Telegram Web Link
To‘ra Sulaymon tavalludining 90 yilligi

EHTIROM

“Boy bolasi, bek bolasi, Tangrining quli, O‘zbekning uli Abdunabi! Siz maʼnaviy jihatdan bu yurgan odamlarning hammasidan boysiz”.

   Ustoz To‘ra Sulaymonning bizga sovg‘a qilingan “Intizor” nomli sheʼriy risolachasidagi dastxati


Sayhunning bo‘ylari soz,
Lochin, turna, g‘oz bilan.
Dala-dashti, qo‘y-qo‘zi,
Cho‘pon dili – roz bilan.

Yellarda yolqin yolli,
Yildirim do‘nanlari.
Irlarida yayraydi,
Ming yillik o‘lanlarim.

Qizlari sho‘x, cho‘h qaysar,
Jo‘q, dedimi, jo‘q, tamom.
Chinozdan o‘tolmaysan,
Boshqa yo‘li yo‘q, tamom.

Vodiylarda izg‘ima,
O‘xshashini topmaysan.
Suruv-suruv qo‘yli bo‘l,
Suluviga yoqmaysan.

Sirdaryoda “siz-biz”ing,
Kekkayishing ketmaydi.
Qirq qozonda “jiz-biz”ing
Bir ovulga yetmaydi.

To‘ylarida to‘rt polvon
To‘qqiz to‘qli yeb ketar.
Ko‘pkariga Kesh, Surxon,
Xorazm ham kep ketar.

Yurtlar kezdim bir jozib,
Bug‘day so‘z, tuz, noni bor.
Sirdaryoga taraf yo‘q,
To‘ra Sulaymoni bor.

Ustoz umrim arqoni,
Tuyangizga tuk bo‘lmas.
Borim – yozgan, yiqqonim
Qirchang‘izga yuk bo‘lmas...

Ustoz, bizni yo‘qlabsiz,
Sizni Xudo yo‘qlasin!..

2005


***
Ketma bahor, ketma...
To‘ra Sulaymon

Bahmaljon,
Bag‘ringga bahorlar qaytdi,
Hamal epkinlari ifori g‘olib.
Chechaklar, chiviqlar qo‘shiqlar aytdi,
To‘ra Sulaymondan ulgular olib.

Bahor yana qaytdi, kechmishin qumsab,
Irmoqni qitiqlab yalpiz qiqirlar,
Qo‘y qo‘zilar yayrab, toychoq dikirlab,
So‘qmoqlar qirlardan shoirin izlar.

Assalom, Tangritog‘, tog‘lar otasi,
Bu yil ko‘klam senga qaytdi o‘zgacha.
Bu shamol, To‘rangdan sog‘inchli sasdir,
Har bir g‘uncha bir bayt, baytki, o‘zgacha!

O‘zbekning har kenti, har bir go‘shasi
Ushbu nomni bugun qo‘yar boshiga.
To‘ra Sulaymon deb, qancha yo‘l bosib,
Mana, biz ham keldik “To‘qson oshi”ga.

Bahmaljon,
Bormisan, sog‘ omonmisan?
Yo‘qlab kelmoq asli erur-ku burchim.
Kel, bugun qoshingda qilayin taʼzim,
To‘ra Sulaymonni tuqqaning uchun!

09.04.2024

Abdunabi Boyqo‘ziyev
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi
Forwarded from UzReport.news
Shavkat Mirziyoyev Erkin Vohidov ijodiga bagʻishlangan adabiy festival qatnashchilariga tabrik yoʻlladi

“Green Hills Resort” dam olish maskanida bo’lib o’tgan tadbirda qatnashgan Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining tabrigini oʻqib eshittirdi.

Prezident ushbu tadbir tashkilotchilari, jumladan “UzReport” telekanali jamoasiga samimiy minnatdorchilik bildirib, ushbu adabiy festivalni har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazish taklifini qoʻllab-quvvatladi.

Batafsil 👉 https://uzreport.news/politics/shavkat-mirziyoyev-erkin-vohidov-ijodiga-bag-ishlangan-adabiy-festival-qatnashchilariga-ta

Lotin|Кирилл
Taklifnoma

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bugun, 24-may kuni soat 15:00da uyushma aʼzosi, yozuvchi Nosir Zohid tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tadi.
Barchangizni ushbu tadbirga taklif etamiz.

Manzil: Chilonzor tumani, Bunyodkor ko‘chasi, Adiblar xiyoboni

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
BEDORLIK GULCHEXRA CHAXOBIDDIN QIZI 1 QISM
“O‘zbekiston” radiokanalining “Bedorlik” dasturida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Gulchehra Shahobiddin qizi tavalludining 60 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir efirga uzatildi.

Muharrir: Bahriddin Maxmadaliyev
Zomin 2024

SARALASH BOSQICHI

Rеspublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin sеminari hududiy bosqichi 23- may kuni Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida “Jizzax oqshomlari” shе’riyat kеchasi bilan boshlandi. Unda O‘zbеkiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri Nurilla Chori, O‘zbеkiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Bеgoyim Xolbеkova, Shodi Otamurod, Sayfiddin Okanov, istе’dodli yosh shoir Niyatullo Elbеk qatnashdi. Tadbirni O‘zbеkiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Mеhribon Abdurahmonova olib bordi.
Shе’riyat kеchasida ustozlar va yoshlar tomonidan shе’rlar, tarjimalar o‘qilib adabiyot, kitobxonlik haqida suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Mushoirada ustoz shoirlar, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari va ijodkor yoshlar ishtirok etdi.

O‘zbеkiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi
Shukronalikni kuylagan shoir

Kuni kecha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli shoir, uyushma aʼzosi, “Tong yulduzi” gazetasi bo‘lim muharriri Axtamquli tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
   Tadbirni uyushma raisi Sirojiddin Sayyid olib bordi. Unda professorlar – Nurboy Jabborov, Uzoq Jo‘raqulov, Bahodir Karim, ijodkor Ahtam Safarov va boshqalar so‘zga chiqdi.
– Axtamquli akaniing sheʼrlari To‘polon daryoning suvidek tiniq, odamlarning qalbiga yetib boradigan, ko‘nglida yorug‘likning yog‘dusini yoqadigan, tafakkurida o‘zgarish yasaydigan sheʼriyatdir, – dedi Nurboy Jabborov. – Shoir asl tuyg‘ularni topib yozadi. Buni uning "Shukr qil" sheʼrida ham ko‘rish mumkin. Har bir satrida samimiylik, tabiiylik mujassamdir.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar asli agronom bo‘lgan ijodkor keyinchalik O‘zbekiston Milliy universitetining Oliy adabiyot kursida tahsil olgani va sheʼriyat ilmini ham puxta egallaganini taʼkidladi. Kechada shoir sheʼriyatining ahamiyati hamda ijodiy faoliyatiga eʼtibor qaratildi. Aruz vaznida yozilgan g‘azallari bilan o‘z muxlislariga ega ekani aytildi.
– Axtamquli aka ijodga kirib kelishida ustoz Abdulla Oripovning nazariga tushgan edi, – dedi Bahodir Karim. – Sheʼrlarini yaxshi ko‘raman. Shu sababli Berlinga borganimda u yerdagi “Staats” kutubxonasiga shoirning kitoblarini sovg‘a qilganman. Axtamqulining sheʼriyati Berlingacha yetib borgan.
Adibning asarlarida ko‘ngil, yoshlik, Vatan kuyining sehrli navosi, borliqning betakror jilosi aks etadi. U “Bodomginam”, “Qorachiqda asraganimsan”, “Bahorimdan kechikkan gul”, “Qirq g‘azal”, “Boshimda osmon aylanar”, “Qarog‘imda gullaydi Vatan”, “So‘z chamani”, “Ismingni yurakka yashirdim” nomli sheʼriy hamda “Ibratli hayot”, “Baxt izlagan odam”, “Yakkabog‘da ulg‘aygan chinor” nomli qissalari va “Tog‘lar ham qariydi”,  “Lolazorim Shotiro‘d” nomli hikoyalar to‘plami muallifidir.
Ijodiy kechada sanʼatkorlar – Mahmud Namozov, Asliddin Do‘stov, Malika Egamderdiyeva, Alijon Eshonqulov, Axtamquli sheʼrlariga bastalangan qo‘shiqlarini ijro etdi, Tolib Xojiyev g‘azallaridan o‘qidi.
Ko‘tarink ruhda o‘tgan tadbirda ijodkorga Yozuvchilar uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat va ma'rifat markazi, "Tong yulduzi" gazetasi va mehmonlarning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist
Yangi kitob

SO‘Z LATOFATI

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning 2014 yilda chop etilgan “So‘z latofati” kitobi el og‘ziga tushib, matbuotda bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan edi. Taniqli tilshunos, adabiyotshunos va hatto chet ellik olimu adiblar ushbu kitob to‘g‘risida juda ko‘p ijobiy fikrlar bildirdi.
Yaqinda “So‘z latofati”ning to‘ldirilgan va qayta ishlangan uchinchi nashri o‘quvchilarga taqdim etildi. Unga muallifning Ona tilimiz haqida turli yillarda yozgan risolalari, matbuotdagi chiqishlari ham kiritildi. Asar yangi boblar bilan boyitildi.
Kitobdan muallifning shunday so‘zlari o‘rin olgan:
“Adabiy ijod hamisha So‘z olamiga sayohatdir. Ijodkor So‘zni tirik jon deb biladi va So‘z bilan so‘zlashadi. Mening bu yozganlarim ana shunday jonli til bilan jonli suhbat bo‘lishini istayman. Umrini yashab bo‘lgan va barhayot, men anglagan va anglab yetmagan sohir xilqat bilan ko‘ngil bog‘larida kezib, xayolan So‘z bilan so‘zlashsam, Til bilan tillashsam, deyman. Siz azizlarimni ham bu sayrda hamroh bo‘lishga taklif etmoqchiman. So‘z moʻjizasi qoshidagi hayratlarimga oshno qilmoqchiman”.
Kuni kecha “So‘z latofati” kitobi Boku shahrida ozarboyjon tilida chop etildi. Uni professor, O‘zbekiston Respublikasi “Do‘stlik” ordeni sohibi Almaz Ulvi Binnatova o‘zbekchadan ozarboyjon tiliga o‘girdi. Shuningdek, tarjimon kitobga ilmiy muharrirlik qilgan va so‘zboshi yozgan. Muharrir: dotsent Shahla Majidova. Dizayn va kompyuter ishi Atilla Suleymanli.
Bu kitobda ijodkor so‘zlarimizga yangicha hayot bag‘ishlagan, ularning asl mohiyati va tarixiy ildizlarini izlagan, qadimiy so‘zlarning izidan borgan.
Asar nafaqat tilshunos olimlarimiz uchun qiziqarli kitob, balki uni ham ilmiy, ham badiiy tasavvur mahsuli sifatida qo‘liga olgan har bir kishi uchun qimmatli manbadir.
“So‘z latofati”ning o‘zbek tilidagi yangi nashri va ozarboyjoncha tarjimasi barcha o‘quvchilarga muborak bo‘lsin!

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati

Янги китоб

СЎЗ ЛАТОФАТИ

Ўзбекистон Қаҳрамони, халқ шоири Эркин Воҳидовнинг 2014 йилда чоп этилган “Сўз латофати” китоби эл оғзига тушиб, матбуотда баҳсу мунозараларга сабаб бўлган эди. Таниқли тилшунос, адабиётшунос ва ҳатто чет эллик олиму адиблар ушбу китоб тўғрисида жуда кўп ижобий фикрлар билдирди.
Яқинда “Сўз латофати”нинг тўлдирилган ва қайта ишланган учинчи нашри ўқувчиларга тақдим этилди. Унга муаллифнинг Она тилимиз ҳақида турли йилларда ёзган рисолалари, матбуотдаги чиқишлари ҳам киритилди. Асар янги боблар билан бойитилди.
Китобдан муаллифнинг шундай сўзлари ўрин олган:
“Адабий ижод ҳамиша Сўз оламига саёҳатдир. Ижодкор Сўзни тирик жон деб билади ва Сўз билан сўзлашади. Менинг бу ёзганларим ана шундай жонли тил билан жонли суҳбат бўлишини истайман. Умрини яшаб бўлган ва барҳаёт, мен англаган ва англаб етмаган соҳир хилқат билан кўнгил боғларида кезиб, хаёлан Сўз билан сўзлашсам, Тил билан тиллашсам, дейман. Сиз азизларимни ҳам бу сайрда ҳамроҳ бўлишга таклиф этмоқчиман. Сўз мўъжизаси қошидаги ҳайратларимга ошно қилмоқчиман”.
Куни кеча “Сўз латофати” китоби Боку шаҳрида озарбойжон тилида чоп этилди. Уни профессор, Ўзбекистон Республикаси “Дўстлик” ордени соҳиби Алмаз Улви Биннатова ўзбекчадан озарбойжон тилига ўгирди. Шунингдек, таржимон китобга илмий муҳаррирлик қилган ва сўзбоши ёзган. Муҳаррир: доцент Шаҳла Мажидова. Дизайн ва компьютер иши Атилла Сулейманли.
Бу китобда ижодкор сўзларимизга янгича ҳаёт бағишлаган, уларнинг асл моҳияти ва тарихий илдизларини излаган, қадимий сўзларнинг изидан борган.
Асар нафақат тилшунос олимларимиз учун қизиқарли китоб, балки уни ҳам илмий, ҳам бадиий тасаввур маҳсули сифатида қўлига олган ҳар бир киши учун қимматли манбадир.
“Сўз латофати”нинг ўзбек тилидаги янги нашри ва озарбойжонча таржимаси барча ўқувчиларга муборак бўлсин!

Ўзбекистон Ёзувчилар уюшмаси Ахборот хизмати

Web-site | Telegram | Facebook | YouTube
2024/05/24 08:38:28
Back to Top
HTML Embed Code: