Telegram Web Link
Qoraqalpog‘istonda zotli qoramollar seleksiyasida yangi bosqich boshlanmoqda

Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifim davomida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi Naslchilik ilmiy-ishlab chiqarish markazining Qoraqalpog‘iston filialida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar jarayoni bilan yaqindan tanishdim.

Markazda Golshtin, Simmental, Limuzin, Angus kabi yirik shoxli qoramollarning yetti zotini boqish, ularni mahalliy iqlim va ekologik sharoitlarga moslashtirish bo‘yicha qilingan ishlarni ko‘zdan kechirdim.

Aytishim kerakki, mutaxassislarimiz hozirgi kunda mazkur zotlarni o‘zaro chatishtirish orqali Qoraqalpog‘istonning og‘ir iqlimiga mos, yuqori mahsuldorlikka ega yangi gibrid zotlarni yaratish ustida samarali ilmiy ishlar olib bormoqda.

Ma’lumki, yurtimizda so‘nggi yillarda agrar soha rivojida zotli qoramollar sonini ko‘paytirish va mahsuldorlikni oshirish eng muhim ustuvor vazifalardan biridir.

Shu bois, Qoraqalpog‘iston filialida zamonaviy in-vitro laboratoriya tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda sun’iy urug‘lantirish, zamonaviy seleksiya va genetik monitoring ishlari ilg‘or texnologiyalar asosida olib borilmoqda.

Tashrif davomida laboratoriya sharoitlarini sinchiklab ko‘zdan kechirdim. Mutaxassislarimizga urug‘larning hayotchanligini oshirish va yuqori natijadorlikka erishish uchun laboratoriya muhitidagi haroratning doimiy barqarorligini ta’minlash zarurligini alohida ta’kidlashimga to‘g‘ri keldi.

Chunki bu nafaqat urug‘ sifati, balki kelajakda yuqori mahsuldorlik ko‘rsatadigan boqiy zotlarning shakllanishida hal qiluvchi omildir.

Shuningdek, inkubatsiya jarayonida tashqi muhit omillarining salbiy ta’sirini cheklash, xodimlarning laboratoriyaga kirib chiqishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, chang va bakterial aralashmalarni minimallashtirish, germetik himoya vositalarini kuchaytirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berdim.

Sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilinishi seleksiya jarayonining natijalariga bevosita ta’sir ko‘rsatishini hamma yaxshi bilishi kerak.

Bugun amin bo‘ldimki, Naslchilik markazining Qoraqalpog‘iston filiali nafaqat mahalliy ekologik sharoitlarga moslashgan, balki yuqori chidamlilik va mahsuldorlikka ega qoramol zotlarini yaratishda muhim ilmiy maktabga aylanib bormoqda. Bu esa mintaqamizda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish, ichki bozor ehtiyojini qondirish va eksport salohiyatini mustahkamlash imkonini beradi.

Qisqacha aytsam, Qoraqalpog‘istonda ilmiy asoslangan seleksiya va zamonaviy naslchilik ishlarining yangi bosqichi nafaqat chorvachilik tarmog‘ining barqaror rivojlanishiga, balki mintaqamiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu borada olib borayotgan ishlarni bundan buyon ham qat’iy davom ettiramiz.
Sholi yetishtirishda zamonaviy texnologiyalar

Qoraqalpog‘iston Respublikasiga amalga oshirgan ishchi tashrifim doirasida Nukus tumanidagi “Don va sholi” IICHBga tashrif buyurib, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda olib borilayotgan zamonaviy agrotexnik amaliyotlar bilan yaqindan tanishdim.

Hududdagi umumiy maydoni 2 gektardan iborat bo‘lgan yerda “Sibur Holding” AJ bilan hamkorlikda ilg‘or texnologiyalar asosida sholi yetishtirilayotgani e’tiborimni tortdi. Ayniqsa, ekinlar to‘liq maxsus polimer mahsulotlari yordamida sug‘orilayotgani quvonarli holat.

Bunday innovatsion yondashuv suv resurslarini tejash va hosildorlikni oshirishda muhim omil hisoblanadi. Jumladan, polimer mahsulotlari yordamida suv sarfini deyarli 50 foizga qisqartirish, tomchilatib sug‘orish orqali esa ekinlarning to‘liq oziqlanishini ta’minlash mumkin. Natijada, sholi hosildorligini bir necha barobar oshirish imkoniyati yaratilmoqda.

“Sibur Holding” — Rossiyaning yirik integratsiyalashgan neft-kimyo kompaniyasi bo‘lib, dunyoning 5 ta eng ilg‘or polimer ishlab chiqaruvchilari qatoriga kiradi. Ushbu kompaniya mahsulotlari bugungi kunda 90 dan ortiq mamlakatda keng qo‘llanilmoqda.

Shuningdek, “Don va sholi” IICHB o‘ziga tegishli maydonlarda don va sholi ekinlarining istiqbolli navlarini sinovdan o‘tkazish, ularni Qoraqalpog‘iston sharoitiga moslashtirish va nav urug‘larini tayyorlash borasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etayotgani tahsinga loyiq.

Amalga oshirilayotgan tajriba asosidagi agrotexnik ishlar ijobiy natija bera boshlaganini ko‘rib, bu yondashuvlarni boshqa hududlarda ham tatbiq etish lozimligini alohida ta’kidladim. Loyiha ko‘lamini yanada kengaytirish, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini chuqurroq joriy etish hamda tajribali mutaxassislar ishtirokini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berdim.

Kelgusida ham yurtimizda suv resurslarini tejash, hosildorlikni oshirish va zamonaviy texnologiyalarni qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish borasidagi ishlarni davom ettiramiz.
2025/07/05 20:16:29
Back to Top
HTML Embed Code: