Telegram Web Link
Parrandachilik – iqtisodiy barqarorlik va bandlik uchun imkoniyat

Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ishchi tashrifim doirasida “Nukus broiler” MCHJga qarashli “RBG farms” zamonaviy broyler parrandachilik majmuasi faoliyati bilan tanishdim. Bu tashrifim menga yana bir bor aniq tasavvur berdiki: Qoraqalpog‘istonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining ehtiyojini mahalliy mahsulotlar orqali qondirish borasida amaliy va natijador qadamlar qo‘yilmoqda.

Bu kabi loyihalarning hayotga tatbiq etilayotgani, avvalo, bozorlarda narx-navoni barqarorlashtirishga xizmat qilsa, ikkinchi jihatdan, mamlakatimiz oziq-ovqat mustaqilligini mustahkamlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda tovuq go‘shti Qoraqalpog‘istondagi har bir oila dasturxonining ajralmas qismiga aylanib borayotganini inobatga olsak, bunday ishlab chiqarish quvvatlarining strategik ahamiyat kasb etishi aniq. Bozorda go‘sht narxining barqarorligini ta’minlash uchun aynan mana shunday zamonaviy va yuqori samarali ishlab chiqarish infratuzilmalarini ko‘paytirish talab etiladi.

“RBG farms” bu yo‘nalishda tashabbuskorlik bilangina cheklanib qolmayapti — bu yerda real raqamlar bilan gapirilayotgan natijalar bor. Majmua hozirda 6 ta parranda boqish majmuasi, 35 nafar doimiy ishchi, 9,5 gektar yer maydonida 120 ming bosh broyler tovuq boqish imkoniyatiga ega. Yiliga 960 ming bosh parvarishlanib, 2 ming tonna go‘sht yetishtirish ko‘zda tutilgan. Buning o‘ziyoq, 40 milliard so‘mlik loyiha qiymati bilan mamlakatimizdagi yirik iqtisodiy salohiyatga ega tashabbuslardan biri ekanini ko‘rsatadi.

Ajralib turadigan yana bir jihat — bu yerda faqat ishlab chiqarish bilan cheklanilmayapti. Mahsulotni qayta ishlash, muzlatkich omborlar qurish, savdo tarmoqlariga yetkazish, eksport bozorlariga chiqish borasida aniq va maqsadli harakatlar amalga oshirilmoqda. Ya’ni bu — bitta korxona emas, balki butun boshli bir agroklaster shakllanayotganini bildiradi.

Shuni ta’kidlashni istardimki, bunday zamonaviy parrandachilik majmualarini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish nafaqat narx-navoni barqaror saqlashga, balki oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlashga xizmat qiladi. Chunki bugungi kunning qishloq xo‘jaligi — bu faqat yerga urug‘ ekib, hosil yetishtirish emas. Bu — ishonchli logistika, ichki va tashqi bozorlar bilan uyg‘un ishlash, va eng muhimi, xalq manfaatiga xizmat qiluvchi tarmoqdir.

Meni xursand qilgan yana bir jihat — mahsulotga talab faqatgina Markaziy Osiyo bilan cheklanmayapti. Qator xorijiy davlatlardan ham yirik buyurtmalar tusha boshlagani bu sohada ulkan eksport salohiyati shakllanayotganidan dalolat beradi.

Shu bois, agrar sohadagi ana shunday zamonaviy loyihalarni ko‘paytirish, ularni tizimli qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarni rag‘batlantirish asosiy maqsadlarimizdan biri bo‘lib qoladi.
Qoraqalpog‘istonda o‘rdak parvarishi yo‘nalishida yangi pilot loyiha ishga tushirildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasiga qilgan ishchi safarim doirasida Nukus tumanidagi “Samanboy” ovul fuqarolar yig‘ini hududida amalga oshirilayotgan bir muhim loyiha — o‘rdak parvarishiga ixtisoslashtirilgan pilot tashabbus bilan yaqindan tanishdim.

Bu loyiha, avvalo, suv resurslaridan samarali foydalanish, kam xarajatli, biroq foyda keltiradigan parrandachilik turlarini rivojlantirish, eng muhimi, yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan. Ko‘p holatlarda hech kim e’tibor bermaydigan kollektor suvi bu yerda unumli yo‘nalishga burilganini ko‘rib, quvondim. Hozirda bu yerda 160 bosh o‘rdak boqilmoqda va kunlik tuxum yetishtirish hajmi 55-60 dona atrofida. Ushbu tuxumlar mahalliy bozorlarda 2-3 ming so‘mdan sotilmoqda. Bu esa aholi uchun qo‘shimcha daromad manbaiga aylangan.

E’tiborimni tortgan yana bir muhim jihat — bu tashabbusda yoshlarning faol ishtiroki. Kattagar kanali bo‘yida shunday to‘rtta kichik tadbirkorlik subyektlari tashkil etilgan bo‘lib, ularning aksariyati yoshlar tomonidan boshqarilmoqda. Bu nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda, balki mahalladagi yoshlarning iqtisodiy faolligi va ijtimoiy o‘zgarishiga ham turtki bo‘lmoqda.

Men ushbu loyihaning ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatini yuqori baholadim. Mas’ullarga bu kabi g‘oyalarni Qoraqalpog‘istonning boshqa tumanlarida ham kengaytirish, yoshlar uchun yanada ko‘proq imkoniyat yaratish, shu kabi loyihalar orqali mahalliy ehtiyoj va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdim.

Bu loyiha menga yana bir bor shuni isbotladi: agar joylardagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlasak, yoshlarimizning salohiyatiga ishonsak va ularga ishonch bildirsak, qishloq xo‘jaligi sektori orqali yangidan-yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochishimiz mumkin.

Shu yo‘sinda biz izchil amalga oshirayotgan siyosat — faqat ishlab chiqarish emas, balki odamlarning hayotini yaxshilash, ularning daromadini oshirish, yoshlarimizni ish bilan ta’minlashga qaratilganini yana bir bor tasdiqlaydi.
2025/07/05 15:36:17
Back to Top
HTML Embed Code: