Telegram Web Link
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
1929-yildan buyon bolalar va o‘smirlarga sodiq hamroh, yaqin do‘st hamda ijodiy minbar bo‘lib kelayotgan «Tong yulduzi» bugun ham o‘z vazifasida sobit!

@tongyulduz
18-oktyabr kuni tug‘ilgan ijodkorlar:

Mavsumaxon Mansurova – uyushma aʼzosi;

Sarvar To‘rayev – yozuvchi, uyushma aʼzosi.
Янги Ўзбекистон_№214.pdf
7 MB
"Yangi O’zbekiston" gazetasining 2025-yil 18-oktyabr kungi 214(1540)-soni mutolaa uchun havola qilinmoqda.

📌 Unda O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Zilola Xo‘janiyozovaning “Milliy madaniyatimiz kaliti, qadriyatlar uzviyligi ildizi” nomli tahliliy maqolasini o’qishingiz mumkin.
O‘ZBEK YOZUVCHISINING ASARLARI XALQARO FRANKFURT
KITOB KO‘RGAZMASIDA


YUNESKOning Xalqaro bolalar va o‘smirlar adabiy kengashi IBBY tomonidan dunyo bolalar yozuvchilari uchun taqdim etiladigan Xans Kristian Andersen nomidagi xalqaro mukofotga o‘zbekistonlik yozuvchi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Muhabbat Yo‘ldoshevaning “The Secret of Mouse” (“Sichqonning siri”) nomli kitobi tavsiya etilgan edi. O‘zbek adibasining asari bir necha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tib, eng so‘nggi final bosqichiga chiqdi.
Ayni kunlarda Germaniyaning Frankfurt shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro kitob ko‘rgazmasida Muhabbat Yo‘ldoshevaning kitoblari O‘zbekiston nomidan ishtirok etmoqda.
"Xiyobon oqshomlari"ning galdagi soni o'zbek tili bayramiga bag‘ishlandi

17-oktyabr kuni "Xiyobon oqshomlari" madaniy-ma'rifiy loyihasining galdagi sonida o'zbek tiliga bag'ishlangan adabiy suhbat va mushoira kechasi tashkil etildi. Ushbu tadbir tilimizga boʻlgan hurmatni oshirish, yosh avlod qalbida milliy iftixor tuyg'usini shakllantirish, shuningdek, ijodkorlar o'rtasida ijodiy muloqotni mustahkamlashga qaratilgan.
Tadbirda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati, a'zolari, taniqli shoir va yozuvchilar, yosh ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari hamda O'zbekiston Milliy gvardiyasi vakillari ishtirok etdi. Ularning chiqishlari orqali o'zbek tilining go'zalligi, boy tarixiy merosi, bugungi taraqqiyoti va yoshlar hayotidagi o'rni haqida so'z yuritiladi.
Mushoira davomida qatnashchilar o'z she'rlarini o'qib eshittirdilar, til, Vatan, milliy qadriyatlar mavzusidagi ijodiy chiqishlar bilan ishtirok etdilar. Yosh ijodkorlar o'z ijod namunalari orqali tinglovchilar e'tiborini jalb etib, tilimizga bo'Igan muhabbatni ifoda etdilar.
Tadbirning muhim jihatlaridan biri yosh avlodni ona tilini chuqur o'rganishga chaqirish, uni e'zozlashga undashdir. Oʻzbek tili — bu nafaqat muloqot vositasi, balki millatning tarixi, madaniyati va ruhiyati mujassam topgan bebaho merosdir. Shu bois, bu kabi tadbirlar jamiyatimizda tilga boʻlgan hurmatni oshiradi, uni yanada qadrlashga sabab bo'ladi.
Kechada "Mening birinchi kitobim" loyihasida chop eyilgan kitoblar taqdimoti ham o'tkazildi.
"Xiyobon oqshomlari" loyihasi doirasida oʻtkazilayotgan bu adabiy-ma'rifiy kecha ijodkorlar uchun yangi ilhom manbayi, yoshlar uchun esa saboq va ruhiy boylik bo'ldi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarga esdalik sovg'alari, kitoblar hamda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tayyorlangan maxsus to'plamlar taqdim etilldi.
Oqshom sheʼri

AFRIKALIK QIZ

Lablaring gulmidi,
ko‘zlaring – olov?
Oyog‘ing ostida
qumloqdir cheksiz.
Ketyapsan, qip-qizil
cho‘l bilan yayov,
bunchalar dardlisan,
afrikalik qiz?

Enam aytar edi:
“Zo‘riga uylan,
sug‘urib olsin u
jigarin yerning”.
Lekin sevganimni
ko‘rmovdim o‘ylab,
yashashin ustida
qoq ekvatorning.

Oynayi jahonda
tanidim seni,
sen ham men tomonga
qarading ilkis.
Quyoshdan yonardi
Afrika cho‘li,
o‘tli muhabbatim –
qora tanli qiz.

Darding tushunaman,
yuragingni ham,
bilaman, u yerda
suv – noyob, tanqis.
Lablarimda senga
hayot tutaman...
... yoshlaring ichadi,
Afrika yolg‘iz.

Ishon, kelinisan
sen Osiyoning,
o‘zbekning qizisan –
o‘zbekcha aytsam.
Oshig‘i bo‘lmagan
mendek dunyoning,
o‘zbek emasman gar
so‘zimdan qaytsam!

Bir kuni boraman
olib kelgani,
Afrikaga yetar
ikki happayim.
“Kuyovim” deydimi,
savanna mani?
ilondek – sochlaring,
silayman mayin.
Buyog‘in so‘zlasam,
bo‘lmaydi qiziq,
So‘raymiz Xudodan
endi qolganin.
Ishon, topib borar
do‘ppili yigit,
faqat sen enamga
yoqsang bo‘lgani!..

Umid Qodir

(Oqshomda o'qilgan eng yaxshi she'r, deb tanlandi)
#оnа_tilim_faxrim

ONA TILIM

Bobomeros tilim, jon ona tilim,
Turkiyon yurakning qat-qatida sen.
Gulsevar bulbulga dugona tilim,
Qoshgʻariy bobomning lugʻatida sen.

Husni latif boʻlding, maftunkor boʻlding,
Ming bir darsxonada jarangdor boʻlding,
Muallim, mudarris, ulugʻvor boʻlding,
Yassaviy bobomning hikmatida sen.

Qadim Enasoyning toshxati oʻzing,
Mumtoz asarlarning boshxati oʻzing,
Muborak “Hamsa”ning izzati oʻzing,
Hazrat Navoiyning dastxatida sen.

Qum toʻzon qoparib kelgan ne yovuz
Zulmlarin yutib yumilmagan koʻz,
Lablarda gahi nay, gahi chanqovuz,
Gʻayurning turfa rang kulfatida sen.

Seni suygan koʻngil boʻlibdir osmon,
Osmon boʻlib yashash emasdir oson,
Seni suyganlarning qanchasi qurbon,
Oʻzbegim sabrida, toqatida sen.

Sen elimga Haqning bergan inʼomi,
Kun sari toʻlaru toʻkilmas jomi,
Yarashiq sifoting davlat maqomi,
Soʻzondil sanduvoch suratida sen.

Sen-ey, mulki jonim, huquqim, haddim,
Zebigardonim deb manglayga taqdim,
Borsanki bor erur saflarda qaddim,
Dunyomizning mumtoz roʻyxatida sen.

Zamiraman desam ovozim — tilim,
Subhichogʻ madhiyam, parvozim — tilim,
Bolamga qoldirgich merosim — tilim,
Mangusan mangulik xilqatida sen.

Zamira Roʻzieva
19-oktyabr kuni tug‘ilgan ijodkorlar:

Muhammadali Qo‘shmoqov – uyushma aʼzosi;

Ahmad Daminov – uyushma aʼzosi;

Qunduzxon Husanboyeva – uyushma aʼzosi;

Odinaxon Temirova – uyushma aʼzosi;

Laziz Tangriyev – uyushma aʼzosi.

📱Rasmiy sahifalarimiz:
Website | Telegram | Instagram | Facebook | YouTube
#Ona_tilim_jonu_dilim

MUQADDASSAN, MUNAVVARIMSAN - ONA TILIM

📌 Shu yilning 18-oktyabr kuni Toshkent amaliy fanlar universitetida 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Muqaddassan, munavvarimsan – ona tilim” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
📌 Tadbirga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Muhiddin Abdusamad, Muhammad Siddiq, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mehriddin Rahmatov, aktyor O‘tkir Mengliyev, "Yoshlik" jurnali xodimi, yosh shoir Bahodir Jovliyev taklif etildi.
📌 Ushbu tadbirda mamlakatimizda o‘zbek tilining mavqei va maqomini tiklash, uni asrab-avaylash borasidagi ezgu tashabbuslar haqida batafsil so‘z yuritildi, ustoz shoirlarning ona tilimizni ulug‘lovchi ijod namunalaridan o‘qildi. Bayram tadbiri ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bilan ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

📱Rasmiy sahifalarimiz:
Website | Telegram | Instagram | Facebook | YouTube
NAVOSOZ ULUSNING NAVOLARI NAVOIYDA YANGRADI

   17-oktyabr kuni tongdan dunyoning yigirmadan ziyod mamlakatidan hamda vatanimizning olis va yaqin hududlaridan Navoiy shahriga “Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosining bashariyat maʼnaviy va maʼrifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusidagi V anʼanaviy xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etish uchun kelgan ko‘plab taniqli navoiyshunos olimlar tantanali kutib olindi.
   Mehmonlar hamda minglab navoiyliklar, jamoatchilik vakillari faxru iftixor bilan O‘zbek adabiy tilining asoschisi, hazrat Alisher Navoiyning muazzam haykali poyiga gul qo‘yish marosimida qatnashdi. Ulug‘ shoir haykali poyida bir guruh navoiylik yosh navoiyxonlar ulug‘ shoir g‘azallaridan yod aytib turgan ushbu farahbaxsh lahzalar barchaga olam-olam hayajon, g‘urur baxsh etdi.
   Navoiy shahridagi Maʼnaviyat markazining muhtasham binosida mehmonlar karnay-surnaylar bilan kutib olindi.
   2025-yilning Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”, deb eʼlon qilingani, mutafakkir shoir tavalludining 584 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan konferensiya ochilish marosimida Oliy Majlis Senati aʼzosi, viloyat hokimi Normat Tursunov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Farida Afro‘z, navoiyshunoslar – yaponiyalik professor Yuuu Kuribayashi, turkiyalik professor Suleyman Do‘g‘an, eronlik professor Ibrohim Xudoyor, pokistonlik olim Ali Kumail Qazalibash, tojikistonlik olim, professor Badriddin Maqsudov, ozarbayjonlik professor Almaz Uvliy Binnatova, qirg‘izistonlik olima Barno Isʼhaqova anjumanga atab dil so‘zlarini bayon etdi.
   Navoiy viloyati hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi, Navoiy davlat universiteti hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur xalqaro anjumanning ochilish marosimida turkiyalik atoqli navoiyshunos olim, professor Kelman Yavuz Ataman Navoiy davlat universitetining faxriy professori deb eʼlon qilindi.
   Tushdan so‘ng konferensiya o‘z ishini navoiyshunoslarning maʼruzalarini, ilmiy xulosalarini shoʻbalarda eshitish va muhokama etish maqsadida davom ettirildi. Anjumanning asosiy maqsadi – buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiyning ilmiy-adabiy merosini chuqur o‘rganish, uning asarlarida aks etgan insoniylik, maʼrifat, adolat, axloq va ezgulik g‘oyalarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tahlil etish hamda bu boy maʼnaviy xazinani xalqaro miqyosda targ‘ib qilishdan iborat bo‘lgani bois dunyoning turli mamlakatlarida shoir ijodiga bag‘ishlab chop etilgan ilmiy va badiiy asarlar taqdimotlari ham uyushtirildi.
   Oqshomdagi nazm va navo kechasida poytaxtdan kelgan shoirlarning qo‘li qo‘liga tegmadi. O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimni qizg‘in davralar qizg‘anib-qizg‘anib mushoiraga chorladi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari Farida Afro‘z hamda Zulfiya Mo‘minova hazrat Navoiy sochgan nazm durdonalarining davomi sifatida o‘zlarining go‘zal sheʼrlarini o‘qib, barchani xursand qildi.
   O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Aliga navbat berildi. Ustoz adibimiz Alisher Navoiyning “Qaro ko‘zum” g‘azaliga bog‘lagan muxammasini o‘qiyotganda zal ahli o‘rnidan tik turib, olqishlab tingladi.
   Anjumanning ikkinchi kuni, 18 oktyabrda Nurota tumani markazida qad rostlagan “Chashma” amfitetrida o‘tgan “Nazm va navo” bayram dasturi esda qolarli bo‘ldi. O‘ta baland pardalarda kuylangan maqom qo‘shiqlarining avj pallallarida nurotaliklar va mehmonlar baravariga o‘yinga tushib ketaverdi. Maqomda ustozlari yo‘lida ashulalar aytib elda obro‘ va izzat topgan Isroil Vahobov, Ahmadjon Mamadaliyev, Gulbahor Erqulova kabi taniqli hofizlarimiz hazratning o‘lmas g‘azallarini mahorat va jasorat bilan kuylayotgan ushbu dorilomon damlarda azim va purviqor Oqtovning ozod Yurt osmonini ko‘tarib turgan cho‘qqilari ham kuy va qo‘shiqlarga raqs tushayotganday edi!

Bahriddin Sadriddinov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Navoiy viloyati bo‘limi boshlig‘i
2025/10/22 16:34:05
Back to Top
HTML Embed Code: