va o’ylamagan yangi imkoniyatlarni yaratayotganini birinchi qatorda o'tirib ko'ryapmiz, ishlatib ko'ryapmiz, jarayonda ishtirok etyapmiz.

Insoniyat kelajagi va ilm-fan yutuqlari bo’yicha men juda optimistman, texno optimistman. AI odamlarga qarshi bosh ko'taradi, ishimizni olib qo'yadi va shunda o'xshash salbiy ssenariylar bilan deb bizni qo'rqitadiganlardan farqli o'laroq (albatta barcha narsada risk bor) men texnologik progressning insoniyat uchun yutuqlariga juda hursand bo'laman.

Aytgancha, esingizdami yaqinda dunyoda yuzminglab, va keyin millionlab insonlar COVIDdan vafot etayotganlarida barchamiz noaniqlikda, dunyo ertaga qanday bo'lishi haqida o'ylab uyda, social distancing qilayotgan edik. Shu kunlar boshlanganiga ham roppa-rosa to'rt yil bo'libdi. Mart oyining shu kunlari edi.

@uzbekonomics
Agar voqealar xronologiyasiga izohlarsiz qaraydigan bo'lsak:

Ikki hafta oldin AQSh razvedkasi (elchixona orqali) Rossiyada, Moskvada qo’poruvchilik harakatlari haqida ogohlantirdi. Matnni so’zma-so’z o’qisak, ularning ogohlantirish xabarlari yana bir bor to’g’ri bo’lib chiqibdi. Ya’ni, konsert joylari degan jumlasi ham bor ekan.

Bir hafta oldin Putin qayta saylandi.

3 kun oldin Putinning bu gaplari.

Bugun ertalab Peskov birinchi marta “urush” so’zini ishlatib biz urush holatidamiz dedi.

Bugun kechki paytga borib esa nima bo’lganini o’zingiz ko’rayotgan bo’lsangiz kerak...

@uzbekonomics
OpenBudget haqida an’anaviy fikrlarimga eslatma:

https://www.tg-me.com/uzbekonomics/763
https://www.tg-me.com/uzbekonomics/764

Qo’shimcha qiladigan bo’lsam:

Birinchidan, kutilmalarimga ko’ra har yili OpenBudget loyihasi uchun ovozlar “narxi” oshib borganini ko’ryapmiz. Bu nimani anglatadi? Shunchaki insonlar o’z ovozlari qadrini anglab yetishlari natijasida shartli ikki-uch yil oldin duch kelgan loyihaga berib yuborgan bo’lsalar endilikda ular o’z qishloqlari, mahallalaridagi loyihalarga bermoqdalar, ingliz tilida aytadigan bo'lsam informed decision qilishmoqda. Maksimal ovozlar soni cheklanganini inobatga olsak, bozordagi aylanmada ovozlar soni qisqarishi natijasida "narx" oshadi.

Ikkinchidan, OpenBudget orqali fuqarolar parlament qilishi kerak bo’lgan ishni qilyapti. Ya’ni, soliqlarini taqsimotida bevosita qatnashmoqdalar. Men uchun bu sarson byudjet emas. To’g’ri, o'rinli tanqidlardan biri bu qaysidir amaldor masalan do'xtirlarni/o'qituvchilarni/qo'l ostidagilarni ovoz yig'ishga majburlayotgani bo'lishi mumkin. Yuqoridagi postlarimda yozganimdek, agarda OpenBudget orqali qandaydir majburiy mehnat borligini ko’rayotgan bo’lsak u bevosita OpenBudgetning muammosi emas, balki o’sha katta muammo - majburiy mehnat, amaldorlarning buyruqbozliklari borligini ko’rsatib beryapti xolos. Qo’shimchasiga qayerda borligi ko’rsatib beryapti. “Shuning uchun OpenBudgetni tugatish kerak” degan gaplar mutlaqo mantiqqa qarshi, muammoni ko’rsatib bergani oynani sindirish emas, o’sha asl muammo bilan kurashish kerak. Aytmoqchimanki, OpenBudgetsiz ham ular katta ehtimol bilan do'xtirlarni/o'qituvchilarni/qo'l ostidagilarni boshqa majburiy harakatlarga (ko'cha tozalashga, uyma-uy yurishga, va boshqalar) jalb qilayotgandirlar, balki. Albatta OpenBudgetni takomillashtirish, qandaydir turdagi loyihalarni istisno qilish mumkindir, lekin aslo butunlay yopish emas.

Uchinchidan, OpenBudget o’ta muhim signal yaratyapti. Hukumatga ham o’sha parlamentga ham o’ta qimmatli signalni odamlarning o’zi beryapti. Qaysidir qishloq yoki mahalla poliklinikasi, maktabi, yo’li 10-20-30 yildan beri ta’mirlanmaganini odamlar o’zaro loyiha qilib, ovoz qilib byudjetning atiga 5 foizidan bo’lsa ham qandaydir ulush olib ta’mirlatishga harakat qilishmoqda. Natijada, markaziy hokimiyatga ham mahalliy hokimiyatga ham “bu yerga, u yerga mablag’ kerak ekan, bu yerda muammo bor ekan” degan signal boradi.

Agar parlement to'liq ishlaganda, va u hukumat xarajatlarini tiyib turganda edi (masalan, professional sportchilarga milliard-trillionlab so’m bermasdan, yoki gulboz, mushakbozlikka kamroq pul sarflab) poliklinika va maktab uchun ovoz yig'ilishiga ehtiyoj ham qolmas edi. Balki. Toki hozircha shunday emas ekan, odamlarning faolligiga, fuqarolik jamiyati yaratilishiga bolta urish kerak emas.

Ha aytgancha, bu yil 10 million odam qatnashibdi! Endi tasavvur qiling, byudjetning 5% emas, 50%, 100% foizi shunday taqsimlansa... Uning nomi ham mohiyati ham OpenBudget emas balki haqiqiy parlament bo'ladi.

@uzbekonomics
​​Psixologiya va iqtisodiyot fanlarini butunlay o'zgartirgan Nobel mukofoti sovrindori Daniel Kahneman bugun 90 yoshida vafot etibdi.

Uning faoliyati, yaqin do’sti Amos Tversky bilan birgalikda, boshqa olimlarga qaraganda, bizlarga o’zi insonlar qanday va nima uchun qarorlar qabul qilish haqida eng ko’p narsa o’rgatdi. Nafaqat akademiklar uchun, balki barchaga.

Ikkala do’st haqida fanning boshqa yetakchi olimlari Cass Sunstein va Richard Thaler tomonidan yaxshi maqola yozishgan edi.

Uning ishlari haqida batafsilroq keyin yozaman.

@uzbekonomics
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
“Ўзимизда ишлаб чиқармасак, валюта четга чиқиб кетади” деган гап нега миф?

Айрим блогерлар маҳаллий автосаноатни ҳимоя қилиш кераклигини айтиб чиқиши ортидан ижтимоий тармоқлар яна протекционизм ҳақидаги баҳслар билан тўлиб-тошди. Kun.uz бу борадаги саволларга асосли ва илмий жавоблар олиш учун АҚШда фаолият юритаётган иқтисодчилар Ботир Қобилов ва Беҳзод Ҳошимовга мурожаат қилди.

Иқтисодиёт илми мутахассислари суҳбат давомида “валютанинг четга чиқиб кетиши” ҳақидаги хавотирлар нега асоссиз экани, импортга чеклов қўйиш қандай қилиб экспортга ҳам тушов бўлиши, оқилона фискал ва монетар шарт-шароитларда импортнинг экспортдан кўп бўлиши нима учун муаммоли ҳолат эмаслигини тушунтириб беришди.

📹 ИНТЕРВЮНИ ТОМОША ҚИЛИНГ
Freakonomics podkastining oxirgi ikki sonini tinglashni tavsiya etaman.

Bu sonida iqtisodchilar har bir qarorda kutilmagan oqibatlar (unintended consequences) bo’lishi mumkinligi va har bir qarorda o’zaro kompromiss (trade-off) borligi haqida gapirishgan bo’lsa:
https://freakonomics.com/podcast/how-to-pave-the-road-to-hell/

Bu sonida esa Fareed Zakaria siyosiy bo'linish, populizm va jamiyat haqida gapirgan ekan:
https://freakonomics.com/podcast/are-we-living-through-the-most-revolutionary-period-in-history/

@uzbekonomics
Matt Levine ham podkast boshlabdi. Tavsiya etaman. Matt Levine nafaqat moliyaviy mavzular haqida, balki umuman ingliz tilida eng zo'r matn/blog/hikoya yozadigan jurnalist.

Podkastini ham tinglab ko'ramiz.

https://www.bloomberg.com/podcasts/series/money-stuff

@uzbekonomics
Nafaqat madaniyat rivoji uchun foydali bo'lar edi, balki byudjet defitsiti haqidagi mulohazalar, uni qanday qisqartirish mumkin degan diskussiyada ham shu kabi tashkilotlar va ularning moliyalashtirilishi kun tartibiga chiqishi kerak.

@uzbekonomics
Bog'lar bu xalqniki. Toshkent shahriga (mamlakatdagi barcha shaharlarga) oddiy bog'lar kerak.

Bog' tadbirkorlarniki emas, balki shaharniki va uning aholisiniki - bu haqda yozgandim uch yil oldingi kolonkamda. Bog' bu vaqtincha tadbirkorlik qilib oladigan makon emas, balki shaharning tarixi va kelajagi chambarchas bog'liq bo'lgan makon. Hech qanday tadbirkorlik subyekti, ming yaxshi niyatlar bilan bo'lsa ham, shahar bog'larini ularning asl maqsadidan ko'ra yaxshilay olmaydilar. Hech qanday rekonstruksiya shahar bog'ini uning asl qiyofasi - tabiatga maksimal yaqinlashgan makondan ko'ra yaxshilay olmaydi, aksincha yomonroq qiladi. Shahar bog'lari bu shahar o'pkasi va aholi salomatligi masalasi. Agar faqat pulga chaqib hisob-kitob qiladiganlarga ham aytadigan bo'lsam - shahar bog'lari bu shahar iqtisodiyoti uchun o'ta muhim makon, bu haqda million marotaba yozildi, aytildi shekilli. Aynan tabiiy ko'rinishidagi shahar bog'i. Shahar bog'i byudjetga yuk bo'lyapti yoki o'zi qarovsiz holga kelib qoldi degan argumentlar umuman mantiqsiz. Shahar bog'i aholiniki bo'lganidan keyin aholi soliqlari (byudjet) evaziga parvarish qilinishi va saqlanishi tabiiy. Shunda hech narsa qarovsiz holga kelmaydi.

Toshkent shahrida hech qanday attraksioni, temir-tersagi yo'q va "tegilmagan" shahar bog'lari soni bir qo'l bilan sanab bo'ladigan darajaga kelib qolgani juda achinarli.

@uzbekonomics
Men shahardagi istalgan jamoat bog’larini xususiy tijorat uchun xususiy qo’llarga topshirilish g’oyasiga qo’shilmayman. Bu hech narsani o'zgartirmasligi va hech kimga qiziq bo'lmasligi mumkin, va oldin ham bu pozitsiyam aniq bo’lsa ham, hozir yana shuni eslatib o’tmoqchiman.

Albatta, xususiy tadbirkorlarda samimiy niyat bo’lishi mumkin, ular o’zlarining fikrlari, dunyoqarashlari, va rejalariga qarab bog’larga “qarab turishlari” mumkin. Bundan tashqari, shunday pretsedent ham bo’lsa ham, ya’ni shahar hokimiyati yaxshi qaray olmagan bog’ xususiy tadbirkorlar qo’liga o’tgach birdaniga yaxshilanib qolgan bo’lsa ham bu barcha bog’larni demak xususiylashtirish kerak ekan degan xulosaga olib kelmaydi. Ular qoida emas, balki istisno. Vaxolanki, shu ishni shahar qilsa ham bo'lardiku degan xulosa beradi. Qaysidir tadbirkorlarning himmatiga, va ular to’g’ri o’ylaydilar, aholiga kerak bo’lgan holatda bog’ni saqlaydilar degan kutilmalarga bog’liq bo’lishi kerak emas. Bu lotoreya emas, jamoat bog’lari bu ijtimoiy tovar va ularni davlat o’z qaramog’ida qoldirishi shart. Agar shahar bu ish bilan yaxshi shug’ullana olmayotgan bo’lsa demak muammo shaharda, va u ish bilan yaxshiroq shug’ullanish kerak. Bog’ga qaraydigan kadr yo’q, pul yo’q deyish mantiqqa to’g’ri kelmaydi, shahar aholisi soliqlarni aynan shuning uchun ham to’laydilar. Undan samarali foydalanmaslik esa bu boshqa masala, lekin bu yangi muammoni yaratishga yo’l bo’la olmaydi. Shahar boshqaruvchilari, ya’ni xizmatchilari qachondir almashadilar bu tabiiy jarayon, lekin aholi qoladi. Bog’ ham aholida qolish kerak. Ellik yilga tijorat uchun ijaraga berilmasdan.

Darvoqe, shahar jamoat bog’larini o'zini o'zi qoplash evaziga moliyalashtirilishiga tashlab qo’yish xato g’oya, ya’ni bog’ ma’muriyati shu bog’dan qanday qilib bo’lsa ham tijorat evaziga sug’orish, supurish uchun pul yig’ishni yuklashi xato.

Meni qiynayotgan masala shuki, hotiramiz juda tez unutiladigandek tuyilmoqda. Ha, hozir yilning eng zo’r oyi, lekin eslatib o’taman, Toshkent shahri dunyodagi havosi eng iflos shaharlardan biri bo’lib keladi. Bu qanday kasalliklar, aholi salomatligi bilan oid boshqa qanday muammolarni keltirib chiqarishini qaytarish shart emas. Aynan mana shu fakt bilan bir o’rinda shaharda daraxtlarni, yashil zonalarni ko’paytirishimiz kerak edi, mavjudlari sonini qisqartirish emas.

Nima uchun Manhattandagi 341 gektar yerni egallab yotgan Central Parkni ochiq auksionga qo’yib tadbirkorlik uchun sotilmaydi? Nima uchun Londondagi 142 gektar yerni egallagan Gayd Parkni ham tadbirkorlik bilan shug’ullanish uchun berilmaydi? Vaxolanki dunyodagi eng qimmat yer qarichlari aynan shu joylarda, jumladan Manhattanda. Ishonchim komil, shu 341 gektarni sotuvga qo’yishsa u yerda bino quraman, magazin quraman degan investorlar chiqadi va sotuvdan tushgan pulga byudjetni boyitsa bo’ladi. Lekin, bunday qilinmaydi. Avvalambor hokimiyat aholidan bunday so’rab ham o’tirmaydi, bog’ingizni kessak maylimi deb, chunki shu savolning o’zidan ular lavozimdan ayriladilar (aholiga hisobot berishadi va ular ovozi orqali kelib-ketadilar). Ikkinchidan, faqat pulda gaplashsak ham, Central Parkni ham, Gayd Parkni ham tabiatga maksimal ravishda ushlab turish aynan o’sha shaharlar byudjetiga tushumni oshirib turibdi, aholisini salomatligi, ekologiyasi uchun foydasini pulga chaqilsa ham hech qanday investor bera olmaydigan mablag’ chiqadi.

Davlat bunday masalalarda qat’iyatliroq bo’lishi kerak. Bir investor bozoringizda biz uchun raqobatni cheklab bering deb xat yozsa ham, boshqasi bog’ni bizga berib turing, tijorat qilib olaylik desa ham aholi, iste’molchi va xalq manfaatlari ustun qo’yilishi kerak. Masala shundaki, Bobur yoki Abdulla Qodiriy parklarini saqlab qolish faqat park atrofida yashaydigan odamlarning muammosi emas, va faqat ularning fikrlari yoki faolligiga qarab qolmasligi kerak. Davlat o'z ishini qilishi kerak - ya'ni ijtimoiy tovarlarni ta'minlashi kerak. Shahar bog'i deganda disneylend, akvapark yoki delfinariy emas, shahar ichida tabiatga maksimal yaqinlashtirilgan makon tushuniladi.

@uzbekonomics
Shahar bog'larini hokimiyat o'zi moliyalashtirishi uchun pulni qayerdan olsin unda degan savol tug'ilib qolsa menda bir g'oya bor. Mavjud soliqlar va xarajatlarni hozircha bir chetga surib turaylik. Agarda yangi mablag' haqida gapiradigan bo'lsak, Toshkentda nima ko'p - mashina ko'p, aynan tartibsiz va mumkin emas joyda parkovka qilingan mashinalar ko'p. Har qadamda, trotuarda, daraxtni soyasida, mumkin emas joyda vhkz. Agarda ularning barchasiga, qonun doirasida jarimalarni berib, va barchasini mumkin emas joyidan jarima maydoniga evakuator olib ketish mexanizmi joriy etilsa, bir kunda bir necha million dollarga teng bo'lgan mablag'ni ko'chadan "supurib" olsa bo'ladi. Tom ma'noda. Ya'ni, bu yerda hech qanday radikal chora qo'llanilmayapti, shunchaki qoidada ko'ra mumkin emas bo'lgan joyda mashina parkovka qilingani va qoidani buzgani uchun jazo muqarrarligi ta'minlanayotgan bo'ladi. Buning uchun shaharga avvalambor qayerda mashina qo'yish mumkin va mumkin emasligini aniqlab olish, bir nechta evakuator va qonun ijrosini bajaruvchilar xavfsizligi ta'minlanishi kerak.

Shu narsa haligacha amalga oshirilmaganligi meni hayron qoldiradi. Mana shu qoidabuzarlar jazolanmasligi sababli ham shahar byudjeti bir necha million dollar pul yoqotmoqda deb aytish mumkin. Bundan keyingi bosqichda esa, albatta pullik parkovkalardan tushadigan mablag'ni ham shu "bog'larni ushlab turish xarajati" qozoniga qo'shilishi maqsadga muvofiq.

Agar masala pul kamligida bo'lsa (qaytaraman, mavjud soliqlar va ularning xarajati samarasizligi haqida gapirmay tursak), aynan shu shahar aholisi xatti-harakatlarini qoidaga ko'ra jilovlash, ya'ni istalgan joyda parkovka qilmaslik orqali ham shu shahar aholisining o'ziga bog'ini sug'orish, daraxtini parvarish qilishga mablag'lari chiqadi. Ya'ni atrof-muhitga zarar keltiradiganlarga, o'z harakatlaridan eksternaliy hosil qiladiganlarga soliq solish va u soliqni shu atrof-muhitni yaxshilashga sarflash juda adolatli mexanizm.

Shu orqali bir o'q bilan ikki quyonni urish mumkin - ham shaharda tartibsiz tashlab ketilgan, parkovka qilingan mashinalar kamayadi, ham bog'larni saqlashga pul yo'q deganlarga pul paydo bo'ladi. Bu o'ta radikal yechim emas, shunchaki hamma yerda ishlaydigan mexanizm.

Qaytaraman, bu yerda faqat yangi tushum haqida gap ketmoqda, shaharsozlikda faqat pul orqali mulohaza qiladiganlarga soddaroq bo'lishi uchun. Joriy mablag'larni shaharda hammaga kerak bo'lgan ijtimoiy tovar bo'lgan bog'ga emas, masalan uch kundan keyin so'lib qoladigan gul ekish va ikki kundan keyin esdan chiqadigan festivallar o'tqazishga sarflanishi qanchalik to'g'ri edi degan savolga esa menimcha hammada javob bor.

@uzbekonomics
AQSh Monopoliyaga qarshi kurashish agentligi (FTC) endilikda ish beruvchilar o'z xodimlarini raqib kompaniyalarga ishlashlaridan to'xtatib turadigan kelishuvlarni noqonuniy qilib qo'ydi. Bir qiziq tarafi bu o'zgarish Kongress tomonidan emas agentlik tomonidan qilingani. Demak, biznes uyushmalar FTCni sudga berishsa kerak. Aytgancha, bu kelishuvlar Kaliforniya shtatida oldindan ta'qiqlangan edi va bu kremniy vodiysida ishchilar ishdan bo'shab raqobatchi korxonada ishlay olishiga, o'z korxonasini ocha olishga yo'l ochgan edi.

@uzbekonomics
Forwarded from Аъзамхўжаев
Охирида Ботир Қобилов ва Беҳзод Ҳошимовнинг аҳоли ўсиши ва бунинг иқтисодий фаровонликка таъсирига бағишланган подкастини тавсия қиламан. Мамлакатимиз нуфуси 37 миллион кишидан ошган ҳафтада айниқса долзарб. Мазза қилиб эшитдим – олим акаларимиз Ўзбекистон ривожланиши учун нега ўзбекистонликлар кўп бўлиши кераклигини ҳар томонлама, чиройли мисоллар билан тушунтириб беришган. Ҳошимовнинг гапини эшитиб туриб, экран қаршисида ўтирган сизда: “Ия, оғайни, бу гапингга мана бу нарса тўғри келмаяпти-ку”, деган эътироз пайдо бўлиши билан, Қобилов шуни сезгандек, Ҳошимовга ичингиздаги саволни беради. Энди, ўзингиздан қолар гап йўқ, Ҳошимов жавоб беролмайдиган бирор савол ҳали бўлмаган (лекин шу подкастда бир нарсани тушунтириб беролмабди – спойлер қилмай, ҳай). Юқорида саналган тўртта подкастга вақт кетказиш шарт эмас, лекин мана шунисини кўришни/эшитишни жуда, жуда, жуда #тавсия қилган бўлардим. Фурсатдан фойдаланиб, Ботир Қобиловга ҳам, Беҳзод Ҳошимовга ҳам раҳмат айтмоқчиман. Барака топинглар ва чарчаманглар!
Podkastimizning yangi soni chiqdi.

Tadbirkorlik haqida katta epizod doirasida u haqida afsona, haqiqat va qiziq tadqiqotlar natijalari haqida suhbatlashdik. Kremniy vodiysidagi ham, O'zbekistondagi ham tadbirkorlik faoliyatiga oid misollar, davlat tadbirkorlikni rag'batlantirishi kerakmi, va uning uchun qilish va qilinishi kerak bo'lmagan rag'bat/dasturlar haqida gaplashdik.

Tinglang, ko'ring, do'stlaringiz bilan ulashing va izoh qoldiring.
https://youtu.be/M9C9v4bQhJA

Audio formatda:
Spotify | Apple Podcast | Yandex Music | Podbean

Bu epizod hamkori - aksiyadorlik tijorat banki "AloqaBank".
http://www.aloqabank.uz/
https://zoomrad.uz/

@uzbekonomics
2024/05/10 11:25:02
Back to Top
HTML Embed Code: